Hujurot surasi Madinada nozil bo‘lgan. 18 oyatdan iborat. “Hujurot” – “hujralar” deganidir. Suraning ichidagi “…seni hujralar ortidan chaqirayotganlar…” oyatidan olinib, suraga ism bo‘lib qolgan. “hujurot” surasi o‘n sakkiz oyatdan iborat bo‘lishiga qaramay, ichida o‘n sakkiz ming olamga tatigulik ma’nolar bor. Zero, ushbu sura shariat va aqiydaga oid ulkan haqiqatlarni o‘z ichiga olgan. Bu surai karimani ulamolar “odob va axloq surasi”, deb ham ataydilar. Chunki ushbu surada mo‘min kishining Alloh subhanahu va taologa nisbatan odobi, Payg‘ambar (alayhissalom)ga nisbatan odobi, o‘ziga nisbatan va boshqalarga nisbatan odobi bayon qilingan. Surai karima avvalidan oxirigacha odob masalasini atroflicha muolaja qiladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ لَا تُقَدِّمُوا۟ بَيْنَ يَدَىِ ٱللَّهِ وَرَسُولِهِۦۖ وَٱتَّقُوا۟ ٱللَّهَۚ إِنَّ ٱللَّهَ سَمِيعٌ عَلِيمٌ
Ey iymon kеltirganlar! Allohdan va Uning Rasulidan oldin shoshilmanglar. Va Allohga taqvo qilinglar. Albatta Alloh eshituvchi va biluvchi zotdir. (Hujurot surasi 1-oyat)
Bu sura Alloh taoloning mo‘minlarga o‘rgatgan yuksak odobi bilan boshlandi. Ya’ni, Allohning shariatiga yuzlanish va Rosulining amriga ergashish. Allohdan va rosulidan oldin hukm chiqarishga shoshmaslik.
Nabiydan oldin shoshish – u zotdan oldinga tushib yurishda, u zotdan ilgari taomga qo‘l cho‘zishda, u kishidan oldin javob berishda va shu kabi ishlarda ko‘rinadi. Ibni Abbos (Alloh u kishidan rozi bo‘lsin) Payg‘ambar alayhissalomdan oldin gapirish deb tafsir qilganlar. Allohdan oldinga o‘tish qanday bo‘ladi, deyilsa, Alloh buyurgan buyruqlardan oldinga o‘tish yoki Alloh hukm qilgan hukmdan oldinga o‘tish, Unga bo‘ysunmaslik ma’nosida bo‘ladi. Yoki Allohning zikri u zotni ulug‘lab, ta’ziyman keltirildi.
يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ لَا تَرْفَعُوٓا۟ أَصْوَٰتَكُمْ فَوْقَ صَوْتِ ٱلنَّبِىِّ وَلَا تَجْهَرُوا۟ لَهُۥ بِٱلْقَوْلِ كَجَهْرِ بَعْضِكُمْ لِبَعْضٍ أَن تَحْبَطَ أَعْمَٰلُكُمْ وَأَنتُمْ لَا تَشْعُرُونَ
Ey iymon kеltirganlar! Ovozingizni Payg‘ambar ovozidan yuqori ko‘tarmang va unga bir-biringiz ila so‘zlashgandеk dag‘al so‘z aytmang, o‘zingiz sеzmagan holda amallaringiz habata bo‘lib qolmasin. (Hujurot surasi 2-oyat)
Ya’ni Alloh taolo avvalo O‘zi va Rasuliga tegishli xos odobni sanadi. Biri ulardan oldinga o‘tmaslik, ikkinchisi esa Rasuliga hammaga qilingan muomaladek xitob qilmaslik. Rasululloh (sallallohu alayhi va sallam)ning hurmatlaridan, ularni e’zozlab, ularga ovozni ko‘tarmaslik sahobalarga odob o‘laroq o‘rgatildi. Bu oyat nafaqat sahobalarga tegishli, balki bugungi ummatlar ham ushbu oyatga amal qilgan holatda, u zotning hadislarini eshitganda hurmat ila muomala qilishlari, ismlari zikr qilinganda salovat aytishlari zarur bo‘ladi. Chunki Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) omma insonlar kabi emaslar.
يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوٓا۟ إِن جَآءَكُمْ فَاسِقٌۢ بِنَبَإٍ فَتَبَيَّنُوٓا۟ أَن تُصِيبُوا۟ قَوْمًۢا بِجَهَٰلَةٍ فَتُصْبِحُوا۟ عَلَىٰ مَا فَعَلْتُمْ نَٰدِمِينَ
Ey iymon kеltirganlar! Agar fosiq xabar kеltirsa, aniqlab ko‘ringlar, bir qavmga bilmasdan musibat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chеkuvchi bo‘lmanglar. Hujurot surasi 6-oyat)
Alloh va Rosuliga nisbatan ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan xos odoblar sanalgach, mo‘minlarga tegishli omma odoblar sanaladi. Ya’ni mo‘minlarga kelgan harqanday xabarni isbotlamay, rostligini bilmay turib, unga ishonmaslik, unga suyanmaslik odobidir. Jamiyatda va hayotda bu borada juda ko‘p kamchilik va muammolarga duch kelish mumkin. Oyatda “fosiq” so‘zi keldi. U bir narsadan tashqariga chiqish ma’nosidadir. Masalan, axloqdagi fosiqlik, iymon va islomdagi fosiqlikning ko‘rinishlari quyidagicha bo‘ladi: axloqdagi fosiqlik – axloqdan chiqib ketishni anglatsa, iymon va islomdagi fosiqlik ularni chegarasidan tashqariga chiqishni anglatadi. Bu yerda ham yuqoridagi kabi o‘xshatish bor.
إِنَّمَا ٱلْمُؤْمِنُونَ إِخْوَةٌ فَأَصْلِحُوا۟ بَيْنَ أَخَوَيْكُمْۚ وَٱتَّقُوا۟ ٱللَّهَ لَعَلَّكُمْ تُرْحَمُونَ
Albatta, mo‘minlar birodardirlar, bas, ikki birodaringiz o‘rtasini isloh qiling, Allohga taqvo qiling, shoyadki, rahm qilinsangiz. (Hujurot surasi 10-oyat)
Kelgan xabarning rostligini tekshirilgandan so‘ng, xafalashib qolgan birodarlarimizning orasini isloh qilish o‘rgatilmoqda.
إِنَّمَا ٱلْمُؤْمِنُونَ إِخْوَةٌ kalomi orqali komil tashbeh bo‘ladi. Sababi bu yerda adoti tashbeh ham, unga taqozo qiladigan lafz ham hazf qilingan. Aslida oyat taqdirida ushbu ko‘rinishda: ٱلْمُؤْمِنُونَ كالاخوة في وجوب التراحم و التناصر bo‘lishi kerak edi. Lekin unday kelmadi.
Oyati karimada “birodar” deb tarjima qilingan so‘z arab tilida birlikda “axun” kalimasi bilan ifoda qilinib, ikki xil ma’noda ishlatiladi.
Birinchisi – aka yoki uka, ya’ni tug‘ishgan birodar ma’nosida
Ikkinchisi – do‘st, og‘ayni, ya’ni tutingan birodar ma’nosida.
Ammo huddi shu so‘zning o‘zi ko‘plik siyg‘asida kelganda, ma’nosiga qarab ikki xil shaklda keladi:
Birinchisi “ixvatun” bo‘lib, “tug‘ishgan birodarlar” degan ma’noni anglatadi.
Ikkinchisi “ixvanun” bo‘lib, “do‘stlashgan birodarlar” degan ma’noni anglatadi.
Qur’oni Karimning mo‘jizaligini qarangki, mo‘minlarning birodarligi haqida so‘z ketganda, tug‘ishgan birodarlar ma’nosidagi “ixvatun” so‘zi ishlatilgan va bu bilan mo‘minlar huddi tug‘ishgan aka-ukalardek ekani ta’kidlangan.
Demak, mo‘minlar o‘zlarida jamlashi kerak bo‘lgan odoblardan yana biri bu o‘zaro xusumatlashganlarni orasini isloh qilish ekan.
يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ ٱجْتَنِبُوا۟ كَثِيرًا مِّنَ ٱلظَّنِّ إِنَّ بَعْضَ ٱلظَّنِّ إِثْمٌۖ وَلَا تَجَسَّسُوا۟ وَلَا يَغْتَب بَّعْضُكُم بَعْضًاۚ أَيُحِبُّ أَحَدُكُمْ أَن يَأْكُلَ لَحْمَ أَخِيهِ مَيْتًا فَكَرِهْتُمُوهُۚ وَٱتَّقُوا۟ ٱللَّهَۚ إِنَّ ٱللَّهَ تَوَّابٌ رَّحِيمٌ
Ey iymon kеltirganlar! Ko‘p gumonlardan chеtda bo‘linglar, chunki ba’zi gumonlar gunohdir. Josuslik qilmanglar. Ba’zilaringiz ba’zilaringizni g‘iybat qilmanglar. Sizlardan birortalaringiz o‘zining o‘lgan birodarining go‘shtini yeyishni yaxshi ko‘radimi? Ha, yomon ko‘rasizlar. Allohdan qo‘rqinglar! Albatta, Alloh tavbani ko‘p qabul qiluvchi va rahmlidir. (Hujurot surasi 12-oyat)
أَيُحِبُّ أَحَدُكُمْ أَن يَأْكُلَ لَحْمَ أَخِيهِ oyatida tamsiliy tashbiyh bo‘ladi. Alloh taolo g‘iybatning misolini huddiki birodarining mayyitini yeyayotgan kishining misoliga o‘xshatdi. Toki g‘iybat zehnda eng qabih va eng faxsh ishdek tasvirlanishi uchun bunda ko‘p mubolag‘a bor. Bu o‘xshatishda badiiylikning o‘ta nozik asari bordir.
Alloh taoloning odatlaridan biri yaxshi narsa bilan yomon narsani ketma-ket keltirishdir. Ushbu surada ham avval qilinishi kerak bo‘lgan yaxshi axloq va odoblarni sanab o‘tdi. Ushbu oyati karimadan boshlab yomon odatlar va badxulqlilik zikrlari kela boshladi. Yomon gumonda bo‘lish va g‘iybatning bir yerda yonma-yon zik qilinishi ham bejiz emas. Odatda munosabatdagi aksar muammolar yomon gumon ortidan kelib chiqadi. Undan so‘ng so‘zsiz g‘iybat qilinadi. Bejizga yomon gumon iymondan ayiradi deyilmagan. Jamiyatimizdagi muammoli munosabatlarga nazar solsangiz ham, muammoning boshi keraksiz va mayda narsalarga e’tibor berilganidan, uning ortidan yomon gumonlar jadallashganidan, so‘ng urush-janjallar kelib chiqqanini ko‘rishingiz mumkin.
قَالَتِ ٱلْأَعْرَابُ ءَامَنَّاۖ قُل لَّمْ تُؤْمِنُوا۟ وَلَٰكِن قُولُوٓا۟ أَسْلَمْنَا وَلَمَّا يَدْخُلِ ٱلْإِيمَٰنُ فِى قُلُوبِكُمْۖ وَإِن تُطِيعُوا۟ ٱللَّهَ وَرَسُولَهُۥ لَا يَلِتْكُم مِّنْ أَعْمَٰلِكُمْ شَيْـًٔاۚ إِنَّ ٱللَّهَ غَفُورٌ رَّحِيمٌ
A’robiylar, iymon kеltirdik, dеdilar. Sеn: “Iymon kеltirganingiz yo‘q, lеkin bo‘yinsundik dеnglar, hali iymon qalblaringizga kirgani yo‘q va agar Allohga va Uning Rasuliga itoat qilsangiz, amallaringizdan hеch narsa kamimas. Albatta, Alloh kеchiruvchi va rahmli zotdir”, dеb ayt.
Bir kun sahro arablari Payg‘ambar alayhissalom huzurlariga kеlib, iymon kеltirdik, dеb minnat qilishgan. Aslida esa, ular yangi musulmonlar bo‘lib, hali haqiqiy iymon qalblaridan joy olgan emas edi. Alloh taolo ularga haqiqiy iymon haqida ta’lim bеrishni iroda qilib, ushbu oyatni tushirdi. (Hujurot surasi 14-oyat)
Nega a’robiylar iymonlarini minnat qilishdi? Inson qilayotgan ishini boshqa birovga kerak deb qilganida minnat qiladi. Alloh iymoningizni minnat qilmang, dedi. Balki Alloh sizni iymonga keltirib hidoyat qilgani uchun minnat qiladi. Insonlar qilayotgan ishlarining hammasi, boshqalarga deb o‘ylab qilgan yaxshilig-u ehsonlarining barchasi aslida o‘zlariga kerak. Aslida ularga ko‘proq ularning o‘zlari muxtoj. Shuning uchun hech qachon minnat qilishga haqli emaslar. Alloh esa minnat qilishga eng haqli Zotdir.
Alloh taolo mo‘minda bo‘lishi kerak bo‘lgan va bo‘lmasligi kerak bo‘lgan sifatlarni sanab o‘tib, haqiqiy mo‘min qanday bo‘lishi kerak degan savolga ham javob berib o‘tdi.
إِنَّمَا ٱلۡمُؤۡمِنُونَ ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ بِٱللَّهِ وَرَسُولِهِۦ ثُمَّ لَمۡ يَرۡتَابُواْ وَجَٰهَدُواْ بِأَمۡوَٰلِهِمۡ وَأَنفُسِهِمۡ فِي سَبِيلِ ٱللَّهِۚ أُوْلَٰٓئِكَ هُمُ ٱلصَّٰدِقُونَ
Albatta, haqiqiy mo‘minlar Allohga va Uning Rasuliga iymon keltirgan, so‘ngra shubha qilmagan va Allohning yo‘lida mollari va jonlari ila jihod qilganlardir. Ana o‘shalar, o‘shalargina (iymonida) sodiqlardir.
Birgina Alloh va Rasuliga iymon keltirishning o‘zi haqida bir necha jildlab kitoblar yozish mumkin. Bizning iymon keltirish juda oson. Va biz iymon keltirib bo‘lganmiz. Biroq, iymon, e’tiqod va o‘lchovning to‘g‘ri bo‘lishi uchun kishi o‘z ustida anchagina ishlashi kerak. Bu haqda qisman boshqa bir maqolamda o‘qishingiz mumkin. Komil iymon keltirilgach, moli va joni ila jihod qilgan mo‘min haqiqiy mo‘min bo‘lar ekan.
Alloh barcha mo‘min-musulmonlarga haqiqiy sodiqlardan bo‘lishni hamda Alloh taolo o‘rgatgan odoblarni o‘zida jamlab, komil inson bo‘lishni nasib etsin.
Ushbu suradan olinadigan foydalar:
Toshkent islom instituti bitiruvchi talabasi
Norxo‘jayeva Nilufar Ulug‘bek qizi