islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Islomda halol va pokiza luqmaga e’tibor

Bizga din asoslarini bayon qilgan va bizni payg‘ambarlarning eng yaxshi qonunlariga va namozga hidoyat qilgan Allohga hamdlar bo‘lsin.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollllohu alayhi vasallamga va u zotning ahli oila va sahobalariga, hamda qiyomat kunigacha haqqa chaqirgan solih kishilarga salomlar bo‘lsin.

Alloh taolo insonga bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan va bir-biriga ta’sir qiluvchi ruhiy va jismoniy tomonlarni jamlagan holda hayot berdi. Rus maqolida aytilganidek: «Sog‘lom tanada sog‘lom aql». Alloh taolo dinni, ya’ni namoz, zikr, Qur’on o‘qish, duo va boshqa ibodat turlari orqali inson ruhni poklaydi va nur bilan to‘ldiradi, bu ham inson tanasiga foydali ta’sir ko‘rsatadi. Unga kuch, yoshlik, salomatlik beradi, dangasalik va kasalliklarni haydashda yordam berdi. Aksincha, harom bilan oziqlangan tana har xil kasalliklarga duchor bo‘lib, barokatdan xoli bo‘lib, Alloh taoloning amrlariga bo‘ysunishga moyil bo’lmay qoladi, ibodatda dangasalik qiladi, bu esa o‘z navbatida insonning ma’naviy kamolotiga zarar yetkazadi. Qolaversa, haromni iste’mol qilgan odamning ibodati olamlar Robbi tomonidan qabul qilinmaslik xavfi bor, bu borada ko‘plab hadislarda vorid bo’lgan.

Luqma inson badanining ozuqasi bo‘lib, uning halol bo‘lishi qilayotgan duolarimiz, ibodatlarimiz va tilovatlarimizni qabul bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Buni aksi esa, bizlarni Аllohning rahmatidan mahrum bo‘lishimizga olib boradi. Bu borada Robbimiz bayon qilib deydi: «O‘limtik, qon, cho‘chqa go‘shti, Аllohdan o‘zganing nomi aytib so‘yilgan, bo‘g‘ilib o‘lgan, urib o‘ldirilgan, yiqilib o‘lgan, suzishdan o‘lgan va yirtqich hayvon (qisman) yegan (hayvonlar) sizlarga harom qilindi, illo (sharʼan) so‘yganingiz (haloldir). Yana, but-sanamlarga atab so‘yilgan hayvonlar (go‘shti) va fol cho‘plaridan qismatingizni istashingiz (ham harom qilindi). Bu ishingiz fosiqlikdir. Bugunga kelib, endi kofirlar diningiz (mag‘lubiyati)dan noumid bo‘ldilar. Shuning uchun ulardan qo‘rqmangiz, Mendan qo‘rqingiz! Аna, endi bugun, diningizni kamoliga yetkazdim, neʼmatimni tamomila berdim va sizlar uchun Islomni din bo‘lishiga rozi bo‘ldim. Kimki, gunohga moyilligidan emas, balki ocharchilikda (mazkur man etilgan narsalardan yeyishga) majbur bo‘lsa, albatta, Аlloh kechirimli va rahmlidir» (Moida surasi, 3).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey odamlar! Albatta, Alloh pok  zotdir va faqat poklikni qabul qiladi. Darhaqiqat, Alloh taolo payg‘ambarlarga amr qilganidek mo‘minlarga ham shunday amr qildi va Alloh taolo: «Ey payg‘ambarlar! Pok yenglar va solih amallar qilinglar», – dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uzoq vaqtdan beri yo‘lda yurgan va qo‘llarini osmonga ko‘tarib: «Yo Robbim, ey Robbim!» deb takrorlagancha, sochlari to‘n-to‘zonga botgan bir odamni esladilar. Uning  ichishi harom, kiyimi ham harom, u haromdan oziqlangan, unga qanday javob berish mumkin?» (Muslim va Termiziy rivoyatlari)

Harom qilingan ichimlik borasida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar: «Har – bir mast qiluvchi xamrdir, har – bir xamr haromdir, kim bu dunyoda xamr ichib, shu holida tavba qilmagan holatda vafot etsa, (oxiratda taqvodorlar uchun tayyorlab qo’yilgan xamrdan) ichmaydi», dedilar. (Muslim rivoyati).

Mo‘min  banda taom yeyishdan maqsadi, uning kuchi bilan hayrli amallarni qilishdir. Ko‘p taom yeyishlik esa, badanga og‘irlik keltirib, egasini uyquga tortadi. Natijada yalqovlik kelib chiqadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Mo‘min bitta oshqozon bilan taom yeydi. Kofir esa yettita oshqozon bilan taom yeydi». Muslim rivoyati. Hadisning maʼnosi: Mo‘min banda taomni baʼzisini haromligi uchun yemaydi, baʼzisini badanni og‘irlashtirmaslik uchun yemaydi, baʼzisini shukrini ado qila olmasligi uchun yemaydi, baʼzisini shahvatni kesish uchun yemaydi, baʼzisini badanni riyozat qildirish uchun yemaydi. Bularning barchasi imon va taqvodan kelib chiqadi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Insonlarning eng ko‘p to‘yuvchirog‘i, oxiratda eng ko‘p och qoluvchirog‘idir».

Boshqa hadisda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Odamga qornidan ko‘ra yomonroq to‘ldiradigan idishi yo‘qdir. Odam bolasiga sulbini tutib turadigan luqmalar yeyishi kifoya qiladi. Аgar yeyish zarur bo‘lsa, uchdan biri taomga, uchdan biri suvga, uchdan biri nafasga bo‘lsin», dedilar.

 Pokiza, halol taomlarni iste’mol qilish insonning ma’nan va jismonan kamolotga erishishi uchun nihoyatda muhim bo‘lib, dinini saqlash va oxirat azobidan omon qolishning asosiy shartlaridan biri ekan.

 

Toshkent islom instituti 403- guruh

talabasi Boqiyeva Habiba

396970cookie-checkIslomda halol va pokiza luqmaga e’tibor

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: