Badr gʻazoti ulugʻ ibrat va darslarni o’z ichiga oladi. Shuningdek, u o’z dinlarining vazifalarini bajarishda ixlosli bo’lgan, iymonlarining asoslarini mahkam tutgan mo’minlar uchun Alloh taoloning yordami, madadiga bog’liq ajoyib mo’jizalarni ham o’z ichiga oladi. Shu ibratlardan biri Alloh taologa yolvorib duo qilishning ahamiyati. Payg’ambarimiz alayhissalotu vassalom sahobalariga g’alaba xushxabarini berar, hatto har xil yerlarga ishora qilib: “Bu falonchining o’lish joyi….” , deb qo’llari bilan ko’rsatar ham edilar. Voqe’likda ham xuddi shunday bo’ldi. O’shalardan har biri Payg’ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ko’rsatgan ayni joylarda o’lishdi.
Shunga qaramasdan, u zot o’sha juma kuni kechasi o’zi uchun tiklab berilgan chodirda kaftlarini samoga cho’zib Alloh taologa va’da qilgan g’alabasini berishini so’rab zorlanib duolar qildilar, hatto ustlaridan ridolari tushib ketdi. Shunda Abu Bakr roziyallohu anhuning rahmi kelib u zotni ushlab: “Kifoya qilar ey Rosululloh?! Alloh taolo va’dasini amalga oshiruvchidir”, dedi.
“Men Quraysh qavmining halok bo’lajak o’rinlarni ko’rib turibman”, deyish darajasida xotirjam bo’lgan inson nega bunchalar zorlanib duo qildilar?
Javob: Payg’ambarimiz alayhissalotu vassalomning xotirjam bo’lishlari, g’alabaga ishonchlari Alloh taolo u kishiga qilgan va’dani hamda Alloh taolo va’dasiga xilof qilmasligi sidqidildan ishonganlari uchundir. Ammo qo’llarini samoga cho’zib duo-tazarruga berilishlari Allohga qullik burchi bo’lib, inson ayni ana shu narsa uchun yaratilagndir.
Sababi bu vositalar qanchalar bisyor bo’lmasin, g’alaba faqat Allohning xuzuridan va u zotning irodasi bilandir. Alloh azza va jalla bizni chin dildan, o’z ixtiyorimiz bilan qullik qilishimizni xohlaydi. Allohga qullikning eng yaqin ko’rinishi u zotga tazarruli va xokisor bo’lishdadir.
Insonning boshiga tushadigan qiyinchiliklar, turli musibatlar unga Allohning quli ekanligini eslatib turadigan, e’tiborini Allohning buyukligi va qudratiga qaratadigadigan omillardir. Shunda u Alloh taolodan panoh izlaydi, u zotning oldida o’zining zaif qul ekaniga iqror bo’ladi, har qanday fitna-balolardan omonlik so’raydi. Agar inson o’zining hayotida mana shu haqiqatni anglab yetgan bo’lsa va hayot yo’lini ana shu haqiqat bilan davom ettirsa, Alloh taolo bandalariga buyurgan yo’lni topgan bo’ladi.
Rosululloh sollallohu alayhi va sallamning uzun duolarida, Robbiga g’alaba berishini so’rab zorlanishlarida o’z aksini topgan qullik sababli o’sha jangdagi buyuk ilohiy madadga loyiq bo’ldilar. Quyidagi oyati karima shunga dalolat qiladi:
}إِذۡ تَسۡتَغِیثُونَ رَبَّكُمۡ فَٱسۡتَجَابَ لَكُمۡ أَنِّی مُمِدُّكُم بِأَلۡفࣲ مِّنَ ٱلۡمَلَـٰۤىِٕكَةِ مُرۡدِفِینَ{
“O’shanda sizlar Parvardigoringizdan madad tilaganingizda, U sizlarga ijobat qilib: “Men sizlarga ketma-ket keladigan ming farishta bilan madad berurman, dedi.” ( Anfol surasi, 9- oyat).
Endi Rosululloh sollallohu alayhi va sallam holatlaridagi qullik, xokisorlik ko’rinishi bilan Abu Jahldagi tug’yon, mutakabbirlik ko’rinishini solishtirib ko’ring. U shunday degan edi: “Badrni egallab, u yerda uch kun turmagunimizcha, tuyalar so’yib, ziyofatlar uyushtirib, sharobxo’rlik va o’yin-kulgu qilmagunimizcha xargiz ortga qaytmaymiz. Shunda arablar bizning bu yurishimizni, jamlanishimizni ko’rib mangu qo’rquvda qoladilar”.
Natija qanday bo’ladi?! xokisorlikning natijasi izzat, g’alaba bo’ldi. Mutakabbirlikning natijasi esa mag’lubiyat, xorlik, o’lim bo’ldi. Bu Allohning abadiy qonunidir.
Toshkent islom instituti 3-bosqich talabasi G’oziyev Zokirjon