islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Mutaassiblik – din emas, johillikdir

Bugungi kunda ba’zilar o‘zini “dinga yaqin” deb bilsa-da, aslida dinning ruhini emas, faqat tashqi ko‘rinishini muqaddas sanaydi. Bunday kishilar ba’zida mutaassiblikka berilib ketadi. Ammo mutaassiblik — bu dinni tushunish emas, balki uni noto‘g‘ri talqin qilishdir.

Mutaassiblik nima?

Mutaassiblik — bu kishining o‘z fikri, qarashi yoki mezonini mutlaq haqiqat deb bilishi va boshqalarning fikrini inkor etishidir. Ayniqsa, dinga doir masalalarda bu holat xavflidir.

Rasululloh (s.a.v.) mutaassiblikdan ogohlantirganlar. U zot (s.a.v) aytganlar:

“Uch narsa halokatga yetaklaydi: xasislik, nafsga ergashish va kishi o‘zini haqli deb o‘ylashi.” (Tabaroniy rivoyati)

Mutaassib inson aynan shunday bo‘ladi: o‘zini doim haqli sanaydi, boshqalarga quloq solmaydi.

Islom bag‘rikenglik dini

Islom har doim o‘rtacha yo‘lni, adolat va hikmatni tanlagan. Rasululloh (s.a.v) hech qachon odamlarni kamsitmagan, rad etmagan, hattoki mushriklar bilan ham muomalada odobli bo‘lgan.

Alloh taolo Qur’onda aytadi:

“Rabbingning yo‘liga hikmat va chiroyli nasihat bilan da’vat qil…” (Nahl surasi, 125-oyat)

Bu hadis bugungi musulmonlarga ham muhim dars: odamlarni o‘zimizdan qochirish emas, dinni mehr bilan yetkazish kerak.

Bugungi kunda mutaassiblik qanday ko‘rinishda?

– Fikr bildirgan odamni darhol “bid’atchi” deb ayblash

– Diniy masalalarda ilmi bo‘lmasa-da, fatvo berish

– Boshqacha kiyingan, boshqacha ibodat qilganlarni haqorat qilish

 Ayniqsa, mutaassiblik bugungi globallashuv davrida yosh avlod uchun juda xavflidir. Yoshlarimiz bugun ilm-fan, texnologiya, san’at, tadbirkorlik va boshqa ko‘plab sohalarda yuksalishga intilayotgan, o‘z o‘rnini topishga harakat qilayotgan bir davrda, ayrim mutaassib guruhlar ularning e’tiborini chalg‘itishga, yo‘lidan burishga urinishmoqda. Ular yolg‘on g‘oyalarni haqiqat deb ko‘rsatib, yoshlar ongini zaharlaydi. Bu esa radikallik, bag‘rikenglikning yo‘qolishi va hatto zo‘ravonlikka olib keladi.

Shuning uchun har bir ota-ona, ustoz, imom, va jamoat vakili yoshlarni diniy savod bilan qurollantirishi, mutaassib g‘oyalar oldida himoyasini mustahkamlashi lozim. Yoshlarga chin dindorlik — ilm, sabr, odob, va bag‘rikenglik orqali bo‘lishini tushuntirishimiz kerak.

Bu holatlar dinni targ‘ib qilish emas.

Islom dini mutaassiblikka xayrxohlik bildirmaydi. Aksincha, teran o‘ylashga, boshqalarga nisbatan murosali bo‘lishga chaqiradi.

Islom dini poydevori bag‘rikenglik va yengillik asosiga qurilganini eslashimiz o‘rinlidir. Shu ma’noda, Imom Buxoriy (r.a) Abu Hurayra (r.a)dan rivoyat qilgan hadisi sharifda shunday deyiladi: “Albatta, din yengillikdir. Kim dinda chuqur ketsa, (din) uni yengadi”.

Yuqorida aytganimizdek, mutaassiblikning salbiy oqibatlari juda ham ko‘p. Jumladan, o‘zgalarga nisbatan tahqir va malomatlarni yog‘dirish, o‘zganing fikrini eshitmaslik hamda xolislikning yo‘qolishi natijasida haqiqatdan yuz o‘girish, kishilarni dindan bezdirish, musulmonlar orasida kelishmovchilikni chiqarish va bir qancha xatarlari mavjud.

Mutaassiblik dinga bo‘lgan muhabbatning belgisi emas. Bu — johillik bilan aralashgan haddan oshishdir. Islom bu yo‘ldan ogohlantiradi va mutaassiblikning har qanday ko‘rinishi, xususan, kishining o‘z fikrida murosasiz bo‘lishini qattiq qoralaydi. Zero, Alloh taolo Kalomi sharifida marhamat qiladi: “Alloh sizlarga yengillikni istaydi, og‘irlikni xohlamaydi” (Baqara, 185).

Alloh bizni mo’tadil, bag‘rikeng va odil musulmonlardan qilsin. Har bir harakatimizda ilm, hikmat va odob bo‘lsin

402-guruh talabasi Abdusalomov Hojimurod “Diniy mutaassiblik, mohiyat, maqsadlar va oldini olish yo’llari” kitobi asosida tayyorladi

449891cookie-checkMutaassiblik – din emas, johillikdir

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: