islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Salmon Forsiy(roziyallohu anhu)ning Xandaq g`azotidagi jasoratlari

Salmon Forsiy roziyallohu anhu Allohning  musulmon  bandalari  butun  yer  yuzida  bashariyat tarixida misli ko`rilmagan adolat nizomini o`rnatib, yashnatib yurganligining guvohi bo`ldi! O`shanday nizom o`rnatilishiga o`zining salmoqli hissasini ham qo`shdi! U zotning o`sha salmoqli hissalaridan biri Xandaq g’azotida bo`ldi.

Bu voqea hijratning  beshinchi  yilida bo`lib o`tgan  edi. O`shanda Madina atrofida yashovchi yahudiylar boshchilaridan bir nechtasi Makka mushriklari oldiga borib, ularni Allohning Payg’ambari hamda musulmonlarga qarshi gij-gijlagan, Makka  atrofidagi  boshqa  qabilalarni  ham  bu  ishga  da`vat etishgan, o`zlari ham bu yangi dinni tag-tomiri bilan sug’urib tashlashda qo`l qovushtirib turmasligi, bahodirlarcha jangga kirib ko`mak berishlarini aytib maqtanishgan, va`dalar qilishgan edi. Endigina  oyoqqa  turib  kelayotgan Islomga qarshi qilingan bu mudhish  til biriktiruv  rejasi  quyidagicha  amalga  oshirilishi kerak edi.  Quraysh va  G’atafon  qabilasining  askarlari  Madinaga  tashqaridan  hujum  boshlaganda Banu Qurayza ichkaridan – musulmonlar ortidan oyoqqa turar, natijada  musulmonlar ikki tomondan zarba yeb, tegirmonning ikki toshi bug’doyni qanday yanchib tashlasa, musulmonlar shunday yanchilishi, ularga barham berilishi  kerak  edi. Musulmonlar Islomga qarshi qilingan bu fitnadan hali  bexabar holda yahudiylar bilan qo`shnichilik rishtalari ila bog’lanib,  ulardan biror yomonlik sodir bo`lishini  xayollariga  keltirmay  yashamoqda  edilar.  Bir kuni o`sha  vaqtdagi  eng  zo`r,  eng  kuchli  qurollar  ila  jihozlangan minglab askarlardan iborat qo`shin  Madina tomon otlanayotganini eshitib qoldilar. Musulmonlar to`satdan kelayotgan bu qo`shindan juda sarosimaga tushib, ularni ancha vahima  egallab  olgan  edi. Qur`oni karimda ularning o`sha vaqtdagi   holati haqida shunday deyilgan:

 “O`shanda ular sizlarning yuqori tomoningizdan ham, sizlardan quyuroq tomondan ham (bostirib) kelgan edilar. O`shanda ko`zlar tinib,  yuraklar  bo`g’izlarga  tiqilib  qolgan va sizlar Alloh haqida (turli)  gumonlar  qila  boshlagan  edinglar[1]”.

Abu Sufyon va Uyayna ibn Hishom boshchiligidagi yigirma to`rt ming jangchi Muhammad sallallohu alayhi va sallamga, diniga va ashoblariga barham berish maqsadida Madinaga yaqinlashayotgan edi. Bu qo`shin Qurayshning o`zidangina iborat emasdi. Balki Islomni o`ziga xatar  ko`rgan   har  bir qabila va jamoalar  Quraysh bilan birga edi. U Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning barcha g’animlari – shaxslar, jamoalar va qabilalarning oxirgi va hal qiluvchi urinishi edi.

Musulmonlar o`zlarini  juda qiyin holatda ko`rishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ashoblarini maslahat uchun yig’dilar. Tabiiyki, mudofaa va urushning muhokamasiga yig’ildilar, lekin qanday  mudofaa?! Shunda uzun bo`yli, sersoch, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga  cheksiz  muhabbat va ehtirom ko`rsatadigan bir kishi oldinga chiqdi.

Salmon Forsiy roziyallohu  anhu oldinga chiqib, baland tepalik uzra Madinaga sinchkov  nazar tashladi. Shahar atrofidan tog’-toshlar bilan o`ralgan, biroq, g’anim osonlik bilan himoyani yorib o`tishi mumkin bo`lgan keng  va  uzun bo`shliq – tekislik ham bor edi. Salmon Forsiy roziyallohu anhuning vatani Fors bo`lgani sababli, ko`pgina jang vositalari va urush firiblari, hiylalaridan  xabardor  edi. U Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga arablar urushlarda oldin ko`rmagan taklifni aytib:“Yo Rasululloh, biz Fors yerida agar dushman askari ko`pchilik bo`lib, ularning otliq askarlari hujumidan qo`rqadigan bo`lsak, askarimiz aylanasiga ot o`tolmaydigan o`ra qazirdi va bu bilan dushman hujumidan saqlanar edik” , – dedilar. Taklif  Rasululloh  sollallohu  alayhi  vasallamga  ma`qul kelib, tezda bu ishga  kirishishdi.

