Allohga va Uning rosuliga iymon keltirgan har bir mo’min eng qadrli sanalgan haramaynni ziyorat qilishga mushtoq bo’ladi. Mana shunday muborak joylarni ko’rishga insonning qalbi moyil bo’ladi.
Anvarshoh Kashmiriydek insonning ham qalbida mana shunday ikki haramga bo’lgan muhabbat doimiy ziyoda bo’lar edi. U kishining muborak qalbida jo’sh urgan mana shu orzuni amalga oshirish baxti hijriy 1323-yilda nasib etdi. Shunday qilib, Anvarshoh Kashmiriy Makkai Mukkarramada bir necha oy mobaynida yashadi. O’zlarining qalblaridagi muhabbat otashini Alloh taologa ibodat qilish va erta-yu kech Baytullohi Sharifni tavof qilgan holatda ko’z yoshlar to’kib, Allohga tinimsiz duolar qilish bilangina bu otashni so’ndirdi. So’ngra u kishidagi Madinai Munavvaraga bo’lgan shavq u yerga borishga undadi va Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak masjidlarini ziyorat qilishga otlandi. Madinai Munavvarada esa qisqa muddat qoldi.
Shayx Kashmiriy bu muborak bo’lgan joy Madinai Munavvarada qisqa muddat bo’lishini bilgach, shu fursatni o’zi uchun juda g’animat bildi. Bu yurtning ko’zga ko’ringan ulamolari bilan ko’rishib, zamonaviy muhim hukmlarda birgalikda muzokara va munoqasha qildi. Shunday qilib, bu muborak yurtning ulamolari Anvarshoh Kashmiriyning fazllari va ilmlariga tan bergan holda u kishining buyuk bir shaxs ekanini e’tirof etishdi. Shunday qilib, u kishi bu muqaddas shaharning ulamolari qalblarida o’zlarining unutilmas va chuqur izlarini qoldirishga muvoffaq bo’ldi.
Yuqorida zikr qilingan fazilatli ulamolardan biri shayx Fozil Husayn at-Toroblusiy Anvarshoh Kashmiriyga qo’shni bo’ldi va u kishining go’zal maqtovlar ila e’tirof etib, Anvarshoh Kashmiriy shubhasiz zabardast bir olim ekanini aytib o’tdi. Shayx Fozil Husayn hadis ilmi borasidagi isnod orqali, shaxsan o’z qo’llari bilan yozilgan ijozani Anvarshoh Kashmiriyga taqdim etdi.
Anvarshoh Kashmiriy Madinai Munavvarada qolish vaqtining har birini g’animat bilib, u yerda kutubxonalarga yaqin joyda joylashdi. Xususan Shayxul islom Orif Hikmat kutubxonasi va Maktabatu Mahmudiyya kutubxonalari yaqinida joylashdi. Shu vaqt mobaynida hadis, tafsir va bundan boshqa shar’iy ilmlar borasidagi kitoblarni eng nodirlarini mutolaa qilishga bel bog’ladi. Bu kitoblardan chuqur ilm hosil qilibgina qolmay, shu ilmlar bilan qalbi limmo lim to’ldi.
Anvarshoh Kashmiriy o’z vatani Kashmirga qaytib kelgach, Alloh taoloning huzuriga rihlat qilguniga qadar, Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning Madinai Munavvaralari va shu muborak haramaynga yana bir bor qaytish istagini qalbiga tugib qo’ydi.
Toshkent islom instituti 4-kurs
talabasi Naqibxonov Saidasror
Maqola badiiy jihatdan yaxshi yozilgan. Tarixiy ma’lumotlar keltirilgan. Biroq, uslubiy jihatdan matnni qayta ko’rib chiqishsa durust bo’lardi(4-bandni)