islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Yoshlar tarbiyasiga oid muhim vazifalar muhokama qilindi

Joriy yil 12-may kuni Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan “Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va din niqobi ostida ularni radikallashtirishga urinishlarning oldini olish borasidagi ustuvor vazifalar” mavzusida davra suhbati bo’lib o’tdi.

Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor Umidjon Xodjayev “Radikallashuv va buzg’unchi yot g’oyalar yoshlarning kelajagi uchun tahdid” mavzusida ma’ruza qildi.

Davra suhbati ishtirokchilari tomonidan ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari Oliy Majlisga va xalqimizga yo‘llagan murojaatnomasida O‘zbekistonning 2023-yil va yaqin istiqboldagi ustuvor maqsadlarini belgilab berdi.

Bu maqsadlarga erishishning asosiy omili davlat va xalqning birdamligi, hamjihatligi, fuqarolarning davlat idoralari vakillaridan roziligidir.

Yana bir muhim vazifa jamiyatda radikallashuv, yoshlar ongining buzg‘unchi, yot g‘oyalar bilan zaharlanishi, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishning oldini olishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlarni ro‘yobga chiqarishdir.

Tadbirda manfaatdor tuzilmalar, vazirlik va idoralar hamkorligida radikallashuvning oldini olish, yoshlarimizni turli illatlar ta’siridan asrash bo‘yicha mavjud huquqiy baza va amaliyot tahlillari asosida eng ta’sirchan, samarali mexanizmlarni joriy etish lozimligiga e’tibor qaratildi.

Dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga qaratilgan har qanday urinishning oldini olish bo‘yicha, kerak bo‘lsa, har bir hududning o‘ziga xosligidan kelib chiqib amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan mas’ul idoralarga ham, vakillik organlariga va jamoatchilik vakillariga ham zarur ko‘rsatma va tavsiyalar berib borish foydadan xoli emasligi ta’kidlandi.

Shu bois, davra suhbatida Mudofaa vazirligi, yoshlar siyosatini ro‘yobga chiqarishga mas’ul bo‘lgan tuzilmalar, ta’limga mutasaddi vazirliklar va albatta, keng jamoatchilik bilan birgalikda tom ma’nodagi vatanparvarlik, el-yurt taqdiriga daxldorlik hissini har bir yosh vatandoshimiz qalbiga, ongu shuuriga singdirish ishlarini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishni davrning o‘zi taqozo qilayotgani, yoshlarda yot g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash konsepsiyasi asosida qayd etilgan yo‘nalishlardagi ishlarni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish, mazkur ishlarga fuqarolar, davlat va nodavlat notijorat tashkilotlarini hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini yanada faol jalb etish lozimligi ta’kidlandi.

Tahlillar jamiyatda radikallashuv, yoshlar ongining buzg‘unchi, yot g‘oyalar bilan zaharlanishi, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishning oldini olish borasida mutasaddi vazirlik va idoralarning o‘zaro hamkorligi borasida hal etilishi lozim bo‘lgan muammo hamda kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Jumladan, hududlarda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha ishlar samarali va ta’sirchan tarzda tashkil etilmayapti.

Yoshlar ishtirokida o‘tkaziladigan sport  musobaqalari va ko‘rik tanlovlarning viloyat va shahar bosqichlarini  o‘tkazishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilmoqda.

Yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ular o‘rtasida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish maqsadida profilaktik hisobda turuvchi yoshlar hamda uyushmagan yoshlar o‘rtasidagi tushuntirish ishlari ham talab darajasida emas.

Yana bir xavotirli jihat shundaki, bugungi kunda xorij davlatlarida ishlayotgan yoki o‘qiyotgan Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari orasida radikal oqimlarning tarafdorlari soni ortib bormoqda. Bunday oqimlar yetakchilari tomonidan yot g‘oyalar keng targ‘ib etib kelinmoqda.

O‘z navbatida, o‘tkazilgan o‘rganishlar tahlili “Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va din niqobi ostida ularni radikallashtirishga urinishlarning oldini olish borasidagi ustuvor vazifalar” borasida mutasaddi vazirlik va idoralarning o‘zaro hamkorligi yuzasidan hal etilishi lozim bo‘lgan bir qator masalalar mavjudligi aytib o‘tilib, ularning yechimiga qaratilgan tavsiyalar bildirildi.

Muhokamalardan so‘ng, bildirilgan taklif va mulohazalar asosida tegishli tavsiyalar qabul qilindi.

TII Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor Umidjon Xodjayev

392560cookie-checkYoshlar tarbiyasiga oid muhim vazifalar muhokama qilindi

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: