Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Makkada odamlarni Allohga, “La ilaha illalloh, Muhammadun rasulululloh – Allohdan Oʻzga haq iloh yoʻq, Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) Uning elchisidir” kalimasiga daʼvat eta boshlagach, Quraysh qabilasi gʻazabga toʻldi. Chunki ular but-sanamlarga ibodat qilishar edi. Oʻsha paytda Ibrohim va Ismoil alayhimassalom yakka Allohga ibodat qilish uchun qurgan Kaʼbada uch yuz oltmishta but bor edi. Quraysh mushriklari qattiq gʻazablanishdi va Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga aziyatlar yetkazishdi, musulmonlarni azoblashdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sabr etdilar, musulmonlar ham sabr etib, dinlarida togʻlardek sobit turdilar.
Lekin Quraysh qabilasi mushriklari odamlarni Islom diniga kirishdan qaytarar, musulmonlarni Allohga ibodat qilishga qoʻyishmas edi. Shunda Alloh Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga hijrat qilishga ruxsat berdi. Keyin u zot musulmonlar bilan Madinaga hijrat qilib bordilar. Madina Islom uchun yaxshi joy edi. Odamlari muloyim, xushmuomala kishilar boʻlib, koʻpchiligi hijratdan oldin Islomga kirgan edilar.
Nabiy sollallohu alayhi va sallam Makkadan Madinaga koʻchib oʻtib, oʻsha yerda yashay boshlagach, bir masjid qurmoqchi boʻldilar. Chunki masjid musulmonlar uchun juda kerakli maskan boʻlib, islomiy hayot tegirmoni uning atrofida aylanadi.
Nabiy sollallohu alayhi va sallam Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhuning uyiga mehmon boʻlib tushgan edilar. U kishining uyi yaqinida tuyalar saqlanadigan joy bor edi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam masjidni oʻsha yerga qurishni xohladilar va: “Tuyalar saqlanadigan bu joy kimga tegishli?” deb soʻradilar.
Ansorlardan boʻlgan Muoz ibn Afro ismli kishi: “Ey Rasululloh, u joy ikkita yetim bolaga tegishli. Birining ismi Sahl, ikkinchisining ismi esa Suhayl”, deb javob berdi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Sahl bilan Suhaylni chaqirib kelishni buyurdilar. Ular otasi yoʻq yetim edilar. Ular kelgach, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tuya saqlanadigan joy va uning narxi haqida soʻradilar.
Sahl va Suhayl shunday deyishdi: “Ey Rasululloh, u joyni Alloh uchun berdik. Uni pulga sotmaymiz. Siz masjidni bemalol quravering, biz bundan juda ham xursand boʻlamiz”. Lekin Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunga koʻnmadilar, narxini toʻlab, ulardan joyni sotib oldilar.
Musulmonlar masjid qurishni boshlab yuborishdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ham ular bilan tengma-teng ishlab, qoʻllarida gʻisht tashir edilar. Shunda musulmonlardan bir kishi shunday sheʼr oʻqidi:
Paygʻambar ishlasa, bizlar oʻtirsak,
Aslo toʻgʻri kelmas bizga bu maslak.
Musulmonlar masjidni qurar ekanlar, shunday deb aytar edilar:
Allohim, chin hayot faqat oxirat,
Muhojir, ansorni etgin magʻfirat.
Vaqt oʻtib, moʻminlar amiri Usmon ibn Affon roziyallohu anhu va u kishidan keyin kelgan podshohlar ushbu masjidni kengaytirdilar. Natijada, u oʻz ichiga minglab namozxonlarni sigʻdira oladigan ulkan, koʻrkam masjidga aylandi. Alloh taolo sizlarga ham oʻsha masjidni ziyorat qilib, u joyda namoz oʻqishni nasib etsin!
Toshkent islom instituti talabasi
Abdulbosit Raximov