islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Usulul fiqh ilmi tarixi va rivojlanishi

Usulul fiqh ilmi sharʼiy ahkomlarni chiqarib olish qoidalarini oʻrgatuvchi moʻtabar ilm boʻlib, eng nozik va ahamiyatli ilmlardan biridir.

Usulul fiqh ilmi ijtihodning aslini, sharʼiy fahmdagi tayanchini, uning hujjatini toʻgʻri tushunishni va sharʼiy ahkomlarni bilishni eng daqiq oʻlchovlarigacha oʻrgatuvchi asos ilmlardandir.

Usulul fiqh dastavval fiqh fani tarkibida Iroqda II-III asrda shakllana boshlagan boʻlsa, keyingi asrda aynan movarounnahrlik olimlar saʼy-harakati bilan rivojlanib, mustaqil fan sifatida taraqqiy topgan. Ulardan Abu Zayd Ubaydulloh Dabusiy (vaf. 1038 yil), Faxrul islom Pazdaviy (1010-1089) va Shamsul aimma Muhammad Saraxsiy (1009-1090) kabi faqihlarning usulul fiqh ilmi taraqqiyotidagi xizmatlari ulkan boʻlib, ilm ahli tomonidan “uch ustun” (arkon as-salasa) deb eʼtirof etilgan.

Usulul fiqh ilmining tarixiy taraqqiyoti davomida uch uslub, yoʻnalish shakllangan. Ular “Faqihlar yoʻnalishi” nomi bilan ataluvchi hanafiylik, “Mutakallimlar yoʻnalishi” bilan nomlanuvchi shofeʼiylik va ularning birikuvi hamda muvofiqlashuvi asosida shakllangan “muhaqqiqlar yoʻnalishi” uslublaridir.

Usulul fiqhga oid bizgacha yetib kelgan asarlarning eng qadimgisi Muhammad ibn Idris Shofeʼiy (767-820) qalamiga mansub “Risola” asari hisoblanadi. Shofeʼiy mazhabi usulul fiqhi mazkur asar asosida shakllangan boʻlib, “mutakallimlar yoʻnalishi” deb nomlangan. Farqli ravishda hanafiy mazhabi asoschisi Abu Hanifa va uning shogirdlari – Abu Yusuf, Muhammad ibn Hasandan fiqhning “usul” tarmogʻiga oid biror asar keyingi avlodga yetib kelmagan. Balki ulardan qolgan asarlar furuʼul fiqhga oid boʻlib, eng asosiylari “Zohirur rivoya” toʻplamiga kiruvchi olti asardir. Mazkur olti asar Muhammad ibn Hasan Shayboniy qalamiga mansub boʻlib, ularda Abu Hanifa va uning shogirdlari tomonidan berilgan fatvolar, aytilgan sharʼiy masala va ahkomlar jamlangan. Hanafiy usuli va nazariy qoidalari mazhabboshilardan keyingi ikki asr davomida mazkur olti asarda mavjud ijtihodlar, fatvolar va ahkomlar asosida shakllantirilgan. Shuning uchun hanafiylik usulida farʼiy-fiqhiy masalalarga nisbatan koʻp murojaat etiladi.

Usulul fiqh ilmi VIII asrdan boshlab mustaqil fan sifatida shakllandi va faqihlar tomonidan katta e’tibor bilan o’zlashtirila boshlandi. Ushbu davrga qadar u fiqh ilmining bir qismini tashkil qilardi. Eng gullab-yashnagan davri IX-XIV asrlarga to’g’ri kelib bu davrlarda Movaraunnahrdan yetishib chiqqan yirik faqihlar Abu Ibrohim Ishoq ibn Ibrohim Shoshiy, Abu Mansur Moturidiy Samarqandiy, Qaffol Shoshiy kabi yirik faqihlar mazkur soha rivojiga katta hissa qo’shdilar va bu sohada ko’plab asarlar yozdilar.

Mohibonu BARAKAYEVA,

4-kurs talabasi

440400cookie-checkUsulul fiqh ilmi tarixi va rivojlanishi

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: