islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Hazrat Maxdumi A‘zam – Naqshbandiya tariqatining peshvosi

Hazrat Maxdumi A‘zam haqida qanday ma’lumotlarni bilasiz?

XV-XVI asrlarda yashab o‘tgan yirik mutasavvuf, faqih, faylasuf, naqshbandiya tariqatining rahnamosi va nazariyotchi, ahloqshunos olim, shuningdek ta’sir doirasi kuchli siyosiy arbob Maxdumi A’zamning (1461-1542) to‘liq nomi-Sayyid Ahmad ibn Mavlono Jaloliddin Xojagi Kosoniydir. Maxdumi A’zam xonadonida saqlanib qo‘lgan shajaranoma va ishonchli tarixiy manbalarga ko‘ra, Kosoniyning nasabi Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vassalam shajaralariga 22 avlodli xalqa orqali ulanadi. Sayyidlar avlodiga butun musulmon olamida hurmat-e’tibor kuchli bo‘lgan, shuning uchun Maxdumi A’zam tug‘ulib o‘sgan xonadon ham el orasida tabarruk xonadonlardan biri sifatida e’zozlanadi. U O‘rta Osiyodagi naqshbandiya ta’limoti izdoshi bo‘lmish Xo‘ja Ahrorning muridi bo‘lgan. Hazrat Maxdumi A‘zam kuchli ruhiy ta’sir quvvatiga ega bo‘lgan zot edi. Ulug‘ olim naqshbandiya arkonlariga muvofiq dehqonchilik hunarini egallab, bu sohada alohida iste’dodga ega bo‘lgan ziroatchi sifatida yangi meva va poliz navlarini yetishtirgan. Ziroatchilikda yangi meva navlaridan (anjir, nok va behining yangi navlarini) kasf etgan, yangi qovun navlarini yetishtirgan. Dehqonchilik tartib-qoidalariga oid asarlar yozgan. Miyonkolda qo‘riq va to‘qay yerlarni o‘zlashtirib, ularni ekinzor va bog‘larga aylantirib, melioratsiya sohasi rivojiga ko‘p hissa qoshgan.

Markaziy Osiyoda temuriylarning toj-taxt talashishlari oqibatida parchalanib ketgan ulkan saltanatning inqirozi davrida yashagan hazrat Maxdumi A’zam bu saltanatni qayta tiklashga harakat qilgan shayboniylarning birlashtiruvchi harakatiga siyosiy jihatdan ko‘mak berdi, bo‘linib ketayotgan xonliklar va amirliklar o‘rtasidagi nizolarni kelishtirishga ko‘p kuch sarfladi shuningdek shayboniylar bilan temuriylarni bir-biri bilan yarashtirishga harakat qilib, o‘z yurtidan Hindistonga ketishga majbur bo‘lgan temuriyzoda Zahiriddin Muhammad Boburning ma’rifatchilik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatladi. Hazrat Maxdumi A’zam Zahiriddin Muhammad Boburning ma’naviy kamolitida muhim o‘rin tutgan. Zahiriddin Muhammad Bobur piriga sovg‘a-salomlar yuborgan, maktublar yozgan. Hazrat Maxdumi A‘zam ham javob sifatida “Risolai Boburiya” asarini yozgan. Maxdumi A‘zam yaxshi oilaviy tarbiya ko‘rgan mo‘min, oriyatli, kamtarin, muhtojlarga, ojizlarga mehr-muruvvatli, rahmdil murabbiy, zolimlarga, adolatsiz amirlarga beshavqat, ilm-ma’rifatga homiy bo‘lgan inson edi.

Hazrat Maxdumi A‘zam kuchli notiq bo‘lgan, u zot o‘qigan jig‘inlarda minglab odamlar to‘plangan. Ular notiqqa ixlos qilib tinglashgan va har kim o‘z dardiga davo topgan, ayrim dinga e’tiqod qiluvchi tinglovchilar esa hatto islom dinini qabul qilgan.

Maxdumi A’zam 866/1461(1463 yoki 1464) yil Kosonda (hozirgi Namangan viloyatining Kosonsoy shaharchasi) tavallud topgan. Bu ulug‘ zotning ustozi Mavlono Muhammad Qozi o‘z shogirdini Maxdumi A’zam deb atadi. Bu taxallus-“ulug‘ maxdum”, “ustozlariga sadoqatli shogird” ma’nolarini anglatadi. Maxdumi A’zam islom olamida o‘tgan uchta buyuk A’zamlardan biri ekanligi ham ishoradir. Ular: Imomi A’zam, G‘avsuli A’zam va Maxdumi A’zamlardir.

Uning otasi ilmli, ma’rifatli saidzodalardan bo‘lib, obro‘li-e’tiborli kishi edi, shuning uchun uning ismi yo‘niga Mavlono qo‘shib, Mavlono Jaloliddin deb murojaat qilishgan.

Taniqli sharqshunos olim A.Mo‘minovning tadqiqotlariga ko‘ra, Maxdumi A’zam onasining ajdodlari Ahmad Yassaviyga bo‘rib taqaladi. Ul zotning tog‘asi esa tijoratchi bo‘lgan.

Maxdumi A’zam ilk ta’limni Kosonda olib, keyin Axsikatda Xoja Muborak madrasasida o‘qishni davom ettiradi. Maxdumi Azamning domlasi Mulla Ziyo o‘z shogirdinining a’lo darajadagi qobiliyatini hisobga olib, unga “ilmuz zohir” (oddiy, umumiy ilmlar) dan yahshi ta’lim beradi va shu bilan birga “ilmul botin” ni chuqur o‘rgatadi. Yosh Maxdumi A’zam ustozining maslahati bilan taniqli so‘fiy shoirlardan Jaloliddin Rumiyning (1207-1273) “Masnaviy-ma’naviy” deb nomlangan mashhur devonini ko‘p marotaba o‘qib, undagi chuqur falsafiy fikrlarni anglab olishga harakat qiladi.

Mahdumi A’zam yoshligida Toshkentdagi o‘z davrining mashhur madrasasida ta’lim olgan. U O‘rta Osiyodagi naqshbandiya ta’limoti izdoshi bo‘lmish Xo‘ja Ahrorning muridi bo‘lgan.

Maxdumi A’zam ustozi Muhammad Qozi ruxsati bilan Axsikatga qaytadi va u yerda mustaqil va’zxonlik qilib, naqshbandiya tariqatini targ‘ib qilishga astoydil kirishadi.

Ustozi Muhammad Qozi vafotidan keyin, naqshbandiya tariqatining barcha movarounnahrlik shayxlar Maxdumi A’zamni “peshvoyi tariqat”(“tariqat peshvosi”) sifatida e’tirof etishadi.

Maxdumi A’zam Zahiriddin Muhammad Boburga bag‘ishlab “Boburiya” risolasini yozib, Hindistonga jo‘natadi.

Taxminan 1524-1525 yillarda Maxdumi A’zam Karmana va Miyonkol hokimi Jonibek Sultonning taklifiga binoan Karmanaga ko‘chib kelgan.

1533 yil Maxdumi A’zam Farg‘onadan Qashqarga keldi. Bu o‘lkada u Islom dinini keng targ‘ibot qilish va naqshbandiylik ilmini o‘rganish bilan shug‘ullandi.

Shayboniy sultonlaridan Ubaydullohxon (1504-1539), Iskandarxon (vaf. 1583 y.), Balx hokimi Kistin Qaro Sulton va boshqalar Maxdumi A’zamni o‘zlarining ruhiy piri deb bildilar.

Maxdumi A’zamning ilmiy merosi boy bo‘lib, olim tasavvuf nazariyasi va amaliyoti, ayniqsa Naqshbandiya ta’limotini yanada rivojlantirdi.

Mashhur olim Maxdumi A’zam 30 dan ortiqroq risola yozgan. Ular: “Asrorun nikoh”( “Nikoh sirlari”), “Ganjnoma”, “Risolatus sam’iya”(“Samo’ risolasi”), “Bayoni zikr”(“Zikr bayoni”), “Risolai silsilai Xojagon”(“Xojagon silsilasi”), “Sharhi g‘azali Ubaydiy”(“Ubaydiy gazali sharh”), “Me’rojul oshiqiyn” (“Oshiqlar meroji”), “Risolai Naqshbandiy”(“Naqshbandiya risolasi”), “Boburiya”, “Zubdatus solikiyn va tanbihus salotin”(“Soliqlar mohiyati va sultonlar tanbehi”), “Odobus siddiqiyn”(“Siddiqlar odobi”) va boshqa risolalar.

Maxdumi A’zam asarlarining to‘liq majmuasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalar markazida saqlanmoqda. Ulug‘ alloma Maxdumi A’zam fikrlari va dunyo qarashlariga asosan Hakim Terimiziy(820-932), Abu Homid Muhammad al G‘azzoliy (1058-1111), Ibn Arabiy(1165-1240), Xoja Muhammad Porso (1348-1420) kabi taniqli so‘fiy olimlarning asarlari ta’sir qilgan. Naqshbandiya ta’limoti va umuman tasavvuf falsafasini ulug‘ alloma o‘z zamoniga moslashtirgan holda yangi g‘oyalar bilan boyitdi.

Maxdumi A’zamning tarjimai holi va faoliyati haqida yaqin shogirdlari tomonidan bir necha asarlarda yoritilgan: Safoyi Kotibning “Anisut tolibiyn” (“Haqiqat izlovchilarning yaqin do‘sti”), Do‘st Muhammad Folizkorning “Tanbiyatuz zolliyn val muzilliyn” (“Yo‘ldan adashgan va adashtiruvchilarga tanbehlari”), Do‘st Muhammad ibn Navro‘z Ahmad Kosoniyning “Silsilatus sodiqin va anisul oshiqin” (“Sadoqatlilar silsilasi va oshiqlar do‘sti”) kabi asarlarda eng to‘liq va ishonchli ma’lumotlarni uchratishimiz mumkin. Shu manbalar asosida tuzilgan Maxdumi A’zamning to‘ldirgan tarjimai holi ham ma’lumdir.

Naqshbandiya tariqatining taniqli nazriyotchisi Badruddin Kashmiriy (vaf. taxm.1620 y.) o‘zining asarlari-“Ravzatur rizvon”(“Rizvonning bo‘g‘i”), “Ravzatul jamol” (“Jamolning bo‘g‘i”) Maxdumi A’zam risolalaridan foydalangan.

Malumki, uning asrdoshi naqshbandiya va yassaviya tariqatlarining buyuk namoyandasi, nazariyotchisi va targ‘ibotchisi Sulton Ahmad Xaziniy hajga safar qilib, so‘ng umrining oxirigacha Usmoniylar saltanatiga qarashli ulkan shahar va viloyatlarda (Suriya, Qohira, Istanbul) yashab, o‘sha yerlarda Maxdumi A’zam g‘oyalarini targ‘ib etgan.

Maxdumi A’zam yozgan risolalarga maxsus bitilgan sharhlar kam bo‘lsa-da, ammo tariqatning so‘nggi XVI-XX asr boshlarida bitilgan nazariy adabiyotlarga bu asarning katta ta’siri bo‘lgan.

Hijriy 949 yil 21 muharram oyi/ 1542 yil 8 may dushanba kuni Maxdumi A’zam Samarqand shahridan shimolda joylashgan Dahbed(“O‘nta tol” ma’nosini anglatadi) qishlog‘ida vafot etgan. Uning vasiyatiga ko‘ra, o‘zi barpo qilgan bo‘g‘ning o‘rtasidagi murut (nok) daraxti ostiga dafn etilgan. Ulug‘ zot Maxdumi A’zam yotgan qabr atrofida uning yaqinlari, farzandlari, nevaralari, muridlari va unga qo‘l bergan shoh va sultonlar, malikalar ham dafn etilgan. Jumladan Samarqand sultoni, Sherdor va Tillaqori singari obidalarni qurdirgan Yalangtush Bahodirning qabri ham shu joydadir.

1640-yilda Buxoro xonlarining Samarqanddagi amiri Yalangto‘sh Bahodir boshchiligida maqbara, xonaqoh va daxma qurilgan. XVII asrda katta masjid qad ko‘targan.

Maxdumi A’zamning maqbarasi Samarqand viloyati Oqdaryo tumani, Dahbed qishlog‘ida joylashgan. Bu yodgorlik majmuasi XVI-XIX asrlarga oid me’moriy obida bo‘lib, mashhur shayx va sufiy Maxdumi A’zam bilan bog‘liq.

Hazrat Maxdumi A’zamning boy ilmiy-ma’naviy merosi istiqlol qo‘lga kiritilgach, ro‘yobga chiqa boshladi. 1992 yildayoq Maxdumi A’zamning boy ilmiy-ma’naviy merosi va ziyoratgohini obodonlashtirishga kirishildi. Maxdumi A’zam masjidi ta’mirlandi, qabrlar joylashgan suppachalar tartibga keltirildi, masjid mezanasi qayta qurildi, ziyoratgohning hovlisiga bezakli g‘ishtlar yo‘tqizildi, chinorlar jonlantirildi. 1993 yili Dahbed mavzesida Maxdumi A’zamning hayoti va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Maxdumi A’zamga bag‘ishlangan buklet, kitoblar, maqolalar nashr etildi. Maxdumi A’zamning risolalari chop etila boshladi. Maxdumi A’zamning faoliyatiga oid nomzodlik va magistrlik dissertasiyalari yoqlandi. Ko‘p olimlarning ko‘plab ilmiy, ommabop maqolalari bosilib chiqdi. Bularning barchasi hazrat Maxdumi A’zamga bo‘lgan yuksak e’tibor va chuqur ehtiromning yorqin namunasidir.

Foydalanilgan adabiyotlar va Internet saytlari

  1. Шовосил Зиёдов, Қодирхон Маҳмудов. Ўрта асрларда яшаган машҳур самарқандлик алломалар. Ғ.Ғулом нашриёти. Тошкент-2019. 260 бет
  2. Убайдулла Уватов. Буюк юрт алломалари. O‘zbekiston.Тошкент-2016.- 424 б.
  3. www.arboblar.uz
  4. www.ziyouz.uz
  5. www.wikipedia.org

“Tillar” kafedrasi katta oqituvchisi Faxriddin Yernazarov tomonidan tayorlandi.

449670cookie-checkHazrat Maxdumi A‘zam – Naqshbandiya tariqatining peshvosi

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: