Annotatsiya: Ushbu tezisda oyatlar o’rtasidagi munosabat ilmining paydo bo’lishi, rivojlanish tarixi va tafsir ilmidagi o’rni muhokama qilinadi. Shuningdek, bu mavzuda yozilgan muhim asarlar, jumladan, Faxriddin Roziy, Burhoniddin Biqoiy va Jaloliddin Suyutiy kabi olimlarning ishlari kesimida tahlil qilinadi. Mazkur tadqiqot Qur’on oyatlari orasidagi bog’liqlikni anglash va tafsir metodologiyasini boyitishda munosabat ilmining o’rnini ko’rsatib beradi.
Kalit so’zlar: munosabat ilmi, sahobalar davri, tobeinlar davri, Qur’on tafsiri, kontekstual bog’lanish, sababi nuzul, ulumu-l-Qur’on, mufassir, Faxriddin Roziy, Burhoniddin Biqoiy, Jaloliddin Suyutiy, balog’iy ilmlar.
Kirish
Qur’onshunoslikning muhim yo‘nalishlaridan biri ilm-ul munosabat, ya’ni oyatlar va suralar o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganish ilmidir. Ushbu soha matnning ichki tuzilishini, mantiqiy izchilligini va kompozitsion uyg‘unligini tadqiq etadi. Qur’on matni o‘zaro ma’no jihatidan tartiblangan tizimga ega bo‘lib, oyatlar va suralar muayyan tamoyillar asosida joylashtirilgan.
Bu ilm Qur’onning o‘z ichki mantig’ini aniqlash, oyatlararo kontekstual bog‘lanishlarni tushuntirish va semantik izchillikni yoritishda muhim ahamiyatga ega. Munosabat ilmi orqali Qur’ondagi ma’no-mazmun uyg’unligini chuqurroq anglash, matnlar orasidagi uyg’unlikni chuqurroq anglash va tafsir yo’nalishida yangi usullar ishlab chiqish mumkin. Ilm-ul munosabatning dastlabki unsurlari ilk tafsiriy izohlarda uchragan bo‘lsa-da, u mustaqil ilmiy yo‘nalish sifatida keyinchalik shakllangan.
Asosiy qism
1.Munosabat ilmining paydo bo’lishi.
Ushbu ilming shakllanishi dastlab Qur’oni karimning o’ziga xos tartibi va tuzilishini anglashga bo’lgan qiziqish bilan bog’liq. Bu ilming asoslari bir qancha bo’lib, ularning asosiylari Rosululloh (s.a.v) Qur’on oyatlarini izohlash chog’ida bir oyatni ikkinchisi bilan bog’lab, izohlab tushuntirishlari, undan so’ng sahobalardan ibn Mas’ud va ibn Abbos, tobeinlardan Mujohid, Hasan Basriy kabilar Qur’ondagi ma’nolar uyg’unligini tushunishga harakat qilganlar. Bu borada, ayniqsa, ibn Abbosning qarashlari diqqatga sazovordir. Yuqoridagilarning barchasi oyat va suralar bir-biri bilan bevosita yoki bilvosita bog’liqligi, ketma-ketlik mantiqiy yoki lafziy munosabat asosida tartiblangani bilan izohlanadi. Shuni ta’kidlash kerakki, tobeiylar davrida tafsir rivojlana boshlagan bo’lib, odatda noaniq iboralarni qisqacha izohlash afzal ko’rilgan. Masalan, “غير متجانف ” ya’ni “gunohga moyil bo’lmasdan” jumlasi qisqacha “غير متعرض لمعصية” “gunohga yo’nalmasdan” deya izohlangani bunga misol bo’ladi.
2.Munosabat ilmining dastlabki rivojlanish bosqichi
Islomning ilk asrlarida munosabat ilmi mustaqil fan sifatida shakllanmagan bo’lsa-da, keyinchalik bu ilmga asos bo’lib xizmat qilgan elementlar hadis va tafsir kitoblarida mavjud bo’lgan, mufassirlar unga alohida e’tibor qaratishgan. Ushbu bosqich bir necha xususiyatlarga ega:
- Ilk to’liq tafsir kitobi hisoblangan “Jome’u-l-bayon fiy ta’vili-l-Qur’on” asari muallifi at-Tabariy (839-923) oyatlar o’rtasidagi uyg’unlikka e’tibor qaratgan va oyatlarni sababi nuzul asosida o’rganib, ularni mazmun jihatdan yaxlitlashga uringan. Bu asarda munosabat ilmi butun Qur’on oyatlari kesimida o’rganilishiga e’tibor qaratilgan.
- Hadis va fiqh ilmi munosabat mavzusi shakllanishiga ta’sir ko’rsatgan. Islom fiqhida dalillarni o’zaro bog’liq holda tushunish tamoyili mavjud bo’lib, bu oyat va hadislardagi munosabatlar ochilishiga turtki bo’lgan.
- Munosabat ilmi Qur’onni ochib berishga xizmat qiluvchi boshqa manbalar tarkibida, oyatlarga sharh o’laroq o’z ifodasini topadi. Bu kabi sharhlar, keyinchalik mustaqil fanning vujudga kelishida asos bo’lib xizmat qiladi.
Qur’on tafsirining ilk bosqichlarida asosiy e’tibor oyatlarning ma’no jihatidan talqin etilishiga va tarixiy kontekstiga qaratilgan edi. Ammo vaqt o‘tishi bilan matn ichidagi bog‘liqlikni aniqlashga alohida e’tibor qaratilib, u mustaqil tadqiqot sohasi sifatida shakllana boshladi. Qur’onning semantik va strukturaviy izchilligi ilk asrlar tafsir maktablarida tahlil qilingan. Bunda matnning tartibiy jihatlari va oyatlar o‘rtasidagi kontekstual bog‘liqlik tushuntirilgan.
Mustaqil fan sifatida shakllanishi.
Islomda ilk tartibga solingan ilm hadis ilmi bo’lib, qolgan ilmlarning to’planishi hijriy ikkinchi asrdan boshlab, beshinchi asr yarmigacha davom etgan. Shu sababli har qanday ilmning mukammal shaklga yetishi, usuli va manbalari bilan mustahkam tizimga aylanishi vaqt talab qilgan. Munosabat ilmi e’joz, balog’at, maoniy va bayon ilmlariga asoslangani tufayli uning shakllanishi bu ilmlar taraqqiyotiga bog’liq bo’lgan.
Keyinchalik oyatlar o’rtasidagi munosabat tafsir kitoblarida maxsus o’rganilgan bo’lib, bu boradagi ilk tafsir kitobi – Faxriddin ar-Roziy (v. 606/1210) tomonidan yozilgan “Mafatihu-l-g’oyb” nomli tafsir hisoblanadi. Ushbu masala asarda tartibli ravishda ko’rib chiqilib, uning o’ziga xos sirlari ochib beriladi. Bundan tashqari Mahmud az-Zamaxshariyning (v. 538/1143) “al-Kashshof” tafsirida ham oyatlar o’rtasidagi bog’liqlik masalasi tahlil qilinganini aytib o’tish lozim.
Munosabat ilmi Qur’on ilmlarining muhim tarmoqlaridan bo’lib, unga bag’ishlangan kompleks kitoblar tarkibida alohida mustaqil bo’lim sifatida uchray boshlagan. Jumladan, az-Zarkashiyning (v. 794/1392) “al-Burhan fiy ulumi-l-Qur’an” hamda Jaloliddin as-Suyutiyning (v. 911/1505) “al-Itqon fiy ulumi-l-Qur’an” asarlarida munosabat ilmi mustaqil bo’lim shaklida taqdim qilingan, oyatlar va suralar o’rtasidagi mantiqiy, ma’noviy va mavzuiy uyg’unlik metodologik asosda yoritilgan. Bu esa Qur’ondagi tartib va mantiqiy bog’liqlikni tushunishda muhim qadam bo’lib xizmat qilgan.
Munosabat ilmining alohida fan sifatida tizimlashuv bosqichi XV asrga to’g’ri keladi. Bu davrda Qur’onshunoslikda oyatlar va suralar o‘rtasidagi mantiqiy izchillikni o‘rganishga ixtisoslashgan maxsus asarlar paydo bo‘lgan. Xususan, Jaloliddin as-Suyutiy munosabat ilmining o’zigagina bag’ishlab “Tanasuqu-d-durar fiy tanasubi-s-suvar” asarini yozgan va unda Qur’on suralarining tartibi va mantiqiy bog’liqligini chuqur tahlil qilgan. Ushbu fanda eng ishonchli va puxta ishlangan manbalardan biri – Burhoniddin al-Biqoiyning (v. 885/1480) “Nazmu-d-durar fiy tanasubi-l-ayati va-s-suvar” asaridir. Muallif ushbu asarda oyat va suralar o’rtasidagi bog’liqlikni izohlashda mustaqil metodologiyani ishlab chiqdi. U Qur’on tafsirida “nazm” – tuzilish masalasiga katta urg’u bergan bo’lib, munosabat ilmini mustahkamlovchi manbalardan hisoblanadi.
XX asrda ham munosabat ilmini o’rganish klassik asarlarni sharhlash, zamonaviy Qur’onshunoslik nuqtai nazaridan tadqiq qilish, ilmiy izlanishlar shaklida davom etdi. Misrlik olim Abdulqodir Ahmad Atoning (v. 1403/1983) “Tanasuqu-d-durar muqaddimasi” asari Jaloliddin as-Suyutiyning “Tanasuqu-d-durar” kitobiga sharh sifatida yozilgan bo’lib, unda munosabat ilmining ahamiyati tadrijiy rivojlanishi, Qur’on ilmlari orasidagi ahamiyatini izohlagan, ar-Roziy va as-Suyutiy ishlarini taqqoslagan hamda sohaning kam o’rganilgan jihatlariga e’tibor qaratgan. Bundan tashqari, munosabat ilmi borasida ko’plab ilmiy izlanishlar olib borilgan. Jumladan, doktor Sakib Yildizning “Ayet ve Sureler arasindaki Munasebet” nomli turkum maqolalari “Diyanet Dergisi” va “Ataturk Universitesi Ilahiyat Dergisi” kani jurnallarda 1985–1987 yillarda e’lon qilingan. Doktor S.Yildiz ilmiy maqolada Qur’on suralari va oyatlari o’rtasidagi bog’liqlikka zamonaviy yondashuv bilan qaraydi va tafsir fani taraqqiyoti jarayonida ushbu ilmlarning shakllanishini o’rganadi.
Munosabat ilmiga oid XI asrda chop etilgan muhim manbalardan biri doktor Nuriddin Itrning (v. 1442/2020) “Munosabat ilmi va uning Qur’on tafsiridagi hamda uning e’jozini ochib berishdagi ahamiyati” asari bo’lib, muallif unda oyat va suralar o’rtasidagi bog’liqlik Qur’onni to’g’ri anglashda muhim o’rin tutishini dalillar asosida yoritadi. Shuningdek, munosabat ilmining tarixi, turlari hamda fan borasida olimlarning turli fikrlarini keng ochib beradi.
Xulosa
Munosabat ilmi Qur’oni Karimning ichki mantiqiy tuzilishini, oyatlar va suralar o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganadigan muhim sohalardan biridir. Ushbu ilm paydo bo‘lishining dastlabki bosqichlari sahobalar va tobeiylar tafsir uslubida kuzatilgan bo‘lsa-da, u mustaqil fan sifatida keyinchalik shakllangan. Ilmning rivojlanishida at-Tabariy, Faxriddin ar-Roziy, Zamaxshariy, Jaloliddin as-Suyutiy va Burhoniddin al-Biqoiy kabi ulug‘ mufassirlarning hissasi katta bo‘ldi.
Munosabat ilmi Qur’on oyatlarini yanada chuqur tushunishga, tafsir metodologiyasini boyitishga va matnning semantik izchilligini yoritishga xizmat qiladi. Islom olamida bu ilm bir necha bosqichda shakllangan bo‘lib, dastlab tafsiriy sharhlar tarkibida rivojlangan, keyinchalik esa alohida fan sifatida o‘z metodologiyasiga ega bo‘ldi. XV asrga kelib, Jaloliddin as-Suyutiy va Burhoniddin al-Biqoiy kabi olimlar tomonidan munosabat ilmi to‘liq shakllantirildi va Qur’on ilmlari ichida mustahkam o‘rin egalladi.
Bugungi kunda ham ushbu soha Qur’on tadqiqotlarida dolzarb mavzulardan biri bo‘lib qolmoqda. Zamonaviy tadqiqotchilar oyatlar va suralar o‘rtasidagi bog‘liqlikni izohlash, tafsir ilmidagi yangicha yondashuvlarni ishlab chiqish yo‘nalishida izlanishlar olib bormoqda. Munosabat ilmi Qur’on ilmlarining muhim tarmoqlaridan biri sifatida nafaqat matnni anglashni chuqurlashtirishga, balki uning ichki uyg‘unligi va e’jozini ochib berishga xizmat qilmoqda.
Foydalanilgan adabiyotlar:
- Qur‘oni karim. – Toshkent. Hilol Nashr nashriyoti 2018.
- Muhammad ibn Jarir at-Tabariy. Jomi’ al-bayon an ta’vil oy al-Qur’on. – Qohira: Dorul-Hadid, 1992.
- Badriddin az-Zarkashiy. al-Burhan fi ulumi-l-Qur’an. – Bayrut: Daru-l-Ma’rifa, 1988.
- Jaloliddin as-Suyutiy. Al-Itqon fi Ulum al-Qur’on. – Qohira: Al-Maktabatu-t-Tavfiqiyya, 2010.
- Faxriddin ar-Roziy. at-Tafsiru-l-kabir. – Bayrut: Daru-l-Kutubi-l-ilmiyya, 2004.
- Burhoniddin al-Biqo’iy. Nazmu-d-durar fiy tanasubi-l-ayati va-s-suvar. – Qohira: Maktabatu-l-xanji, 2001.
- Manna’ al-Qattan. Mabahis fiy ulumi-l-Qur’an. – Qohira: Maktabatu-l-Ma’arif, 1999.
- Muhammad Abdul Halim. Understanding the Qur’an: Themes and Style. – London: I.B. Tauris, 2011.
- Dr. Sâkıb Yıldız ‘Âyetler ve Sûreler arasındaki Münasebet’ – Diyanet Dergisi, İstanbul – 1986.
Najmiddinova Robiya Qutbiddin qizi
O’zbekiston xalqaro islom akademiyasi Qur’onshunoslik, Hadisshunoslik yo’nalishi tayanch doktoranti, Toshkent islom instituti o’qituvchisi