Farzand oila deb atalmish bog‘ning shirin mevasi, ota-onaning ko‘z quvonchi, suyanchi va orzu-umididir. Har bir ota-ona farzandidan yaxshi nom qolishini, jamiyatga va insonlarga foydasi tegadigan, ota-onasiga faqat rahmat eshittiradigan inson bo‘lishini istaydi.
Solih farzand tarbiya qilish ota-ona uchun mas’uliyati yuksak, sabr va mashaqqat talab qiladigan vazifadir. Farzand tarbiyasi har doim, har zamonda dolzarb masala bo‘lib kelgan. Chunki millat kelajagi, davlat taraqqiyoti farzandlarning nechog‘lik tarbiyali va bilimli ekanligiga bog‘liq.
Islom dinida farzand tarbiyasi borasida qator ko‘rsatmalar berilgan. Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning bolalarga e’tiborlariga nazar tashlasak, bugungi tarbiya bilan bog‘liq muammolarga ham yechim topamiz. Zero, u zot butun insoniyatga yuborilgan buyuk muallim edilar.
Islomda farzand tarbiyasi hali u tug‘ilmasidan oldin boshlanadi. Solih farzand o‘stirmoqchi bo‘lgan ota eng avvalo o‘ziga soliha juft tanlashi kerak. “Soliha ayol erining dinining yarmidir”, deb bejizga aytilmagan. Chunki farzand tarbiyasi bilan asosan ona shug‘ullanadi. Bu esa otaning farzand oldidagi birinchi burchidir.
Ikkinchi burchi – bolaga go‘zal ism qo‘yish. Bola ulg‘aygach o‘z ismidan uyalmasligi uchun unga ma’nosi go‘zal ism berish lozim.
Uchinchi burchi – unga dinini tanitish va go‘zal tarbiya berish. Bu bolaning ma’naviyatini belgilab, haqiqiy inson bo‘lib voyaga yetishiga xizmat qiladi.
To‘rtinchisi – voyaga yetganda uylantirish yoki turmushga berish. Islom dini farzandni o‘z holiga tashlab qo‘ymaydi. Farzand harom yo‘llarga adashib ketmasligi uchun ota uni halol nikoh bilan uylantirishga mas’uldir.
Farzandga go‘zal tarbiya berishda buyuk namuna Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdirlar. U zot sahobalarni jaholat botqog‘idan olib chiqib, ularni insonlarning eng sharaflilari bo‘lishlariga sababchi bo‘lgan zot edilar.
Quyida Payg‘ambarimizning tarbiya borasidagi ba’zi uslublarini keltiramiz:
1. Mehr
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam hammaga birdek mehribon edilar. U zotning suhbatida bo‘lgan kishi o‘zini eng suyukli sahobadek his qilardi. Ayniqsa, bolalarga juda ham mehribon bo‘lganlar. Bolaga mehr ko‘rsatmasdan tarbiya berib bo‘lmaydi. Mehr berib, yaxshi ko‘rish orqali bolaning ishonchini qozonsangiz, nasihatlaringiz ham samarali bo‘ladi.
Anas ibn Molik raziyallohu anhu aytadilar:
“Suyukli Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning Madinaga kelgan kunlarini ham, vafot etgan kunlarini ham ko‘rdim. Musulmonlar birinchisidek quvonchli, ikkinchisidek qayg‘uli kunni ko‘rmagan edilar.”
2. Duo qilish
Asl tarbiyachi – Alloh taolodir. Ota-ona esa sababchidir. Shu bois ota-onalar farzandlarining tarbiyasi chiroyli bo‘lishini so‘rab Allohga duo qilishlari kerak.
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam amakilari Abbos raziyallohu anhuning farzandlari Abdulloh tug‘ilganda, “Allohim, uni dinda faqih qil”, deb duo qilgan edilar. Keyinchalik ham Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhuga ko‘p bora shunday duo qilganlar. Ana shu duoning ijobati bilan hazrat Abdulloh “Ummatning olimi, ilm daryosi” bo‘ldilar.
Qur’onda ham ota-onalarga farzandlari uchun duo qilish o‘rgatilgan. Masalan:
Furqon surasi, 74-oyat:
رَبَّنَا هَبْ لَنَا مِنْ أَزْوَاجِنَا وَ ذُرِّيَّاتِنَا قُرَّةَ أَعْيُنٍ وَ اجْععَلْنَا لِلْمُتَّقِينَ إِمَامًا
“Parvardigoro, bizga juftlarimizdan va zurriyotlarimizdan ko‘z quvonchini ato et va bizlarni taqvodorlarga peshvo qilgin.”
Ibrohim surasi, 40-oyat:
رَبِّ اجْعَلْنِي مُقِيمَ الصَّلَاةِ وَمِنْ ذُرِّيَّتِي رَبَّنَا وَتَقَبَّلْ دُعَااءِ
“Robbim, meni va zurriyotlarimni namozni to‘kis ado etadiganlardan qilgin. Robbimiz, duoni qabul etgin.”
3. Allohni tanitish
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhuga shunday dedilar:
“O‘g‘lim, senga foydali va Alloh taoloni rozi qiladigan amalni o‘rgataymi? Sen Alloh haqini qanday asrasang, U ham seni shunday asraydi. Baxtli paytingda Uni unutmasang, og‘ir kuningda yordamga keladi.”
Bu so‘zlarni aytilgan paytda Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhu yosh bola edilar. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam vafot etganlarida ularning yoshi o‘n uch, o‘n to‘rtlarda edi. Demak, bola aqlini taniy boshlagan paytdan unga Allohni tanitishga harakat qilish kerak.
Ota-onalar Qur’on tilovati, duo, zikr va virdlarni farzandlarini bag‘riga olib ado qilsalar, bu ular uchun ham ta’lim bo‘ladi, ham barakoti bolaga ta’sir qiladi. Ovqatlanayotganda, suv ichayotganda ham Allohning nomini tilga olish bola ongiga Yaratganni eslatib turadi.
Ruhiy tarbiya olimlari bola tilidan birinchi bo‘lib “Alloh” degan so‘z chiqishini afzal bilganlar. Onalar alla aytayotganda ham Alloh nomini zikr qilsalar, bola qulog‘iga singadi.
4. O‘rgatmoqchi bo‘lgan narsani qilib ko‘rsatish
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam tahorat, namoz kabi amallarni shaxsan o‘zlari qilib ko‘rsatib o‘rgatganlar. Ota-onalar ham farzandlariga biror vazifani buyurishdan oldin o‘zlari qilib ko‘rsatishlari kerak. Keyin esa o‘sha vazifani buyurganda undan mukammal darajada emas, asta-sekin o‘rganishni kutish lozim.
5. Ayblamaslik
Anas ibn Molik raziyallohu anhu aytadilar:
“Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga to‘qqiz yil xizmat qildim. Bir marta ham: ‘Nega bunday qilding?’ yoki ‘Nega shuni qilmading?’ deganlarini eshitmadim.”
Farzandlarni doimiy ayblayverish ularni o‘ziga ishonchsiz, mustaqil qaror qila olmaydigan qilib qo‘yadi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam sahobalarga vazifa yuklaganlarida ularning qobiliyatlarini inobatga olganlar. Uddalay olmagan sahobaga esa qattiq tanbeh bermasdan, boshqa kishiga topshirganlar.
6. Bosqichma-bosqichlik va davomiylik
Jundab ibn Abdulloh raziyallohu anhu aytadilar:
“Biz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bilan birga edik. Biz balog‘atga yetgan ikki o‘spirin edik. U kishi bizga avval iymonni, so‘ng Qur’onni o‘rgatdilar. Shuning uchun iymonimiz yanada mustahkam bo‘ldi.”
Alloh taologa eng maqbul amal oz bo‘lsa ham davomli qilinadigan amaldir. Tarbiya ham xuddi shunday: davomiylik katta natijalarga olib keladi.
7. Tarbiyani muntazam olib borish
Tasavvuf olimi Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy aytadilar:
“Bolaga tarbiyani kecha-yu kunduz davomida berishning eng yaxshi usuli unga anbiyolar, sahobalar, solihlar va avliyolardan qissalar aytib berishdir.”
Ota-onalar u zotlarning muborak nomlarini hurmat bilan tilga olib, ularga bo‘lgan muhabbatlarini izhor qilsalar, bu bolaga katta ta’sir qiladi. Bola asta-sekin ularga o‘xshashni xohlashni boshlaydi.
Yuqoridagilar Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning tarbiya borasidagi ba’zi uslublaridir. U zotning hayotlarini o‘rgansak, bundan ham ko‘proq ibrat va o‘gitlarni olishimiz mumkin. Payg‘ambarimizning tarbiyalari tufayli sahobalar insonlarning eng sharaflilari bo‘ldilar. Ular Islom bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarib, har bir sohada peshqadam bo‘ldilar.
Toshkent islom instituti talabasi Tojiboyeva Gulnora