islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Navoiy asarlarida ishq timsoli

Tarixda o‘zidan o‘chmas iz qoldirib ketgan ko‘plab ulug‘ shaxslar mavjud. Shulardan biri hazrat Navoiy shaxsiyatidir. Sharq adabiyotida hali hech kimga hazrat Navoiychalik ko‘p g‘azal yozishlik nasib qilmagan. Bu faqatgina sonda emas, balki ularning mohiyatida ham o‘z aksini topgan. Bu haqida Abdurahmon Jomiy “Bahoriston” asarida shunday yozadi: “Turkiy tilda hech kim Navoiydek koʻp va xoʻp sheʼr aytmagan hamda nazm gavharlarini sochmagan edi”.

Hazrat Navoiy turkiy xalqlar ichida o‘xshashi yo‘q, xalq dardiga umrini bag‘ishlagan va so‘zdan sehr topgan shoirdir. Hazrat Navoiy ijodi ustida bugunga qadar juda ko‘p izlanishlar olib borilgan, asarlaridagi har bir so‘z va atamalar tilshunoslar tomonidan tahlil qilingan. Hazrat Navoiy mutasavvif sifatida eng ko‘p tilga olgan mavzu, albatta, ishq mavzusidir. Agar Navoiy asarlariga e’tibor bersak, ishq mavzusi unda asosiy g‘oya bo‘lib, takror va takror namoyon bo‘ladi. Chunki Navoiyning yo‘li ko‘ngil yo‘lidir. U so‘zga qalb oynasidan qarab so‘zlaydi, qalb esa ishqsiz so‘zlamaydi.

Navoiyning ishq tushunchasini turli davrlarda har xil maqsadlarda talqin qilishgan. Xususan, sobiq sovet davrida ishq tushunchasini bandaning bandaga bo‘lgan muhabbati deb izohlashga urinish bo‘lgan. Aslida-chi? Navoiy ishq deganda insonlar orasidagi oddiy muhabbatni nazarda tutganmi yoki Olamlar Robbisiga bo‘lgan ilohiy ishqni?

“Bo‘lmasa ishq, ikki jahon bo‘lmasin,

Ikki jahon demaki, jon bo‘lmasin.”

Navoiyning barcha asarlarida ilohiy ishq kuylangan, deyish mumkin, chunki uning asarlari odatda Allohga hamdu sano aytish bilan boshlanadi. Masalan, “Lison ut-Tayr” asarida asosiy g‘oya ishq bo‘lib, barcha yo‘llar ilohiy ishq sari yetaklaydi. Boshqa mutasavvif ijodkorlar singari, hazrat Navoiy ijodining muhim qismi bo‘lgan ishqdan murod – Yaratuvchining vasliga yetishish bo‘lgan.

To‘g‘ri, hazrat Navoiyning ayrim g‘azallarida insoniy muhabbat ham kuylangan, lekin asarlarining aksariyat qismida ilohiy ishq tarannum etiladi. Hazrat Navoiy Naqshbandiya tariqatiga mansub bo‘lgani sababli, tabiiyki, u o‘zi tanlagan yo‘lni madh etgan, bu yo‘l esa – suluk, ya’ni oshiqlik yo‘lidir.

“Bu tiyra dahrni gar oshiq etmasang boʻlmas,

Arusi mehri falak mazharida jilvanamoy.

Chaman aroyisi zebig‘a boʻldi husningdin,

Zulol oyinadoru nasim nofakushoy.”

Alisher Navoiyning hamd g‘azallaridan tanlangan ushbu adabiy parchada dahrga nisbatan tiyra (ya’ni, qorong‘u, ma’nosiz) sifatlovchisi qo‘llangan. Uning yorishishi uchun esa Yaratganga oshiq bo‘lish kerak. Falak quyoshi osmon kelinchagi kabi jilva qilib turishi lozim. Quyoshning zarrin nurlari qorong‘u zaminni yoritib, unga hayot baxsh etadi. Chaman kelinchagi bo‘lgan gul-chechaklar Yaratuvchining husnidan zeb oladi. Haqning go‘zalligiga tip-tiniq suv oyna tutsa, shabada mushk taratadi. Ma’rifiy adabiyotda nafs esa bunday go‘zallik, ayniqsa, muqaddaslik oldida turgan jirkanchlik namunasi sifatida tasvirlanadi.

Xulosa qilb aytadigan bo’lsak, hazrat Alisher Navoiy asarlarining bugungi kungacha o‘z ruhiy jozibasini yo‘qotmaganining siri shundaki, ularda ilohiy ishq bor. Zero, yozilgan asar yozuvchisining ixlosi va Haqqa bo‘lgan ishqi qadar yashaydi.

203-guruh talabasi Toshboyeva Madina

436940cookie-checkNavoiy asarlarida ishq timsoli

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: