islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

NABIY SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMGA SALOVAT AYTISHNING VOJIBLIGI

O‘zining so‘nggi Rasulini olamlarga rahmat o‘laroq yuborgan Alloh subhanahu va taologa hamdu sanolar bo‘lsin. «Men rahmat payg‘ambariman», deb marhamat qilgan va Alloh taoloning rahmati bo‘lmish dinini ummatlariga omonat ila yetkazgan hidoyatchimiz, shafoatchimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga batamom va mukammal salovatu salomlarimiz bo‘lsin.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam minbarga ko‘tarildilar va «Omin, omin, omin», dedilar. U zotga: «Yo Allohning Rasuli, siz minbarga ko‘tarilib, «Omin, omin, omin», dedingiz. Buning sababi nima?», deyildi. U zot sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qildilar: «Jabroil alayhissalom huzurimga kelib, shunday dedi: «Kimki Ramazon oyiga yetishsa-yu, mag‘firat qilinmasa, do‘zaxga kiribdi va Alloh uni O‘zidan uzoqlashtiribdi! Omin, deb ayting». Men «Omin», dedim. «Kim ota-onasini yoki ulardan birini qari holatda topsa va ularning rioyasini qilmasa va vafot etsa, do‘zaxga kiribdi va Alloh uni O‘zidan uzoqlashtiribdi! Omin, deb ayting». Men «Omin», dedim. «Kimning huzurida siz zikr qilinsangiz-u, sizga salovat aytmasa va vafot etsa, do‘zaxga kiribdi va Alloh uni O‘zidan uzoqlashtiribdi! Omin, deb ayting». Men «Omin», dedim». (Ibn Huzayma va Ibn Hibbon rivoyati).

Ushbu hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam zikr qilinganlarida u zotga salovat aytish vojib ekanligiga ochiq-oydin dalolat bor. E’tiborli jihati shundaki, Nabiy sollallohu alayhi vasallam zikr qilinganlarida salovat aytmagan kishi gunohi kabira egalari bilan bir qatorda sanaldi. Ular ota-onasi qarigan paytda ularga itoat qilmagan, ularning rioyasini qilmagan, ota-onasiga oq bo‘lgan farzandlar hamda Ramazon oyiga yetishib, lekin u oyda Robbisiga tavba qilmagan, gunohlariga istig‘for aytmagan kishilardir.

Imom Termiziy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Men uning huzurida zikr qilinganimda menga salovat aytmagan kishining burni yerga ishqalansin. Ramazon oyi kirgan bo‘lsa-yu, u oyda mag‘firat qilinishidan oldin o‘tib ketgan kishining burni yerga ishqalansin. Ota-onasi qarib qolganida, ularga xizmat qilib jannatga kira olmagan kishining burni yerga ishqalansin», dedilar. Ibn as-Sunniy Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Men uning huzurida zikr qilinganimda menga salovat aytmagan kishi baxtsizdir», dedilar. Baxtsizlik bu yaxshilikdan mahrum bo‘lib, yomonlikka botishdir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam zikr qilinganlarida u zotga salovat aytishni tark qilgan kishi baxtsizdir. Chunki u jannatga kirishni yaqinlashtiruvchi, do‘zaxdan uzoqlashtiruvchi bo‘lgan Nabiy sollallohu alayhi vasallamga salovat aytish fazilatidan o‘zini mahrum qildi.

Ibn Sa’d Tilmisoniy o‘zlarining «Mafoxiru ahli mufaxxor» kitoblarida bunday deydilar: «Agar Nabiy sollallohu alayhi vasallamga salovat aytishni tark qiluvchi, Ramazon haqini va ota-onaga yaxshilik qilishni tark qiluvchi insonlarni uqubat borasida birlashtirib turgan ma’no nima?», deyilsa, javob quyidagicha bo‘ladi: uqubatning bir xil ekanligi gunoh mohiyatining bir ekanligidan kelib chiqadi. Chunki yuqorida zikr qilingan uch holatda ham tark qilinayotgan narsa bitta u Alloh taborak va taoloni ulug‘lashdir. Buning bayoni shuki, Ramazon oyi Allohning oyidir. Alloh taolo Qur’onda bunday marhamat qiladi: «Ramazon oyi unda odamlarga hidoyat bo‘lib Qur’on nozil qilingandir» (Baqara surasi, 185-oyat). Kimki Ramazon oyini ulug‘lasa va uning haqini iymon bilan qoim qilsa, Allohni ulug‘labdi. Kimki uning haqiga rioya qilmasa, xorlikka va Allohdan uzoqlashishga loyiq bo‘libdi.

Ota-onaga yaxshilik qilish ham xuddi shunday. Sababi, ota-onaga yaxshilik qilish ularni ulug‘lash va hurmat qilish bilan hosil bo‘ladi. Bu esa Alloh taborak va taoloni ulug‘lashni lozim tutadi. Zero, Alloh taolo oyatda ota-onaga yaxshilik qilishni O‘zining tavhidi bilan yonma-yon zikr qilgan: «Robbing faqat Uning O‘zigagina ibodat qilishingni va ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi» (Isro surasi, 23-oyat).

Kimki ota-onaning haqini, ayniqsa ular qarigan chog‘larida ahamiyatsiz hisoblasa va ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatmasa, jinoyat ahliga aylanadi va unga jamiiki yaxshiliklardan mahrum bo‘lish vojib bo‘ladi.

Nabiy sollallohu alayhi vasallamga salovat aytishga kelsak, u Allohdan Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ulug‘lanishini va darajalari yuksaltirilishini so‘rashdir. Bu ham aslida Alloh taborak va taoloni ulug‘lashdir. Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: «Kim Rasulga itoat qilsa, Allohga itoat qilgan bo‘lur» (Niso surasi, 80-oyat). Kim Nabiy sollallohu alayhi vasallam zikr qilinganlarida salovat aytish bilan u zotni ulug‘lasa, Alloh taolo uning martabasini ko‘taradi. Kim bu ishni yengil sanasa, sharmandalikka va quvg‘inga loyiq bo‘ladi. Alloh taolo barchalarimizga bunday uqubatlardan panoh bersin. Qiyomatda Habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning shafoatlariga erishishga muvaffaq qilsin.

Manba: Shayx Abdulloh Sirojuddin Husayniy rohimahullohning «الصلاة على النبي صلى الله عليه وآله وسلم فضائلها وأحكامها» («Nabiy sollallohu alayhi vasallamga salovat aytish: uning fazilatlari va hukmlari») kitobi.

TII “Hadis va islom tarixi fanlari kafedrasi” katta o‘qituvchisi Nilufar SAIDAKBAROVA,
203-guruh talabasi  Yoqutxon TOJIYEVA.

462260cookie-checkNABIY SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMGA SALOVAT AYTISHNING VOJIBLIGI

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: