Arab tilida “بِرّ”(birrun) so‘zi 1) yaxshilik, asllik, mehribonlik, oliyjanoblik, muhabbat; 2) taqvodorlik, diyonat, xudojo‘ylik; 3) muhtojlarga yordam, xayr-saxovat, ehson, xayriya degan ma’nolarni anglatadi.
Istilohda esa ulamolar: “Birr” barcha yaxshiliklarni jamlovchi ismdir. “Birr” odamlarga yaxshi axloqlar ila muomalada bo‘lish, ularga yaxshilik qilish, rahm ko‘rsatish va sodiq bo‘lish hamda Alloh taolo bilan bo‘ladigan muomalada U Zotning buyruqlarini lozim tutish va qaytariqlaridan qaytishdan iboratdir. Shuningdek, gunohlardan xolis bo‘lgan doimiy amalga ham “birr” deyiladi, deb aytganlar.
“Birrul Volidayn” birikmasi “ota-onaga yaxshilik qilish” deb tarjima qilinsada, aslida “Birr” so‘zining barcha ma’nosini o‘zida mujassam etgan. Shunda uning ma’nosi: ota-onaga xushmuomalada bo‘lish, ularga yaxshilik qilish, rahm ko‘rsatish, sodiq bo‘lish, ular bilan Alloh va Rasuli buyurganidek xolis muomala qilish tushuniladi. Qolaversa, “Birrul volidayn” degani ota-onaga qalb, so‘z, va amal bilan yaxshilik qilish demakdir. Ya’ni, eng go‘zal his-tuyg‘ular, gaplar, va ishlarni ularga taqdim etish.
Darhaqiqat, ota-onaga yaxshilik qilish mavzusi bashariyat hayotidagi eng asosiy mavzulardan biri hisoblanadi. Shuning uchun islom shariati bunga juda ham katta e’tibor qaratgan. Chunki, o‘z ota-onasiga yaxshilik qilmagan kishi qolgan odamlarga ham yaxshilik qilmaydi. Islomda bunga qattiq e’tibor qilingani uchun ham olimlar bu borada alohida kitoblar yozgan. Shu asarlardan biri Imom Buxoriyning ”Birrul Voliday” asaridir.
Bu asarning nomidan ma’lumki, Buxoriy uni ota-onaga yaxshilik qilish, farzandning ota-ona oldidagi burchlarini yoritib berishni asosiy maqsad qilgan. Chunki islomda ota-onaga yaxshilik qilish, hurmatlarini bajo keltirish va ularga oliy darajada izzat-ikrom ko‘rsatishga targ‘ib qilinadi, diniy qadriyat sifatida ulug‘lanadi. Ota-ona hurmati islom dinining eng asosiy manbalari bo‘lmish Qur’oni karim va hadisi shariflarda o‘z aksini topgan.
Jumladan, Alloh taolo Isro surasida marhamat qiladi:
{وَقَضَى رَبُّكَ أَلَّا تَعْبُدُوا إِلَّا إِيَّاه وَ بِالْوَالِدَيْنِ إحْسَانًا إِمَّا يَبْلُغَنَّ عِنْدَكَ الْكِبَرَ أَحَدُهُمَا أَوْ كِلَاهُمَا فَلَا تَقُل لَّهُمَا أُفٍّ وَ لَا تَنْهَرْهُمَا وَ قُل لَّهُمَا قَوْلًا كَرِيمًا * وَاٌخْفِضْ لَهُمَا جَنَاحَ الذُّلِّ مِنَ الرَّحْمَةِ وَ قُل رَّبِّ اٌرْحَمْهُمَا كَمَا رَبَّيَانِي صَغِيرًا}
“Parvardigoringiz, yolg‘iz Uning O‘ziga ibodat qilishlaringizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishlaringizni amr etdi. Agar ularning (ota-onangizning) birovi yoki har ikkisi sening qo‘l ostingda keksalik yoshiga yetsalar, ularga qarab “uf” tortma va ularning (so‘zlarini) qaytarma! Ularga doimo yaxshi so‘z ayt! Ular uchun, mehribonlik bilan, xorlik qanotini past tut – xokisor bo‘l va: “Parvardigorim, meni (ular) go‘daklik chog‘imdan tarbiyalab-o‘stirganlaridek, sen ham ularga rahm-shafqat qilgin”, deb (haqlariga duo qil)!”, ( Isro surasi 23-24-oyatlar.)
Ushbu ikki oyatda ota-ona va farzand o‘rtasidagi munosabat xususida so‘z boradi. Avvalo, Islom barcha mo‘min-musulmon farzandlar uchun ota-onaga yaxshilikni yolg‘iz Alloh taologa ibodatdan keyingi ikkinchi vazifa qilib qo‘yadi. Bu ta’limotga binoan, ota-ona mo‘minmi, kofirmi, yaxshimi-yomonmi, baribir farzand ularga nisbatan hurmat saqlashi, so‘zlarini qaytarmasligi va haqlariga yaxshi duolar qilishi vojibdir. Lekin mana shu oyati karimada zikr qilingan duoda juda ham zarur bir nuqta borki, undan g‘ofil bo‘lmaslik lozim. Ota-onalik huquqini qozonish uchun bola tug‘ishning o‘zi kifoya qilmay, balki ularga ta’lim-tarbiya berish ham muhim shartlardan ekan.
Yana, Alloh taolo Luqmon surasida marhamat qiladi:
{وَوَصَّيْنَا الْإِنْسَانَ بِوَالِدَيْهِ حَمَلَتْهُ أُمُّهُ وَهْنًا عَلَىٰ وَهْنٍ وَفِصَالُهُ فِي عَامَيْنِ أَنِ اشْكُرْ لِي وَلِوَالِدَيْكَ إِلَيَّ الْمَصِيرُ* وَإِنْ جَاهَدَاكَ عَلَىٰ أَنْ تُشْرِكَ بِي مَا لَيْسَ لَكَ بِهِ عِلْمٌ فَلَا تُطِعْهُمَا ۖ وَصَاحِبْهُمَا فِي الدُّنْيَا مَعْرُوفًا ۖ وَاتَّبِعْ سَبِيلَ مَنْ أَنَابَ إِلَيَّ ۚ ثُمَّ إِلَيَّ مَرْجِعُكُمْ فَأُنَبِّئُكُمْ بِمَا كُنْتُمْ تَعْمَلُون}
“Biz insonga ota-onasini (ya’ni, ularga yaxshilik qilishni) amr etdik. Onasi unga ojizlik ustiga ojizlik bilan homilador bo‘ldi (ya’ni, qornidagi homila kattargan sari onaning holi qurib, zaiflasha borur) uni (ko‘krakdan) ajratish (muddati) ikki yilda (kelur). (Biz insonga buyurdikki), “Sen Menga va ota-onangga shukr qilgin! Yolg‘iz O‘zimga qaytajaksan!”.
“Agar ular (ya’ni, ota-onang) seni o‘zing bilmagan narsalarni Menga sherik qilishga zo‘rlasalar, u holda ularga itoat etma! Ularga (garchi kofir bo‘lsalar-da), dunyoda yaxshi muomalada bo‘lgin va o‘zing menga ijobat-tavba qilgan kishilarning yo‘liga ergashgin! So‘ngra (ya’ni, Qiyomat Kunida) O‘zimga qaytursizlar, bas, men sizlarga qilib o‘tgan amallaringizning xabarini berurman”. (Luqmon surasi 14-15-oyatlar)
Bundan tashqari, “Niso” surasi 36-oyati, “An’om” surasi 151-oyati, “Ankabut” surasi 8-oyati, “Ahqof” surasi 15-oyati ham aynan ota-ona hurmatiga bag‘ishlangan bo‘lib, ularda ota-onaga yaxshilik qilish ibodat darajasiga ko‘tarilgan.
Olti hadis to‘plam sohiblari ham o‘zlarining asarlarida ota-onaga yaxshilik qilishga doir hadislarni jamlab alohida bob keltirganlar. Ulardan “Sahihul Buxoriy”da 11 ta , “Sahihi Muslim”da 13 ta , “Sunani Abu Dovud”da 9 ta , “Sunani Termiziy”da 10 ta , “Sunani Ibn Moja”da 8 ta aynan ota-onaga yaxshilik qilishga targ‘ib qiluvchi hadislar rivoyat qilingan.
Imom Buxoriy “Birrul volidayn” asarining 13-raqamli hadisida quyidagi rivoyatni keltiradi: bir kishi Rasululloh (alayhissalom)dan: “Jihod qilaymi?” deb so‘raydi. Rasululloh (alayhissalom) undan ota-onasi bor-yo‘qligini surishtirgan. U borligini aytganida, “Ota-onangga xizmat qil, bu sening jihodingdir!”, deb marhamat qilgan. Mazkur hadis Imom Buxoriyning shoh asari “Jome’us sahih”da 5972-raqam bilan keltirilgan sahih hadis hisoblanadi. “Birrul volidayn” asarining 14-hadisida esa bir kimsa Rasululloh sollolohu alayhi vasallam huzuriga kelib, hijrat qilishga chog‘lanayotganini va bunga ota-onasi ko‘nmay, yig‘lab qolganini ham aytadi. Shunda, Rasululloh sollolohu alayhi vasallam: “Orqangga qayt, ota-onangning huzuriga bor. Ularni yig‘latganing kabi xursand qilib, kuldirgin!”, deb ko‘rsatma berganlar. Mazkur hadis Imom Buxoriyning yana bir mashhur asari “Adabul mufrad”da 13-raqam bilan keltirilgan.
Bu mazmundagi hadis va rivoyatlar bugungi avlodni barkamol qilib tarbiyalashda juda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ota-onaga yaxshilik qilish nafaqat diniy majburiyat balki, o‘zbek xalqining azaliy urf-odatlaridan biridir. Buning yorqin dalillaridan O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikdan so‘ng qabul qilgan milliy Konstitutsiyaning 66-moddasida aytiladi-ki, “Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar”. Bu – an’analarni asrashga va ota-onaga yaxshilik qilish mavzusining qanchalik ahamiyatga molik vazifa ekanligiga dalolat qiladi. Konstitutsiyaga shu mazmundagi moddaning kiritilishi dunyo hamjamiyatida kam uchraydigan nodir holatlardan hisoblanadi. Ushbu moddaning yana bir o‘ziga xos jihati shundaki, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining barchasi millati, dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar qonun oldida tengdirlar. Bundan kelib chiqadiki, O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan har-bir millat va din vakili o‘z ota-onasiga g‘amxo‘rlik qilishga majburdir. Bu – umumbashariy qadriyatning Konstitutsiyada qayd qilinishining oliy ko‘rinishidir.
Shuningdek, mazkur “birr” “(ota-onaga) yaxshilik qilish” so‘zining ziddi (antonimi) “oq” (ﻖﺎﻋ) so‘zi hisoblanadi. Asliyatda esa “oq” (ﻖﺎﻋ) so‘zi “kesish” ma’nosini bildiruvchi “aqqun” o‘zagidan olingan”.
Ota-onaga oq bo‘lish tushunchasi arab tilida “uququl volidayn” deb atalib, birmuncha kengroq ma’nolarni qamrab oladi. Bu yerdagi “oq” (ﻖﺎﻋ) so‘zini rang sifatni bildiruvchi o‘zbek tilidagi “oq” so‘zi bilan chalkashtirmaslik lozim. Zero, “oq bo‘lish”dagi “oq” so‘zi asliyatda “kesmoq” ma’nosini anglatuvchi arabcha: “ﻖﻋ” (aqqa – uzmoq, kesmoq) fe’lidan olingan ismi foil (ya’ni, aniq darajadagi sifatdosh) bo‘lib, lug‘aviy jihatdan “ota-onasiga chiroyli muomalani uzuvchi, itoatsizlik qiluvchi, ularni xafa qiluvchi kishi” degan ma’nolarni anglatadi. Shar’an esa uququl-volidayn ya’ni “ota-onaga oq bo‘lish” deganda farzanddan ota-onaga ozor yetkazadigan har qanday so‘z va amallar sodir bo‘lishi nazarda tutiladi. Alloma Ibn Hajar aytadi: “Uququl-volidayn ya’ni ota-onaga oq bo‘lish: bu – ota-onaga yoxud ulardan biriga urf jihatidan arzimas sanalmaydigan darajada aziyat yetkazmoqdir” .
Ulamolar kishi ota-onasidan biriga hatto “uf” tortsa ham ularga oq bo‘ladi, deyishadi. Ota-onaga oq bo‘lish esa gunohi kabiralardandir.
Abdurrahmon ibn Abu Bakra otasidan rivoyat qiladi: “Rasululloh (alayhissalom) uch marta: “Sizlarga kabiralarning eng ulkani haqida xabar beraymi?” dedilar.
“Ha, ey Allohning Rasuli!” deyishdi.
“Allohga shirk keltirish. Ota-onaga oq bo‘lish dedilar-da, yonboshlagan holatda edilar o‘tirib oldilar-da, yolg‘on gapirish va yolg‘on guvohlik berish deb takrorlayverdilar. Shunda biz koshki edi sukut qilsalar dedik”.
Ushbu hadisdan ma’lum bo‘lmoqdaki Allohga shirk keltirishdan keyingi katta gunoh ota-onaga oq bo‘lish ekan. Aslida buni qanchalik katta gunoh ekanligini hamma yaxshi biladi. Agar bu holatga tushgan kishidan alohida tavba bo‘lmasa, bu oxiratda azobga sabab bo‘ladi.
Endi kishi ota-onasiga g‘amxo‘rlik qilmasa, ularni jerksa, dillariga ozor bersa, u insonga jazo mana shu hayotda ham berilishi aniq. Hatto, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 47/5-moddasi va Jinoyat kodeksining 123-moddasiga ko‘ra voyaga yetgan shaxslar mehnatga layoqatsiz va moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan ota-onani yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlasalar javobgarlikka tortiladilar.
Xulosa qilib aytganda, ota-ona xizmati insonni bu dunyoda ham oxiratda ham tinch, xotirjam va baxtli qiladi. Bandalar oldida ham Allohning oldida ham yuzi yorug‘ bo‘ladi. Alloh va Rasulining roziligini topadi. Bu oyat, hadislarda va salaf olimlarning gaplarida bayon qilingan bo‘lib, Imom Buxoriy “Birrul volidayn” asarida shularni keltirib o‘tgan. Bu asarning ahamiyatli jihati ham shunda.
TII “Hadis va islom tarixi fanlari” kafedrasi
o‘qituvchisi Qodirov Abdulvali Usmonqulovich