islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Birovning haqqidan qo’rqamiz, lekin…

Bizni O’zigagina ibodat qilish uchun yaratgan va bandalari o’rtasidagi haqni o’sha haqdor bandasi kechmaguncha kechmaydigan adolatli Zot Alloh subhanahu va taologa cheksiz hamd-u sanolar bo’lsin!

Butun olamlarga rahmat qilib yuborilgan, faroizni o’rganinglar va uni o’rgatinglar, deya bizni meros ilmini o’rganishga buyurgan, habibimiz, yo’lboshchimiz Muhammad mustafoga, u zotning ahli ayollariga, sahobalariga hamda ularga Qiyomatga qadar yaxshilikda ergashganlarga salavot-u salomlar bo’lsin!

Ushbu maqola Payg’ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bizlarni  o’rganishga buyurgan, bu ilm ko’tarilishi qiyomatning alomatlaridan ekanini ta’kidlab aytgan va hozirgi kunda banda bilan banda o’rtasidagi nozik haq bo’lib, lekin musulmonlar o’rtasida bunga e’tibor ancha sust bo’lgan meros ilmining ahamiyati haqida.

Alloh taolo muborak Kalomida bizni shunday ogohlantiradi:

وَلَا تَأْكُلُوٓا۟ أَمْوَٰلَكُم بَيْنَكُم بِٱلْبَٰطِل

“Bir-birlaringizning mollaringizni botil yo’l bilan yemang[1]”.

Bir-biringizning molingizni shariatda joiz bo’lmagan yo’llar bilan olmanglar. Masalan: Xiyonat, g’asb, o’g’irlik, qimor, aldov, ribo va shu kabi. Shuningdek, shariatda joiz, lekin aynan haqdor bo’lmagan insonning olishi ham joiz emas. Masalan: Zakot, ehson, vaqf, vasiyat va meros kabi o’rinlarda haqdor bo’lmagan insonning bularni olishi haqdorlarni haqqini botil yo’l bilan yeyishga kiradi. Masalan mavzuyimizga bog’laydigan bo’lsak, bir insonning merosdan shariat belgilab bergan miqdordan ko’p olishi boshqa haqdorlarni molini botil yo’l bilan yeyish hisoblanadi.

Bilamizki, Alloh taolo bizni namoz o’qishga buyurgan va uni qachon va qanday ado qilishni bandalariga o’rgatishni esa O’z nabiysi Muhammad sollallohu alayhi vasallamga qoldirgan. Shu kabi barcha ibodat va muomala masalalari ham shunday bo’lgan. Lekin shariatimizda shunday masala borki, uni Alloh taolo Qur’oni Karimda O’zi batafsil bayon qilgan. Bu meros ilmidir. Meros ilmi haqidagi kitoblarni o’qiydigan bo’lsak, asosiy hukmlar oyatlardan olinganini va bu borada mazhablar o’rtasida eng kam ixtilif qilinganini ko’ramiz. Inson mol-dunyoga qiziqadigan qilib yaratilgan. Shuning uchun ham Alloh taolo merosni qanday taqsimlashni muhkam oyatlari bilan bandalariga o’rgatgan va agar bu ish shariatga ko’ra bo’lmaydigan bo’lsa, qanday oqibatlarga olib kelishini bayon qilgan. Alloh taolo bir necha farz egalariga qanday ulush tegishini bayon qilgandan so’ng oyatning davomida shunday deydi:

تِلْكَ حُدُودُ اللَّهِ ۚ وَمَن يُطِعِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ يُدْخِلْهُ جَنَّاتٍ تَجْرِي مِن تَحْتِهَا الْأَنْهَارُ خَالِدِينَ فِيهَا ۚ وَذَٰلِكَ الْفَوْزُ الْعَظِيمُ

 وَمَن يَعْصِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ وَيَتَعَدَّ حُدُودَهُ يُدْخِلْهُ نَارًا خَالِدًا فِيهَا وَلَهُ عَذَابٌ مُّهِين

“Ana o’shalar Allohning chegaralaridir. Kim Allohga va Uning Rasuliga itoat etsa, U Zot uni ostidan anhorlar oqib turgan jannatga abadiy qolish uchun kiritadir. Bu esa ulkan yutuqdir. Kim Allohga va Rasuliga isyon qilsa, va Uning chegarasidan tajovuz qilsa, U Zot uni abadiy qolish uchun do’zaxga kiritadir. Va unga xorlovchi azob bordir[2]”.

Ushbu chegara – merosdagi Alloh belgilab bergan taqsimot hikmatli va har bir narsani biluvchi bo’lgan Zotning taqsimotidir.

يُبَيِّنُ اللَّهُ لَكُمْ أَن تَضِلُّوا ۗ وَاللَّهُ بِكُلِّ شَيْءٍ عَلِيمٌ

“Alloh buni adashmasligingiz uchun bayon qilmoqda. Alloh har bir narsani bilguvchidir[3]”.

Yana bir boshqa oyatda esa:

آبَاؤُكُمْ وَأَبْنَاؤُكُمْ لَا تَدْرُونَ أَيُّهُمْ أَقْرَبُ لَكُمْ نَفْعًا ۚ فَرِيضَةً مِّنَ اللَّهِ ۗ إِنَّ اللَّهَ كَانَ عَلِيمًا حَكِيمًا

“Ota-onalaringiz va farzandlaringizdan qay birlari siz uchun manfaatliroq ekanini bilmaysiz. (Bu hukm) Alloh tomonidan farz qilingandir. Alloh bilguvchidir, hakimdir[4], deb merosni o’zimiz xohlaganimizdek emas, barcha narsadar xabardor va o’ta hikmatli Zot buyurgandek taqsimlashimiz kerakligini aytmoqda.

Yana bir boshqasida esa merosni Alloh qilgan taqsimoti bo’yicha bo’lish farz ekanini bayon qilgan: نَصِيبًا مَّفْرُوضًا

“Bu farz qilingan ulushdir[5]”.

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Qur’onni o’rganib, uni insonlarga o’rgatinglar, faroiz ilmini o’rganib, uni insonlarga o’rgatinglar, chunki mening ham ruhim qabz qilinadi. Bu ilm ham tez kunda qabz qilinib, fitnalar zohir bo’ladi, hatto ikki kishi fariza (meros) to’grisida ixtilof qilsa, ularni ajrim qilib beradigan odam topilmay qoladi ”. (Abu Dovud Tayolisiy)[6]

Ko’ramizki, bir inson vafot etib ortidan qolgan merosxo’rlar meros talashib bir-birlariga dushman bo’lib qoladilar yoki dushman bo’lishgacha bormasalar ham ichlarida o’zaro norozilik, g’ill-u g’ashlik qolib ketadi. Bechora vafot qilgan inson ham qabrida tinch yota olmaydi, ularning qilgan ishlari sababli azoblanadi. Bunday bo’lmasligi uchun har bir ota-ona, har bir inson agar vafot etsa undan qolayotgan mol-mulkni Allohning shariati bo’yicha taqsimlashlarini, agar bilmasalar biladigan olim insonni chaqirib bo’lib berishini iltimos qilishlari kerakligini aytib qo’ysin, o’rgatsin. Bizda qanday bo’ladi?! Meros haqida gap ochilsa, mayyitni yaqindagina vafot qilganini, hozirdan boylik talashmasligi kerakligini aytib urushib berishadi yoki bor mol-mulk, so’zsiz, uyda qolayotgan kichik o’g’ilniki bo’ladi, bunga hamma “ixtiyoriy” ravishda rozi bo’ladi. Ayollarning merosi haqida-ku, so’z ochilmaydi, xuddi johiliyat davridagidek muomala qilinadi. Allohim, O’zing barchamizni isloh qilgin!

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Faroizni o’rganinglar va uni o’rgatinglar. Albatta u ilmning yarmidir”.

Ilmning yarmi deganlarini olimlar turlicha sharhlaganlar. Ba’zi olimlar: “Inson hayot bilan o’lim holatidan birida bo’ladi. Barcha ilmlar tirikligida kerak bo’ladigan bo’lsa, meros ilmi vafot etgandan keyin kerak bo’ladi”, deganlar. Yana boshqa olimlar esa: “Faroiz ilmini ilmlarning yarmi deganlari, bu sinovning ko’pligi va unga umumiy ehtiyoj tushishi sabab”, deganlar.[7]

Zero, hozirda ham yurtimizda har kuni har yerda janoza bo’ladi va meros ilmiga ehtiyojimiz tushadi. Bu ilmning qanchalik ahamiyatli ekanini xalqimiz orasida yoyishimiz, agar bunga amal qilmasak, dunyodagi eng yaqinlarimizda haqqimiz qolib ketishi yoki ularning bizda haqlari qolib ketishi mumkinligini, natijada esa barchamiz zarra miqdordagi savobga zor bo’lib turganimizda eng qadrdonimizga uni berishimizga to’g’ri kelib qolishini tushuntirishimiz kerak. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muborak hadisi shariflarida nima deganlar?

عن أبي هريرة رضي الله عنه قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم أتدرون ما المفلس؟ قالوا: المفلس فينا من لا درهم له ولا متاع. فقال: إن المفلس من أمتي، يأتي يوم القيامة بصلاة وصيام وزكاة، ويأتي قد شتم هذا، وقذف هذا، وأكل مال هذا، وسفك دم هذا، وضرب هذا. فيعطى هذا من حسناته وهذا من حسناته. فإن فنيت حسناته قبل أن يقضي ما عليه، أخذ من خطاياهم فطرحت عليه ثم طرح في النار (رواه مسلم).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Muflis kimligini bilasizlarmi? Sahobalar: “Bizning oramizda dirhami ham, biror narsasi ham bo‘lmagan kishi muflisdir”, deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mening ummatimdan muflis bo’lganlar shunday kishilarki,  qiyomat kunida namoz, ro‘za, zakotlari bilan kelishadi, shu bilan birga, dunyo hayotida mana buni so‘kkan, yana birini ayblagan, boshqa birining molini yegan va yana boshqasining qonini oqizgan, yana birini nohaq urgan bo’ladi. Unday kishining yaxshi amallari qiyomat kunida ana u haqdoriga olib beriladi, agar haqdorining har biriga haqlari olib berilgunga qadar yaxshi amallari tugab qolsa, ularning xatolari olinib bunga yuklanadi, so‘ngra do‘zaxga uloqtiriladi”, – dedilar.

Hadisdan ko’rinib turibdiki, kimki birovning molini yesa, albatta, Hisob kunida javob beradi. Meros Alloh taolo Qur’oni karimda batafsil oyatlar bilan bandalariga farz qilgan haqdir. Uni kim zulm bilan tortib olsa, Allohning amriga va taqsimotiga qarshi chiqqan bo’ladi.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadosda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar: “Ahli faroizlar o’rtasida molni Allohning Kitobi bo’yicha taqsim qilinglar”, dedilar.

Muslim va Abu Dovud rivoyat qilganlar.[8]

Xudodan qo‘rqqan, Uning amriga bo‘ysunaman, qiyomatdan umidim bor, degan shaxslar, oilalar boshqa sha’riy hukmlar qatori meros masalasiga ham katta e’tibor berishlari lozim. Avval aytib o‘tganimizdek, meros bo‘lish alohida ilm, uni maxsus ta’lim olgan kishilargina biladilar. Shuning uchun meros masalasi yuzaga chiqqanda biladigan ulamolarga murojaat qilishlari kerak. Meros bo‘lish majlisida, haqdorlarning barchasi, guvohlar, bizning sharoitimizda haqdorlikni da’vo qiluvchilar ham qatnashishlari kerak. Hammaning ko‘z oldida qolgan meros hisob-kitob qilinadi. So‘ngra haqdorlarga shariat hukmi asosida bo‘lib beriladi. O‘sha majlisning o‘zida ba’zi tushunmovchilik yoki e’tirozlar bo‘lsa, ochiq aytib, orani ochiq qilib olish kerak.[9]

Alhamdulillah, hozirgi kunda xalqimiz sekin-sekin o’zligiga, asliyatiga qaytmoqda. Odamlar birovning haqqidan qo’rqadigan, oxiratda uning javobidan qo’rqib halol yashaydigan bo’lmoqda. Shu qatorda meros ham merosxo’rlarning Alloh tayinlab bergan haqdorlari va uni shariat bo’yicha taqsimlash lozimligini ham anglashimiz va to’g’ri qabul qilishimiz kerak. Birovning haqqidan qo’rqamiz, lekin o’zimizning eng yaqinlarimizning merosdagi haqlaridan qo’rqmaymizmi? Onamiz, ukamiz, singlimizning merosdagi haqlarini bemalol olib uni farzandlarimizga yediramizmi? Haloldan ishlab topishga ketgan shuncha harakatlarimiz nima bo’ladi? Shular haqida ham do’ppini bir joyga qo’yib, yaxshilab o’ylab ko’rishimiz, agar avval meros bo’lingan-u birovning haqqi bizga o’tib ketgan bo’lsa, buni o’z o’rnida hal qilishimiz, bu borada ahli ilm ustozlardan maslahat olishimiz darkor!

Alloh barchamizni to’g’ri yo’lidan adashtirmasin, Hisob kunida bir-birimizdan haq so’raydigan emas, bir-birimizni shafoat qilib, jannatning yuqori darajalarida abadiy rohatda bo’ladiganlardan qilsin! Omin.

Toshkent islom instituti talabasi

Muhammadodilova I

[1] Baqara surasi, 188-oyat

[2] Niso surasi, 13-14 oyatlar

[3] Niso surasi, 176-oyat

[4] Niso surasi, 11-oyat

[5] Niso surasi, 7-oyat

[6] Shayx Muhammad Ali Sobuniy. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf tarjimasi “Islom shariatida meros ilmi. Qur’on va sunnat asosida” – T.: “Hilol-Nashr”, 2022. – 18 b.

[7] Shayx Sirojiddin Muhammad ibn Muhammad Abdurroshid Sajovandiy. “Assirojiy fil miyros” – T.: “Al-Bushro”, 2022. – 10 b.

[8] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf “Hadis va hayot” 12-juz – T.: “Hilol-Nashr”, 2022. – 12 b.

[9] Mehrob.uz Sayyid Rahmatulloh Termiziy “Islomda meros masalasi”

413540cookie-checkBirovning haqqidan qo’rqamiz, lekin…

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: