Meros – vafot etgan kishining mol-mulkidir, vorislarning haqqidir. Alloh taolo meros taqsimotini shu qadar batafsil bayon qilganki, Qur’oni Karimda boshqa bironta masala bu qadar bayon qilinmagan. Hayot ne’mati berilgan, nafas olib, tirik yurgan insonga Alloh taolo mol-mulk bergan bo’lsa, u vafot etgandan keyin bu mulkning boshqa bandalar qo’liga o’tishi Robbimiz buyurgan farzdir. Barchamizga ma’lumki, Alloh taolo qat’iy belgilab qo’ygan, bajarilishi majburiy bo’lgan amallar, haq-huquqlar farz deb ataladi. Farz so’zining ko’plik shakli esa «faroiz» bo’ladi. Alloh taolo vafot qilgan kishining mol-mulkini, ya’ni merosni taqsimlash qonun-qoidalari shariatda faroiz deb yuritiladi.
Islomda meros masalasi nihoyatda muhimdir. Uning qanchalik muhimligini u haqdagi oyati karimalar hamda Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak hadisi shariflaridan bilib olamiz.
Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan faroiz ilmiga, meros hukmlariga oid bir qancha hadisi shariflar vorid bo’lgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meros ilmini o’rganishga targ’ib qilib shunday deganlar:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey Abu Hurayra! merosni o’rganinglar va o’rgatinglar. Chunki u ilmning yarmidir. U unutiladi va ummatimdan eng avval ko’tariladigan narsa ham shudir”, dedilar”. (Ibn Moja va Hokim rivoyat qilishgan).
Yana bir hadisda esa shunday deyilgan:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Faroizni (ya’ni, meros ilmini) va Qur’onni o’rganinglar va odamlarga ham o’rgatinglar. Chunki men qabz qilinuvchiman”, dedilar. (Imom Termiziy rivoyat qilgan).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida bu ilmni o’rganishni Qur’oni karimni o’rganish bilan yonma-yon keltirishlari bejizga emas. Chunki bu ilm halol va haromga, birovning haqqiga aloqador bo’lgan ilmdir.
Abdulloh ibn Amr ibn Oss roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Ilm uch xil bo’ladi. Birinchisi – muhkam, aniq-ravshan oyatlar, ikkinchisi – hayotga tatbiq qilinadigan sunnatlardir. Uchinchisi esa adolat bilan taqsim qilinadigan merosdir». (Imom Abu Dovud va ibn Moja rivoyat qilgan).
Keyingi vaqtlarda xalqimiz orasida merosni bo’lish va olishga doir masalalarda ayrim tushunmovchiliklar sodir bo’lmoqda. Natijada merosxo’rlar o’rtasida, aka-uka, opa-singil va qavm-qarindoshlar o’rtasida turli oilaviy nizolar kelib chiqishi kuzatilmoqda.
Qiyomat yaqinlashgan sari bu ilmga amal qilish tobora susayib, deyarli yo’q darajaga kelib qolyapti. Alloh ilm ato etgan, ixlos nasib qilgan sanoqli zotlarning oilalarida meros ilmiga to’laqonli amal qilinayotgandir, ammo umumiy hisobda olinsa, shariatimizning bu muhim farziga deyarli amal qilinmaydigan bo’lib qolgan.
Faroiz ilmi haqida jild-jild kitoblar javonlarimizda terilib turibdi, bu hukmga oid barcha kattayu-kichik masalalar fuqaholarimiz tomonidan hal qilib qo’yilgan, ammo amal yo’q hisobida. Vaholanki, kundalik hayotimizda bu masalaga deyarli har kuni duch kelamiz, bu ilohiy ahkomlarga amal qilinmayotgani bois deyarli har kuni biror muammo, ziddiyatlar kelib chiqayotganiga bevosita guvoh bo’lib turibmiz.
Bu hukmning farz qilinishidagi eng muhim hikmatlardan biri bir bandaning haqqi boshqasiga o’tib qolishining oldini olish, turli kelishmovchilik, nizolarning oldini olish, luqmaning halolligini ta’minlashdir.
Meros masalasiga oid bir necha hayotiy misollarni keltirib o’tsak, faroiz ilmining ahamiyati haqidagi tasavvurimiz boyib, bu boradagi ilmimiz, saviyamiz oshadi, inshaalloh.
Meros qoidalari poymol qilinishining ko’rinishlari:
Birinchi holat – mayyitning haqqiga qilinadigan marosimlarda undan meros qolgan mol-mulkdan tayyorlangan taomlarni yeyish. Shariat ko’rsatmasiga ko’ra taqsimlanishi farz bo’lgan merosni, xalq tili bilan aytganda, yetimning haqqini yeyishning eng xunuk, ammo eng keng tarqalgan shakli – mayyitning ortidan qilinadigan turli marosimlar qilish va bunday marosimlarga borib, u yerdagi taomdan tanovul qilishdir. Alhamdulillah, mustaqil bo’lib, dinimizni o’rganish va unga amal qilish baxtiga musharraf bo’lganimizga chorak asr bo’ldi, ammo hanuzgacha bu illatni batamom yo’qotib bo’lmayapti. Fatvolar chiqyapti, amru ma’ruflarda tushuntirilyapti, ammo shu «payshanbalik»lar, «yetti», «yigirma», «qirq», «yil» va shunga o’xshash bid’at marosimlarni qilish kerak ekan deb, vafot qilgan odamning molini merosga taqsimlamasdan, ehsonlarga ishlatib yuborish ommaviylashib ketyapti. Bularning barchasi ilmsizlik, johillik, shariatning hukmiga beparvolikdir.
Din-u diyonat xalqimizning qon-qoniga singib ketgan, alhamdulillah, biz yetimparvar, mehr-oqibatli millatmiz. To’yga bormasak bormasmiz, ammo ta’ziyaga yetib boramiz, musibatzada birodarimizga hamdard bo’lamiz, janoza o’qiymiz, tobut ko’taramiz, ortidan tilovatlar qilib, duolar qilamiz. Ammo meros ilmidan bexabarligimiz oqibatida misqollab to’plagan shuncha ajru savobni bid’at amallar bilan, yetimning haqqini, birovning haqqini yeyish bilan havoga sovuramiz. Ehson deyilsa bo’ldi, marhumning merosi taqsim qilindimi, qarzlari ado etildimi, surishtirmasdan o’sha «yetti», «yigirma», «qirq»larga boraveramiz, oshni yeb, yeb-ichganlarimizdan, shu yozilgan dasturxondan, ehsondan hosil bo’lgan savoblarni o’tganlarga bag’ishladik deb o’zimizcha duolar qilib qo’yamiz. Savob faqat shariatda bor amaldan, solih amaldan, to’g’ri amaldan hosil bo’ladi.
Vafot etgan birodarimizning norasida go’daklari, balog’atga yetmagan farzandlari qolgan bo’lsa, uning merosi o’shalarning haqqi bo’ladi. Alloh asrasin, agar bu ehsonlar, bu noz-ne’matlar, o’sha meros hisobidan qilinayotgan bo’lsa, bu yeganimiz yetimlarning haqqini yeyish bo’lib qolmaydimi?
Shuning uchun bir ehsonga aytilsak, mayyitga oid marosim bo’lsa, ehtiyot bo’lishimiz, uning qaysi mol-mulk hisobiga qilinayotganiga bir e’tibor qilib qo’yishimiz kerak. Agar mayyitning molidan qilinmayotgan bo’lsa, marhumning oshna-og’aynisi, jigarlari yoki o’g’li savobi yetib borsin degan niyatda marosim qilib berayotgan bo’lsa, Alloh taolo dargohida husni qabul aylasin.
Demak, bu kabi marosimlarda yetimning haqqi, merosxo’rlarning haqqi poymol bo’lishining oldini olishimiz, shariatning hukmini tushuntirib, bu kabi og’ir gunoh ishlarga yo’l qo’ymasligimiz kerak bo’ladi.
Faroiz ilmi shu qadar aniq, shu qadar keng qamrovliki, unda inson hayotida ro’y berishi mumkin bo’lgan har qanday holat ko’zda tutilgan. Tasavvur qilishimiz mumkin bo’lgan har qanday holatni misol qilmaylik, o’sha holat uchun merosning aniq ulushlari belgilab berilgan.
Mustabid tuzumdagi tazyiqlar, qatag’onlar tufayli xalqimiz bugungi kunda faroiz ilmidan shu qadar uzoqlashib ketganki, bu qoidalarni biladigan odamlar barmoq bilan sanarli darajada kamayib ketgan. Amal qiladiganlar esa undan ham kam.
Oyat va hadislardagi ko’rsatmalar merosxo’r bo’lib qolgan qarindosh-urug’larning hayotlariga ham ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Farzandlar, tug’ishgan aka-uka, opa-singil va boshqa voris qarindoshlar o’rtasida totuvlik, mehr-oqibat davomli bo’lishi uchun vafot etgan kishidan qolgan merosning adolat bilan taqsimlanishi muhim ahamiyatga egadir.
Toshkent islom instituti 4-kurs talabasi Abdullayeva Robiya
Ilmiy rahbar: “Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasi o`qituvchisi
Ibragimova Surayyo