islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Faqih Abu  Lays  Samarqandiy

Faqih, mufassir, usul, aqida, zuhd boʻyicha koʻplab asarlar yozgan, buyuk alloma Samarqand shayxulislomi Abu Lays Samarqandiyning toʻliq ismlari Nasr ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ibrohim Abullays as – Samarqandiy al – Hanafiydir. Bu zotning tugʻilgan yili sifatida tarixchilar hijriy 301– 310 yilar orasi va 911- milodiy yilni  koʻrsatadilar. Ul zotning kunyasi Abu Lays, yaʼni “Laysning otasi”  degan ma’noni bildiradi. “Lays” lugʻatda sher, arslon maʼnosini beradi. U zotning Lays degan farzandlari boʻlganmi yoki “Abu Turob” singari majoziy kunyami, nomaʼlum. Kunyaridan mashhurlaridan yana biri “al – Faqih” boʻlib, bu kunya bilan jahonga tanilganlar. Alloma fiqh ilmida yuksak martabaga erishgan bo’lib, oʻz  zamonlarida u kishiga teng keladigan olim topilmas edi. Ikkinchi unvonlari “Imomul – huda”. Bu kunya bilan yana bir buyuk alloma Abu Mansur al – Moturidiy ham atalgan.

Bu zotning vafoti haqida ham muarrixlar turli sanalarni koʻrsatadilar. Dovudiy oʻzining “Tabaqot al – Mufassirin” kitobida 393 – hijriy yilning  jumodul – oxir oyining seshanba 11 – kechasida vafot etgan degan. “Javohir  al – muziʼa” asarida 373-seshanba kechasida, “Kashf az – zunun” asarida  376, yoki 383, yoki 375 – hijriy yilda vafot etgan deyiladi. Yaʼni, alloma 985 va 1003-milodiy yillar orasida vafot etgan. Manbalarda u kishining oilasi haqida hech narsa yozib qoldirilmagan.

Tugʻilgan joylari Samarqanddir. Bu shahar to’g’risida o’zlarini asarlari “Bahr al – ulum” kitobining kirish qismida u shahar haqida shunday deydilar: “Arablar uni Siron ham deydilar. Safd vodiysining janubida joylashgan bo’lib bu joy iqlimi yaxshi va katta shahardir”. Samarqand ulamoyu fuqaholar, tasavvuf ahllari safar qiladigan joy edi. Shuning uchun bu yer boshqa yurtlar ichida muhim ilmiy oʻrin egallab turadi.

Abu Lays Samarqandiyning olimlardan boʻlgan sheriklari va doʻstlari ham koʻp edi. Ulardan:

  1. Al – Hakim as – Samarqandiy.
  2. Muhammad ibn Ahmad as – Samarqandiy.
  3. Is’hoq as – Samarqandiy.
  4. Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdurrahmon ibn al – Fazl as – Samarqandiy.

5.Abu Nasr al – Iyoz as – Samarqandiy.

6.Muhammad  ibn Usmon as – Samarqandiy.

7.Muhammad ibn Abduljalil as – Samarqandiy.

Bu kishinig ustozlari:

  1. Ahli taqvo, ahli fazl va faqih Muhammad ibn Ahmad ibn Ibrohim  at – Tusiy. (bu zot Abu Laysning otalaridir. Yoshliklarida ilk ilmni shu kishidan oʻrganganlar.)
  2. Abu Jaʼfar al – Hinduvoniy. ( Abu  Jaʼfar   Balxiy).
  3. Al-Xalil ibn Ahmad al-Qozi as-Sijziy. (Hanafiy olimlaridan, Abu Lays Samarqandiyning zamondoshlaridan boʻlib, fiqh va hadis ilmida ulugʻlaridan boʻlgan.)
  4. Muhammad ibn al – Fazl  al – Balxiy  al – Mufassir.

Shogirdlari:

  1. Luqmon ibn Hakim al – Fargʻoniy.
  2. Naim al – Xatib Abu Molik.
  3. Muhammad  ibn  Abdurrahmon az – Zubayriy.
  4. Ahmad ibn  Muhammad Abu Sahl.
  5. Tohir ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Nasr Abu Abdulloh al –  Haddodiy.

Asarlari:

 Abu Lays Samarqandiydan barakali ilmiy meros qoldi. Ilm, fan, adab  borasida koʻplab kitoblar tasnif etdilar. Fiqh, usuli din, tib va falsafa ilmlarida shuhrat va martaba qozondilar.

Fiqh ilmida yozgan asarlari:

  1. “Xizonat al – fiqh” (“Fiqh xazinasi”). Bu asarda  hanafiya mazhabi aqidalari asosida musulmon huquqshunosligi (fiqh)ning qisqacha taʼrifi  berilgan. Asar 42 ta mustaqil  kitob  va  100 dan oshiq   bobga boʻlinadi. Asar “Kitob masoil at – tahorat” (“Tahoratga oid masalalar kitobi”) bilan boshlanib, “Kitob al-vasoyo” (“Vasiyatlar   kitobi”) bilan tugaydi. Xizonat al-fiqh”ning 1467 va 1814- yillari  koʻchirilgan ikki qoʻlyozma nusxasi FA Sharqshunoslik institutida  saqlanmoqda.
  2. “Uyun al masoil”. ( Hanafiy mazhabi asoslari haqida).
  3. “Muqaddima Abu Lays fis – solat”. (“Namoz muqaddimasi”).
  4. “An – navozil fil fatovo”  (“Voqealar”). Bu fatvolar haqida kitobdir.
  5. “Taʼsis an – nazoir al – fiqhiyya”.
  6. “Al – Mabsut  fi  furuʼil  fiqh al – Hanafiy”.
  7. “An – Navodirul muqayyida”. (Fiqhning  nozik  masalalari  haqida).
  8. “Sharh al – jomiʼul  kabir” va “Sharh al – jomeʼus sagʻir”. (Muhammad  ibn  al –  Hasan ash –  Shayboniyning  kitoblariga sharh yozganlar).
  9. “Muqaddima fi  bayoni  al – kaboir  vas – sagʻoir”.
  10. “Fatovo Abu Lays”. (bu kitobda fiqh fatvolari jamlangandir).

Usulu din to’g’risida  yozgan  asarlari:

  1. “Kitob muxtalif ar – rivoya” (“Turli rivoyatlar haqida kitob”).
  2. “Kitob bayon qoid al – usul” (“Din asoslari qoidalari bayoni kitobi).
  3. “Kitob asror al – vahiy” (“Vahiy sirlari kitobi”).
  4. “Minhoj al – ibod” (“Bandalar uchun yoʻllanma”). Bu asarning ikki- ta qoʻlyozmasi Rossiya FA Sharqshunoslik institutining Leningrad boʻlimida saqlanmoqda.
  5. “Usulud – din”.
  6. “Risolat fil – maʼrifat  val – iymon”.
  7. “Risolat fil – hukm”.
  8. “Quvvatun – nafs fi  maʼrifatil – arkon al – xams”.

Tafsir ilmida yozgan asarlari:

  1. “Bahr  al  – ulum” (“Ilmlar dengizi”) nomli tafsir. Butafsirning 3ta  nusxasi saqlanib qolgan. Ikki nusxasi Misr Arab Respublikasi kutubxonalarida, bir nusxasi Edinburg kutubxonasida saqlanmoqda.  Uch jildlik ushbu asar Misr Arab Respublikasining “al- Azhar” universiteti doktorlari Muhammad Muavvaz, Ahmad  Abdulmavjud va  Abdulmajid an – Nutiylar tomonidan oʻrganilib, 1993 yil Bayrutda nashr  etilgan. Mahmud Husayn az-Zahabiy “at – Tafsir val – mufassirun” asarida Samarqandiyning “Bahr al-ulum” tafsiri haqida shunday deb yozadi: “Bu tafsirni koʻp marotaba oʻqib chiqdim, muallif bir bobida salaf ulamolaridan rivoyat qilgan holda kishilarni tafsir ilmini oʻrganishga chaqirishini va uning fazilatini bayon qilishini koʻrdim.

Taqvo, muomala va  odob  bobida yozgan asarlari:

  1. “Kitob qurrat al – uyun va mufarrih al – qalb al –  mahzun”  (“Koʻzlar qorachigʻi va gʻamgin dillarni xursand qilish kitobi”).
  2. “Boʻston al – orifin” (“Oriflar boʻstoni”). Bu odob axloq masalalariga oid asar boʻlib, unda taʼlim tarbiyaga oid juda koʻp tarixiy voqealar, hikoyalar va hadislar keltirilgan. Asar 159 bobdan iborat. “Boʻston al – orifin” juda keng tarqalgan asar boʻlib, uning bosma va qoʻlyozma  nusxalari turli mamlakatlarning kutubxonalarida saqlanmoqda. 1815 – yili  yozib tugatilgan qoʻlyozma va 1814 – yili yozilgan ikkinchi bir qoʻlyozma  nusxalari FA Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda.

“Tanbeh  al – gʻofilin”  (“Gʻofillarga  tanbeh” ). Bu asar 94 bobdan iborat  boʻlib, axloqiy – tarbiyaviy  ahamiyatga ega kitob. “Tanbeh  al – gʻofilin” ning Buxoro amiri Haydar (1800 – 1826) topshirigʻi bilan 1810 – yil Buxoroda koʻchirilgan va 1873 – yili koʻchirilgan qoʻlyozmalari, hamda bir qancha tosh bosma nusxalari  FA Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda. Bu asarning bir nechta qoʻlyozma nusxasi Rossiya FA Sharqshunoslik institutining Leningrad boʻlimida saqlanmoqda. Dilmurod Qoʻshoqov tomonidan oʻzbek tiliga tarjima qilinib nashr etildi.

U kishining “Bahr al – ulum” (“Ilmlar ummoni”), “U’yun al – masoyil” (“Masalalar sarchashmasi”),  “Tanbehul – gʻofilin” (“Gʻofillarga tanbehlar”), “Boʻston al – orifin” (“Oriflar  boʻstoni”) kabi asarlari bizgacha yetib kelgan va nashr qilingan.

Toshkent islom instituti

404 guruh talabasi

Bannayev Abdulbori

372100cookie-checkFaqih Abu  Lays  Samarqandiy

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: