islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Sufyon Savriy rohimahullohning hadis ilmidagi oʻrni

“Shayxul islom” Sufyon Savriy rohmatullohi alayhi hadis toʻplamiga ega buyuk muhaddis, hofizlar imomi, mujtahid faqih, oʻz zamonida olim-u zohidlar toji sifatida tanilgan zotdir.

Sufyon ibn Saʼid Savriy rohmatullohi alayhining toʻliq ismi: Sufyon ibn Saʼid ibn Masruq ibn Habib al-Kufiy.

U zotning kunyasi Abu Abdulloh boʻlib, 97/716-yilda Kufada tugʻilgan.

Ilmiy faoliyati mobaynida Nishopur va Makka shaharlariga safar qilgan, ulamolaridan ilm olgan va hadis eshitgan.

Ulomolar tomonidan u zot haqida koʻplab maqtovli soʻzlar aytilgan:

Tarixi Bagʻdod kitobida Abu Hanifa rohmatullohi alayhining shunday deganlari haqida maʼlumotlar bor:

“Ibrohim (Naʼxaiy) vafot topsa insonlar qanday tushkunlikga tushsalar, Sufyon vafot topsa ham shunday tushkunlikga tushgan boʻlar edilar”.

Kunlarning birida bir kishi Abu Hanifa rohmatullohi alayhiga: “Sufyonni qarang. Ishonchsiz hadislarni rivoyat qilayabdi”, -dedi. (Izoh: U zot siqa (ishonchli) roviylardan tadlis qilgan. Ammo unday rivoyatlari koʻp emas). Shunda (Abu Hanifa rohimahulloh) aytdi: “Sufyon hadisda yolgʻon gapiradi deyishimni istayapsizlarmi?! Agar Sufyon Ibrohim zamonida yashaganida ham insonlar unga hadis ilmida muhtoj boʻlar edilar. Agar u tobeinlar zamonida yashaganida ham ular orasida oʻz mavqeyiga ega boʻlar edi.

Imom Molik rohmatullohi alayhi u zot haqida shunday degan: “Iroq bizdan faqat dirhamlar-u kiyim-kechakda ustun kelar edi. Sufyon kelganidan beri ilmda ham ustun kela boshladi”.

Abu Bakr Marvaziy aytadi: “Abu Abdulloh Ahmad ibn Hanbalning Sufyon Savriyni zikr qilaturib shunday deganini eshitganman: “Qalbimda hech kim u zotdan ustun kelmadi”. Soʻngra aytdi: “Haqiqiy ilm peshvosi kim, bilasanmi? U – Sufyon Savriydir”.

Abdulloh ibn Muborak aytadi: “Yetti qiroat imomlaridan biri Osim ibn Abu an-Najud Sufyonning oldiga fatvo soʻrab keldi va “Ey, Sufyon! Kichikligingda sen bizning oldimizga kelganding. Katta boʻlganingda esa biz seni oldingga kelayapmiz”, -dedi.

Abu Bakr ibn Ayyosh rohmatullohi alayhi aytadi: “Men bir kishini Sufyonga ergashib yurganini koʻrar edim. Unga nisbatan hurmatim baland edi. U (Sufyon) Ramlaga kelganida Ibrohim ibn Adham unga xabarchi yuborib, huzuriga kelib hadis aytib berishini soʻradi. Xabarchi borib unga chaqiruvni yetkazdi. (Ibrohim ibn Adham Sufyon Savriyning tavozesini koʻrishni maqsad qilgan edi) Soʻng kelib hadis aytib berdi”. (Sufyon Savriy zuhd, tavoze, taqvoda ham mashhur boʻlgan)

Sufyon Savriy rohimahulloh hadis ilmida “Amir al-muʼminiyn fil hadis” (hadis ilmida moʻminlar amiri) darajasiga sazovor boʻlgan olim sifatida tan olingan.

Eng mashhur hadis toʻplamlarida ham u kishining rivoyatlari keltirilgan. Xususan:

1. “Sahihi Buxoriy”da 350 ta;

2. “Sahihi Muslim”da 261 ta;

3. “Sahihi ibn Xuzyma”da 139 ta;

4. “Sahihi ibn Hibbon”da 297 ta;

5. “Sunani Nasoiy”da 322 ta;

6. “Sunani Abu Dovud”da 235 ta;

7. “Sunani Termiziy”da 312 ta;

8. “Sunani ibn Moja”da 219 ta;

9. “Musnadi Ahmad ibn Hanbal”da 1689 ta;

 10. “Musnadi Dorimiy”da 277ta.

U zot 161/778-yilda Basrada vafot etgan.

Qosimjon OBIDOV,

“Imom Buxoriy” nomidagi Toshkent  islom instituti magistratura bosqichi talabasi

458990cookie-checkSufyon Savriy rohimahullohning hadis ilmidagi oʻrni

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: