Bu asar “Sharh mushkilil osor” nomi bilan mashhur va shu nom bilan nashr qilingan. Huddi shu nom bilan bir qancha kitoblarda zikri o’tgan, ba’zan “Mushkilul osor “yoki “Ta’vil mushkilil hadis” deb ham aytiladi. Bular odamlar o’rtasida mashhur bo’lib ketgan nomlari va kitob shunday tanilgan. Lekin bu asar muallifi Abu Ja’far Tahoviy qo’ygan nom emas, ehtimol bu asarning haqiqiy nomini qisqarib ketgan shakli bo’lishi ham mumkin yoki kitobni shuhrati sababli qo’yilgandir. Kitobning asl nomi:
بيان مشكل أحاديث رسول الله – صلى الله عليه وسلم – واستخراج ما فيها من الأحكام ونفي التضاد عنها
“Rasululloh sollollohu alayhi vasallam hadislaridagi mushkil va chigalliklarni bayon qilish va undagi ahkomlarni chiqarish va ulardagi qarama-qarshiliklarga barham berish”
Bunday deb nomlanishiga quydagilarni dalil qilib keltirishimiz mumkin:
- Asarning qo’lyozma nusxalari g’ilofida xuddi shu nom bilan belgilangan, muhaqqiq Shuayb Arnaut bu kuchli asaos ekaniga ishora qilib o’tgan.
- Ibnul Xoyr Ishbiyliy o’zining “Fihrist” nomli kitobida xuddi shu nom bilan:
“Rasululloh sollollohu alayhi vasallam hadislaridagi mushkil va chigalliklarni bayon qilish va undagi ahkomlarni chiqarish va ulardagi qarama-qarshiliklarga barham berish” kitobi deb keltirgan.
- Imom Tahoviy garchi sarohatan aytmagan bo’lsalarda, bunday nomlanishga ishora qilb, shunday deydilar: “Albatta men hadislarga nisbatan ehtiyotkor, omonatdor va uni boshqalarga chiroyli suratda yetkazuvchi kishilar naql qilgan, maqbul roviylar shajarasi orqali Rasululloh sollollohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadislar haqida fikr yuritdim. Oqibatda, bunday hadislar orasida ko‘pchilik odamlarga uni bilish imkoniyati bo‘lmagan bir qancha narsalarga duch keldim. Qalbim bu hadislar to‘g‘risida bosh qotirish va mushohada yuritish, hamda imkon qadar ulardagi mushkil va chigalliklarni bayon qilish va undagi mavjud ahkomlarni chiqarmoqlik, ulardagi qarama-qarshiliklarga barham berishga moyil bo‘ldi. Bu niyatimni bir qancha boblar keltirib, har bir bobda mazkur narsalardan Alloh taolo menga muyassar qilganlarini zikr qilish orqali amalga oshirishga qaror qildim”.
Yuqoridagilardan xulosa qilib aytadigan bo’lsak, asarni “Rasululloh sollollohu alayhi vasallam hadislaridagi mushkil va chigalliklarni bayon qilish va undagi ahkomlarni chiqarish va ulardagi qarama-qarshiliklarga barham berish” deb nomlash maqsadga muvofiqdir.
Toshkent islom instituti 401-guruh
talabasi Raimov Nuriddin