islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Imom Buxoriy izdoshlari

Imom Al Buxoriy, Imom At-Termiziy kabi buyuk muhaddislar yurti bo’lmish vatanimizdan butun tarix davomida turli sohalarda juda ko’plab ulamolar yetishib chiqqan. Afsuski hadis ilmi borasida so’nggi yuz yillikda olimlar deyarli uzilib qolgani achchiq haqiqatdir. Allohga hamdlar bo’lsin Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan turli sohalar kabi diniy sohada ham katta yutuqlarga erishmoqdamiz. Xususan hadis ilmi borasida ham biroz tanaffusdan so’ng yana ulamolar yetishib chiqa boshladi. Bunda Toshkent islom ma’hadi hamda yurtboshimiz tashabbuslari bilan ochilgan Hadis ilmi maktabi, Mir Arab oliy madrasasi yetakchilik qilib kelmoqda. Boshqa diniy ilmlar kabi hadis ilmida ham Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga muttasil sanad bilan bog’langan bo’lishlik, ustozdan ijoza olgan bo’lishlik ilmni to’g’ri fahmlash garovi sanaladi.

Buyuk muhaddis bobolarimiz asarlarini o’rganib boshqalarga o’rgatib kelgan ulamolar yer yuzining turli yerlarida doim bo’lib kelgan va ular Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi muhaddislarga ergashganlari uchun butun islom olamida qadr topishgan. Hind diyori ulamolari ham bu borada katta o’rin egallashadi. Amir Temur bobomiz islomni hind diyorlariga yetkazgan bo’lsalar bugungi kunda esa u diyorlardan yetishib chiqqan ulamolar butun dunyoga ilm ulashmoqdalar. Xususan mashxur muhaddis va faqih olim Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahulloh ham bu borada juda katta ulamolardan sanaladilar. Bugun kundagi yurtimiz muhaddislarining ko’pchiligini sanadi ham aynan u kishi orqali Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga muttasil yetib boradi

Muhammad Taqiy Usmoniy hazratlari butun islom olami uchun, xususan, biz uchun qadrli jihatlari juda ko’p xususan u kishi bizning bobokalon yurtdoshimiz, muhaddislar sultoni Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriyning “Sahihi Buxoriy” deb atalgan “al-Jome’ as-sahih” asarlariga 10 jildlik “In’om al-Boriy” degan sharh bitganlar. Shuningdek, buyuk muhaddis Abu Iso Muhammad ibn Iso at-Termiziyning “Sunani Termiziy” deb atalgan “al-Jome’ as-sunan” asarlariga 3 jildlik “Darsi Termiziy” va yana 2 jildlik “Taqriri Termiziy” nomli sharhlar yozganlar. Ular boshqa sharhlardan o‘zining kengligi, hanafiy mazhabining dalillarini o‘zida to‘plagani, boshqa mazhablarning fikrlari va ularning dalillariga qoniqarli javoblar berilgani bilan ustun hisoblanadi. Mazkur sharhlar hanafiy mazhabining hadis bo‘yicha dalillarini o‘rganishda juda muhim ahamiyat kasb etadi.

Bundan tashqari u kishi har qanday zamonaviy masalalarni eski fiqhiy manbalar bilan bog‘lay olishda bag‘oyat nodirdirlar. U zot har qanday zamonaviy masalalarni hanafiy mazhabining qadimgi ulamolari yozib ketgan yozma meroslaridagi ma’lumotlar va fatvolar bilan uyg‘un holda talqin qilishga mohir faqih hisoblanadilar. Olimning mana shu jihati – hanafiylik fiqhini, to‘rt mazhab fiqhini, sahoba va tobe’inlar fiqhini bilishi hamda ularni zamonaviy masalalarga tatbiq qila olishi bugun butun dunyo ulamolarini hayratga solmoqda. Bu zot har qanday savolga avval hanafiy fiqhiy manbalaridan javob berib, agar bo‘lsa boshqa to‘rt mazhabdagi masalalarni uyg‘unlashtirib, so‘ng bunga dalil bo‘ladigan oyat yoki hadisni aytadilar. Bu esa biror savol so‘ralsa, darhol oyat yoki hadisdan javob beradigan zamonamiz “bilimdon”lariga o‘rnak bo‘ladigan jihatdir.

Shu o’rinda hazratning O‘zbekistonga tashrifi vaqtida O‘zbekiston haqida aytgan quydagi jumlalarini esga olamiz: “Men O‘zbekistonni Islomdagi Makkadagi Al-Harom masjidi, Madinadagi Payg‘ambarimiz masjidi va Quddusdagi Al-Aqso masjididan keyin to‘rtinchi muqaddas joy deb bilaman. Men bu mamlakatni yana ko’rishni orzu qilardim. Yigirma yetti yil avval O‘zbekistonda bo‘lganman, keyin faqat Samarqandga borishga muvaffaq bo‘ldim. Bu safar Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkentdagi muborak maskanlarni ziyorat qilishga muvaffaq bo‘ldim. Oldingi tashrifim bilan bu safar o‘rtasida katta farq bor. O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston ulkan moddiy va ma’naviy yuksalishga erishdi. O‘tgan 27 yil davomida yurtingizda diniy sohada salmoqli islohotlar amalga oshirildi, ko‘plab masjid va madrasalar ochildi, yoshlarda ilm-fanga, ilm-fanga mehr uyg‘ondi. Bundan xulosa qilish mumkinki, O‘zbekiston yana dunyoning bilim markazlaridan biriga aylanadi. Kuni kecha rasmiylarning O‘zbekistonda islom bankini yaratish va islomiy moliyani joriy etish borasidagi sa’y-harakatlaridan xursand bo‘ldim. Avvalo, bu boradagi kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratish lozim. Pokistonda bu borada ta’lim muassasalari mavjud. Biz yoshlarga shu ixtisosliklarni o‘rgatishimiz yoki mutaxassislarimiz O‘zbekistonga kelib treninglar tashkil qilishlari mumkin. Biz O‘zbekiston Prezidentining islom qadriyatlarini asrab-avaylash borasidagi sa’y-harakatlarini yuksak qadrlaymiz va bu ezgu ishda ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz”.

Biz ham u kishiga Allohdan ko’plab yaxshiliklar so’rab qolamiz. Alloh taolo yurtimizdan to qiyomatgacha olimlarni davomli chiqarsin!

Toshkent islom instituti 4-kurs

talabasi Soliyev Murodjon

399510cookie-checkImom Buxoriy izdoshlari

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: