Sirojiddin O’shiyning to’liq ismi Abu Muhammad yoki Abulhasan Ali ibnUsmon bo’lib, laqabi Sirojiddindir.Manbalarda O’shiy nisbasi bilan birgalikda Farg’oniy, Taymiy, Shahdiy, Hanafiy va al Moturdiy nisbalar bilan tilga olingan. Olimning O’sh shahrida tug’ilgani va u yerda yashab ijod qilgani bois O’shiy nisbasi berilgan. Manbalarda Ali ibn Usmon O’shiyning tug’ilgan sanasi bilan bog’liq malumotlar uchramaydi. Faqihning vafot etgan sanasi sifatida aksar manbalarda hijriy 575 (milodiy 1179) yil ko’satilgan.
Sirojiddin O’shiy bobosi Muhammad ibn Sulaymon O’shiydan avvalgi saboqni va fiqh va hadis ilmlarini o’rgangan. Faqihning Marg’inondagi faoliyati davomida uning “al-Quzzotu-s-sab’a” (“Yetti qozi”) yoki “al-Fuzaloi sitta” (“Olti fazilatli faqih”)dan biri deb atalgan Zahiruddin Marg’inoniydan “Sahihi Buxoriy” va “Sunani Temiziy”ni o’rgangan. Farg’ona vodiysining yana bir ilm markazlaridan bo’lgan Xo`jand shahrida Sayfuddin Muhammad ibn Muhammad Xo`jandiy huzurida Xaffof Saraxsiyning “Kitobu-l-Yavoqid” asarini o’rgangan. Hadis ilmiga doir ushbu asarni O’shiy ustozinig Xo`janddagi uyida ikki marotaba yoddan o’qib bergani o’zining “Nisobu-l-abor” asarida keltirib o’tgan.
Sirojiddin O’shiy ilmiy faoliyatining katta qismi Samarqanda o’tkazganini alohida ta’kidlash lozim. Olim shu shaharda hanafiy mazhabining yirik olimlaridan Nosiruddin Samarqandiy va Alouddin Samarqandiydan fiqh va hadis ilmlarini tahsil olgan. Alloma O’shiy o’zining fiqhga oid “Fatvoi Sirojiya” asarida ushbu ikki olimning asarlalaridan foydalangan. Xususan, Nosuriddin Samarqandiyning “Multaqot” va “al-Jomiu-l-kabir fi-l-fatvo”, Alouddin Samarqandiyning “Tuhfatu-l-fuqaho” asarlarida kelgan fatvolardan ko’plab o’rinlarda foydalangan.
Alloma Samarqandagi faoliyat davomida Nasaflik olimlardan biri bo’lgan Abulqosim Mahmud ibn Aliy Nasafiydan hadis tahsil olgan. Mazkur muhaddisdan “Tanbehu-l-g’ofilin”, “Firdavsu-l-ahbor” va “Kanzu-l-axbor” kabi asarlardan yoddan ijoza olgan.
Buxoro shahrida esa Faxrul islom Pazdaviyning o’g’li Abu Sobit Hasan ibn Aliy Pazdaviydan fiqh va hadis ilmlarini o’rgangan. Alloma ushbu zotdan “Uyunu-l-majolis” va “al- Lu’liyot” kabi asarlarini yod olgan.
Sirojiddin O’shiy Movarounnahr shaharlaridan boshqa faqatgina Xurosonning Bistom shahriga safar uyushtirgani ma’lum. Faqihning Xurosonga safari davomida fors tilini mukammal o’zlashtirishi uning keyingi faoliyatiga katta tasir ko’rsatgan. Xususan, fors tilida, “Javorihu-l-ahkom” nomli hanafiy fiqhi asarlarini jamlangan asar yozgan. Afsuskiy bu asar bizgacha yetib kelmagan. Shuningdek o’zining “Fatvoi Sirojiya” asarida 300 dan ortiq o’rinda forsiy iboralar asosida fatvolar berib o’tgani fors tilinini mukammal bilganidan dalolatdir.
Shuningdek, Sirojiddin O’shiy aqoid ilmida ham yetuk olimlardan sanaladi. Uning moturudiy e`tiqodiga doir 66 baytdan iborat “Bad’u-l-amoliy” hamda Najmuddin Umar Nasafiyning xilof ilmiga oid “Manzuma”si va “Muxtalifi-r-rivoya” nomli nazmiga sharh yozgan.
Xulosa qilib aytganda qadimdan Movarounnahr diyorining Farg’ona vodisida ko’plab allomalar yashab ijod qilganlar. Bunday olimlar sirasiga Burhoniddin Marg’inoniy, Alouddin Kosoniy, Faxruddin Qozixon va Xusomuddin Axsikentiy kabi islom olamida o’z o’rniga ega bo’lgan olimlar qatorida Sirojiddin O’shiydek islom huquqshunosi ham yashab ijod qilgan. Sirojiddin O’shiy yana aqoid ilmiga bag’ishlangan asarlaridan yaqqol ko`rinadiki, she’riyat ilmida ham peshqadam bo`lgandir. Shu o’rinda Farg’ona vodisining Andijon o’lkasiga qarashli va hozirgi kunda Qirg’iziston Respublikasi hududida joylashgan O’sh vohasida islom ilmlari rivojiga hissasini qo’shgan, ayniqsa Buxoro va Samarqad ilm markazlarida shakllangan ananalarini yaxlit tizimga solgan allomalardandir.
Hozirgi kunda davlat tomonidan biz yoshlarga katta imkoniyatlarga yo’l ochib berilmoqda. Xususan, diniy sohada ham yoshlar o`tmish ajdodlarimizning ilmiy meroslarini o`rganib o`zini bilimlarini oshirish, o’z sohalarida ilmiy ishlarni boyitib borishi va kelajakda yetuk ilmiy darajani qo’lga kiritishlariga shart sharoitlar berilmoqada.
Toshkent islom instituti Abdurazzoqxo`jaev Mashrabjon
Foydalangan manbalar
Mulla Aliy Qorining “Zov’u-l-maoliy”
Sirojiddin O’shiyning “Fatvoi Sirojiya” 5-nashr
Sherzodjon Umaraliyev “Sirojiddin O’shiy”