Bismillahir Rohmanir Rohiym. Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin. Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Alloh taolo har bir bandaga dunyoda kasb qilgan ishi uchun oxiratda ham nasiba bo‘lishligini bildiradi. Modomiki, Alloh halol qilgan kasb borki, Allohning huzurida, qilgan mehnatlari uchun mukofot bordir. Bu haqda Qur’oni karimda bunday deyiladi: “Kim bir yaxshilik qilsa, unga o‘n barobar qaytarilur…” (An’om surasi, 160-oyat).
Oyatdan ma’lumki, Alloh taolo kim qaysi soha va qaysi yo‘nalishda bo‘lishidan qat’i nazar, bir yaxshi amal qilgan kishini o‘n barobar mukofot bilan taqdirlashi nafaqat xizmatni taqdirlash, balki rag‘batlantirish hamdir. Bunday misollar Qur’oni karim va hadisi shariflarda ko‘p uchraydi.
Mukofoti ulug‘ va e’tiborga sazovor amallardan biri bu – Vatanni qo‘riqlash, uni turli g‘arazli kimsalarning yurt va kishilar xotirjamligiga solmoqchi bo‘lgan raxnalaridan ogoh bo‘lib turishdir. Bu haqda Muoviya ibn Hayda roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytadilar: “Uch (toifa kishilarning) ko‘zlari jahannamni ko‘rmaydi: Alloh yo‘lida qo‘riqchilik qilgan ko‘z, (Allohdan) qo‘rqqani tufayli yig‘lagan ko‘z va Alloh harom qilgan narsalar (ya’ni, nomahramlarga nazar solish)dan tiyilgan ko‘z” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Bu uch toifa insonga Alloh taolo tarafidan eng katta mukofot va taqdir beriladi. Ulardan dastlabkisi “Alloh yo‘lida qo‘riqchilik qilgan ko‘z…” deya xoh chegarada, xoh yurt ichida bo‘lsin Vatanni va ushbu diyorda yashayotgan insonlar xotirjamligi yo‘lida bedor bo‘lgan kishi zikr qilinmoqda. Demak, Allohning roziligi uchun vatan himoyasida qo‘riqchilik qilish nihoyatda xayrli amaldir.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sahobalarga: “Sizlarni Alloh xatolarni o‘chiradigan, darajalarni ko‘taradigan narsaga dalolat qilayinmi?” dedilar. Ular: “Albatta, ey Allohning Rasuli”, deyishdi. U zot: “Qiyinchiliklarga qaramay, yaxshilab tahorat olib, masjidlarga uzoq yo‘ldan borish va namozdan so‘ng (keyingi) namozni intizor bo‘lib kutish. Ana o‘sha siz uchun “murobitlik”dir”, dedilar» (Imom Muslim, Imom Termiziy va Imom Nasoiylar rivoyati)
Vatan inson uchun muqaddas, uni hech bir narsa bilan almashtirib bo‘lmaydi, u har qancha sevilishga, ardoqlanishga va qadrlanishga loyiqdir. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Hazrati Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu bilan Madinai munavvaraga hijrat qilib ketayotganlarida orqalariga o‘girilib, Makkai Mukarramaga qarab: “Agar qavmim meni Makkadan chiqib ketishga majbur qilmaganida, hecham o‘z ixtiyorim bilan uni tashlab ketmagan bo‘lar edim”, – deganlar. Demak, vatanni sevish, uni sog‘inib yashash insoniyat fitratida mavjud bo‘lgan nozik hisdir. Biror sabab bilan vatanini tashlab, boshqa yurtlarga ketgan kimsa eng og‘ir damlarida uni qo‘msab, ko‘z oldiga keltirishi va tug‘ilib o‘sgan zamini haqida biror qayg‘uli xabar eshitganda qalban ezilishi ham vatanga bo‘lgan muhabbatning belgisidir.
Payg‘ambarlar o‘z vatanlari haqqiga duo qilganlar bu haqida Alloh taolo Qur’oni Karimda Ibrohim alayhissalom tillaridan quyidagi duoni keltiradi:
Esla, vaqtiki, Ibrohim: «Robbim, buni omonlik yurti qilgin va ahlidan Allohga va qiyomat kuniga iymon keltirganlarini mevalar ila rizqlantirgin», – dedi. (U Zot:) «Kim kufr keltirsa, ozgina bahramand etaman, so‘ngra olov azobiga majbur qilaman va u qanday ham yomon borar joy!» – dedi. Baqara 126.
Ushbu oyatda ikkinchi marta – endi Ibrohim alayhissalom tillaridan Baytullohning omonlik maskani bo‘lishining xabari kelmoqda. Ammo odobli, sermulohaza payg‘ambar Ibrohim alayhissalom avvalgi darsdan saboq olib, Allohning mukofotini bu gal hammaga emas, balki mo‘minlargagina so‘ramoqdalar.
«Robbim, buni omonlik yurti qilgin va ahlidan Allohga va qiyomat kuniga iymon keltirganlarini mevalar ila rizqlantirgin», – demoqdalar. (Baqara surasi 126-oyat).
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ham Madina Munavvaraga borganlarida uning haqqiga quyidagicha duo qildilar:
“اللَّهُمَّ حَبِّبْ إلَيْنَا المَدِينَةَ كَحُبِّنَا مَكَّةَ أوْ أشَدَّ، اللَّهُمَّ بَارِكْ لَنَا في صَاعِنَا وفي مُدِّنَا…”
(رواه الإمامُ البخاري والإمام مسلم عن عائشة رضي الله عنها)
Ya’ni: “Ey Alloh! Madinani bizga Makkani suyganimizdek yoki undan-da ziyodaroq suyukli qilgin! Va uni tosh-u tarozusiga – so‘u muddiga barakot bergin!” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Mana payg‘ambar alayhissalomlar yashab turgan yurtlariga tinchlik va rizq so‘radilar. Zero bu ikki ne’mat – Vatan farovonligi omillaridandir! U ikkisi yoki biri topilmasa, baxt saodat yo‘qoladi…
Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, inson o‘z vatani haqqiga doimo duoda bo‘lishi lozim. Sababi, bu yerda uning ahli oilasi, yaqinlari(qarindoshlari), do‘stlari hayot kechiradi. Qolaversa, duo qilishlik ham ibodat hisoblanadi.Payg‘ambar alayhissalom bir hadislarida: “Duo – ibodatning mag‘zi, lazzatidir” deganlar.
Ma’lumki, insonga berilgan eng bebaho ne’matlardan biri – o‘z Vatanida yashashdir. Chunki Vatan uning kindik qoni to‘kilgan, go‘daklik chog‘i o‘tgan, ilk qadamlarini qo‘ygan, yoshlik, keksalik davrlarini suradigan, xotiralari muhrlangan, ota-bobolarining yurti, farzand-u nabiralari ulg‘aygan zamindir! Alloh taolo har bir insonga vatanni sevish va unga muhabbat qo‘yish tabiatini ato etgan.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Makkadan uzoqlashganlari sari unga bo‘lgan ishtiyoqlari ziyodalashib borardi. Shunda Alloh taolo Rasulullohning ko‘ngillarini ko‘tarib, Makkaga qaytib kelishlarini bashoratini berib, Qur’oni karimdagi quyidagi oyati karimani nozil qildi:
إِنَّ الَّذِي فَرَضَ عَلَيْكَ الْقُرْآَنَ لَرَادُّكَ إِلَى مَعَادٍ…
ya’ni: “(Ey, Muhammad!) Albatta, Sizga (ushbu) Qur’onni farz qilganzot, shak-shubhasiz, Sizni qaytish joyiga (Makkaga) qaytaruvchidir…” (Qasos surasi 85-oyat).
Shundan keyin Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam xotirjam safarlarini davom ettirdilar…
Har bir shaxs o‘zi yashab turgan joyini ardoqlab, uni himoya qilishi – o‘z joni, moli, ota-onasi va farzandlarini himoya qilish ulkan savob hisoblanadi.
So‘zimiz so‘ngida 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yurtimiz sarhadlarida yigitlik burchini sharaf bilan o‘tayotgan askarlarimiz, chegarachilarimiz va fidoyi o‘g‘lonlarimizni samimiy tabriklaymiz. Mashaqqatli va sharafli xizmatlari uchun Alloh taolo ularga bitmas ajrlar, mukofotlar ato etsin.
Toshkent islom instituti talabasi
Boqijonov Muhammadamin Jo‘rabek o‘g‘li