Tarixning sahifalari shunchaki sanalardan iborat emas. Ba’zida ularning bag‘rida shunday voqealar yashiringanki, ular insoniyat xotirasida asrlar bo‘yi saqlanadi. Bugungi zikr qiladiganimiz Mo‘ta jangi ham nafaqat islom tarixida, balki, jahon zarvaraqlarida o‘chmas iz qoldirgan muhim voqealardan hisoblanadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hudaybiya sulhi orqali qurayshliklar va ularning tarafdorlari bilan tinchlik o‘rnatishga erishganlaridan so‘ng, dunyo hukmdorlariga maktublar yozib ularni islomga da’vat qila boshladilar. Ana shunday maktublardan birini Horis ibn Umayr al-Azdiy ismli sahobaga berib uni Rum imperatorligiga tobe Busro amiri Shurahbilning huzuriga yubordilar. Shurahbil asli arab nasroniylaridan bo‘lib, Shom hududlarida hukmronlik qilsa-da, lekin Rum imperatoriga suyanib ish ko‘rardi. U Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning islomga chaqiriqlariga javob bermadi, yetmaganiga elchi qilib yuborilgan Horis ibn Umayrni qatl qiladi.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam elchining o‘ldirilganini eshitganlarida qattiq ranjiydilar. Zero, shu vaqtgacha yuborgan birorta elchilari o‘ldirilmagandi. Bu islomga qarshi ochiqdan-ochiq tajovuz ma’nosini ifoda qilar edi. Qolaversa, elchining o‘ldirilishi millatlararo odat va axloq tamoyillariga zid ish hisoblanardi. Shu boisdan bu chirkin ishga munosib javob berish zarurati tug‘ildi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zudlik bilan uch ming sahobani jangga hozirlaydilar. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu rivoyat qilishicha, dastlab qo‘mondan etib ozod qilgan qullari Zayd ibn Horisani tayinlaydilar, so‘ngra shunday deydilar: “Agar Zayd o‘ldirilsa, Ja’far, agar Ja’far o‘ldirilsa, unda Abdulloh ibn Ravoha bo‘lsin”. Mana shu yerda islomda insonlar orasidagi tenglik go‘zal tarzda namoyon bo‘lgan. Negaki, bir vaqtlar qul bo‘lib keyin ozod bo‘lgan Zayd roziyallohu anhunu o‘zlaridan nasab va tabaqa jihatidan ustunroq bo‘lgan kishilarga boshliq qilib yuborilishlari nasabi ila faxrlanib yuradigan arablarga saboq bo‘lgan. Shunday qilib Zayd ibn Horisa boshchiligidagi uch ming kishilik qo‘shin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko‘rsatma berganlaridek elchi Horis roziyallohu anhu qatl qilingan Mo‘ta qabilasigacha yetib keladi.
Musulmon qo‘shinining yo‘lga tushganini eshitgan Shurahbil darhol Rum imperatoridan yordam so‘raydi va yuz mingi rum, yuz mingi arablardan tarkib topgan ikki yuz minglik qo‘shin to‘plashga muvaffaq bo‘ladi. Musulmonlar qarshilarida bu darajadagi ulkan qo‘shinning yig‘ilganidan sarosimaga tushadilar. Axir, ikki yuz minglik qo‘shinga qarshi uch ming kishi nima ham qila olardi? Tomonlar o‘rtasidagi tafovut misli ko‘rilmagan darajada edi. Sahobalar darhol maslahat qildilar: Madinaga qaytib yordam oladilarmi yoki yengib bo‘lmas dushman bilan jangga kiradilarmi? Shunda asli shoir bo‘lgan Abdulloh ibn Ravoha roziyallohu anhu bu yerga buyuk maqsadda kelganlari, shahidlik darajalari haqida aytib musulmonlarni shijoatlantiradi.
Harakat boshlandi va Mo‘ta atrofida ikki qo‘shin to‘qnashdi. Qo‘mondon Zayd roziyallohu anhu eng birinchilardan bo‘lib dushmanga qarshi otildi. O‘lim uni qo‘rqita olmasligini mardonavor jangi ila isbotladi. Biroq, Qur’oni karimda ismi zikr qilingan yagona sahoba dushmanning nayzalari orasida shahid bo‘ladi. Undan keyin darhol Ja’far ibn Abu Tolib roziyallohu anhu bayroqni qo‘liga oldi. U ham dushmanni zir titratib jang qila boshladi. Birdan dushmanning qilichi o‘ng qo‘lini kesib ketadi. Ja’far roziyallohu anhu chap qo‘li bilan bayroqni tutib jangni davom ettiradi. Ko‘p o‘tmay chap qo‘li ham kesiladi. Bayroqni butun tanasi bilan tutishga urinar ekan, u ham qilichlar orasida jon taslim qiladi. O‘ttiz uch yoshida to‘qsondan ortiq jarohat bilan Ja’far roziyallohu anhu ham shahid bo‘ladi.
Endi qo‘mondonlik navbati Abdulloh ibn Ravoha roziyallohu anhuga keladi. Abdulloh roziyallohu anhunu dastlab qo‘rquv va sarosima chulg‘ab oladi. Lekin tez fursatda o‘zlarini qo‘lga olib, nafslarini malomat qila-qila bu kishi ham jang maydonida jasorat bilan jang qiladi va shahidlik maqomiga yetadi.
Uchala qo‘mondonidan ham ayrilgan islom lashkarini umumiy xavotir va sarosima o‘rab oldi. Shunda qo‘shin orasida jang qilayotgan Sobit ibn Aqrom ibn Sa’laba yerdan bayroqni ko‘taradi va musulmonlarga yangi sarkarda tayinlash zaruriyati haqida aytadi. Sahobalar o‘zing bo‘lgin deyishganida, u qabul qilmaydi. Keyin esa safda tarqoqlik kuchayib borayotgan bir vaqtda Xolid ibn Valid roziyallohu anhuni sarkarda qilib tayinlashga kelishadilar. Xolid ibn Valid roziyallohu anhu uchun Mo‘ta jangi musulmonlar safidagi ilk katta jang hisoblansa-da, bunga qadar boshqa jang maydonlarida ko‘p tajriba yig‘gani bois tezda islom lashkarini markazlashtirishga erishadi. Safdagi o‘rinlarni almashtirish orqali dushmanda musulmonlarga qo‘shimcha madad kuchlari kelibdi, degan fikrni uyg‘ota oladi. Dushmanga katta talofat yetkazish barobarida musulmonlarni sog‘-omon ortga qaytarish imkonini yaratadi. Shu tariqa Xolid ibn Valid roziyallohu anhu islom uchun juda katta talofatning oldini olib qoladi.
Mo‘ta jangining eng qizg‘in pallasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidda, minbarda ekan vaqtlarida ajoyib mo‘jiza yuz beradi: Alloh taolo zamon, makon, masofa tushunchalarini yo‘qotib, O‘z elchisiga jang maydonini ko‘rsatib turar edi. Payg‘ambar sollalohu alayhi vasallam jang maydoniga boqib: – Zayd bayroqni qo‘liga oldi. Hozir Zayd shahid bo‘ldi. So‘ngra Ja’far oldi. U ham shahid bo‘ldi, − deya marhamat qildilar. Rasuli akram shularni bir-bir aytar ekanlar, ikki ko‘zlaridan yoshlar oqar edi. – Nihoyat bayroqni Allohning qilichlaridan biri qo‘liga oldi. Alloh muhojirlarga fathni muyassar qildi! − dedilar.
Hijratning 8-yili bo’lib o‘tgan ushbu jangda musulmonlardan jami o‘n ikki kishi shahid bo‘ldi. Bu jangda ham harbiy, ham ma’naviy g‘alabaga erishildi. Zero, uch ming kishining ikki yuz minglik ulkan qo‘shin bag‘ridan kam talofat ila qaytishi mo‘jizadek gap edi. Iymon va kufr o‘rtasida bo‘lgan bu tengsiz muhorabada oz sonli ammo buyuk qalbli mo‘minlar dunyo saltanatining qudratiga qarshi turdilar. Sahobalarning iymon yo‘lida hattoki o‘limni ham rozi bo‘lib qabul qilishlari eng buyuk ma’naviy zafardir!
Alloh ulardan rozi bo‘lsin!