Mo’min kishi hamisha o’z oldiga yuksak maqsadlar qo’yishi va mana shu maqsadlar yo’lida harakat qilishi lozim. Xo’sh, bu yuksak maqsadlar qanday bo’ladi? Ular yo’lida qilinadigan sa’y-harakatlarimizchi? Mo’minning dunyogi eng muhim maqsadi bu hayotini chiroyli tarzda yashab o’tish va o’zidan keyin ham yaxshi iz qoldirishdir. Namunali hayot kechirishning eng go’zal ko’rinishi bu jamiyatga naf keltirishga intilishdir. Bu esa turli ko’rinishlarda bo’lishi mumkin. Masalan, biror bir kasb tanlar ekanmiz, bunda insonlar uchun qanday manfaat borligi haqida fikr yuritmog’imiz darkor, faqat o’sha kasb orqasidan keladigan moddiy daromad yoki obro’-e’tiborni ko’zlash to’g’ri bo’lmaydi. Agar biror ishga ezgu maqsad bilan kirishilsa, qolganini Alloh taolo bandasiga ziyodasi bilan beradi. Bizning o’z maqsadlarimiz yo’lida harakat qilar ekanmiz ko’pincha uning natijasiga e’tibor qaratamiz. Insonlar orasida “Shuncha harakat qilsam ham natija bo’lmayapti” qabilidagi gaplarni ko’p eshitamiz. Agar biror o’zgarish sezmasak, darrov tushkunlikka tushib qolamiz. Biz shuni unutmasligimiz kerakki, natija Allohdandir. Bizdan talab qilingani esa faqat intilishdir. Bunga yorqin misol payg’ambarimiz sollollohu alayhi vasallamning hayotlaridir. U zot bir necha yillar davomida Makka ahlini iymonga chaqirdilar, ammo juda kamchilik musulmon bo’ldi, natijada u zot Toifga borishga qaror qildilar. Toifda esa Rasululloh sallollohu alayhi vasallamga Makkadagidan ham yomonroq munosabat ko’rsatishdi, hatto u zotni toshbo’ron qilishdi. Toif ahlidan hech kim shahodat keltirmadi, u zot esa tik turgancha iltijo qilaverdilar. Agar chetdan nazar solinsa, bu safardan hech qanday natija bo’lmaganday ko’rinadi. Ammo o’sha payt Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning yaqinlaridan jinlar guruhi o’tib borardi, u zotdan Qur’onni eshitgach, ular musulmon bo’lishdi. Ular faqat iymon keltiribgina qolmay, sheriklarini iymonga chaqiruvchi da’vatchi ham bo’lishdi. Buning natijasida yana son-sanoqsiz jinlar iymonga keldi. Buni Rasuli akram sallollohu alayhi vasallam o’z ko’zlari bilan ko’rmagan bo’lsalar ham, Alloh taolo vahiy orqali u zotga bildirdi. Agar biz harakatlarimiz ortidan o’zgarish sezmasak bu butunlay natija yo’q ekanligini bildirmaydi, natija hamisha bo’ladi!
Shuningdek, Allohning payg’ambari Ibrohim alayhissalomning hayotlarida ham bizga go’zal namuna bordir. Ibrohim alayhissalom edilar, u zotning ergashuvchilari juda kam edi. U zot bir joydan boshqa joyga sayohat qilardilar, oxir oqibat borib sahroda to’xtadilar. O’sha sahroning o’rtasida turib odamlar u yerga borishlarini Allohga iltijo qilib so’radilar. Ular iltijolarining ijobatini hayotlik chog’larida ko’rdilarmi? Yo’q! Lekin u zot Makkadagi hozirgi holatni ko’rganlarida edi. Bugun Yerning hech bir qit’asi yo’qki, unda iymon keltirmagan, Ka’ba tarafga intilmagan inson topilsa! Agar ular jismonan Allohning uyi yaqiniga bormasa ham, ularning qalblari o’sha yerda. Bu Ibrohim alayhissalomning duolarining ijobati emasmi?
Yana o’zimizning zamondosh ulamolardan Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining hayotlariga nazar solsak. U zotning kitoblari hozir deyarli barchaning qo’lida qo’lma-qo’l bo’ladi. Hazrat hayotlari davomida yuzdan ortiq kitob yozgan bo’lsalar, aksar qismini yozgan paytlarida xalqning qo’liga yetishidan hali umid yo’q edi. O’sha paytlarda o’zbek xalqi endigina ateistik tuzumdan chiqqan, ularga dindan saboq berishni asta-sekinlik bilan boshlash zarur bo’lgan davrlar. Ammo hazrat xalqning ma’naviyati o’sadigan, ilmi, saviyasi ortadigan davrlar kelishidan umid qilib kitob yozaverdilar. Natija esa hammamizga ma’lum.
Alloh taolo bizga rasullarida, solih bandalarida go’zal ibrat ko’rsatdi. Shuni bilishimiz kerakki, biz natijadan so’ralmaymiz, balki qilgan ishimizdan so’ralamiz. Musulmon kishi natijani robbisidan kutib, buyuk maqsadlari yo’lida bardavom bo’lar ekan Alloh ham bandasini noumid qilmaydi.
Imom Buxoriy nomidagi
Toshkent islom instituti
4- kurs talabasi Anvarova Mohigul