islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Qur’onni sunnat va sahobalarning qavllari bilan tafsir qilish

“Qur’on tafsiridagi eng yaxshi yo‘l Qur’onni Qur’on bilan tafsir qilishdir. Bir yerda mujmal qilingan narsa boshqasida mufassal bayon qilingan bo‘lishi mumkin. Topa olmasang sunnatni lozim tut. Chunki u Qur’onni sharhlovchi, uni ochiqlab beruvchidir.

Alloh subhanahu va taolo aytadi: وَأَنْزَلْنَا إِلَيْكَ الذِّكْرَ لِتُبَيِّنَ لِلنَّاسِ مَا نُزِّلَ إِلَيْهِمْ وَلَعَلَّهُمْ يَتَفَكَّرُونَ “Sizga esa odamlarga nozil qilingan (ma’lumotlar)ni bayon (tafsir) qilib berishingiz uchun va tafakkur qilsinlar, deb bu zikrni (Qur’onni) nozil qildik”.

Miqdom ibn Ma’dikaribadan qilingan rivoyatda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) shunday deydilar: “Ogoh bo‘ling! Menga Qur’on va yana shunchasi berildi. Qorni to‘yib, o‘rindig‘iga suyanib olgan kishi shunday deyishi yaqinlashdi: “Qur’onni olinglar yetadi. Unda nimani halol ekanini topsangiz halol sanang, nimani harom ekanini topsangiz harom”. Ogoh bo‘ling! Xonaki eshaklar sizga halol emas. Tirnoqli vahshiy hayvonlar ham. Ahdlashilgan kishining tushirib qoldirgan narsanini, bu narsaga egasining ehtiyoji yo‘qligi ma’lum bo‘lmasa, halol emas. Kim bir qavmga kelib tushsa, ularga uni mehmon qilish shart bo‘ladi. Agar mehmon qilmasalar, mehmondorchilik miqdoriga ularga aziyat yetkazishga haqqi bor”.

Mufassirlar har bir oyat tafsirini Qur’oni karimning o‘zidan topa olmasalar sunnatga murojaat qilishgan. Tafsirda oyatlardan olinadigan hukmlarni bayon qilish, tushunarsiz bo‘lgan joylarni tushuntirish, so‘zlarga ma’no berishda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning hadisi shariflaridan keng foydalanishgan.

Alloh taoloningيَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا عَلَيْكُمْ أَنْفُسَكُمْ “Ey, iymon keltirganlar! O‘zingizga qarangiz!” oyati borasida Abu Bakr siddiq (roziyallohu anhu)dan so‘ralganida: “Baxillikka bo‘ysunilgani, havoga ergashilgani, har fikr egasining o‘z fikriga mahliyo bo‘lganini ko‘rsangiz o‘z nafslaringizni bilinglar”, degan javobni berganlar.

Amr ibn Jobir al-Laxmiy Abu Umayyadan rivoyat qiladi: “Sa’laba Xoshaniydan ushbu oyat haqida so’radim. U shunday dedi: “Bu haqida bir xabardor kishidan, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)dan so‘raganman. U kishi: “Ey Sa’laba, o‘zaro yaxshilikka buyuringlar, yomonlikdan qaytaringlar. Qachon ta’sir qiluvchi dunyoni, itoat qilingan baxillikni, har fikr egasi fikriga maftunligini ko‘rsang, o‘zingni bil. Sizlardan keyin sabr kunlari keladi. O‘sha kunda siz bugun qilayotgan amalni qattiq ushlashga ellikta amalning ajri beriladi”, dedilar. (Sahobalar): “O‘zlarining amallarini ellik barovarimi?”, deb so‘rashdi. “Yo‘q. Sizlarning amallaringizning ellik barobari”, dedilar.

Mufassirlarغَيْرِ الْمَغْضُوبِ عَلَيْهِمْ وَلَا الضَّالِّينَ“g‘azabga uchragan va adashganlarning emas!” oyati borasida turli fikrlarni bildirishgan. Jumladan, g‘azabga uchraganlar – yahudiylar, adashganlar – nasroniylar ekaniga ijmo qilishgan. “Yahudiylar ham adashgan, nasroniylar ham g‘azabga uchragan emasmi? Gʻazabga uchraganlarni yahudiylar, adashganlarni nasroniylar deyishga nima asos bor?, deyilsa, aytiladiki: “Bu narsa xabar va oyat asosida bilingan. Xabarga keladigan bo‘lsak rivoyat qilinishicha bir kishi Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)dan u zot Vodil Quroda bo‘lganlarida g‘azabga uchraganlar haqida so‘radi. U zot: “Yahudiylar”, dedilar. Adashganlar haqida so‘raganida: “Nasroniylar”, deb javob qildilar .

قُلِ اللَّهُ يُفْتِيكُمْ فِي الْكَلَالَةِ oyati borasida quyidagi rivoyat keltiriladi.

Nabiy (sollallohu alayhi vasallam)dan rivoyat qilinishicha u zotdanكلالةhaqida so‘raldi. U kishi: Niso surasida nozil qilingan إِنِ امْرُؤٌ هَلَكَ لَيْسَ لَهُ وَلَدٌ وَلَهُ أُخْتٌ“…agar farzandsiz bo‘lgan bir erkak halok bo‘lsa (o‘lsa), agar singlisi (qolgan) bo‘lsa…” oyatini ko‘rmadingmi”, dedilar.

Ibn Kasir aytadi: “Qur’ondan ham, sunnatdan ham oyatning tafsirini topa olmasak, bu borada sahobalarning so‘zlariga murojaat qilamiz. Ular xossatan o‘zlariga taaluqli qarinalar va holatlarga guvoh bo‘lganlari, fahmlari mukammal, ilmlari to‘g‘ri , amallari solih bo‘lganlari bois odamlar ichida bu narsini eng yaxshi biladiganlar. Xususan, to‘rt imom, xulafoi roshidin, to‘g‘ri yo‘ldagi mahdiy imomlar, Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhumga o‘xshagan olim va kibor sahobalar.

Tafsirda sahobalardan ko‘plab rivoyatlar naql qilingan. Unda Ali ibn Abu Tolib, Umar ibn Xattob, Ubay ibn Ka’b, Abdulloh ibn Abbos, Jobir ibn Abdulloh, Abdulloh ibn Zubayr, Abdulloh ibn Mas’ud va boshqalarning so‘zlarini uchratish mumkin.

Abu Lays Samarqandiy eng ko‘p Abdulloh ibn Mas’uddan naql qilgan. Undan rivoyat qilishda bir nechta silsilalarni keltirgan:

1. Ikrimadan, u Ibn Abbosdan yoki Sa’id ibn Jubayrdan, u Ibn Abbosdan. Jarh va ta’dil ulamolari bu silsilaga ko‘plab maqtovlar aytganlar. Bu silsila bilan Ibn Jarir, Ibn Abu Hotim, Taboroniylar rivoyat qilishgan.

2. Zahhokdan, u Ibn Abbosdan. Bu durust silsila emas. Kesik. Zahhok Ibn Abbos bilan uchrashmagan.

3. Kalbiydan, u Abu Solihdan, u Ibn Abbosdan. Bu silsilada to‘qima hadis to‘qishda ayblangan Kalbiy borligi sabab juda kuchsiz hisoblanadi.

4. Kamdan-kam hollarda muallif Ibn Abbosdan sanadsiz rivoyat qilib, bunda “Ibn Abbos unday degan”, “Ibn Abbosdan shunday rivoyat qilingan” lafzlaridan foydalangan.

Tafsirda rivoyati ko‘p kelishi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda Ibn Mas’ud turadi. Abu Lays Samarqandiy bobomiz u kishidan bir necha silsilalar bilan rivoyat qilgan. Shulardan:

1. Mujohid silsilasi. Bu sanadni Buxoriy o‘zining “Sahih”ida keltirgan.

2. Ba’zida Ibn Mas’uddan sanadsiz rivoyat qilib, bunda “Ibn Mas’uddan bunday rivoyat qilingan…” lafzidan foydalangan.

Abu Lays Samarqandiy qasddan sanad keltirmaslikdan odamlarga yengillik qilishni iroda qilgan. Kishilar tafsirni qo‘yib sanadlar bilan o‘ralashib qolishlarini istamagan .

TII bitiruvchi talabasi Sultonova Bibixadicha

431290cookie-checkQur’onni sunnat va sahobalarning qavllari bilan tafsir qilish

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: