“Bugun barchamiz, avvalo buyuk G‘alabaga beqiyos hissa qo‘shgan, mana shu yorug‘ kunlarga yetib kelolmagan aziz insonlarni doimo yod etamiz, ularning xotirasi, pok ruhlari oldida ta’zim qilamiz. Shafqatsiz urushda, mashaqqatli mehnat frontida mardlik va jasorat ko‘rsatgan barcha faxriylarimizga yuksak hurmat va ehtirom, chuqur minnatdorlik bildiramiz. Bugungi yorug‘, musaffo osmonimiz sofligini, hozirgi tinch, osuda hayotimizni ta’minlash uchun bukilmas iroda va jasorat namunasini ko‘rsatgan, Vatan uchun jonlarini fido qilgan mard va jasur ota-bobolarimizning matonatlarini hech qachon unutmaymiz”.
Shavkat Mirziyoyev
“Xotira – abadiy, inson qadri – muqaddas”
O‘zbekistonning Ikkinchi Jahon urushidagi buyuk g‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasi haqida qanday ma’lumotlarni bilasiz?
Joriy yil, 2025 yil 9 may kuni Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan erishilgan g’alabaga 80 yil to’ldi. Ikkinchi Jahon urushida fashizmga qarshi urushgan mamlakatlar qatorida jonajon Vatanimiz O‘zbekistonning buyuk g‘alabaga qo‘shgan hissasi ulkandir. Bu g‘alaba juda ko‘p qurbonliklar evaziga bo‘ldi. Biz uni hech qachon unutmasligimiz shart.
Urush arafasida O‘zbekistonda 6,5 million aholi yashagan bo‘lsa, shundan 2 milliondan ziyodi frontga ketgan. O‘zbekistonning 200 mingdan ortiq mard askar va zobitlari harbiy xizmatlari uchun mukofotlar bilan taqdirlangan. Ulardan 301 nafari “Sovet Ittifoqi Qahramoni”, 70 nafar fuqarosi esa uch darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan taqdirlangan. 1753 nafar o‘zbekistonlik jangchilar “Moskva mudofaasi uchun” medali bilan mukofotlandilar.
1939-yil 1-sentyabrda fashistlar Germaniyasi qo‘shinlarining Polshaga bostirib kirishi bilan Ikkinchi jahon urushi boshlanib ketdi. Ikkinchi jahon urushini yirik davlatlar o‘rtasidagi ixtiloflar, agressiv davlatlar-fashistlar Germaniyasi, fashistlar Italiyasi va militaristik Yaponiya boshladilar. Ular orasida Germaniya fashistlari uyushtiruvchi, yetakchi rol o‘ynadi. Fashistlar bloki davlatlari tomonidan olib borilgan urush bosqinchilik, adolatsizlik urushi edi. Fashizmga qarshi urushgan davlatlar adolat uchun kurashdilar. Agressiya qurboni bo‘lgan mamlakatlarda vatanparvar kuchlar, xalq tomonidan qarshilik ko‘rsatish harakati boshlangach, daxshatli urushning dastlabki kunlaridanoq G‘arbiy chegaralardagi harbiy qo‘shilmalar tarkibida xizmat qilayotgan o‘zbekistonliklar fashist bosqinchilarga qarshi jangga kirdilar. Chegarada joylashgan Brest qal’asining 50 dan ortiq millatga mansub jangchilari orasida o‘zbekistonliklardan Doniyor Abdullayev, Bobohalil Kashanov, Ahmad Aliyev, Nurum Siddiqov, Uzoq O‘tayev va boshqalar bor edi. Ular qal’a himoyachilari bilan yelkama-yelka turib dushmanning katta kuchlariga qarshi qariyb bir oy davomida oxirgi tomchi qonlari qolguncha jang qildilar. O‘zbekistonlik jangchilar qatnashgan Brest, Smolensk, Kiyev, Odessa, Sevastopol va Leningradning qahramonona himoyasi fashistlar Germaniyasining ”Yashindek tez urush” qilish rejasiga dastlabki zarba bo‘ldi. 1941-yil kuz-qish oylarida Moskva ostonolarida hayot-mamot janglari bo‘ldi. Moskva ostonalaridagi ana shu dahshatli janglarda o‘zbekistonlik jangchilar ham sabot-matonat, yuksak harbiy mahorat ko‘rsatdilar. Janubiy-G‘arbiy front tarkibidagi 353-tog‘-o‘qchi polki jangchisi Qo‘chqor Turdiyev katta jasorat ko‘rsatdi. U 1941 yil 25 oktabrda safdoshlari bilan razvedkaga, so‘ngra “til” olib kelishga yuborildi. Otishmada barcha quroldoshlari halok bo‘lgan Qo‘chqor Turdiyevning bir o‘zi dushmanning bir vzvodini yo‘q qilib, 3 tasini asirga olib keldi. Bu jasorati uchun Qo‘chqor Turdiyev o‘zbekistonlik jangchilar orasida birinchi bo‘lib Qahramon unvoniga sazovor bo‘ldi. Toshkentda uzoq yillar xizmat qilgan general I.V.Panfilov Almata shahrida turkistonliklardan diviziya tuzdi. Uning komandirlari tarkibida Toshkent piyoda bilim yurti va O‘rta Osiyo harbiy okrugining harbiy-siyosiy bilim yurtida ta’lim olgan 180 zobiti bor edi. General I.V.Panfilov diviziyasi Moskva ostonalaridagi Volokolamsk yo‘nalishida qattiq janglar qildi. Diviziya jang-maydonida dushmanning 114 tankini, 26 ming askar va zobitlarini, 5 samolyot va boshqa ko‘plab texnikasini yo‘q qildi. O‘zbekistonda tuzilgan 258-o‘qchi diviziyasi askarlari Moskva ostonalaridagi janglarda 9000 dan ko‘proq dushmanning askar va zobitlarini yer tishlatib, 137 aholi yashaydigan punktlarni ozod etib, birinchilardan bo‘lib Oka daryosiga chiqib oladi, ko‘plab jangovar texnikani qo‘lga tushiradilar.
Moskva himoyachilari orasida o‘zbek qizi Zebo G‘aniyeva ham bor edi. 1942 yil 21 may kunigacha 23 fashistni yer tishlatdi. On olti marotaba razvedkaga borib, dushman to‘g‘risida qimmatli ma’lumotlar olib keldi. Zebo G‘aniyeva jasorati uchun Qizil Bayroq ordeni bilan mukofotlandi. Moskva ostonalarida o‘zbekistonlik merganlar-Is’hoqov 354 fashistni, Abubekov 229, Yusupov 132, Madaminov 123 fashist askar va zobitlarini yer tishlatdilar. 1753 nafar o‘zbekistonlik jangchilar “Moskva mudofaasi” uchun” medali bilan mukofotlandilar.
O‘zbekistonliklar Stalingrad janglarida
O’zbekistonliklar 62-va 64- armiyalar safida turib tarixiy Stalingradda qahramonona jang qildilar. Janglar avjiga chiqqan paytda Stalingradga Samarqand va Farg’onada tuzilgan 90-va 94-o‘qchi brigadalari yetib kelib jangga kirdilar. Bu brigadalar asosan o’zbek yigitlaridan tuzilgan bo‘lib, komandirlari orasida S.Nuritdinov, V.Umarov, A.Murodxo‘jayev, F.Norxo‘jayev va boshqalar bor edi. 20-otliq askarlar diviziyasining jangovar ruhda jang qilishida diviziya komissari Mullajon Uzoqovning xizmati katta bo‘ldi. O‘zbekistonlik jangchilardan 2738 kishi “Stalingrad mudofaasi uchun” medali bilan mukofotlandi.
O‘zbekistonliklarning “Tub burilishga” qo‘shgan hissasi
1942-yil yozida Kursk yonida bo‘lgan qattiq janglarda O‘zbekistonda tuzilgan 62-va 69- o‘qchi diviziya jangchilari jasorat ko‘rsatdilar. O‘zbekistonliklar 5-va 15-o‘qchi diviziyalar hamda 5-gvardiyachi va 62-gvardiyachi o‘qchi diviziyalar tarkibida ham jang qildilar. “Oryol” diviziyasi faxriy nomini olgan 5-o‘qchi diviziya tarkibida farg’onalik Ahmadjon Shukurov ham bor edi. Zolotoryovka uchun qattiq janglarda Ahmadjon Shukurov matonat ko’rsatib, dushmanning 110 ta askar va zobitlarini yer tishlatdi va 15 tasini asir oldi. Bu jasorati uchun unga Qahramon unvoni berildi va Zolotoryovka qishlog‘i o‘sha paytdan boshlab Shukurovka deb ataladigan bo‘ldi. Kurskdagi porloq g‘alabadan so‘ng Qizil Armiyaning 2000 km uzunlikdagi frontda qudratli strategik hujumi boshlanib ketdi. Dneprni birinchi bo‘lib kechib o‘tganlar orasida G‘ijduvon tumanidagi Lavzekaron qishlog‘idan chiqqan starshina Vali Nabiyev, andijonlik Qambarali Do‘smatov, qoraqalpoqlik Xudoybergan Shoniyozov, shofirkonlik Sharif Ergashev, Buxorodan chiqqan T.A.Tixonov va boshqalar bor edi. Dneprni kechib o‘tishda, uning o‘ng qirg‘og‘idagi istehkomlarni egallashda ko‘rsatgan jasorati uchun jami 2348 jangchiga, shu jumladan, 26 o‘zbek yigitlariga Qahramonlik unvoni berildi. Kurskdagi g‘alaba va dushmanning Dneprdan uloqtirib tashlanishi natijasida jahon urushining borishida tub burilish yasaldi, harbiy strategik tashabbus dushmandan batamom tortib olindi. Stalingraddagi g‘alaba Gitler Germaniyasining yengilishi muqarrarligini ko‘rsatgan bo‘lsa, Kursk va Dneprdagi g‘alaba nemis fashist qo‘shinlarini halokatga mahkum etdi. O‘zbekistonlik jangchilar Leningrad qamalini yo‘q qilish, Ukraina, Belorussiya, Moldaviya va Boltiqbo‘yi respublikalarini dushmandan ozod qilish uchun bo‘lgan janglarda ham qahramonlik namunalarini ko‘rsatdilar. 1944-yil kuz oylariga kelganda dushman mamlakatdan butunlay haydab chiqarildi, sobiq Sovet Ittifoqi chegaralari tiklandi. O’zbekistonlik partizanlar dushmanni tor-mor etishda partizanlar harakatining o‘rni va roli katta bo‘ldi. Urushning dushman ustunlik qilgan dastlabki davrida butun-butun harbiy qismlar dushman qurshovida qolib, ko‘plab askar va zobitlar noilojlikdan asirga tushib qoldilar. Harbiy asirlarning soni 5 mln. kishidan ortiqroq bo‘lib, ular orasida minglab o‘zbekistonliklar ham bor edi. Harbiy asirga olinganlar orasidagi komissarlar, komandirlar birinchilar qatorida otib tashlanar edi. Qolganlari harbiy lagerga tashlanardi, ularga qattiq azob berilar, och-yalong‘och ortiqcha yuk, keraksiz xo‘randa, deb o‘ldirib yuborishar edi. Keyinchalik urush dushman o‘ylaganchalik bo‘lib chiqmagach, harbiy asirlardan tekin ishchi kuchi sifatida foydalana boshlandi. Dushman bosib olgan shahar va tumanlar aholisi Germaniyaga haydab ketildi. Ba’zi joylarda mehnatga layoqatli bo‘lgan fuqarolarni Germaniyaga ishga yollab olib ketishga ham urindilar. Germaniyaga haydab ketilgan sovet fuqarolari soni 4 mln.dan ortiq edi. Harbiy asirlar, haydab ketilgan fuqarolar Osvensim, Mautxauzen, Buxinvald va boshqa o’nlab o’lim lagerlarida saqlandi, xo’rlandi va ko’plari halok bo’ldi. Dushman ishg’ol qilgan tumanlar aholisining qamalidan chiqib qolgan yoki harbiy asirlikdan qochgan jangchilar tog’larga, o’rmonlarga yashirinib, partizancha kurashga o‘tdilar. Partizanlar harakati Rossiyaning g‘arbiy hududlarida, Ukraina va Belorussiyada keng tarqaldi. Partizanlar harakati Markaziy shtabi tayyorlab yuborgan harbiy mutaxassislar, razvedkachilar partizanlar orasiga borib, ularni yirik-yirik otryadlarga biriktirib, uyushgan holda dushmanga qarshi kurashga safarbar etdilar. Dushman qurshovidan chiqib olgan o‘zbekistonlik jangchilar ham Rossiyaning g‘arbi, Ukraina, Belorussiya, Moldaviya respublikalaridagi partizan qo‘shinlarida ishtirok etdilar. “Chekist” partizan otryadining razvedkachisi, qo‘rqmas partizan Mamadali Topiboldiyevning nomi Belorussiyada mashhur bo‘ldi. U dushmanning 67 askar va zobitlarini yo‘q qilib, 180 tasini asirga oldi. M.Topiboldiyev ko‘rsatgan jasorati uchun Qahramon unvoniga sazovor bo‘ldi. Belorussiyaning Pisarevo qishlog‘i o‘zbek xalqining jasur o‘g‘loni nomiga Topiboldiyevka deb ataldi. Gomel atrofidagi “Temir yo‘l urushi”da ishtirok etgan Jonibek Otaboyev, Bryansk atroflarida dushmanga to‘satdan zarba bergan H.Musayev, A.Hakimov, I.Qosimov va boshqalarning nomlari urush solnomasidan o‘chmas o‘rin oldi.
O’zbekistonliklarning urushning so’nggi pallasidagi jasoratlari
Urush o‘zining so‘nggi pallasiga kiradi. Berlin uchun qattiq janglar bo‘ldi. Qahramonlar – Botir Boboyev, Tojiali Boboyev, Solih Umarov, Shuhrat ordenining to‘liq kavalerlari Abdulla To‘qmoqov va Said Nomozovlar Berlinni zabt etishda qahramonlarcha jang qildilar. “Berlinni olinganligi uchun” medali bilan o‘zbekistonlik jangchilardan 1706 kishi taqdirlandi. Fashistlar Germaniyasi tormor etildi. Germaniya ustidan qozonilgan g‘alaba uchun medali bilan 109208 o‘zbekistonlik jangchi taqdirlandi. O‘zbekistonlik jangchilar Yaponiyaga qarshi urushda ham faol qatnashdilar. Ular 20-, 79-, 275-, 388-, 221-diviziya va boshqa harbiy qismlarning tarkibida jang qildilar. Seysin port shahrini egallashda 335-o‘qchi diviziyasida leytenant Fozil Karimov, razvedkachi Vali Sulaymonov alohida jasorat ko‘rsatdilar. Dushman sohiliga tushirilgan desantchilar orasida pulemyotchi Nishon Bozorov chaqqonlik bilan jang qilib yaponlarning 9 ta askari, 2 ta ofitserini yer tishlatdi. U “Jasorat uchun” medali bilan mukofotlandi. Shuningdek, leytenant A.A.Karimov, o‘qchi vzvod komandiri, kichik leytenant U.Doniyorov, pulemyotchilar qismi komandiri S.Qo’chqorov va boshqalar dushmanga qaqshatqich zarba berdilar.
6 yil davom etgan, butun insoniyotga og‘ir kulfatlar solgan urush tamom bo’ldi. Urush insoniyatga juda qimmatga tushdi. 50 milliondan ortiq kishi halok bo‘ldi, 90 milliondan ortiq kishi yarador va mayib bo‘lib qoldi. Moddiy talafotlar qiymmati 4 trillion dollardan oshib ketadi. Urush Yevropa, Afrika, Osiyo va Okeaniyada turli frontlarda olib borildi, fashizmni tor-mor etishda ko‘p mamlakatlar qatnashdi. Biroq urushning asosiy og‘irligi sovet kishilari zimmasiga tushdi. 27 millionga yaqin sovet kishilari urush alangasida halok bo‘ldi. 18 milliondan ortiq jangchilar yarador va nogiron bo‘lib qoldilar.
1945 yil 9 may – Ikkinchi Jahon urushi fashizim ustidan ulkan galaba kuni bilan tugadi.
Joriy yilda “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi hamda Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va munosib nishonlash to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori imzolandi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, shuni ta’kidlash lozimki, Ikkinchi jahon urushi butun insoniyat boshiga juda katta kulfatlar keltirdi. Tinchlik va adolat uchun kurashgan davlatlar orasida O‘zbekistonning ham beqiyos o‘rni bor, desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Urushning og‘ir yillarida o‘zbek xalqining asosiy ma’naviy-axloqiy xususiyatlari, uning insonparvarligi yorqin namoyon bo‘lib turadi. Lekin tarixning o‘yini ham, omonsiz jangu jadallar ham, tabiiy ofatlar va ochlik ham xalqimizning insoniylik tabiatiga dog‘ tushirolmadi. Fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning olamshumul tarixiy ahamiyati shundaki, u ko‘plab xalqlarni zo‘ravonlikdan, zulmdan ozod etdi, erkin, demokratik rivojlanish uchun, iqtisodiy va ma’naviy taraqqiyot uchun yo‘l ochib berdi.
Bu dahshatli Ikkinchi jahon urushi butun insoniyotga katta tarixiy saboq bo‘ldi. Eng muhim saboq shundan iboratki, urush boshlanmasdan oldin unga qarshi kurashmoq, uning oldini olish tadbirlarini ko‘rmoq zarur. Shu maqsadda jahondagi ko‘pchilik mamlakatlar Birlashgan Millatlar Tashkilotini (BMT) tuzdilar. Bu xalqaro tashkilot yarim asrdan beri tinchlikni mustahkamlash, xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash masalalari bilan muttasil shug‘ullanib kelmoqda. Fashizm ustidan g‘alaba qozonilgan 9-may kuni O‘zbekistonda har yili “Xotira va qadrlash” kuni sifatida nishonlanmoqda. Respublika faxriylari uyushmasining tashabbusi bilan janglarda halok bo‘lgan vatandoshlarimiz haqida arxiv materiallari to‘planib, bu ma’lumotlar asosida “Xotira” turkumida 33 kitob nashr etildi. Har yili urushda qurbon bo‘lganlarni xotirlash, biz bilan hozirgi kunlarda yonma-yon yashayotgan urush faxriylarini qadrlash, e’zozlash, hurmat-izzatini joyiga qo‘yishdek insoniy ishlar yoshlarni vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashda, mustaqil jonajon Vatanimiz O’zbekistonning milliy xavfsizligini mustahkamlashda muhim ahamiyatga egadir.
9 may – Xotira va Qadrlash kuni Ikkinchi jahon urushining ayanchli oqibatlarini unutmaslikka, tinchlik va osuda hayotning qadriga yetishga, Vatanga sadoqat hissi bilan yashashga, shuningdek, doimo ogoh va hushyor bo‘lishga, tarixiy xotiraga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qilib kelmoqda.
Muxtasar qilib aytganda, ajdodlar ruhiga hurmat xalqimizning eng oliy fazilatlaridan biridir. Xotira – muqaddas va aziz tuyg‘u. Xotirlash bu har bir insonning yaqinlarini qadrlash, bu olamdan o‘tib ketgan insonlarni eslash va ularning xaqqiga duo qilishdir. Xalqimizda “Qadr etgan qadr topadi”, degan naql bor. Haqiqatdan ham, inson o‘zgalarga samimiyatda bo‘lib, hurmat-ehtirom ko‘rsatsa, o‘zi ham atrofdagilarning shunday munosabatiga sazovor bo‘ladi. Vatan ravnaqi, xalq osoyishtaligi uchun xizmat qilgan el fidoyilari esa ezgu amallari sabab umrbod kishilar yodidan o‘chmaydilar. Nomlari hamisha e’zoz bilan tilga olinib, xotiralari mangulikka muhrlanadi.
O‘zbekiston xalqi doimo tinchlik, osoyishtalik va rivojlanish tarafdori! Bizning mehnatkash xalqimizga urush kerak emas!
Hech shubhasiz, oradan qancha yillar, zamonlar o’tmasin, buyuk G’alabaning qadr-qimmati va ahamiyati tobora ortib boraveradi.
Foydalanilgan adabiyotlar va Internet saytlari
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning buyuk G‘alabaning 75 yilligi hamda “Xotira va qadrlash kuni”ga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi
- president.uz
- oz.sputniknew.uz
- intereuroconf.com
- uzairways.com
“Tillar” kafedrasi katta o‘qituvchisi Faxriddin Yernazarov tomonidan tayyorlandi.