Qur’on oyatlari nozil bo’lishi bilanoq, Rosululloh sollallohu alayhi vasallam uni sahoblarga o’shandoq o’qib berardilar. Ular uni eshitib, Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga qayta o’qib berganlar. Sahobai kiromlar Rosululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan har bir oyatlarini u zotga qayta o’qib berar, shu tariqa yigirma uch yil davomida nozil bo’lagan oyatlarni o’rganib, yodlab, o’qish-yozishnni biladigan sahobalar yozib borar edilar. Sahobalar ham, ulardan keyin yashab o’tgan tobeinlardan bo’lgan qorilar va keyingi avlodlarga xuddi shu tarzda o’rgatib bordilar va bu zanjir ushbu kunimizgacha uzilmay kelmoqda.
Hech bir kitob Qur’oni karim kabi saqlanmagan. Uning har bir harfi, harakati, hattoki harflarni talaffuz qilish kayfiyati hech bir o’zgarishsiz shu kungacha yetib kelgani uning haqiqiy mo’jiza ekanligiga, Alloh taoloning va’dasi haq ekaniga yorqin dalildir. Ushbu muborak Kitobni Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga nozil qilingandek tilovat qilishga tajvid ilmini mukammal bilish va unga amal qilish orqali erishiladi. Shu sababli Qur’oni karim avloddan avlodga uzulmay, sof holatda yetib kelishi uchun alohida qorixonalar barpo qilingan jumladan bizni vodiyda ham.
Andijonda birinchi bo’lib qiroat maktablari XVI asrdan boshlab o’z faoliyatini boshlagan. Bu davrgacha Qur’oni karimni o’rgatishligi uchun alohida maktablar faoliyat olib bormagan bo’lsada, xalq orasidan ko’plab qorilar yetishib chiqqan. Keyinchalik Qo’qon xonligi davriga kelib qiroat maktablari va madrasalar uchun ko’p yerlar vaqf qilib berilgan. O’sha davrdagi qirat maktablarini o’zi 300 dan ortiq edi. Bu qizil imperiya bostirib kelib, ro’yxatga olib, hujjatlashtirgandagi qiroat maktablari soni edi. Aslida esa har-bir ahli ilmni, har-bir qorini o’z maktabi mavjud bo’lgan.
Musulmon urf-odat, udum, marosimlarini amalga oshirishda qorilar katta o’rin tutgan. Qorilar qur’onni to’la yodlagan, qiroat bilan, chiroyli o’qiydigan mutaxassis bo’lgan. Qur’on maktabini bitirgan qorilarning diniy tadbirlarni amalga oshirishda o’rni juda muhim bo’lgan. Tadbirlar qorilarsiz o’tkazilmagan. Shuning uchun qorilarga imom, mudarris, mutavallilarga talab katta bo’lgan. Shu sababli qorilar tayyorlaydigan o’quv yurtlari qorixonalar ham ko’p bo’lgan.
Turkiston o’lkasi o’quv yurtlari boshqarmasining III islom o’quv yurtlari inspektori V.P. Nalivkining 1896-yilda bergan ma’lumotiga qaraganda o’lkada 341 ta qorixona va daloilxonalar bo’lgan[1]. Daloilxonada o’quvchi bolalarga arabcha “Daloi-lul-hayrot” nomli kitobni o’qitib yodlatilgan. Ular oz sonli bo’lib o’lkaning viloyatlarida 1896-yilda 5 dona daloilxona faoliyat yuritgan. Arxiv ma’lumotlariga ko’ra 1892-yilda Farg’ona viloyatida 252 ta qorixona bo’lgan. O’sha yillarda Andijonda 44 ta qorixona bo’lganligi qayd etilgan[2].
Andijon shahri va qishloqlari bo’yicha 1887-yilda Farg’ona viloyati boshqarmasiga vaqf hujjatlarini topshirgan qorixonalar, madrasalar ro’yxatida 18 ta qorixona qayd qilingan. Bu qorixonalar quyidagilar:
- Ahmadbek Bahddurboshi qorixonasi.
- Doniyorbek mahallasidagi qorixona.
- Eshon Domulla Ashurbek qorixonasi.
- Qora Bura mahallasidagi qorixonasi.
- Muhammadyorboy qorixonasi.
- Nasriddinbek qorixonasi.
- Norbutaboy qorixonasi.
- Haydarqori qorixonasi.
- Xoliq Berdiboy qorixonasi.
- Sholdirama mahallasidagi qorixona.
- Eski qal’aning janub tomonidagi qorixona.
- Niyoz Og’alik qorixonasi.
- Suzak qishlog’idagi qorixonasi.
- To’rtko’l qishlog’idagi Xushnazar Oqsoqol qorixonasi.
- Uchtepa qishlog’idagi Devona Hoji qorixonasi.
- Hazrat Ayub degan joyning Hazrat Ayub mozoridagi qorixonasi.
- Hazrat Ayub degan joydagi Zokir Xuja Eshon qorixonasi.
18.Yorboshi qishlog’idagi qorixonasi[3].
Bu ro’yxatdagi qorixonalar to’la bo’lmaganligi aniq. Ayrim faoliyatini to’xtatgan qorixonalar va ba’zi bir ishini yuritayotgan qorixonalar ham vaqf hujjatlarini topshirmagan bo’lishi mumkin.
Shu sababli Andijon uezdi bo’yicha faqat 18 ta qorixona ro’yxatga olingan. Aslida esa Andijonda qorixonalar 18 tadan ancha ortiq bo’lgan. Bu fikrimizni biz quyida qorixonalarni tahlil va tafsil qilib berganlarimiz orasida Farg’ona viloyati boshqarmasi ro’yxatida keltirilgan qorixonalarda uchramaydiganlarini borligi ham isbotlaydi.
Qorixonalar ham madrasa va maktablar kabi Movarounnahrga, jumladan, Andijonga islom dini kirib kelganidan keyin vujudga kela boshlagan. Lekin qadimgi qorixonalar to’g’risida hujjatlar bilan tasdiqlanadigan ma’lumotlar juda kam. Shunday nodir ma’lumotlardan biri Andijon viloyatida XVI asrda bunyod etilgan qorixona hisoblanadi. Bu ko’hna qorixona haqida ma’lumotlar juda kam.
Hujjatlarda qorixona nomi tilga olinadi, lekin faoliyati haqida aniq ma’lumotlar berilmagan. Bu qorixona Andijon viloyati Lo’g’umbek qishlog’idagi ulug’ shayx Sayyid Qutbiddin Ahmadning Oq mozor deb nomlangan mozorida joylashgan. Bu mozorda Abdullahon II hijriy 994 (milodiy 1585-1586) yilda tashkil qilingan Oq mozor madrasasi ham joylashgan. Shundan kelib chiqib, biz qorixonani XVI asrda barpo etilgan, degan fikrga kelganmiz. Dastlab bu Oq mozordagi qorixona to’g’risida Hazrat Qutbiddin Ahmad mozori va undagi vaqf tashkilotlari vaqf mulkini soliqdan ozod qilish haqidagi inoyatnomasida tilga olingan. Hazrat Qutbiddin Ahmad faqat Andijondagina emas hattoki, Qo’qon xonligining boshqa hududlariga ham taniqli va mashhur edi. Sayyid Qutbiddin Ahmad ruhini shod qilish maqsadida uning muxlislari mozorda masjid, qorixonani bunyod etgan edilar. Bu qorixona qachon, kim tomonidan barpo etilgani haqida ma’lumot hozircha topilmagan. Bu qorixona haqida birinchi bor Xudoyorxonning hijriy 1282 (milodiy 1865) yildagi inoyatnomasida Hazrat Qutbiddin Ahmadning Oq mozordagi mozorida joylashgan qorixona ko’rsatib o’tiladi. Xudoyorxon inoyatnomasida yoziladiki, Zurzum va Robotak ariqlari atrofidagi yerlar Sayyid Qutbiddin Ahmadga va masjid, mozor va qorixonani, Qutbiddin Ahmad avlodlarini qo’llab- quvvatlash uchun vaqf mulki qilib berilgani e’tirof etiladi. Inoyatnomada Xudoyorxon yerlardan hech qanday soliq talab qilmaslikni va ijara haqini mutavalliga topshirishni, u barcha vaqf daromadini masjid, madrasa, mozor va boshqalarni ta’mirlashga ishlatishini va qolgan mablag’ni ilgarigi tartib bo’yicha Qutbiddin avlodlariga berishini buyurgan. Bu hujjat Qutbiddin Ahmadning Oq mozordagi mozorida masjid, madrasa bilan birga qorixona ham bo’lganligini tasdiqlaydi.
Qutbiddin Ahmad mozorining vaqf yerlari Andijon yer-soliq komissari tomonidan 1894- yili tekshirilgan va vaqf yerlari miqdori 882 desyatina 115 sarjin ekanligi aniqlangan[4]. Yer-soliq komissari mozorning vaqf mulkini tekshirganidan so’ng mozor mutavallisi bilan suxbatlashgan. Mutavalli mozor haqida bergan ma’lumotlarni yer-soliq komissari yozib qoldirgan va arxivda saqlangan. Hujjatda shunday deyilgan. “Oq mozor mutavallisining bergan ma’lumotiga ko’ra vaqf daromadining o’ndan bi qismini mutavalli oladi, qolgan qismi qorixona, masjid, madrasa foydasiga beriladi va quyidagicha bo’linadi: to’rtdan bir qismi madrasa foydasiga tushadi, uni ta’mirlashga va imom, muazzin farrosh, sartarosh foydasiga va qolgani 6 ta darsxonadagi o’quvchilar foydasiga topshiriladi, xo’jalar (Qutbiddin avlodlari) daromaddan foydalanmaydi”[5]. Bu hujjatda ham Hazrat Qutbiddin Ahmad mozorida masjid, Madrasa bilan birga qorixona faoliyat yuritgani qayd qilingan.
Odatda vaqf tashkiloti (masjid, madrasa, qorixona, maktab) bunyod etgan shaxs uni vaqf mulki bilan ta’minlagan. Abdullaxon Oq mozor madrasasini qurdirgan va unga ekin ekiladigan yerni vaqf qilib bergan. Qorixonani ham bunyod etgan shaxs odat bo’yicha vaqf mulki ehson qilgan bo’lishi kerak. Shunday bo’lsa mozorning vaqf daromadidan ustoz qori o’qituvchi moyana, o’quvchi qorilar nafaqa olib turgan, o’quv-tarbiyaviy ishlarni bajarib borgan bo’ladi. Qorixona tashkil qilingan vaqtdan boshlab Qo’qon xonligi davrida va ruslar xonlikni bosib olganidan keyin 1894- yilda mozorning vaqf mulki tekshirilgan vaqtda qorixona bo’lganligi va faoliyat yuritganligi ikkilanishga, shubhaga o’rin qoldirmaydi.
Hijriy 1290-yili (milodiy 1873- y.) Abilboy Murod Sufi Xurlibekov o’g’li Andijon shahrida Devonaboy madrasasi yonida maktab qurdirgan. Maktab o’z faoliyatini moddiy tomondan qiynalmasligi uchun 1,5 tanob yer vaqf qilib berilgan. XIX asrda Qo’qon xonligining Andijon viloyatida maktablar soni keskin ko’paygan. Bu davrda maktablardan tashqari qorixona va madrasalar ham bunyod etilgan.
Madrasalarning vujudga kelishi Andijon viloyatida maorifni rivojlanishida tub burilish yasagan. Maorif endi faqat yoshlarni savodxon qilish bilan cheklanib qolmay, davlat va diniy tashkilotlarga malakali kadrlar tayyorlay boshlagan.
Madrasa va qorixonalar voha taraqqiyotida ham katta ro`l o’ynagan, madaniyatni rivojlantirishga ulkan hissa qo’shgan. Madrasalarning bitiruvchilari ziyolilar safini kengaytirgan, ko’plab shoirlar, adiblar, olimlar yetishib chiqqan. Maktab, qorixona va madrasalarda islom tarixini, Qur’on karimni, hadislarni, umuminsoniy, milliy qadriyatlarini, yuksak g’oyalarini yoshlarga targ’ib qilgan. Bugungi hayotda faqat ezgu amallar qilib o’zini oqlashga, ma’naviyatini o’stirishga, komil inson bo’lib yetishishga da’vat etgan, yoshlar qalbiga va ongiga umumbashariy axloq normasini singdirgan.
Maktab, qorixona va madrasa muallimlari o’quvchilarga odob-axloq darslarida yolg’onchilik, o’grilik, birovning haqqiga xiyonat qilish, odam o’ldirish, o’zini-o’zi o’ldirish, qimor o’ynash, zino, Qur’on va hadislarda taqiqlangan bunday ishlarni qilish gunoh bo’ladi, deb to’g’ri yo’l ko’rsatilgan. Birovga yaxshilik qilish, kambag’alga, yetim-yesirga yordam berish, ota-onani, kattalarni hurmat, kichiklarga shafqat qilish islomda buyurilgan, bu vazifalarni bajarish inson uchun savob ish ekanligini o’rgatishgan. Islom o’quv yurtlari yoshlarni doimo yaxshi yo’lga boshlagan, yomon yo’ldan qaytargan, odobli va axloqli qilib tarbiyalagan. Maktab va madrasalar xalqimiz, yoshlarimiz ma’naviyatini yuksaltirishga katta hissa qo’shgan.
Toshkent islom instituti talabasi
Abdipattayev Muhammadamin
Foydalanilgan adabiyotlar
[1] O’zr MDA, I-47-f. 1-p. 1065-y .343-v.
[2] O’zr MDA, I-2412-f. 1-p. 385-y. 37-v.
[3] O’zr MDA, I-19-f. 1-p. 33275-y. 1-8-v.
[4] O’zr MDA, I-19-f. 1-p. 34261-y. 23-v.
[5] O’zr MDA, I-19-f. 1-p. 34261-y. 17-v.