Asar muallifi Abu Hafs Umar ibn Muhammad ibn Ahmad Nasafiy rohimahulloh “shayxul islom”, “muftiy as-saqolayn”[1] nomlari berilgan, faqih, muhaddis, mazhabning mo‘tabar shaxslaridan bo‘lib, yurtimizdan yetishib chiqqan Nasafiy ulamolardan sanaladilar. U kishining tug’ilgan yillari borasida Sam’aniy rohimahulloh “al-Ansab” asarlarida: “Umar Nasafiy rohimahulloh hijriy 461 yoki 462- yili (milodiy 1068 yoki 1070-yili) Nasaf shahrida dunyoga kelganlar” deb zikr qilgan. Ilm talabidagi safarlari haqida ko`p ma`lumotlar aniq bo`lmasada, Buxoro, Bag`dod, Makka shahrlariga borganlari asarlarda zikr etilgan. Umrlarini oxirida esa Samarqand shahrida yashab, o`sha joyda hijriy 537-yili jumadul uvla oyining 12-kuni[2] vafot etganlar hamda “Chokardiza” qabristoniga dafn etilganlar. Imom Zahabiy rohimahulloh “Siyaru a`lamin nubala” kitoblarida: “Alloma Umar Nasafiy fiqh, tafsir, hadis va boshqa bir necha diniy ilmlar borasida yetuk ulamolardan bo`lib, turli fanlardan 100 ga yaqin kitob ta`lif etgan”[3] deganlar.
Biz quyida nomini zikr qilmoqchi bo‘lgan kitob Imom Umar Nasafiyning “المنظومة في الخلافيات” ( Ixtilofli masalalar borasidagi manzuma) asari bo`lib, unda hanafiy mazhabi sohiblari bo‘lgan ulamolarning o‘zaro mazhab ichidagi xiloflari hamda ular va boshqa mazhab ulamolari o‘rtasida kelib chiqqan fiqhiy ixtiloflar go‘zal tarzda bayon qilingan mo‘tabar manbadir. Boshqa kitoblari singari ushbu manzumalari ham muallifning omma insonlar orasida e‘tibor hamda shuhrat topgan asarlaridan biri hisoblanadi. Olim bu kitobida fiqhiy ixtiloflarni jamlashda o`ziga xos yo`l tutgan bo‘lib, o‘z uslubida bitilgan ilk asar hisoblanadi.
Imom Najmiddin Umar Nasafiyning ushbu asarlari haqidagi ma‘lumotlarni taqdim etishdan avval, “xilof” (ixtilof) haqida qisqacha bayon qilsak maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Xilof (الخلاف) kalimasi lug’atda qarama-qarshilik[4], bahs-munozara, kelisha olmaslik degan ma‘nolarni bildiradi. خالف الرجل صاحبه ya’ni, kishi o‘z sherigiga xilof qildi deyilganda, biz u ma’lum bir masalada sherigiga qarama-qarshi fikr bildirdi, u bilan kelisha olmadi deb tushunishimiz mumkin[5]. Ixtilof kalimasi ham ushbu xilof kalimasi bilan bir ma’noda bo‘lib, bir-birining o’rnida ishlatiladi.
Imom Jurjoniy rohimahuloh bu kalimaga: “ Haqni haq ekanligi yoki botilni botil ekanligini isbotlash asnosida ikki taraf o‘rtasida yuzaga keladigan bahs-munozaradir”[6] deb ta’rif berganlar.
Alloma Tosh Kubro Zodaning ta‘riflari esa yanada xosroq bo‘lib, u quyidagicha: “ ixtilof bu – mazhab sohiblari o‘rtasida ro’y beradigan tortishuvdir”[7].
Shu o’rinda aytishimiz mumkinki, tomonlar o’rtasidagi qarama-qarshilikka tegishli bo‘lgan ilm “علم الخلاف”, ya‘ni xilof ilmi deb ataladi.
Xilof ilmga berilgan ta‘riflaridan birida esa Alloma Qonujiy rohimahulloh: “Bu ilm shar‘iy dalillarni keltirish hamda keltirilgan qat’iy dalillar orqali ixtilofli dalillar va noaniqliklarga barham berishni o‘rganuvchi ilmdir”[8] deganlar.
“Al-manzumatu fil xilafiyyat” kitobi mazhab ulamolari o`zaro ittifoq qilmagan, balki ixtilof qilgan masalalarni jamlovchi asardir. Alloma Afshanjiy bu asar haqida: “Allohga qasamki bu manzuma nafis kitob bo‘lib, uni xos va avom insonlar birdek qabul qilgan. Aslida ham shunga haqli kitob sanalib, unga o‘xshagani ta‘lif qilinmagan” deganlar.
Imom bu asarni nazmiy, ya’ni she’riy uslubda yozgan bo‘lib, 2666 baytdan iborat. Kitobdagi har bir bobda shu bobga tegishli bo‘lgan fiqhiy ixtiloflar zikr qilingan. Manzumani ta‘lif etish asnosida muallif Imom Abu Hanifa, Imom Abu Yusuf, Imom Muhammad, Imom Zufar, Imom Shofe‘iy va Imom Molik rohimahumullohlarning ixtiloflarini keltirganlar. Shu jihatdan bu kitobni uch mazhab: hanafiylar, shofe‘iylar hamda molikiylarning ixtilofli masalalarini jamlagan manba desak xato bo‘lmaydi. Bu asar hijriy 504-yili safar oyida yozib tugatilgan. Uning bir qancha nomlari mavjud:
-المنظومة فى الخلافيات
-منظومة فى الخلاف
-منظومة الخلافيات
-نظم الخلافيات
-منظومة النسفي في الخلاف
-المعتقد في الخلاف.
Shuningdek ushbu asarga 10 dan oshiq sharhlar bitilgan bo‘lib, quyida ba‘zilarini keltirib o‘tamiz:
1- Abdulloh ibn Ahmad Nasafiyning “المستصفى” (al-Mustasfa) asari;
2- Mahmud ibn Dovud Lu‘luiyning ” حقائق المنظومة” (Haqoiq al-manzuma) asari;
3- Muhammad Ibn Abdulhamiyd Samarqandiyning “حصر المسائل و قصر الدلائل” (Hasrul masail va qosrud dalail) asari va boshqalar.
Kitobning nazmiy uslubda bayon etilgani ham uning qadrini yuksaltiradi. Aynan nazmiy uslub tanlanganining sababini esa muallif “masalalarni zehnda saqlab qolish oson bo‘lishi uchun” deb aytganlar.
Yuqorida aytib o’tganimizdek muallif rohimahulloh mazhab faqihlarining yuksak e’tirofiga sazovor bo’lgan ulamolardan ekanliklari hamda o’z darajalariga mos holatda asarlarida mazhabdagi ishonchli va mo‘tabar hukmlarni keltirganlari ham kitobning o‘ziga xos jihatlaridandir.
Xulosa o’rnida aytishimiz mumkinki, odatda ixtilofli masalalarni yodda tutish tolibi ilmlarga qiyinchilik tug‘diradigan hamda doim ham oson sanaladigan ish hisoblanmaydi. Asarda mana shunday mushkilliklarni yechishda betakror ko‘rinish va uslublarni tanlanganligi esa uni o‘z yo‘nalishida tengi yo‘q asar darajasiga olib chiqqan.
Toshkent islom instituti talabasi
Shaydullayev Nurmuhammad
[1] Imom Zarkoniyning al-A`lam asari 5-juz, 60-bet
[2] Siyaru a`lamin nubala 2-juz, 127-bet
[3] Siyaru a`lamin nubala 2-juz, 126-bet
[4]Lisan al-arob, 9-juz 90-bet
[5] Al-misbah 179-bet
[6] Kitab at-ta`riyfat 164-bet
[7] Miftah as-saada 2-juz, 599-bet
[8] Abjad al-ulum 2-juz, 276-bet