islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

SIYRAT DAVRINING BOSQICHLARI

Islom tarixining eng muhim bo‘limlaridan biri bu – Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamning hayotlari ya’ni siyratdir. Siyrat ilmi nafaqat tarixiy voqealarni yoritib beradi, balki Qur’on oyatlarini to‘g‘ri tushunish, hadislar mazmunini anglash va musulmon shaxsiyatini shakllantirishda ham muhim kalit bo‘lib xizmat qiladi. Siyrat ilmini o‘rganish orqali nafaqat Muhammad alayhissalomning hayotlari bilan tanishamiz, balki u zotning payg‘ambarlik davrida bo‘sib o‘tgan yo‘llari nimalardan iborat, bu davr qanday shakllangani va qaysi bosqichlarni o‘z ichiga olishini bilib olamiz.

Siyrat ulamolari Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning hayotlarini asosan ikki qism: nubuvvatdan oldingi davr, nubuvvatdan keyingi davrga taqsimlashgan.

Nubuvvatdan keyingi da‘vat yo‘llari ham quyidagi asosiy bosqichlarga bo‘linadi:

  1. Makka davri – 12 yarim yil (Muhammad Xuzariy, «Muhazorot fi tarixil umamil islomiyya», 1/92) davom etgan (hijratdan avvalgi 13-yil, nubuvvatning 1-yili ramazon oyidan boshlab, nubuvvatning 14-yili safar oyi oxirida tugagan, mil. 610 yil avgust – 622 yil sentabr);
  2. Madina davri 10 yil davom etgan (hijriy 1-yil, 1-rabi’ul avval, dushanba tongidan boshlab, 11-yil 12-rabi’ul avvalda tugagan, mil. 622 yil 12 sentabr – 632 yil 6 iyun).

Makka davri uch bosqichga bo‘linadi:

  1. Fatratul vahiy va maxfiy da’vat bosqichi – qariyb 3 yil davom etgan (hijratdan avvalgi 13-yil, nubuvvatning 1-yili ramazon oyidan boshlab, hijratdan avvalgi 10-yil, nubuvvatning 4-yilida tugaydi, mil. 610 yil avgust – 613 yil);
  2. Islom diniga oshkora da’vat qilish bosqichi – 6 yildan ko‘proq davom etgan (hijratdan avvalgi 10-yil, nubuvvatning 4-yilidan boshlab, hijratdan avvalgi nubuvvatning 10-yili 4-yil, shavvol oyida tugaydi, mil. 613 yil – 619 yil may-iyun);
  3. Islom da’vatining tashqarisiga yoyilish bosqichi – 3 yilu 4 oy davom etgan (hijratdan avvalgi 10-yili 4-yil, nubuvvatning shavvol oyidan boshlab, nubuvvatning 14-yili safar oyi oxirida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning Madinai Munavvaraga hijrat qilishlari bilan tugaydi, mil. 619 yil may-iyun – 622 yil sentabr)

Madina davri ham uch bosqichga bo‘linadi:

  1. Islom jamiyatiga asos solish, uni mustahkamlash va himoya qilish bosqichi – 5 yilu 9 oy davom etgan (hijriy 1-yil, 1-rabi’ul avval, dushanba tongidan boshlab, 6-yil zulqa’da oyida bo‘lib o‘tgan Hudaybiya sulhi bilan tugaydi, mil. 622 yil 12 sentabr – 628 yil mart-aprel);
  2. 2. Quraysh qabilasi bilan sulhga kelishish, podshoh va amirlarga da’vat maktublarini yuborish hamda katta fitnalarni bostirish bosqichi – 1 yilu 10 oy davom etgan (hijriy 6-yil zulqa’da oyidan boshlab, 8-yil 17-ramazonda bo‘lib o‘tgan Makka fathı bilan tugaydi, mil. 628 yil mart-aprel – 630 yil 7 yanvar);

3) Turli o‘lka va qabilalarning elchi-vakillarini kutib olish, odamlarning Islom diniga to‘p-to‘p bo‘lib kirishlari va ommaviy haj qilish bosqichi – 2 yarim yil davom etgan (hijriy 8-yil 17-ramazondan boshlab, 11-yil 12-rabi’ul avvalda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vafotlari bilan tugaydi, mil. 630 yil 7 yanvar – 632 yil 6 iyun)[1].

Har bir davr o‘ziga xos jihatlarga ega bo‘lib, ularning har biri Qur’on oyatlarining nozil bo‘lishi va tafsirida bevosita rоl o‘ynagan. Shunday qilib, Payg‘ambarimiz alayhissalomning siyratlarini bosqichma-bosqich o‘rganish, bu muqaddas yo‘lni yoritib, Qur’oni karim oyatlarini chuqurroq anglash, hadislarning ma’no va mazmunini to‘g‘ri tushunish imkonini beradi. Har bir davr – Makka va Madina bosqichlari – Islom dinining shakllanishi, mustahkamlanishi va butun insoniyatga yoyilishi yo‘lida bebaho saboqlarni o‘zida mujassam etgan. Bu davrlar faqat tarixiy tafsilot emas, balki hayotiy yo‘l-yo‘riq, axloqiy mezon va ruhiy tarbiya manbai sifatida biz musulmonlar uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Siyrat ilmi – bu faqat Payg‘ambar alayhissalom hayotini o‘rganish emas, balki chinakam musulmon shaxsiyatini tarbiyalovchi, e’tiqodini mustahkamlovchi va dunyoqarashini yuksaltiruvchi ulug‘ ilmiy manbadir. Shu bois, siyratni o‘rganish har bir musulmon uchun nafaqat zarur, balki qalb ehtiyoji va iymon taqozosi bo‘lishi lozim. Zero, Muhammad alayhissalomning muborak siyratlari – ma’naviy yuksalish va barakali hayot sari eltuvchi yo‘ldir.

Muhammaddiyor MO‘MINOV,

TII 4-kurs talabasi

[1] A.Ziyouddinning izohi,qarang: Shayx Muhammad Xuzariy, Nurul yaqin, Toshkent: Muharrir, 2023—J.I – B. 29, 30.

447290cookie-checkSIYRAT DAVRINING BOSQICHLARI

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: