islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

TALOQ HOJAT EMAS ZARURATDIR

Boshqa hukmlar qatori, taloq masalasida ham Islom dini inson tabiatini e’tiborga olib ish tutadi. Chunki insonni Alloh subhaanahu va taolo yaratgan, unga nima mos kelishini ham Alloh taoloning o‘zi yaxshi biladi. Avvallari, boshqa masalalar qatori, taloq masalasida ham ayollar xorlanar, ularni inson o‘rnida ko‘rmas edilar. Ba’zilar xotinini xohlamay qolsa, boshqaga uylanib, uni qarovsiz qoldirar, na o‘zi xotin qilar va na boshqaga erga tegib ketishiga imkon berar edi. Yoki taloq qilib, iddasi yaqin qolganda yana qaytib, uni o‘yinchoq qilardi. Shu va shunga o‘xshash usullar bilan ayollarni o‘ta ayanchli hollarga solar edilar. Islom bunday xorliklarga chek qo‘ydi. Er kishiga faqat uch taloqning haqqini berdi va ayolni qiynamaslikka buyurdi. Ayni chog‘da ayolga “xulu’” haqqini ham berdi. Ya’ni ayol kishi eri bilan yashashni xohlamasa, qoziga arz qilib, ajrashib ketishiga imkon yaratdi. Hozirda ba’zi erlar o‘zlari va oilalariga baxtsizlik va mushkulot yo‘lini tutib, shariat hukmlariga xilof tarzda “taloq” so‘zini ko‘p va bo‘rttirib qo‘llash holatlari avj olmoqda. Aslida bu – ulkan ma’siyat va haddan oshishdir. Mahmud ibn Labid raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi shariflarda shunday deyilgan:

«أُخْبِرَ رَسُولُ اَللَّهِ صلى الله عليه وسلم عَنْ رَجُلٍ طَلَّقَ اِمْرَأَتَهُ ثَلَاثَ تَطْلِيقَاتٍ جَمِيعًا، فَقَامَ غَضْبَانَ ثُمَّ قَالَ: «أَيُلْعَبُ بِكِتَابِ اَللَّهِ تَعَالَى، وَأَنَا بَيْنَ أَظْهُرِكُمْ» حَتَّى قَامَ رَجُلٌ، فَقَالَ: «يَا رَسُولَ اللَّهِ أَلَا أَقْتُلُهُ»

(رَوَاهُ الإمَامُ النَّسَائِيُّ عَنْ مَحْمُودِ بْنِ لَبِيدٍ رضي الله عنه)

  ya’ni: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga xotinini uchta taloqni jamlab taloq qilgan kishi haqida xabar berildi. U Zot g‘azabnok holda o‘rnilaridan turib: “Men oldilaringizda bo‘lsam-u, Alloh taoloning Kitobi bilan o‘ynashiladimi?!”, – dedilar. U Zotning qattiq g‘azablanganlaridan hatto bir kishi o‘rnidan turib: “Yo Rasululloh, uni o‘ldiraymi?” – deb yubordi” (Imom Nasaiy rivoyatlari).Taloqni ermak qilish, bo‘lar-bo‘lmas sabablar bilan ayolni taloq qilaverish juda katta kulfatlarga, oilaviy baxtsizliklarga sabab bo‘lishini unutmasligimiz zarur.

Shariatda taloqqa ruxsat berilganiga sabablar ko‘p. Shulardan ikkitasini zikr qilib o‘taylik :

1.Faraz qilaylik, bir kishining xotini tug‘maslik kasaliga mubtalo bo‘lgan. U kishi o‘zgalarga o‘xshab, ortidan zurriyod qoldirishni xohlaydi. Ikki xotinni ushlab turishga esa imkoni yo‘q. Shunda avvalgi xotinini taloq qilib, farzand ko‘rishga layoqati bor ayolga uylanishi mumkin

2.Er-xotinning fe’l-atvorlari bir-birlariga to‘g‘ri kelmay qolib, o‘zaro nafratlari kuchayib, birga yashashning sira iloji qolmaganida taloq yordamga keladi va ikkovlarini bir-biridan qutqaradi. Taloqni Islomga ayb qilib taqaydigan G‘arb davlatlarining ko‘pchiligida hozirda o‘z dinlarining ahkomlariga qarshi chiqib, taloqqa ruxsat berilgan. Ba’zilar er kishining bir og‘iz so‘zi bilan taloq tushishini juda ham yengil hukm, hayotga jiddiy qaramaslik, deb tushunadilar.

Aslini olganda, bunday xavotirga asos yo‘q. Islom hayotga nihoyatda jiddiy qaraydi. Kattami-kichikmi, har bir inson o‘z so‘ziga javobgardir. Islomda har qanday so‘zning salmog‘i kattadir. Inson bir so‘z bilan mo‘min bo‘lib, bir so‘z bilan iymondan chiqadi, aqdi nikoh paytida kelin-kuyov bir og‘iz so‘z bilan er-xotin bo‘ladilar. Ular iyjob va qabulda aytiladigan “roziman” va “qabul qildim” so‘zlari bilan bir-birlariga halol bo‘ladilar. Shuningdek, birgina “taloq” so‘zi bilan aksincha bo‘lishi ham bor.

 Demak, hayotga jiddiyat bilan qarash har bir musulmonning burchidir. Jumladan, taloq masalasida ehtiyot bo‘lish ham har bir musulmon erkakning vazifasidir. Bo‘lar-bo‘lmas sabablarga ko‘ra ayolini taloq qilaverish musulmon shaxsga ravo emas.

Taloqni muboh qiluvchi sabablar va muboh tushunchasi

Lug‘aviy jihatdan “مُبَاحٌ” — ochiq, ruxsat berilgan, man qilinmagan degan ma’nolarni anglatadi.

Istelohda esa, faqihlar istelohida “muboh” — bu shari’at tomonidan amalda qilinishi uchun na buyurilgan va na man qilingan fe’ldir. Ya’ni, inson bu ishni qilsa ham, tark etsa ham mukofotga ega bo‘lmaydi, jazolanmaydi ham.

“Muboh — bu shunday amal bo‘lib, uni qilish yoki tark etish uchun hech qanday savob yoki gunoh yo‘q. Shariat u amalni insonlar uchun ochiq qoldirgan.”[1]

Ushbu ta’rifdan anglashiladiki, mubohlik — bu biror amal yoki fe’l ustida shariat tomonidan ixtiyor erkinligining tan olinishi bo‘lib, u inson tabiatiga mos, umumiy manfa’atni buzmaydigan va zarar keltirmaydigan fe’llarga tegishli bo‘ladi.

Imom Abu Bakr Jassos rahmatullohi alayhi o‘zlarining “al-Fusul fil-Usul” asarlarida quyidagi qoidani bayon qiladilar:

ٱلْأَصْلُ فِي ٱلْأَشْيَاءِ ٱلْإِبَاحَةُ مَا لَمْ يَرِدْ دَلِيلٌ عَلَى تَحْرِيمِهَا
Aslida narsalar mubohdir, agar ularni harom qiluvchi dalil bo‘lmasa[2].

Ya’ni, biror narsaning hukmi haqida shariatda ochiq dalil yo‘q bo‘lsa, u narsa o‘z holicha — muboh, deb hisoblanadi. Bu qoida hanafiy mazhabi asoslaridan biri bo‘lib, insonlarga har qanday yangi masala yuzasidan qaror chiqarishda shariat asosida erkin harakat qilish imkonini beradi.

Mulla Jaloliddin Muhammad ibn As’ad rahmatullohi alayhi o’zlarining “Nurul-anvor fi sharhi manor” kitoblarida shunday deydilar “

ٱلْمُبَاحُ: مَا لَا يَتَعَلَّقُ بِهِ أَمْرٌ وَلَا نَهْيٌ، بَلْ هُوَ مُخَيَّرٌ فِيهِ.

Muboh — shariat tomonidan na amr qilingan, na man etilgan amal bo‘lib, bu borada insonga tanlash imkoniyati berilgan”. Ya’ni, inson bunday amallarni qilsa ham, tark etsa ham, na savob, na gunoh yozilmaydi. Bunday holatlar shariatda inson ehtiyoj va foydasiga ko‘ra ochiq qoldirilgan.

Bu qoida usulul fiqhning muhim asoslaridan biri bo‘lib, ibohatul-asliyya (asl mubohlik) tushunchasini anglatadi. Ya’ni, biror narsa haqida Qur’onda, Sunnatda yoki ijmoda harom yoki makruh ekani haqida aniq dalil mavjud bo‘lmasa, u narsa halol va joiz hisoblanadi.

Ushbu qoida bevosita quyidagi Qur’oni karim oyatiga tayanadi

﴿هُوَ ٱلَّذِي خَلَقَ لَكُم مَّا فِي ٱلْأَرْضِ جَمِيعٗا﴾
“U Zot – sizlar uchun Yer yuzidagi barcha narsalarni yaratdi.”
(al-Baqara, 2:29)

 Ushbu oyatda Alloh taolo Yer yuzidagi barcha mavjudot va ne’matlar insonlar uchun yaratilganini ta’kidlaydi. Oyatning “خَلَقَ لَكُم” (sizlar uchun yaratdi) degan ifodasi, ulardan foydalanish inson ya’ni sizlar uchun muboh va joiz degan manoni bildiradi. Harom bo‘lishi uchun esa alohida dalil talab etiladi.

Yuqoridagi uṣuliy qoidalardan kelib chiqib, ulamolar taloqni ham aslan muboh hukmlar sirasiga kiritganlar. Ya’ni, shariatda taloq harom yoki farz deb qat’iy belgilanmagan, balki muayyan holatlarga qarab hukm kasb etuvchi muomala deb qaraladi.

Agar er va xotin o‘rtasida murosa yo‘qolib, birga yashash mushkul bo‘lib qolsa, lekin boshqa shariatga xilof sabablar bo‘lmasa, bu holatda taloq muboh bo‘ladi. Ya’ni, shariat unga ruxsat beradi, lekin targ‘ib qilmaydi.

«الطلاق مباح مع الكراهة عند عدم الحاجة.»
“Taloq, agar zarurat bo‘lmasa, makruh bo‘lsa-da, aslan mubohdir.”[3]

Agar hakamlar (murosachi tomonlar) nikohning saqlanishi mumkin emas, deb qaror qilsa, yoki er ayolini zo‘ravonlik bilan qiynasa, adolatli sud yoki muftiylar fikricha ajralish shart bo‘lsa — bu holatda taloq qilish vojib bo‘ladi.

«ويجب الطلاق عند تعذر العشرة ووقوع الضرر.»
“Yashash imkonsiz bo‘lsa va zarar voqe boladigan holat yuzaga kelsa taloq qilish vojib bo‘ladi.”[4].

Agar taloq haqsizlik bilan, gazabda, yoki ayolga ziyon yetkazish maqsadida berilsa, bu holatda taloq harom bo‘ladi. Jumladan, hayz paytida yoki poklikda yaqinlikdan keyin berilgan taloq.

«الطلاق في الحيض حرام بالإجماع.»
Hayzda taloq berishijmobilan haromdir.”[5]

Bunday taloq gunoh bo‘lsa-da, voqe boladi, ya’ni shariatda harom, bo’lsada eru xotin orasiga ajrim tushadi.

Agar er-xotin o‘rtasida muammo bo‘lmasa, ijobiy hayot davom etayotgan bo‘lsa, ammo er taloq bersa, bu makruh sanaladi. Chunki taloq eng yomon muboh ishdir

«أبغض الحلال إلى الله الطلاق.»
“Allohning huzurida eng yomon halol ish – bu taloqdir.” Bu hadis muboh ishlarning ham darajasi borligini ko‘rsatadi.

Ba’zida ajralish ikki tomon uchun ziyonni oldini olish maqsadida afzali (rojihi) bo‘lishi mumkin. Masalan, ayol dinga amal qilmaydigan bo‘lsa, bola tarbiyasiga salbiy ta’sir qilsa va maslahat yo‘qolgan bo‘lsa — bu holatda taloq mustahab bo‘ladi.

«الطلاق مستحب عند فساد الزوجة وخوف الفتنة.»
“Agar ayol buzuq bo‘lsa va fitna xavfi bo‘lsa, taloq qilish mustahab bo‘ladi.”[6]

Taloq (ajrashish) asl hukmi jihatidan muboh (joiz) hisoblanadi, lekin bu shart-sharoitga qarab mandub, makruh, harom yoki vojib holatga o‘tishi mumkin. Quyida taloq qilishning muboh bo‘lgan o‘rinlarini hanafiy fiqh ulamolarining izohlari asosida keltirib o‘tamiz:

1.Er va ayol o‘rtasida muomala buzilishi Er va xotin o‘rtasida uyg‘unlik bo‘lmasa, muhabbat, hurmat va sabr tugagan bo‘lsa, taloq halol bo‘lgan vaqtda qo‘llanishi mumkin:

الطلاق مباح عند الحاجة إليه.”

“Taloq zarurat paydo bo‘lsa, mubohdir.”[7]

 2.Ayol eriga itoat qilmasligi, oilaviy hayotni barbod qilishi Agar ayol doimiy ravishda itoatsizlik qilsa, oilaviy mas’uliyatlarni bajarmasa, bu holatda ham taloq joiz bo‘ladi:

فإن كانت المرأة تؤذيه، ولا يمكنه دفع أذاها إلا بالطلاق، فيجوز له ذلك.”

 “Agar ayol eriga ozor yetkazayotgan bo‘lsa va bu ozorni faqat taloq bilangina to‘xtatish mumkin bo‘lsa, taloq unga joizdir.”[8]

 3.Ayol farzand tarbiyasida mas’uliyatsiz bo‘lsa. Bola tarbiyasiga e’tiborsiz bo‘lgan, axloqan buzulgan ayollar bilan yashashda erga og‘irlik bo‘lsa, bu holatda taloq muboh bo‘ladi.

 4.Erning kuchli g‘azabini har doim uyg‘otadigan holatlarda. Agar erni muttasil holda jahlga soladigan, o‘zini tuta olmaydigan holatlar yuz bersa, bu ham ajrashish uchun yetarli ehtiyoj hisoblanadi.

5.Ayol jinsiy yaqinlikdan doimiy bosh tortsa Bu holat erning o‘z shahvati ustidan harom yo‘lga yo‘nalish xavfini tug‘dirsa, u holda taloq qilish muboh hisoblanadi.

6.Ayol doimiy noshar’iy xatti-harakatda bo‘lsa Ya’ni bid’at, fosiqlik, ichkilikbozlik yoki boshqa gunoh ishlar bilan shug‘ullansa. O‘zaro islohning barcha chorasi tugagan bo‘lsa Agar nasihat, hakam tayinlash, vaqtincha ajratish kabi Qur’onda ko‘rsatilgan barcha usullar foyda bermasa (Niso surasi, 34–35-oyatlar), bu holda taloq halol darajasida muboh bo‘ladi

Shariatda taloqqa ruxsat berilganiga sabablar ko‘p. Faraz qilaylik, bir kishining xotini tug‘maslik kasaliga mubtalo bo‘lgan. U kishi o‘zgalarga o‘xshab, ortidan zurriyod qoldirishni xohlaydi. Ikki xotinni ushlab turishga esa imkoni yo‘q. Shunda avvalgi xotinini taloq qilib, farzand ko‘rishga layoqati bor ayolga uylanishi mumkin. Yoki er-xotinning fe’l-atvorlari bir-birlariga to‘g‘ri kelmay qolib, o‘zaro nafratlari kuchayib, birga yashashning sira iloji qolmaganida taloq yordamga keladi va ikkovlarini bir-biridan qutqaradi. Taloqni Islomga ayb qilib taqaydigan G‘arb davlatlarining ko‘pchiligida hozirda o‘z dinlarining ahkomlariga qarshi chiqib, taloqqa ruxsat berilgan.

Qur’oni karimning pokiza va sharafli ko‘rsatmasiga binoan amal qilinsa ko‘cha va bozorda er-xotin janjalini tarqalishi o‘rniga xonadonning o‘zida u ixtilofga barham beriladi. Yaqin qarindoshlarning xayrxohligi sababli er-xotin o‘rtasida ittifoqlik va ahllik  paydo bo‘ladi. Yuqorida zikr qilingan Qur’oni karim oyatlaridan quyidagi foydalar olinadi:

  1. Qur’oni karim ikki tomondan er-xotinni yarashtirish uchun tayin qilingan shaxslarni hakam deb, atadi. Hakam janjalga chek qo‘ya olishi va hukm chiqarishga salohiyatli bo‘lishi lozim. Bu salohiyatlar ilmli va dindor shaxslarda bo‘ladi;
  2. Ikki hakamni yuborishdan maqsad er-xotin o‘rtasini isloh qilish bo‘lsin va ikki hakamni ikki yosh muxtor (nima hukm chiqarishsa men unga roziman degan tarzda) hakam qilib tayinlashsa, ya’ni u ikkisini uchinchi shaxs sifatida tayinlab, ular chiqargan hukmga rozimiz desalar. U ikki hakam ushbu vaziyatda muxtor hakam bo‘lib qoladilar. Natijada, u ikki hakam taloqga ittifoq qilsalar, taloq tushadi. Xulu’ yo biror suratga kelishsalar er-xotin u ikkisi tomondan chiqarilgan hukmga itoat qilishlari lozim bo‘lib qoladi. Bu Hasan Basriy (r.a.) va Abu Hanifa (r.a.) mazhablaridadir;
  3. Ikki hakam yaxshi niyatda va chin dildan u ikki er-xotin o‘rtasini yaxshi bo‘lishini xohlab ishga kirishishsa, albatta Alloh taoloning g‘oybiy madadi natijasida muvaffaqiyatga erishadilar.

   Zero, Alloh taoloni :“Agar ular islohni iroda qilsalar, Alloh er-xotinning orasini muvofiqlashtiradi” degan oyatida  g‘oyibiy madadga ishora bor.

     Hakamlarda yarashtirish istagi yo ixlos bo‘lmasa, er-xot orasida muvofiqlashish topilmaydi. Chunki, oyatda aniq va ravshan tarzda “Agar ular islohni iroda qilsalar, Alloh er-xotinning orasini muvofiqlashtiradi” deb, ta’kidlangan;

  1. Yuqorida kelgan ko‘rsatmalarning barchasi besamar ketsa, u ikki er-xotin orasidagi juda qattiq ziddiyat sababli dushmanlik paydo bo‘ladi. Natijada, nikoh rishtasi samara berish o‘rniga azob beradi. Bunday holatda nikoh rishtasini uzmaslik zulmdir. Aksincha, bunday o‘rinda nikoh rishtasini tugatish er-xotin va u ikkisi xonadoniga rohat hamda salomatlik bag‘ishlaydi. Bugungi oilaviy muammolarni hal qilishda yoshlarimizni ilmsizliklari, qur’on va hadisdan, zimmalaridagi mas’uliyat va vazifalaridan bexabarliklari yaqqol ko‘rinib turadi. Bilimsizliklari natijasi oilaviy muammolarini, Alloh taolo kalomida belgilab bergan tartibga ko‘ra va’z-nasihat, tushuntirishdan emas oxirgi chora taloqdan, kuch ishlatib, urib, kaltaklashdan boshlashadi. Bir kishi chiroyli gap aytgan ekan: “Afsonani oxirigacha yetkazish mumkin bo‘lmasa, yaxshisi uni tark qilish afzal”.

  Demak yuqoridaga oyat va hadislardan xulosa qilib aytamizki, shariatimizda ham erkakning ham ayolning haq – huquqlari himoyalangandir. Oila tinchlik, sakinat maskani bo‘lib oilaning har ikkala tomoni bu ne’matdan ayri holda yashay olmaydi. Shu e’tibordan erkak kishi ayoliga zulm qilmasin ayol ham eriga itoatsizlik qilmasin. Zimmalaridagi vazifalarga amal qilsin. Imkon bo‘lmaganda, taloqqa asosli sabab yuzaga kelganda yaxshilik bilan, qur’on va sunnatga muvofiq keyingi shariatning buyrug‘iga amal qilishga kirishishsin. Shunda hammasi adolatli va maqsadga muvofiq bo‘ladi.

“Imom Buxoriy” nomidagi Toshkent islom instituti 4-kurs 401-guruh talabasi Burxoniddinov Shamsiddin Lutfiddin o’g’li

[1] (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Usulul-Fiqh. – Toshkent: Hilol Nashr, 2012. – B. 95)

[2] Imom Abu Bakr Jassos. al-Fusul fil-Usul. 2-juz. – Bayrut: Darul-Kutub al-Ilmiyyah, 1414 H. / 1994 M. – B. 35.

[3] Burhoniddin Kosoniy. Badoi’us-sanoi 3-juz. – Bayrut Darul-Kutub al-Ilmiyya, 1406 hijriy / 1986 milodiy. – B. 120.

[4] Ibn Nujaym. Al-ashboh van-nazoir. – Bayrut: Darul-Kutub al-Ilmiyya – B. 95.

[5] Ibn Abidīn. Raddul-Muxtor ala durril-Muxtor 3-juz. – Bayrut: Darul-Kutub al-Ilmiyya, B. 231

[6]  Shurunbuloliy. Nur ul-izoh. – Bayrut: Darul-Kutub al-Ilmiyya, 1427 hijriy / 2006 milodiy. – B. 247.

[7]  Ibni Obidin Roddul-Muxtor. 3-juz. – Bayrut: Darul-Fikr, 1421 H. – B. 231.

[8]  Ibni Nujaym. Al-ashboh vann-nazoir. – Bayrut: Darul-Kutub al-Ilmiyya, 1311 H. – B. 95.

449850cookie-checkTALOQ HOJAT EMAS ZARURATDIR

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: