Annotatsiya
Maqolada islom ta’limotida avliyo tushunchasi, ularning sifatlari va ularga beriladigan karomatlar haqida so‘z yuritilgan. Qur’oni karim oyatlari, hadislar hamda mashhur ulamolar asarlarida keltirilgan dalillar asosida avliyolarning maqomi va ularga nisbatan Alloh taoloning inoyati yoritilgan. Karomatning lug‘aviy va istilohiy ta’rifi, uning turlari hamda tarixiy manbalarda zikr qilingan misollar o‘rganilgan. Shuningdek, sahobalardan sodir bo‘lgan karomatlar va keyingi avliyo zotlarning hayotidan dalillar keltiriladi. Ahli sunna val-jamoa aqidasiga ko‘ra, karomatlarning haqligi va ularga iymon keltirish zarurligi ilmiy asosda tahlil qilingan.
Kalit so‘zlar: Avliyo, karomat, valiy, aqida, mo‘jiza, taqvo.
Islom aqidasida “avliyo” va “karomat” tushunchalari alohida o‘rin tutadi. Qur’oni karimda Alloh taolo O‘zining do‘stlari – valiylarining dunyoda ham, oxiratda ham xavf-xatar va mahzunlikdan omon bo‘lishini xabar beradi. Ulamolarning izohlariga ko‘ra, avliyolar Allohga iymon va taqvo bilan yaqin bo‘lgan, doimo ibodat va zikr bilan band bo‘lgan solih kishilardir. Alloh taolo bunday bandalarini turli karomatlar bilan ikrom qiladi. Ushbu maqolada avliyo va karomat tushunchalari, Qur’on va hadisdagi dalillar, sahobalar va mashhur avliyolardan sodir bo‘lgan karomatlar hamda aqida ilmidagi o‘rni ilmiy yondashuv asosida tahlil qilinadi.
Karomat haqida so‘z yuritishdan oldin uning sohibi – egasi bo‘lgan “valiy” kim ekanligi haqida bilib olsak. “Valiy” so‘zi lug‘atda “yaqin”, “do‘st” degan ma‘noni bildiradi. Uning ko‘plik shakli “avliyo” bo‘ladi.
Alloh taolo Yunus surasi 62-64-oyatlarida O‘zining valiylari haqida shunday marhamat qiladi:
أَلَآ إِنَّ أَوْلِيَآءَ ٱللَّهِ لَا خَوْفٌ عَلَيْهِمْ وَلَا هُمْ يَحْزَنُونَ* ٱلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ وَكَانُوا۟ يَتَّقُونَ* لَهُمُ ٱلْبُشْرَىٰ فِى ٱلْحَيَوٰةِ ٱلدُّنْيَا وَفِى ٱلْـَٔاخِرَةِ ۚ لَا تَبْدِيلَ لِكَلِمَـٰتِ ٱللَّهِ ۚ ذَٰلِكَ هُوَ ٱلْفَوْزُ ٱلْعَظِيمُ
“Ogoh bo‘lingkim, Allohning do‘stlariga xavf yo‘qdir va ular mahzun ham bo‘lmaslar. Ular iymon keltirganlar va taqvo qilganlardir. Ularga dunyo hayotida ham oxiratda ham xushxabar bor. Allohning so‘zlarini o‘zgartirish yo‘q. Ana o‘sha buyuk yutuqdir.”
Oyatga e’tibor beradigan bo‘lsak dastlabki oyatda Allohning do‘stlari – valiylariga hech qanday xavf-xatar yo‘qligi aytilmoqda. Ularga bu dunyoda ham, oxiratda ham hech narsa xavf solmaydi. Ikkinchi oyatda esa ular ya’ni Allohning do‘stlari – valiylarining sifatlari keltirilmoqda: “Ular iymon keltirganlar va taqvo qilganlardir”. Ya’ni kimki iymonini mukammal qilgan holda Allohga taqvo qilsa – Uning aytganlarini qilib, qaytarganlaridan qaytib yashasa Allohning do‘sti bo‘lish sharafiga erishishi mumkin ekan. Keyingi oyatda esa mana shunday insonga beriladigan mukofot – dunyoyu oxiratdagi xushxabarning xabari berilmoqda.
Ulamolar “valiy” atamasiga shunday ta’rif berishgan: “Imkon qadar Alloh taoloni taniguvchi, toatlarda bardavom boʻluvchi, yomonliklardan saqlanuvchi, shahvatlarga berilishdan oʻzini olib qochuvchi, dunyodan yuz oʻgiruvchi, oxiratga yuzlanuvchi doimiy ravishda Robbisining zikrida boʻluvchi zot valiy deyiladi”.
“Islom an’anasida avliyolar qaysidir bir ishi, xizmati yoki xislati tufayli Allohga yaqin bo‘lib qolgan, duolari mustajob, solih, qobil, kamtar kishilardir”.
Mana shunday ma’siyatlardan chetlatib, toat-ibodatlarga yuzlanib, Alloh taoloning chegarasidan chiqmagan bandalarni Alloh taolo turli karomatlar bilan ikrom qiladi.
“Karomat” so‘zi lug‘atda “izzat-ikrom”, “qadr-qimmat”, “oliyjanoblik” degan ma’noni anglatadi. Istilohda esa “Alloh taolo O‘zi sevgan bandalariga qilgan izzat-ikromi karomat deyiladi”.
Karomat ikki xil boʻladi:
1. Jibilliy-tugʻma, tabiiy karomat;
2. Kasbiy-mehnat bilan erishiladigan karomat.
Birinchi turdagi karomat barcha insonlarga tegishlidir. Isro surasi 70-oyatda shunday marhamat qilinadi: “Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qoʻydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni Oʻzimiz yaratgan koʻp jonzotlardan afzal qilib qoʻydik”. Ya’ni odam farzandining boshqa maxluqotlardan afzalligi, barcha narsalar unga bo‘ysundirilib qo‘yilishi va unga berilgan turli imkoniyatlar, ne’matlar – Alloh taoloning unga bergan karomati – izzat-ikromidandir.
Ikkinchi turdagi – mehnat orqali erishiladigan karomat esa taqvodor mo‘minlarda hosil bo‘ladi. Oyati karimada keltirilganidek:
“Albatta sizlarning Alloh nazdida eng hurmatlirog‘ingiz – taqvodorrog‘ingizdir” (Hujurot, 13). Ya‘ni, taqvodor bandalar Alloh taolo nazdida eng hurmatli bandalardir va bu bandalariga izzat-ikrom ko‘rsatadi, turli karomatlar ila siylaydi. Qur’oni Karimda hamda bizgacha yetib kelgan xabarlarda bunday karomatlarni yetarlicha uchratishimiz mumkin. Bunga misol qilib Maryam onamiz qissasini keltirishimiz mumkin. Alloh taolo shunday xabar beradi:
“Zakariyyo har safar uning (Maryam onamizning) oldiga- mehrobga kirganida, uning huzurida rizq ko‘rardi. “Ey Maryam, senga bu qayerdan?!” dedi. U: “Bu Allohning huzuridan. Albatta Alloh xohlagan kishisiga behisob rizq berur,- dedi.” (Oli Imron, 37). Mana shunday, Alloh taolo xohlagan bandasini ne‘matlantirib qo‘yadi. Yana bu rizq yozda qish ne’matlari, qishda esa yoz ne‘matlari ila bo‘lar edi. Mana shu Bibi Maryamga ko‘rsatilgan izzat-ikrom, karomatdir.
Sahobalardan sodir bo‘lgan karomatlarga misol tarzida Hazrati Umar roziyallohu anhuning masjid minbarida xutba qilayotib birdan: “Ey, Soriya, toqqa, toqqa!”, deya qichqirishlari va bu ovozlarini oʻzga yurtda dushmanlar bilan urushayotgan, mag‘lubiyatga duchor bo‘lay deb turgan Soriyaning eshitib amal qilishi natijasida dushmanlar qurshovidan qutulib qolishlarini keltirishimiz mumkin.
Bundan tashqari yana bir sahoba Xolid ibn Valid roziyallohu anhuning zahar ichishlari, biroq zaharning u zotga mutlaqo ta’sir qilmaganligi ham Alloh Taoloning u kishiga bergan izzat-ikromi, karomatidandir. Bunga o‘xshash voqea Abu Dardo roziyallohu anhu bilan ham sodir bo‘lgan. “Hayotul hayavonil kubro” kitobida keltirilishicha unga bir cho‘risi qirq kun davomida zahar beradi, lekin unga hech ham ta‘sir qilmaydi. Bu holatdan ajablangan cho‘ri buning sababini so‘raganida, u zot yeyish-ichishdan oldin Allohni zikr qilishini, Allohning ismi bilan zikr qiluvchilarga hech narsa zarar bermasligini aytganlar.
Sahobalardan keyin ham ko‘plab avliyolar – Allohning sevimli bandalari o‘tgan bo‘lib, ular haqidagi ma‘lumotlarni Fariduddin Attorning “Tazkiratul avliyo” kitobida uchratishimiz mumkin. Asarda yuzga yaqin o‘tgan avliyolar, ularning qisqacha hayot yo‘llari, karomat va nasihatlari o‘rin olgan. Mana shu kitobda Allohning sevimli bandalaridan biri bo‘lgan Robiya Adaviya haqidagi quyidagi satrlarni o‘qishimiz mumkin:
“Shayx Hasan Basriy Robiyaning yoniga keldi. Suv ustiga joynamozini to‘shadi:
– Ikki rakat namoz o‘qiylik, – dedi.
Robiya o‘z joynamozini havoga tashlab, ustiga mindi va dedi:
– Ey ustoz, sening bu qilgan ishingni bir baliq ham qilur, mening qilganimni pashsha ham qilur. Bulardan ish bo‘lmas, yaxshi amal qilmoqda!”
Hasan Basriyning suv ustiga, Robiyaning havoga joynamoz to‘shashlari ularning karomatlaridandir. Ular ibodatgo‘y, Allohning valiylaridan bo‘lishgan.
Imomi A’zam Abu Hanifa rohmatullohi alayhining moturudiyya e’tiqodining asosini tashkil etuvchi mo‘tabar manba bo‘lmish “Fiqhul akbar” asarida quyidagicha keltiriladi:
و لآيات ثابتة للأنبياء و الكرامات للأولياء حق
“Mo‘jizalar paygʻambarlar uchun sobitdir va karomatlar avliyolar uchun haqdir”.
Sirojiddin O‘shiy rohmatullohi alayhning “Bad‘ul amoliy” asarida avliyolarning karomati haqida quyidagi bayt keltiriladi:
كرامات الولي بدار
لها كون فهم أهل النوال
“Dunyo diyorida valiylarning karomatlari, ularda (karomatlarda) mavjudlik bordir, chunki ular (valiylar) in’om ahlidirlar.”
“Aqoidun Nasafiy” asarida esa shunday deyilgan:
“Valiylar karomati haqdir. Uzoq masofani qisqa muddatda bosib oʻtish, muhtoj paytda oziq-ovqat, ichimlik va kiyimlarning paydo boʻlishi, suv ustida yurish, havoda uchish, jonsiz va tilsiz narsalarning gapirishi va bulardan boshqa narsalarni (Alloh taolo) valiyga gʻayrioddiy yoʻlga koʻra paydo qiladi. Ummatlaridan biriga karomat sifatida paydo boʻlgan ushbu narsalar paygʻambarga moʻjiza boʻladi. Chunki oʻsha karomat sababli uning valiy ekani zohir boʻladi. Valiy faqat va faqat oʻz diyonatida haqiqiy boʻlishi bilan valiy boʻla oladi. Uning diyonati esa paygʻambarining paygʻambar ekaniga iqror boʻlishidir”.
Imom Ibrohim al-Laqoniy o‘zining “Javharot at-tavhid” manzumasida avliyolarning karomati haqida quyidagi baytni keltirgan:
أثبتن للأوليا الكرامه
و من نفاها فانبذن كلامه
Ya’ni: “Avliyolar uchun karomatlar (bo‘lishi) ni tasdiqlagin, kim uni inkor qilsa uning gapini tark etgin.”
So‘fi Olloyor bobomiz esa o‘zining “Sabotul ojizin” kitobida ushbu bilimlarni barchasini umumlashtirib, baytlar orqali bayon etganlar:
Erur barhaq karomat avliyodin,
Inoyatdur valiylarg‘a Xudodin.
(Avliyolardan karomat sodir bo‘lishi haqdir. Bu narsa Alloh taolodan valiylarga berilgan inoyat – e’tibor va ikromdir).
Bu keltirilgan manbalar aqoid ilmidagi eng mashhur kitoblar bo‘lib, bulardan tashqari boshqa aqidaviy kitoblarda ham bu masala batafsil yoritilgan.
Xulosa
Islom aqidasi doirasida avliyo va karomat tushunchalari alohida ilmiy va amaliy ahamiyat kasb etadi. Qur’oni Karim oyatlari hamda hadislar asosida avliyolar Allohning irodasi ila tanlangan, taqvo va ibodatda sobit, mo‘minlarga o‘rnak bo‘ladigan zotlar ekani aniq bo‘ladi. Karomat esa ular orqali Allohning qudrati va hikmatining namoyon bo‘lishidir. Demak, karomat avliyoning o‘zida mavjud bo‘lgan mo‘jizaviy kuch emas, balki Alloh taoloning inoyati va fazlidir.
Shu bois ahli sunna val-jamoa aqidasiga mansub barcha ulamolar karomatlarning haqligini e’tirof etgan va uni islom e’tiqodining tarkibiy qismi sifatida qabul qilganlar. Ularning fikricha, karomatlarning mavjudligini inkor etish — Allohning qudratini chegaralash va u Zotning irodasini inkor qilishga olib keladi. Bu esa aqidaviy jihatdan katta xato hisoblanadi. Biz ham karomatlar haqligiga iymon keltirishiz lozimdir. Ularni inkor qilish – agar u Kitob bilan sobit bo‘lsa kufrdir.
Tarixiy manbalardan ma’lum bo‘lishicha, sahobalardan tortib keyingi avliyo zotlargacha bo‘lgan ko‘plab kishilar hayotida karomatlar sodir bo‘lgan. Ularning barchasi Qur’on va hadisdagi dalillar bilan mustahkamlangan holda musulmon ummati orasida e’tirof etilgan. Bu dalillar esa avliyolarning ijtimoiy hayotdagi o‘rni, musulmonlar orasidagi ruhiy-ma’naviy ta’sirini yuksaltirgan.
Xulosa qilib aytganda, avliyolar va ularning karomatlari musulmonlarning e’tiqodini mustahkamlovchi, Allohga bo‘lgan iymonini kuchaytiruvchi va taqvoga rag‘batlantiruvchi omillardan biridir. Karomatlarni to‘g‘ri tushunish mo‘min-musulmonlarga Allohning qudratini chuqurroq anglashga, diniy e’tiqodini sobit tutishga hamda islom aqidasining sof holda saqlanishiga xizmat qiladi. Shu jihatdan ushbu mavzuni ilmiy asosda o‘rganish, Qur’on va hadislar talqini bilan boyitish hamda ulamolarning izohlarini tahlil qilish bugungi kunda ham dolzarb ahamiyatga egadir.
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti 403-guruh talabasi Saydillayeva Jannnatxon
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
1. Abdulqodir Abdurahim o‘g‘li. E’tiqod durdonalari. “Bad’ul amoliy” sharhi. – T.: “Sharq”, 2016.
2. Abu Hafs Sirojiddin Umar ibn Is’hoq G‘aznaviy. Sharhu aqidati imom Tahoviy. – Qohira: “Darotul Karaz”, 2009. – B. 170.
3. Ahmad ibn Muhammad Al-Molikiy As-Soviy. Sharhus-soviy ala javharotit-tavhid. – Daru ibn Kasir, Damashq–Bayrut. – B. 344.
4. Aydarbek Tulepov. Islom va aqidaparast oqimlar. – T.: “Sharq”, 2014. – B. 536.
5. Fariduddin Attor. Tazkirat ul-avliyo. – T.: “G‘afur G‘ulom”, 2012.
6. Muhammadbobur Muhiddinov. Payg‘ambarlar mo‘jizalari va sahobalar karomatlari. – T.: “Sharq”, 2020. – 320 b.
7. Mulla Ali ibn Sulton Muhammmad. Fiqh ul-akbar sharhi. – T.: “Movarounnahr”, 2017. – 280 b.
8. Rashid Zohid. Rovayihur rayhon. So‘fi Olloyorning “Sabotul ojizin” sharhi. – T.: “Sharq”, 2018. – 480 b.
9. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Qur’oni Karim va o‘zbek tilidagi ma’nolar tarjimasi. – T.: “Hilol-Nashr”, 2020. – 632 b.