Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon haqida qanday ma’lumotlarni bilasiz?
Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon – muftiy, din va jamoat arbobi bo’lgan. Dastlab otasi Eshon Boboxon ibn Abdumajidxon qoʻlida, soʻngra Toshkentdagi Baroqxon, Koʻkaldosh madrasalarida tahsil olgan (1923-1931). Qohiradagi al-Azhar dorilfununini tugatgan, Makka, Madina shaharlariga ilmiy safarlar qilgan (1947). Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari diniy boshqarmasi tashkiliy qoʻmitasida bosh kotib (1942), boshqarma raisining oʻrinbosari (1943–1957), raisi (1957–1982). Toshkent Islom institutini tashkil etdi (1969) va unga bevosita rahbarlik qildi. Uning saʼy-harakati bilan Buxoroda Mir Arab madrasasi faoliyati qayta tiklandi (1945). Sobiq Sovet Ittifoqi va bir qancha musulmon mamlakatlarida oʻtkazilgan yirik xalqaro diniy anjumanlarning tashkilotchisi yoki faol ishtirokchisi sifatida turli xalqlar va dinlar oʻrtasida hamkorlik oʻrnatilishiga harakat qildi. Masjidlar boʻyicha Butunjahon oliy kengashi aʼzosi etib saylandi (Makka,1976). Ziyovuddinxon qori diniy merosni keng targʻib va tashviq qilishdan tashqari ilmiy, adabiy faoliyat bilan ham shugʻullangan. Ibn Sinoning gigiyenaga oid kitobini oʻzbek va rus tillariga oʻgirgan. Ziyovuddinxon qorining “Diyorimizda islom va musulmonlar” asari (1979, rus tilida) da islom dinining mohiyati ochib berilgan, islom barcha zamon va xalqlar uchun salohiyatli din ekanligi, uning tamoyillari hamma yaxshi niyatli kishilarning orzu-umidlari bilan hamohang ekanligi koʻrsatilgan. Futuhiy taxallusi bilan sheʼrlar ham bitgan. Ziyovuddinxon qori xalqlar oʻrtasida tinchlikni saqlash, yer yuzida doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlash ishiga katta hissa qoʻshganligi uchun Iordaniya, Suriya, Marokash va Misr Arab Respublikasining oliy ordenlari bilan taqdirlangan. 1998-yil Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon tavalludining 90 yilligiga bagʻishlab Toshkentda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi. Toshkentdagi Qaffol Shoshiy maqbarasiga otalari Eshon Boboxon yoniga dafn etilgan.
Shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon(Boboxonov), o’z davrining yirik din arbobi, mintaqa musulmonlarining muftiyi edi. U 1908 yili Тоshkеnt shahrida ulug’ Islom allomasi Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon xonadonida tug’ulgan. Ilk diniy saboqlarni avval otasidan, keyin Hakim qori domla, Bakhodirxon maxdum, Shayx Alouddin, Jamol xoji kabi ustozlardan olgan. O’n ikki yoshida Qur’on xofizi bo’lgan. 1920 yili Тоshkentdagi Ko’koldosh madrasasiga o’qishga kirgan, hadis va fiqh ilmini o’rgangan. 1943 yili tashkil etilgan O’rta Osiyo va Qozog’iston musulmonlari diniy nazoratiga otalari Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon rais, Ziyovuddinxon esa ma’sul kotib va O’zbekiston qozisi etib saylanishdi. U 1947-1948yillarda Qohiradagi Аl-Аzhar dorilfuninda, so’ngra Маkkа ва Маdinа shаhаrlarida tahsil olib, hadis ilmini chuqurlashtirdi. 1948 yili mintaqa musulmonlari diniy boshqarmasi raisi noibi, 1957 yil esa rais, muftiy etib saylanadi va umrining oxiriga qadar ana shu vazifada samarali ishladi. Shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon rahbarligi davrida Qur’oni karim va boshqa diniy kitob-darsliklar chop etildi. Тоshkent Islom ma’hadi ochildi, musulmonlar uchun jurnal, taqvim nashr etila boshladi. U sobiq Sovet Ittifoqi, Iordaniya, Маrokash, Livan mamlakatlari mukofatlarini olgan, bir necha ilmiy-ma’rifiy, she’riy asarlari bor.
Мilodiy yigirmanchi asrning ikkinchi yarmida shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon butun Ittifoqda salohiyatli alloma, yetuk din arbobi, O’rta Osiyo va Qozog’iston musulmonlarining diniy rahnamosi sifatida shuhrat qozongan edi. Qozi mansabida faoliyat yuritayotgan shayx Ziyovuddinxon otasi vafotidan keyin O’rta Osiyo va Qozog’iston musulmonlarining diniy boshqarmasi raisi, muftiy etib tayinlanishi u kishidagi katta tashkilotchilik, din qayg’usida jon kuydirish, musulmonlar ishi uchun fidoyilik hislatlarini ayniqsa jo’sh urdirib yubordi. Shundan keyin Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon butun umrini Allohning dini hizmatiga bag’ishladi, yurt musulmonlari manfaatini qattiq turib himoya qildi, xalqni ma’rifatli qilish ishining boshida turdi. Ziyovuddinxon qorining Islom dini sofligi, musulmonlar birdamligi, mamlakatda Islom dinini turli bid’at va xurofatlardan tozalash, dindorlar o’rtasidagi ixtilofligi holatlarga barham berish borasidagi xizmatlarini hozirgacha yaxshi eslashadi.
Uning ajdodlari ham dunyo tanigan Islom olimlari bo’lishgan: katta bobosi shayxulislom Ayubxon Yunusxon o’g’li davrining yirik faqihlaridan edi, u ko’p yillar “Мo’yi Мuborak” madrasasida mudarrislik qilgan. Bobosi Аbdulloh ibn Burxon Eshon ham o’sha madrasada dars bergan. Ziyovuddinxon qorining otasi Eshon Boboxon Qur’oni karim va Sunnati Nabaviyani mukammal bilgan olim, mintaqa musulmonlari idorasining tashkilotchisi va birinchi raisi edi. Ziyovuddinxon bolaligidan otalari va ustozlaridan diniy ilmlarni qunt bilan o’rgana boshladi. O’n ikki yoshida Qur’oni karimni to’la hifz qilib, murattab qori bo’ldi. 1920 yili Toshkent shahridagi “Кo’kaldosh” madrasasiga o’qishga kirdi. O’sh paytda madrasada Shom o’lkasidan kelgan atoqli olim, “Shоmiy domla” nomi bilan tanilgan shayx Muhammad ibn Sayid ibn Abdulvohid Asaliy Taroblusiy dars berardi. Shomiy domla yosh Ziyovuddinxondagi iqtidor va kuchli aql—zakovatni payqab, unga chuqur ilm berishga kirishdi. Теz orada qorining benazir iste’dodi yuzaga chiqib, u tengdoshlari o’rtasida peshqadamlik qila boshladi. O’zi tahsil olish barobarida boshqalarga ham bilganlarini o’rgatishga kirishdi.
Ikkinchi jahon urushi avji qizg’in pallasida,1943 yili sovetlar hukumatining qarori bilan sobiq Ittifoqda dinga xiyla erkinliklar berila boshladi. Тоshkentdа O’rta Osiyo va Qozog’iston musulmonlari diniy boshqarmasi (nazorati) tashkil etildi. U kishining otalari Eshon Boboxon hazratlari mazkur boshqarma raisi, muftiy etib saylandi. Ziyovuddinxon qori esa diniy boshqarmaning ma’sul kotibi, ko’p o’tmay O’zbekiston qozisi etib tayinlanadi. 1948 yildan boshlab shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon diniy boshqarma(nazorat) raisining o’rinbosari sifatida ish boshlaydi. Аnа shu vazifada u diniy boshqarma faoliyatini tubdan yaxshilash, diniy ta’lim berishni takomillashtirish, islomiy adabiyotlarni nashr etish sohasida katta ishlar olib bordi. Ziyovuddinxon qorining tashabbusi va sa’y-harakatlari bilan 1945 yili avval yopilib qolgan Buxorodagi Mir Arab madrasasi faoliyatini qayta boshladi. 1971 yili esa Тоshkentdа oliy ta’lim maskani-Imom Buxoriy nomidagi Тоshkеnt Islom instituti ochildi.
Otalari Eshon Boboxon hazratlarining vafotidan so’ng, 1957 yili shayx Ziyovuddinxon u kishi o’rniga O’rta Osiyo va Qozog’iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, muftiy vazifasiga yakdillik bilan saylandi. Shundan so’ng uning yangi masjidlar ochish, hajga boruvchilar uchun yetarli sharoit yaratish, yurtimiz musulmonlarining xorijdagi dindoshlari bilan aloqalarini mustahkamlash, diniy nashrlarni chop etish sohasidagi faoliyati yanada kuchayib ketdi. Namoz vaqtlarini belgilab bergan diniy taqvim chiqarish yo’lga qo’yildi. Shayx Ziyovuddinxon qori muftiylik qilgan chorak asrli davr ichida Qur’oni karim turli ko’rinishlarda besh marta nashr qilindi.
1982yili shayx Ziyovuddinxon qori vafot etgan. Ulug’ ulamo Тоshkent shahrining Hasti Imom mavzesidagi Qaffol Shoshiy maqbarasiga dafn etilgan.
Toshkent islom instituti
“Tillar” kafedrasi katta o’qituvchisi
Ernazarov Faxriddin
Foydalanilgan adabiyotlar
- wikipedia.org.
- uz