Dunyoda odamlar, xalqlar mavjud ekan, ularni o‘zaro muloqotga kirishishlari uchun birinchi navbatda til zarur hisoblanadi. Aynan til orqali odamlar birlashib jamiyatni hosil qiladi. Jamiyatlar esa o‘z navbatida davlatlarga birlashadi. Til, millat, davlat. Bu uchta so‘z bir-biriga chambarchas bog‘liq desak noto‘g‘ri bo‘lmaydi. Til – bu milliy g‘urur, milliy iftixor, milliy boylik hisoblanadi. Til faqat muloqot qilish uchungina bo‘lmasdan, balki, u insonning ichki dunyosi, tasavvurini ifodalashga yordam beradi. Inson uchun eng avvalo o‘z tili, ona tili muhim o‘rin tutadi. Ona tili – millat ruhidir. U davlatning timsoli, mulki hisoblanadi.
Hammamizga ma’lumki, ona tilimiz – o‘zbek tiliga 1989-yili 21-oktabr kuni davlat tili maqomi berildi. Aynan shu kuni “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi. 21-oktabr kuni esa yurtimizda “O‘zbek tili bayrami kuni” sifatida nishonlanadigan bo‘ldi. Bu yili o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 33 yil to‘ladi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yildi.
So‘nggi yillarda ona tilimizga bo‘lgan e’tibor yana ham ortib bormoqda. Oliy o‘quv yurtlarida, maktablarda, bog‘chalarda ona tilimizga bo‘lgan e’tibor kun sayin ortib bormoqda. Har yili turli xil ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, bellashuvlar, olimpiadalar o‘tkazilib kelinmoqda. Kitob ixlosmandalari uchun turli chet ellik yozuvchilarning mashhur asarlari xorijiy tillardan o‘zbek tiliga tarjima qilinib kelinmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning til bayrami tantanalarida so‘zlagan nutqida: “Turkiy tillarning katta oilasiga mansub bo‘lgan o‘zbek tilining tarixi xalqimizning ko‘p asrlik kechmishi, uning orzu-intilishlari, dard-u armonlari, zafarlari va g‘alabalari bilan chambarchas bog‘liqdir”, – degan fikrlari alohida e’tiborga loyiqdir.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra dunyoda oltmish millionga yaqin kishi o‘zbek tilida gaplashar ekan. Bu taxminan yer yuzi aholisining har 130 kishidan bittasi o‘zbek tilida gaplashishini anglatadi. O‘zbek tili jahonda keng tarqalgan 40 ta tildan biri bo‘lib hisoblanadi. Mana shundan ham o‘zbek tilining butun jahonda o‘ziga xos mavqei qanchalik kuchli ekanligini ko‘rishimiz mumkin.
UNESCO ma’lumotlariga ko‘ra butun dunyoda deyarli yetti mingga yaqin til mavjud bo‘lib, ulardan atigi 200 ga yaqini davlat tili maqomida hisoblanadi. Ularning orasida o‘zbek tilining ham bor ekanligi har birimizning qalbimizni faxr va iftixorga to‘ldiradi. O‘zbek tilining nufuzi xalqaro maydonda ham ortib bormoqda. Bir qator xorijiy davlatlardan odamlar kelib o‘zbek tilini o‘rganib ketayotganlar ham ko‘payib bormoqda. Turli davlatlardagi birqancha oliy o‘quv yurtlarida ham o‘zbek tili o‘rgatilmoqda.
Suvsiz daryo bo‘lmaganidek, tilsiz millat ham mavjud emas. Biror bir millatga mansub bo‘lgan har qanday til, o‘sha millat bilan yashaydi va barhayot bo‘ladi. Ota-bobolarimiz ham qadim-qadimdan o‘z tilini asrab-avaylashgan rivojlantirishgan. Jumladan, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Lutfiy, Qashg‘ariy kabi olimlarimiz o‘zbek tilining rivoji uchun beqiyos hissa qo‘shganlar. Turkiy tillar oilasiga mansub bo‘lgan o‘zbek tilimizning yirik namoyondasi, so‘z mulkining sultoni, buyuk mutafakkir Alisher Navoiy o‘zi yashagan qiyin davrlar XV asrda tilimizni yana ham chuqurroq o‘rganish yo‘lida, turkiy tillarning imkoniyatlari ham boshqa tillarnikidan qolishmasligini ilmiy va amaliy jihatdan isbotlab berdi. O‘zining “Xamsa” kabi shoh asarini turkiy tilda yaratib turkiy tillarning rivojiga katta hissa qo‘shdi. Hozirgi paytda ham shoir hamda yozuvchilarimiz tilimizning boyligini, uning buyukligini namoyon etuvchi asarlar yaratmoqdalar.
Xulosa sifatida shuni aytib o‘tishim joizki, jamiyat, millat mavjud ekan til barhayotdir. Til – millat ko‘zgusi iborasi bekorga aytilmagan. U ko‘zgu kabidir. Millatning haqiqiy o‘zligin ko‘rsatib beradi. Uning qadri qanchalik baland bo‘lsa, millatga bo‘lgan hurmat ham shunchalik ortib boradi.
Toshkent islom instituti 4-bosqich talabasi
Idrisov Abdulkamol Abdusalim o‘g‘li