Imom al-Buxoriy hadis talabida o’zga yurtlarga rihlat qilgan dastlabki vaqtlaridayoq sahih hadislarni to’plab bir kitob qilmoq orzusida bo’lganlar. Al-Hofiz ibn Hajar: “Imom al-Buxoriyning mazkur kitobni yozishga bo’lgan azmi qarorlariga hadis va fiqh bobida mo’minlar amiri bo’lmish uztozlari Ishoq ibn Rohvayhning “Rasullulloh sollallohu alayhi va sallamning muborak sunnatlaridan iborat bir muxtasar to’plam yaratsangizlar edi!” degan so’zlari quvvat baxsh etdi”-deydilar. Bu xususda Imom al-Buxoriyning o’zlari:
“Ustozimning ana shu so’zlari qalbimga chuqur o’rnashib qolib, “Al-Jomi’ as-Sahih”ni yozishga kirishdim”-degan ekanlar. Ul kishi yana bunday deb aytgan ekanlar: “Men tushimda Rasullulloh sollallohu alayhi va sallamni ko’rdim, ul zotning ro’paralarida turib, yelpig’ich bilan muborak yuzlaridan nimanidir haydayotgan emishman. So’ng men bir ta’birchidan so’rab edim, u: “Siz Janob Rasulullohdan yolg’onni haydaysiz”-dedi. Ana shu tushim meni “Al-Jomi’ as-Sahih” ni yozmoqqa ilhomlantirdi.”[1]
Al-Farabriy: “Men Imom al-Buxoriyning bunday deb aytganlarini eshitganman”-deydilar: “Men “As-Sahih” nomli kitobimga g’usl qilib, ikki raka’t namoz o’qimay turib birorta ham hadisni kiritmadim”.[2]
Imom al-Buxoriy yana bunday deb aytgan ekanlar: “Men “Al-Jomi”ni olti yuz ming hadisdan (sahihlarini saralab olib) o’n olti yilda tasnif etdim va uni o’zim bilan Alloh taolo o’rtasidagi (ahdu paymonga vafo qilganimning) dalili qildim”.
Umar ibn Muhammad ibn Bajyr al-Bajiyriy as-Samarqandiy Imom al-Buxoriyning bunday deb aytganlarini eshitgan ekanlar: “Men “Al-Jomi” ni Al-Masjid al-Haramda yozdim va avval Alloh taolodan nusrat tilamay, ikki raka’at namoz o’qimay hamda sah ihligiga amin bo’lmay turib unga birorta ham hadisni kiritmadim.”
Al-Hofiz ibn Hajar bunday deydilar: “Imom al-Buxoriyning “Men “Al-Jomi”ni Al-Masjid al-Haramda yozdim” degan so’zlarini tom ma’noda tushunmaslik kerak. Chunki ul kishi “Al-Jomi” ning qoralama nusxasini yurtma-yurt kezib yurgan chog’larida yozganlar, Al-Masjid al-Haramda esa uni tahrir qilib, oqqa ko’chirganlar. So’ng unga kiritilgan hadislarni o’z yurtlari va bo’lak mamlakatlardagi ilm ahli e’tiboriga havola qilishga kirishganlar. Bunga Imom al Buxoriyning “Men “Al-Jomi” ni olti yilda tasnif etdim” degan so’zlari dalildir. Chunki, ul kishi o’ng olti yil davomida Makkada muqim turmaganlar”.
Ibn Adiy bir guruh shayxlarning ana shu xususdagi xabarlarini quyidagicha rivoyat qiladilar: “Darhaqiqat, Imom al-Buxoriy o’z to’plamlarini Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning muborak qabrlari bilan minbarlari oralig’ida o’ltirib fiqhiy mavzularga (bob va kitoblarga) ajratganlar, ya’ni hadislarning turkum-turkum qilib ajratib, ulardan muayyan fiqhiy xulosalar chiqarganlar. Shunda ul kishi har bir fiqhiy mavzuni tahrir qilib, tartibga keltirishdab burun ikki raka’at namoz o’qiganlar”. Bu ma’lumot Al-Hofizning yuqoridagi gaplariga zid emas, chunki u Imom al-Buxoriyning avval to’plamning qoralama nusxasini yozib, so’ng uni Al-Masjid al-Haramda oqqa ko’chirganlarini inkor etmaydi.
Abdulquddus ibn Humom bunday degan ekanlar: “Men bir necha shayxlarning: “Imom al-Buxoriy Rasululloh sollallohu ayalhi va sallamning muborak qabrlari bilan minbarlari oralig’ida o’ltirib, o’z to’plamlariga fiqhiy mavzular ishlab chiqqanlar”- deganlariga shohidman”.
Ayrim ulamolar (masalan, Abulfazl Muhammad ibn Tohir al-Maqdisiy) bu xususda turlicha fikr bildirishgan. Chunonchi, ulardan ba’zilari “To’plamni Buxoroda yozganlar” desa, ayrimlari “Makkada”, boshqalari “Basrada” yozilgan deyishadi. Bularning barisi to’g’ri, boisi ul kishi zikr qilingan shaharlarning har birida bo’lib, to’plamlarni ulardan birida yozishga kirishganlar, ikkinchisida esa davom ettirganlar va shu tariqa uni yozib tugatganlar.
Toshkent islom instituti
401-guruh talabasi
Turg’unboyev Anvarjon