Musulmonlar agar bu g’azotda xandaq qazishmaganida, Alloh biladi,  boshlaridan  ne  ko`rguliklarni  o`tkazishardi. Quraysh xandaqni ko`rib, kutilmagan bunday hiyladan esankirab qoldi. Qo`shinlari Madinaga yorib  kirishdan  ojiz qolib, chodirlarida bir oy qolib ketishdi. Hatto, bir kecha Alloh ularga juda kuchli shamolni yuborib, chodirlarini yer bilan yakson qildi va o`zlarini par kabi to`zg’itib tashladi. Abu Sufyon noumid, ezilgan va tinkasi qurigan holda qo`shinga kelgan  joyiga  qarab  jo`nashni  buyurib,  qichqirdi.

Xandaq qazishda Salmon Forsiy  roziyallohu  anhu g’ayrat ko`rsatayotgan musulmonlar safidan joy oldi. Rasululloh sollallahu alayhi vasallam ham muborak  qo`llariga cho`qmor olib, ular bilan barobar  ter  to`kdilar. Salmon Forsiy  roziyallohu  anhu   sheriklari  bilan  ishlayotgan  joyda  uning  cho`qmori  metin,  sinmas toshga urildi. U  zuvalasi  pishiq,  beli  baquvvat  kishi edi. Kuchli qo`llari bilan har zarba urganida xarsangtoshni maydalab tashlar, uning parchalari  atrofga  sochilar  edi. Biroq  bu  toshning  oldida u ojiz qoldi. Yonidagilar  bilan  birgalashib  ham harakat qilib ko`rishdi, ammo mashaqqatlari ziyoda bo`ldi, xolos. Salmon Forsiy roziyallohu  anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga borib, bu siljimas, qaysar xarsangga behuda kuch sarflamaslik uchun  chuqurning yo`nalishini o`zgartirishga izn so`radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o`sha joy va  toshni  o`z ko`zlari bilan ko`rish uchun Salmon Forsiy  roziyallohu  anhu bilan birga bordilar. Uni ko`rgach, cho`qmor keltirishni buyurdilar va ashoblaridan tosh parchalari  otiladigan joydan bir  oz  uzoqroq  turishni so`radilar. “Bismillah” deb cho`qmor tutgan ikki muborak qo`llarini  azmu  quvvat bilan yuqori ko`tarib, xarsangga zarba berdilar. Bir vaqt u darz ketib, yoriqlaridan ko`zni qamashtiradigan alanga taraldi. Buni ko`rgan  Salmon Forsiy  roziyallohu  anhu: “Alanga  Madina  atrofini  yoritib  yuborgan  edi”, – degan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam takbir aytgan holda qichqirdilar: “Allohu akbar! Menga Forsning  kalitlari  berildi.  Yorug’likdan  Hiyra  qasrlari,  Kisro (Xisrav) mamlakatlari ko`rindi. Albatta, ummatim ulardan g`olib keladi!”  Uchinchi zarba urganlarida  xarsang o`zining taslim bo`lganini  ko`rsatdi va  kuchli  va  yorqin  ziyosi  bilan  nur  taratdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va u kishi bilan birga musulmonlar quvonchdan takbir aytishdi. Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ularga bir kuni  kelib  Suriya va San’o  osmonida Allohning bayrog’i hilpiraydigan boshqa mamlakatlar qasrlarini ko`rganlarini xabarini berdilar. Musulmonlar komil iymon bilan qichqirishdi: “Bu  narsa bizga Alloh va Rasulining bergan va’dasi. Alloh va Rasuli rost so`zlaydi!”. Salmon Forsiy roziyallohu  anhu xandaq qazishda maslahat sohibi bo`ldi. Payg’ambar sollallohu alayhi vasallamdan yordam so`ragan paytida esa ba’zi g`ayb, kelajak sirlarini ochib tashlagan xarsang sohibi bo`ldi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning yonlarida nurni ko`ruvchi, bashoratlarini eshitib turuvchi baxtli zotlardan bo`ldi. Umr vafo qilib, bashoratlarni ta’sirchan haqiqat va hayotiy voqe’lik o`laroq ko`rdi. Xususan, Fors va Rum  mamlakatlarini, San’o, Suriya, Misr va Iroq qasrlari shular jumlasidandir.

Toshkent islom instituti

302-guruh talabasi

Axmadillo G’ofurjonov

[1]Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol. Hilol nashr.  –Toshkent.  2016.

367390cookie-checkSalmon Forsiy(roziyallohu anhu)ning Xandaq g`azotidagi jasoratlari

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: