Moziyning xira ufqlari osha ona vatanimiz tarixiga nigoh tashlasak, o‘lkamizda arab yozuvidan ilgari ham bir qator yetuk yozuvlar mavjud bo‘lganligini ko‘ramiz. Zero, O‘rta Osiyo xalqlari arab istilosiga qadar qariyb bir yarim ming yil ilgari tovush (fonetik) alifbolari bilan tanish edilar. Buning ustiga miloddan avvalgi III asrda vatanimizda so‘g‘diy, xorazmiy, parfiyoniy, baxtariy kabi yozuvlar shu yerda yashovchi xalqlarning “milliy” yozuvi sifatida barhayot edi. O‘rta Osiyo xalqlarining mana shunday yuksak yozuv madaniyati sohibi bo‘lganliklari tufayli arab istilosidan keyin joriy etilgan va barcha uchun majburiy bo‘lgan arab yozuvini o‘zlashtirish oson kechdi. Chunki arab yozuvi yuqorida zikr etilgan yozuvlar singari enlik qalam va qora rang (siyoh) bilan o‘ngdan chapga tomon yozilar edi. O‘rta Osiyo xalqlarining yozuvlari bilan arab yozuvidagi qalam harakatining deyarli mutanosibligi arab yozuvini tez o‘zlashtirishnigina emas, balki uni yerli xalqlar tomonidan yuksak badiiy kamolotga ko‘tarish imkonini berdi.
Tarixiy manbalarning ma’lumot berishicha, islom madaniyatining ilk davrlarida arab mamlakatlarida to‘rt xil yozuv istifoda etilgan. Bular “Xatti Makkiy”, “Xatti Madaniy”, “Xatti Basriy”, va “Xatti Kufiy”lardir. Bu yozuvlar ichida “Xatti Kufiy” qadimiy Eron va O‘rta Osiyoda keng tarqaldi. E’tiborlisi shundaki, “Kufiy” xatining harflari o‘sha davrlarda hech qanday nuqtasiz yozilar edi. Bu hol uni o‘qishda ma’lum qiyinchiliklarga sabab bo‘lardi. Shuning uchun keyinroq “Xatti Kufiy”, ya’ni, “Kufiy” xatini isloh qilishga to‘g‘ri keldi va bu isloh “nuqta”lar va “harakat belgilari”ni kashf qilishdan iborat bo‘ldi. Lekin shunga qaramay, “Kufiy” xati yildan-yilga ortib borayotgan yozuv ehtiyojlarini qondira olmay qoldi va bu xatda ish yuritish qiyinlasha bordi. Natijada u o‘z o‘rnini “nasx” xatiga bo‘shatib berdi. Chunki, “nasx” xatida “nuqta” va “harakat” belgilarini o‘z o‘rnida bexato qo‘llash imkoni mavjud edi. “Nasx” xatini “kufiy” xati zaminida Abu Ali Muhammad ibn Ali ibn Muqla (886-940) nomli arab xattoti tartib berdi.
“Kufiy” va “nasx” xati asosidagi alifboda harflar soni 28 ta edi. Forslar va Turkiy xalqlar o‘z tillarida mavjud bo‘lgan bir necha tovushlarning harflarini bu alifbolardan topa olmadilar. Bu tovushlarni ifoda etmoq uchun ular mazkur alifboga yana to‘rt harf ilova qildilar. Shunday qilib fors va turkiy tillarda ishlatilgan alifboning harflari 32 taga yetdi. Mana shu alifbo barcha turkiy xalqlar orasida keng tarqaldi va asrlar davomida ilm va adabiyot taraqqiyotiga xizmat qilib keldi. Bu o‘rinda shuni alohida ta’kidlash joizki, mazkur alifboda ilk bor turkiy so‘z bitilgan kundan e’tiboran u milliy yozuvga aylangan edi. Shunga ko‘ra, uzoq asrlar davomida arab alifbosi asosidagi milliy yozuv sharq mamlakatlari, shu jumladan, ko‘hna Turkistonda g‘oyat taraqqiy topdi va nasx xati zaminida bir qator yangi xatlar yaratildi. Bu xatlarning eng mashhurlari “Xatti sunbuliy”, “Xatti suls”, “Xatti rayhoniy”, “Xatti devoniy”, “Xatti ta’liq”, “Xatti nasta’liq” va “Xatti shikasta”lardir. Bularning ichidan “Xatti suls” va “Xatti nasta’liq” O‘rta Osiyo, shu jumladan O‘zbekistonda keng qo‘llana boshladi. Buning oqibatida vujudga kelgan an’anaga binoan “Xatti suls”da sarlavhalar, keyinroq esa, asar nomlari yozilgan bo‘lsa, “Xatti nasta’liq”da o‘sha asarlarning o‘zlari bitildi. Ayniqsa, milliy adabiyotimizning ko‘rki bo‘lgan g‘azallar “Xatti nasta’liq”da ajib ziynatga musharraf bo‘ldi.
Shu tariqa “Xatti nasx” ham kitoblar orasida “Xatti qur’oniy” nomi bilan ko‘proq diniy asarlar ko‘chirishda qo‘llangan, “Xatti nasta’liq” esa ilm va san’atning barcha sohalarida keng qo‘llanib kelindi. Bu qoidalarni yaxshi bilish esa ma’lum sabablar munosabati bilan oddiy xotiraga aylantirib qo‘yilgan milliy madaniyatimizning nodir bir shubasi bo‘lmish xattotlik san’atiga yangidan hayot baxsh etish demakdir.
Toshkent islom instituti 4-kurs
talabasi Xaytbayev Ravshanbek