“Tovali-ul anvor” asari muallifi shayx Muhammad Obid Sindiyning to‘liq ismi shariflari quyidagicha: Muhammad Obid ibn Ahmad Ali ibn Muhammad Murod ibn Muhammad Yoqub Ayyubiy, Ansoriy, Sindiy. Alloma Muhammad Obid Sindiy nomi bilan tanilganlar. Allomaning “Ayyubiy, Ansoriy” nisbatlari, eng yuqori bobolari, buyuk sahoba Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhuga borib taqaladi. Obid Sindiy rohimahulloh buyuk sahobaning zurriyotlaridan hisoblanadilar.
Obid Sindiyga “Sindiy” deb nisbat berilishi sababi, avvallari “Sind” deb yuritilgan, hozirgi Pokiston hududida tavvallud topganlaridir. Alloma Pokiston hududidagi, hozirgi kunimizda ma’muriy markazi Karochi bo‘lgan, Shimoliy Haydarobodga yaqin, Siyvan(Sihvan)[1] shahrida, tahminan 1190-hijriy\1776-milodiy sanada tavallud topganlar.
Ba’zilar Obid Sindiyni Makka shaxriga nisbat berib “Makkiy” ham deydi. Bunga sabab Obid Sindiyning bir muddat Makkada istiqomat qilganlaridir.
Obid Sindiyga “Madaniy” nisbatini beruvchilar ham bor. Chunki, alloma umrlari oxirida Madinayi Munavvarada qo‘nim topganlar[2].
Obid Sindiyni “Yamaniy” deyuvchilar ham bor. Sababi, alloma Yamanda ham yashaganlar.
Obid Sindiy fazilatli va saxovatli oilada tug‘ilib, o‘sganlar. Allomaning xonadonlari ilm, diyonat, zuhd, go‘zal xulq va taqvo bilan ajralib turgan. Alloma otalari shayx, alloma Ahmad Ali va amakilari shayx, alloma, tabib Muhammad Husayn hamda bobolari, shayxul islom, alloma Muhammad Murod qaramog‘larida ulg‘ayib, ulardan ilm olganlar[3].
Allomaning otalari shayx Ahmad Ali ibn Muhammad Murod ibn Muhammad Yoqub Ansoriy Sindiy hijriy 1168 yil tavallud topganlar. Shayx Ibrohim Husiy Shayx Muhammad Obid Sindiyning “Minhatu-l Bari” kitoblariga taqriz yozib, u zotning otalari haqida shunday deganlar: “Bu muallifning (Obid Sindiyni nazarda tutyaptilar) bobosi shayx Muhammad Murod Makkayi Mukarramaga ko‘chib o‘tib, vafotigacha ana shu yerda yashagan. Uning vafotidan keyin, uning ikki farzandi, ikki alloma Muhammad Husayn va muallifning otasi Ahmad Alilar uning o‘rniga qolishgan. Ularning ikkovlari ham ilm olish, kitoblar jamlash, hamda, tib ilmini o‘rganib, muolaja qilish bilan mashg‘ul bo‘lishgan. Shu sababli shuxratlari yoyilib, badan ilmlari va din ilmlari talabida, insonlar izlab keladigan ustozlar bo‘lib yetishishgan. Shayx Ahmad Ali vafot etgach, akasi Muhammad Husayn ukasining o‘g‘li Muhammad Obid bilan Hudayda shaxriga ko‘chib o‘tgan”.
Imom Shavkoniy Obid Sindiyning tarjimayi hollarida, allomaning otalari Ahmad Ali haqida “Ilmdan nasibador zot” deganlar[4].
Obid Sindiy rohimahullohning o‘zlari, shayxlarini zikr qila turib, otalari haqida shunday deganlar: “Qiblagohimiz, alloma, shayx Ahmad Ali Shayx Abdulxoliq ibn Ali Mazjajiydan ilm olganlar”.
Ulamolar Obid Sindiyning otalarini solih, olim zot deb vasflashgan.
Rofi’ud-din Murod Obodiy, Obid Sindiyning otalari Ahmad Ali hajdan keyin, muharram oyining avvalida vafot etganlarini aytib o‘tganlar. “Nuzhatul xavotir” kitobida shayx Ahmad Alini hijriy 1202-yilda vafot etganlari aytilgan.
Muhammad Obid Sindiy kichik yoshlarida, otalari, amakilari va bobolari hamrohligida Hijoz diyoriga ko‘chib o‘tadilar. Avval Jidda shahriga joylashishadi. Ilm va olimlar talabida Jiddadan Makkayi Mukarrama, Madinayi Munavvara va Toifga doim qatnab turishadi[5].
Bu davrda Hijoz o‘lkasi Usmonli xalifaligi nazorati ostida bo‘lgan. Obid Sindiy bir nechta Usmoniy xalifalar davriga guvoh bo‘lganlar. Alloma hayotlarining ilk davrida, Sulton Ahmad uchinchining o‘g‘li Sulton Abdulhamid birinchi bilan zamondosh bo‘lganlar. Abdulhamid birinchi 1187-1203-yillarda xalifalik qilgan. Undan keyin 1203-yilda sulton Salimxon uchinchi hokimiyatga keladi. Bu sulton 1223-yilda isyonda o‘ldiriladi. Undan keyin xalifalik tahtini sulton Mustafoxon to‘rtinchi egallaydi. Undan keyin sulton Mahmudxon tahtga keladi. Ayni mana shu sultonlar xalifalik yillari alloma Obid Sindiy yashagan yillarga to‘g’ri keladi[6].
Obid Sindiy yoshliklaridan ilmga oshiq bo‘lib voyaga yetdilar. O‘zlari tug‘ilib o‘sgan Sind diyori ulamolaridan ilm oldilar. Xususan, bobolari Muhammad Murod Ansoriy, hamda amakilari va otalari ilk ustozlari hisoblanishadi.
Obid Sindiy oilalari bilan, Jidda shahriga ko‘chib o‘tib, u yerda hijriy 1208 yilgacha istiqomat qiladilar. Ana shu davrda Jidda shaxri ulamolar bilan to‘lib toshgan edi[7]. Obid Sindiy ilm talabida Makka, Madina va Toifga tinimsiz safarlar qilganlar. Bu bilan u yerdagi olimlardan ham foydalar olganlar[8]. Bu davrda Obid Sindiy rohimahullohning butun maqsadlari ana shu o‘lka olimlaridan mukammal ilm olib, barcha ilmlarda mutaxassis bo‘lish edi.
Obid Sindiy hijriy 1208-yilda, amakilari alloma Muhammad Husayn Ansoriy hamrohligida, ilm talabida Yamanga ko‘chib o‘tadilar. Yamanning Hudayda shahrida qo‘nim topadilar. Bir muddat shu yerda yashaydilar[9].
Obid Sindiy amakilari bilan Yamanga ko‘chib o‘tganlaridan keyin, insonlar orasida mashhur bo‘lib ketadilar. Obid Sindiyning nihoyatda ilmli hamda tib ilmida ham mohirliklarining dovrug‘i yon atrofga tarqaladi. Natijada, Yaman Imomi-podshohi, imom Mansur Obid Sindiydan Sano shaxriga kelib, shu yerda qo‘nim topishlari va o‘zining xos tabibi bo‘lishlarini so‘raydi[10]. Bu tahminan 1213-yilda bo’ladi.
Obid Sindiy o’zlarining tib ilmidagi bilimlari va mahoratlari bilan ko‘p insonlarga yordam beradilar.
“Al-i’lam bima fi tarixil hindi minal a’lam” kitobi muallifi Abdulhay Hasaniy Tolibiy “Obid Sindiy podshoh imom Mansurning vazirining qiziga uylanganlar”-deb zikr qilganlar.
Imom Obid Sindiyning tarjimayi hollarini o‘rganib chiqqan ko‘p ulamolar, ularning farzandlari bo’lmaganini aytishgan[11].
“Yani’ul janniy” kitobida quyidagicha keladi: “Shayx Obid Sindiy rohimahullohdan zurriyod qolmagan. Zero, eng yaxshi zurriyod alloma Alloh rizosi uchun taqdim etgan yaxshiliklaridir. Alloh allomadan rozi bo’lsin hamda yaxshilik ila mukofotlasin”[12].
Alloma Obid Sindiy rohimahullohga tarjima yozgan ulamolarning ko‘plari allomaning jufti halollari hamda uning otasi kimligini zikr qilishmagan.
Lekin, doktor Said Bektosh izlanishlari natijasida allomaning ayoli hamda qaynotasi kim ekanini bilishga muvaffaq bo’lganlarini aytganlar.
Doktor Said Bektosh buni Haysamiyning “Majma’uz zavoid” deb nomlangan kitoblarining bir nusxasidagi ilk sahifalardan topganlarini aytganlar[13].
Doktor Said Bektoshning o‘zlari shunday deganlar: “Shayx Obid Sindiyning tarjimayi hollarini yozgan olimlar, alloma imom Mansurning vazirining qiziga uylanganlarini zikr qilishgan. Lekin, bu qaysi vazir ekanini aytishmagan. Men buni aniqlashga ko‘p harakat qildim, ammo, aniqlay olmadim. Keyin, Alloh taolo meni allomaning jufti halolining ismi yozilgan matn bilan ikrom qildi. Bu Obid Sindiyga tegishli kitoblarning hoshiyalaridagi burchaklarga yozilgan ekan. Bularda allomaning ayoli hamda qaynotasi ismi zikr qilingan ekan. Haysamiyning “Majma’uz zavoid” kitobining bir nusxasining ilk jildidagi, ilk sahifalarida Obid Sindiy o‘z xatlari bilan Imom Suyutiyning “Matla’ul badrayn fiman yu’ta ajruhu marrotayn” risolasidan nusxa ko‘chirganlar. Huddi shu risolaning ketidan, chiroyli xatda yozilgan, uch yarim sahifalik boshqa bir risola keladi. Bu risolaning nomi “Buzug‘ul hilalil mujibati lizzilal” bo‘lib, bu ham Imom Suyutiyga tegishli. Bu risolani ko‘chirgan xattot ismini yozmagan. Keyin qarasam, bu risolaning oxirgi satrining ostida Shayx Obid Sindiy xatlari bilan quyidagicha yozib qo‘yilgan ekan: “Bu marhuma ayolim, Yaman podshohining vaziri, marhum Ali Ammoriyning qizi, Dahmaning xati”.
Men buni topganimdan nihoyatda quvondim. Chunki allomaning rafiqasi va qaynotasining ismini aniq bildim.
Allomaning ayoli olima bo‘lmagan taqdirda ham, eng kamida ilm bilan shug‘ullanuvchi ayol bo‘lgan. Allomaning ayoli va qaynotasi, alloma hayotlik chog‘idayoq vafot etishgan”[14].
Said Bektosh yana davom etib: «Bu ma’lumotni bilganimdan keyin, allomaning qaynotasi shaxsiyati bilan tanishib chiqdim. Bu inson, podshoh vazirlarining eng yaxshilaridan biri bo‘lishi bilan birgalikda, katta olim ham bo‘lgan. Shuning uchun ham bu inson hayotidan biroz zikr qilishni istadim.
Alloh taolo bu oilani ilm bilan ikrom qildi, alloma Obid Sindiyni esa shu oilaga kuyov bo‘lish bilan ikrom qildi. Bu bilan ikki fazilatli nasablar birlashgan.
Allomaning qaynotasi vazir Ali ibn Solih ammoriy, san’oniy bo’lib, tahminan hijriy 1150-yilda tavallud topganlar. Imom Shavkoniy o‘zlarining «Badru-t-toli'» kitoblarida bu zotni alohida zikr qilib, ko’p maqtovlar aytganlar.
Imom Shavkoniy: “Ali Ammoriy ko’p ilmlarni o‘z zamonasidagi olimlardan o‘rganganlar. Adabiyotda mohir bo‘lganlar, tafsir va hadis ilmlariga ham kuchli e’tibor berganlar. O‘z zamonasida handasa va astronomiya ilmlarida ham peshqadamlardan bo‘lgan. Yana balog’at ilmida ham ajralib turganlari alohida zikr qilinadi. Ali Ammoriy yana go‘zal xat sohibi ham bo’lganlar. Ali Ammoriyning honadoni ilm va fazl ahllari uchrashib, fikr almashadigan, olimlar yig‘ilib turadigan joy bo‘lgan. Ali Ammoriy kimda o‘zlarida yo‘q ilmni ko‘rsa, shu odamdan istefoda qiluvchi inson bo‘lganlar” -deb aytganlar.
Ali Ammoriy hijriy 1213-yilda vafot etganlar. Ulardan bir necha farzand qolgan bo‘lib, bular: Ahmad, Husayn, Ismoil, Muhammad, Qosim. Barchalari ilm bilan shug’ullanishgan.
Obid Sindiyning rafiqalari Dahma ham aka-ukalari kabi ilm bilan shug’ullangan bo‘lsa kerak. Chunki har bir narsa o‘z ma‘dani kabi bo‘ladi.
Bu Obid Sindiyga Allohning rahmatidir”-deb aytganlar[15].
Ehtimol, Yaman podshohi imom Mansur Obid Sindiyni o‘zining xos tabibi qilib olishidagi asosiy sabab ham Ali Ammoriydir. Chunki yuqorida o‘tgan ma’lumotlar aynan u Obid Sindiyni podshohga taklif qilgan bo‘lishi mumkin degan tahminni ilgari suradi. Imom Mansur o‘z ko‘zi bilan allomaning mahoratini ko‘rib, uni o‘zining xos tabibi qilib olgan bo‘lishi mumkin.
Obid Sindiyning Yaman podshohi bilan mustahkam aloqaga egaligi, podshohning o‘g‘illari bilan yaqinlashishga ham sabab bo’lgan[16]. Podshoh Mansurning o‘g‘illari Mutavakkil va Mahdiy ham olimni qattiq ehtirom qilishgan. Hatto podshoh Mansurning o‘g‘li Mahdiy o‘z podshohligi davrida, hijriy 1232-yilda shayx Obid Sindiyni Misr voliysi Muhammad Ali Posho huzuriga elchi qilib yuboradi. Shayx Tirhutiy: “Bu safar alloma va Misr voliysi o‘rtasidagi tanishuvga sabab bo‘lib, natijada voliy ham allomaning ilmi va fazlidan bahramand bo‘ladi”-deb aytganlar[17].
Yuqorida Hijoz Usmonlilar nazoratida bo‘lgani zikr qilindi. Obid Sindiy asrida Hijozni Usmonlilar tomonidan Misrga voliy qilib tayinlangan posholar boshqargan. Muhammad Ali Posho ham aynan shunday voliylardan biri bo‘lgan[18].
Misr safari Obid Sindiy uchun ham manfaatli bo‘lgan. Alloma Misrda ko‘plab ulamolar va shayxlar bilan uchrashadilar, u yerdagi ilmiy yangiliklar bilan yaqindan tanishadilar.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, hokimlar, vazirlar bilan bo‘lgan aloqalar va ular tomonidan taqdim etilgan mol-u davlat shayx Obid Sindiyning ma’naviy holatlariga zarracha ta’sir etmagaan. Alloma hokimlar va podshohlar bilan bo‘lgan munosabatlarida ham taqvo va zuhdni lozim tutganlar[19].
Shayx Obid Sindiy fazilatli xulq va ulug’vor sifatlar sohibi edilar. Bu go‘zal xulqlari allomani boshqalar uchun o‘rnak va namunaga aylantirgan.
Alloma oxiratga yuzlangan, dunyodan yuz o‘girgan edilar. “Yani’ul janniy” kitobida allomaga quyidagicha ta’rif berilgan: “Imom Obid Sindiy zohid bo‘lib, dunyo va uning ziynatlaridan yuz o‘girgan inson edilar”[20].
Obid Sindiy rohimahulloh Alloh uchun tavozeli, o‘zini katta tutishdan uzoq zot edilar. Bunga dalil qilib allomaning “Hasrush sharid” kitoblaridagi quyidagi jumlalarini keltirish mumkin: “Men ushbu kitobni mutoolaa qiluvchidan, meni gunohlarim kechirilishi uchun duo qilishini, duoda meni ham unutib qo‘ymasligini iltimos qilaman. Zero, ba’zi eng kichik gunohlarim zohir bo‘lib, shamol esib qolsa, butun olamni badbo‘y qilib yuboradi. Men qilishim mumkin bo‘lgan yagona ish «Allohim mag’firating gunohlarimdan keng, rahmating esa men uchun amalimdan ko‘ra umidliroqdir, Ey gunohlarni kechirguvchi Zot»>-deb aytmog’imdir[21]”. Allomaning qanchalar tavozelik ekanliklari shu jumlalarda namoyon bo‘lib turibdi.
Obid Sindiy insonlarga nisbatan nasihatgo‘y va samimiy bo‘lganlar. Insonlardan dinga doir xato sodir bo‘lsa darhol uni to‘g’rilaganlar. Bu yo‘lda insonlar tomonidan o‘zlariga yetadigan aziyatlarga ham sabr qilganlar[22].
Haq yo‘lda sinovlar bo‘ladi deganlaridek, shayx Obid Sindiy hayotlarida ham bir nechta sinovlar bo‘lib o‘tgan. Shulardan biri Yamanning Jirona hududida bo‘lgan. Alloma shu hudda yashovchi insonlarga va’z nasihat qilib, ulardagi ba’zi xatoliklarni to‘g’rilamoqchi bo‘ladilar. Alloma ularga nasihat qiladilar, va’zlar o‘qiydilar. Lekin, bu nasihat ularga og’irlik qiladi. Nafslari va’z irshodni qabul qilmaydi. Zero, havoyi-nafs istaklaridan voz kechish Alloh oson qilgan zotlargagina oson. Lekin, Jirona ahli nasihatni qabul qilmaslikning o‘zi bilan kifoyalanishmadi, ular hammalari bir bo‘lib allomani talashdi, unga aziyatlar berishdi. Alloma ularning islohidan umid uzib, ishni o‘z mavlosiga topshirdi[23].
Shayx Obid Sindiy rohimahullohning Yamanning Hudayda shaxridagi imtihonlari ham qattiq bo‘lgan. O‘sha davrda Hudayda shaxrining qozisi Sayyid Husayn ibn Ali Hozimiy degan odam bo‘lgan. Bu odam zaydiyya shiyalariga hayrihoh bo‘lgan. Qozi Husayn ibn Ali odamlar salafi solihinlardan meros qilib olgan va amal qiladigan bamdod namozi azonidagi “assolotu xoyrun minan navm” so‘zini tark qilib, o‘rniga “hayya ala xoyril amal” deb aytish haqida farmon chiqaradi. Bu qozi “assolotu xoyrun minan navm” so‘zini Umar roziyallohu anhu chiqargan bid’at deb aytadi.
Lekin, odamlar buni qilishdan bosh tortishadi. Buni ko‘rgan qozining qattiq jahli chiqadi. Natijada hammaga o‘z g’azabini sochadi. Xususan, hanafiy ulamolaridan qirq nafarini hibsga oladi va kishanband qiladi. Ana shu qirq nafar olim ichida alloma shayx Obid Sindiy ham bo‘ladilar. Qozi allomani ham ayab o‘tirmaydi, shayxning va ularga aloqador odamlarning ham bo‘yniga kishan soladi. Qozi barcha ushlanganlarni olti kun qamoqda saqlab keyin qo‘yib yuboradi. Qozi Obid Sindiydan boshqa hammani qo‘yib yuboradi. U allomaga darra urishga amr etadi va olimni Hudayda shaxridan badarg’a qiladi. Qozi o‘zining bu ishini quyidagi so‘zlari bilan oqlashga harakat qiladi: “U(Obid Sindiy) o‘zining, shayton ziynatlagan bid’atida qat’iy turib oldi, shuning uchun uning joni va moli mubohdir”. E’tiborli jihati shundaki, qozi shunday so‘zlarni aytishga jur’atli bo‘lganiga qaramasdan, Obid Sindiyga ro‘baro bo‘lishga jur’at qilolmaydi. Alloma surgun qilinguniga qadar qozi u bilan yuzma-yuz ko‘rishmaydi[24].
Bu voqeadan keyin alloma yana bir martda o‘z tug’ilib o‘sgan yurtlariga qaytib, u yerda bir necha kun turadilar. Lekin o’z Habiblari Rosululloh sollollohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbat olimni Madina sari chorlaydi. Alloh taolo shayxga yana Madinaga qaytib, u yerda izzat –ikrom bilan yashashni nasib etadi.
Alloma Madinayi Munavvarani juda yaxshi ko‘rganlar. Madinadan uzoqlashishlari juda alamli bo‘lgan. Jiddada yashagan paytlari ham Madinaga tez-tez kelib turganlar. Shayx Yamanga ko‘chib o‘tganlaridan keyin ham Madinaga kelib ketar edilar. Olim o‘z duolarida ham Madinada yashash va shu yerda vafot etishni ko‘p so‘rardilar. Alloma hayotlarining oxirini ham aynan Madinayi Munavvarada o‘tkazganlar.
Ilm-ma’rifat ila to‘lgan, taqvo ila ziynatlangan hayot yo‘li hijriy 1257-yil, robiul avvalning 17-kuni, haftaning dushanba kunida nihoyasiga yetdi. Obid Sindiy omonatni Madinayi Munavvarada o‘z egasiga topshirdilar. Alloma baqi qabristoniga, Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning eshiklari qarshisiga dafn qilindilar. Alloh Shayx Alloma Obid Sindiydan rozi bo‘lsin[25].
Allomaning shogirdi Okish aytadi: “Shayx umrlari oxirida Madinadan qo‘nim topgan edilar.. O‘zlari doimo “Shu yerda o‘lsam degan umidda Madinada yashadim” deb aytardilar”[26].
Toshkent islom instituti 4-kurs talabasi Abdulloh ABDUMAVLONOV
[1]Muhammad Muhsin ibn Yahyo al-Bakriy at-Taymiy at-Tirhutiy. Al-Ya’ni‘-ul-janniy min asanidi-sh-shayx Abdu-l-G’oniy. –Amman: Arviqo, 2003. –B.136.
[2] Said Bektosh. Imom-ul-faqih muhaddis-ush-shayx Muhammad Obid Sindiy Ansoriy.–Madinayi munavvara: Daru-l-bashair islamiyya, 1423-h.-B.57.
[3] Muhammad Shavkoniy. Al-badr-ut-toli’ bimahasini man ba’da-l-qorni-s-sabi’. –Damashq: Dar ibn Kasir, 2006. –J.II. –B.227.
[4]. Muhammad Shavkoniy. Al-badr-ut-toli’ bimahasini man ba’da-l-qorni-s-sabi’. –Damashq: Dar ibn Kasir, 2006. –J.II. –B.227.
[5] Ibrohim Abdulhannan. Tavoli-ul Anvor lil-allama Obid Sindiy. –Quvayt: Quvayt Universiteti, 2016.-B. 68.
[6] Abdurroshid Muhammad Muso Lag’ori Sindiy. Tovali-ul anvor sharhi durril muxtor. –Jamshoro: Sind universiteti, 1989. –B.12.
[7] Ibrohim Abdulhannan. Tavoli-ul Anvor lil-allama Obid Sindiy. –Quvayt: Quvayt Universiteti, 2016.-B. 71.
[8] Said Bektosh. Imom-ul-faqih muhaddis-ush-shayx Muhammad Obid Sindiy Ansoriy.–Madinayi munavvara: Daru-l-bashair islamiyya, 1423-h.-B.176.
[9] Said Bektosh. Imom-ul-faqih muhaddis-ush-shayx Muhammad Obid Sindiy Ansoriy.–Madinayi munavvara: Daru-l-bashair islamiyya, 1423-h.-B.178.
[10] Ibrohim Abdulhannan. Tavoli-ul Anvor lil-allama Obid Sindiy. –Quvayt: Quvayt Universiteti, 2016.-B. 68.
[11] Muhammad Shavkoniy. Al-badr-ut-toli’ bimahasini man ba’da-l-qorni-s-sabi’. –Damashq: Dar ibn Kasir, 2006. –J.II. –B.227.
[12] Muhammad Muhsin ibn Yahyo al-Bakriy at-Taymiy at-Tirhutiy. Al-Ya’ni‘-ul-janniy min asanidi-sh-shayx Abdu-l-G’oniy. –Amman: Arviqo, 2003. –B.140.
[13] Ibrohim Abdulhannan. Tavoli-ul Anvor lil-allama Obid Sindiy. –Quvayt: Quvayt Universiteti, 2016.-B. 69.
[14] Said Bektosh. Imom-ul-faqih muhaddis-ush-shayx Muhammad Obid Sindiy Ansoriy.–Madinayi munavvara: Daru-l-bashair islamiyya, 1423-h.-B.109.
[15] Said Bektosh. Imom-ul-faqih muhaddis-ush-shayx Muhammad Obid Sindiy Ansoriy.–Madinayi munavvara: Daru-l-bashair islamiyya, 1423-h.-B.114.
[16] Said Bektosh. Imom-ul-faqih muhaddis-ush-shayx Muhammad Obid Sindiy Ansoriy.–Madinayi munavvara: Daru-l-bashair islamiyya, 1423-h.-B.115.
[17] Abdurroshid Muhammad Muso Lag’ori Sindiy. Tovali-ul anvor sharhi durril muxtor. –Jamshoro: Sind universiteti, 1989. –B.33.
[18] Said Bektosh. Imom-ul-faqih muhaddis-ush-shayx Muhammad Obid Sindiy Ansoriy.–Madinayi munavvara: Daru-l-bashair islamiyya, 1423-h.-B.24.
[19] Ibrohim Abdulhannan. Tavoli-ul Anvor lil-allama Obid Sindiy. –Quvayt: Quvayt Universiteti, 2016.-B. 70.
[20] Ibrohim Abdulhannan. Tavoli-ul Anvor lil-allama Obid Sindiy. –Quvayt: Quvayt Universiteti, 2016.-B. 70.
[21]Obid Sindiy. Hasrush sharid min asanidi Muhammad Abid. –Riyoz: Maktabati Rushd,2003.-B. 709.
[22] Ibrohim Abdulhannan. Tavoli-ul Anvor lil-allama Obid Sindiy. –Quvayt: Quvayt Universiteti, 2016.-B. 71.
[23] Muhammad Muhsin ibn Yahyo al-Bakriy at-Taymiy at-Tirhutiy. Al-Ya’ni‘-ul-janniy min asanidi-sh-shayx Abdu-l-G’oniy. –Amman: Arviqo, 2003. –B.140.
[24] Muhammad Muhsin ibn Yahyo al-Bakriy at-Taymiy at-Tirhutiy. Al-Ya’ni‘-ul-janniy min asanidi-sh-shayx Abdu-l-G’oniy. –Amman: Arviqo, 2003. –B.147.
[25] Ibrohim Abdulhannan. Tavoli-ul Anvor lil-allama Obid Sindiy. –Quvayt: Quvayt Universiteti, 2016.-B. 87.
[26] Said Bektosh. Imom-ul-faqih muhaddis-ush-shayx Muhammad Obid Sindiy Ansoriy.–Madinayi munavvara: Daru-l-bashair islamiyya, 1423-h.-B.125.






