islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Adolat timsoli – Umar ibn Xattob

Hazrati Umar ibn Xattob roziyallohu anhu o‘nta jannat bashorat berilgan buyuk sahobalarning biri, Xulafoi roshidinlarning ikkinchisi, Payg‘ambarimiz alayhissalomning eng suyukli sahobalaridan biridirlar. U zotning to‘liq ismlari Abu Hafs Umar ibn Xattob ibn Nufayl Al-Adaviy Al-Qurashiydir. Rasuli Akram alayhissalom Umar ibn Xattob roziyallohu anhuni “Foruq”“haq ila botilni ajratuvchi”, – deb aytganlar.

Umar roziyallohu anhu nubuvvatning beshinchi yilida o‘ttiz uch yoshlarida musulmon bo‘lganlar. Islomni qabul qilishlaridan avval Payg‘ambarimiz  alayhissalom:

 اَللَّهُمَّ أَعِزَّ الإِسْلاَمَ بِأَحَبِّ هَذَيْنِ الرَّجُلَينِ إِلَيْكَ بِأَبِي جَهْلٍ أَوْ بِعُمَرَ بْنِ الْخَطَّابِ  (رواه الإمام الترمذي)

ya’ni: “Ey Parvardigor, mana shu ikki kishidan – Abu Jahl yoki Umar ibn Xattobdan – qaysi biri O‘zingga suyumliroq bo‘lsa, Islomni u bilan aziz qilgin”, – deb duo qilgan edilar (Imom Termiziy rivoyatlari).

Hazrati Umar Islomga kirganlaridan so‘ng butun kuch-g‘ayratlarini Islom diniga xizmat va musulmonlarni himoya qilishga sarf etdilar. Shuning uchun ham Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu: “Umar Islomga kirganidan boshlab biz – musulmonlar doim aziz bo‘ldik”, – deganlar (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Bir kuni Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar: “Tushimda menga bir qadah sut olib kelindi. Qonib ichdim, hatto qonishlik tirnoqlarimgacha sizib borayotganini ko‘rib turardim. So‘ng ortganini Umar ibn Xattobga berdim”. Sahobalar: “Buni nimaga ta’vil qildingiz, yo Rasululloh?” – deyishgan edi: “Ilmga”, – dedilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Darhaqiqat, Hazrati Umar roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz alayhissalomdan ta’lim olgan sahobalar ichida eng ilmlilaridan edilar. Hatto sahobalardan biri Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu: “Agar Umar roziyallohu anhuning ilmi tarozining bir pallasiga, qolgan odamlarning ilmi tarozining ikkinchi pallasiga qo‘yilsa, uning ilmi og‘ir kelar edi”, – deganlar.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Umar roziyallohu anhu to‘g‘risida haqli ravishda shunday degandilar:

 وَالَّذِي نَفْسِي بِيَدِهِ ، مَا لَقِيَكَ الشَّيْطَانُ قَطُّ سَالِكًا فَجًّا إِلَّا سَلَكَ فَجًّا غَيْرَ فَجِّكَ  (رَوَاهُ الإِمَامُ البُخَارِيُّ)

ya’ni: “Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, shayton biror yo‘lda ketayotib, senga yo‘liqsa, sening yo‘lingdan boshqa yo‘lga yuradi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Mo‘minlarga bosh bo‘lgan paytlarida ham Hazrati Umar rahbar sifatida aholining ta’lim borasidagi ishlariga katta ahamiyat berar edilar. “Ilmni o‘rganinglar va uni odamlarga o‘rgatinglar. Shu bilan birga ilm uchun viqor va sokinlikni ham o‘rganinglar. O‘zingiz ta’lim olgan kishiga va ta’lim bergan kishiga tavoze’li bo‘linglar. Jabr-sitam ko‘rsatuvchi ulamo bo‘lmangki, johilligingiz ilmingizdan ustun bo‘lib qolmasin”, – deya nasihat qilar edilar. Navqiron yoshlarga qarata esa: “Rahbar bo‘lishdan oldin ilm o‘rganinglar”, – der edilar. 

Hazrati Umar roziyallohu anhu o‘n yil mo‘minlarning amiri – rahnamosi bo‘ldilar. U kishining davrlarida ko‘pgina diyorlar fath qilinib, Islom ziyosi bilan burkandi. U Zotning tashabbuslari bilan ko‘plab shaharlar qurildi, hijriy taqvim asosida yil sanasini hisoblash joriy etildi, qozilik mansabi ta’sis etildi, devon tuzilib, uning ishini yo‘lga qo‘yildi va tarixda birinchi marta qariyalarga moddiy ta’minot tayinlandi. Bundan tashqari juda ko‘plab olamshumul loyihalar insonlar manfaati uchun joriy qilindi. Milodiy 20 asrning oxirlarida g‘arblik mutaxassislar tomonidan insoniyat tarixida jamiyatlarga eng ko‘p foyda keltirgan shaxslarning ism-shariflaridan tuzilgan ro‘yxatning to‘rtinchi o‘rnida Umar roziyallohu anhuning ismlari keltirilgani ham bejiz emas.

Bir kuni Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhu, mo‘minlarning rahnamosi Hazrati Umar roziyallohu anhuning ziyoratiga keldilar. Salom berib, kutib turdilar. Xalifa Hazrati Umar roziyallohu anhu yonib turgan shamni o‘chirib, keyin boshqasini yoqdi. Bu ahvol mehmon diqqatini tortdi, u Hazrati Umar roziyallohu anhuga: “Ey, mo‘minlarning amiri! Oldingizda sham yonib turardi, uni o‘chirdingiz. Yana unga o‘xshash shamni yoqdingiz. Buning nima hikmati bor?” – dedilar. Hazrati Umar roziyallohu anhu tabassum bilan: “Ey, Abdurahmon! O‘chirganim davlatning shami (molidir). Yoqqanim esa o‘zimning shaxsiy shamim, o‘z pulimga olganman. Davlat ishlarini qilganimda, davlatning shamini yoqaman. Hozir sen bilan suhbat qurib o‘tirganimda, davlat shamini yoqish halol bo‘lmaydi, shuning uchun uni o‘chirdim, o‘z shamimni yoqdim. Shunday qilmasam, Allohga qanday hisob beraman”, – dedilar.

Shunda Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhu: “Yo Alloh! Umar ibn Hattobni boshimizdan nari qilmagin”, – deb duo qildilar.

Sir emaski, keyingi vaqtlarda xalqning mulkiga nisbatan bepisand bo‘ladigan kimsalar yo‘q emas. Aslida mulk yakka shaxsniki bo‘ladimi yoki davlat mulki bo‘ladimi nohaq o‘zlashtirib olishlari shar’an hamromdir. Balki, davlat mulkida yetimlarning ham moli bo‘lishi jihatidan bu mollarni nohaq yeyish do‘zax o‘tini qorniga solishdek ekani aytib o‘tilgan. Har-xil hiylalar ishlatib ommani mulkini o‘zlashtirishga urinish yoki haq to‘lashdan qochishga harakat qilish ayni birovning haqqini yeyish sanaladi. Bunday shariatga zid ishlar Qiyomat kuni katta javobgarliklarga sabab bo‘lishini unutmasligimiz kerak.

Ulamolarimiz Hazrati Umarning adolatlaridan yana biri sifatida quyidagi qissani ham keltiradilar. Misrda uyushtirilgan ot poygasida bir nasroniy, qibtiy yigit Misr hokimi Amr ibn Os roziyallohu anhuning o‘g‘illaridan o‘zib ketadi. Shunda Amr ibn Osning o‘g‘li qibtiy yigitga qarab:

– “Hali sen xojaning o‘g‘lidan o‘tib ketadigan bo‘ldingmi?!” deb, bir qamchi uradi.

Qibtiy yigitning otasi Madinaga borib, xalifa Umar roziyallohu anhuga arz qiladi. U Zot Amr ibn Osning o‘zlarini ham, o‘g‘illarini ham chaqirtiradilar. Ular yetib kelishadi. Katta majlisda Hazrati Umar roziyallohu anhu:

– “Qachondan beri onalaridan hur tug‘ilgan odamlarni qul, deydigan bo‘lib qoldinglar?”, – deydilar.

Qibtiyga qamchini berib:

– “Bu xojaning o‘g‘lini yaxshilab savala”, – deydilar.

Quloqlariga ishonmay turgan Qibtiy yigit voliyning o‘g‘lini bir qamchi urib, qamchini xalifaga uzatadi. Ammo hazrati Umar roziyallohu anhu:

– “Endi otasini ur”, – deydilar.

Qibtiyning hayron bo‘lib turganini ko‘rib:

– “Bu seni otasiga ishonib urgan”, – deydilar.

Qibtiy yigit bu adolatga qoyil qolib, shu joydayoq kalima keltirib, musulmon bo‘ladi va haqqidan kechib, Amr ibn Osni urishdan voz kechadi.

Hazrati Umar unga:

– Allohga qasamki, agar sen uni urganingda, o‘zing to‘xtamaguningcha hech kim seni to‘xtatmas edi, – deydilar.

Bu bilan Hazrati Umar roziyallohu anhu davrlarida inson qadri qay darajada ahamiyatli bo‘lganini bilishimiz mumkin. Qibtiy yigit qachondir qul bo‘lgan esada, aslida u ham inson ekani, uning sha’ni, qadr qimmati toptash mumkin emasligini atrofdagilariga yana bir bor ko‘rsatib berdilar.

Hazrati Umar roziyallohu anhu g‘oyatda tavoze’li, betakalluf kishi edilar. Bir kuni odamlar mahrning bahosini orttirib yuborganligidan unga bir chegara belgilamoqchi bo‘ldilar. Minbarda turib mana shu haqdagi gaplarni aytgandilar, eng orqada turgan ayollardan biri o‘rnidan turib: “Ey, mo‘minlarning amiri! Siz Alloh bizga ato etgan haqqimizdan mahrum qilmoqchimisiz?! Alloh taolo:

وَآتَيْتُمْ إِحْدَاهُنَّ قِنْطَارًا فَلا تَأْخُذُوا مِنْهُ شَيْئًا  (سورة النساء/20)

ya’ni: “Agar birontalariga tog‘dek mahr bergan bo‘lsangiz ham qaytarib olmang…”, degan-ku?!” – deb tanbeh berdi. Shundan so‘ng Hazrati Umar roziyallohu anhu o‘z fikrlari xato ekanligini ta’kidlab: “Ayol to‘g‘ri aytdi, Umarning fikri noto‘g‘ri!”, – deganlar va boyagi chegara belgilash to‘g‘risidagi fikrlaridan voz kechganlar!

Bu voqea mo‘minlarning amiri bo‘lgan – Hazrati Umar ibni Hattob roziyallohu anhuning xalq fikrini qay darajada ehtirom etganliklarini va ularga qonun doirasida to‘liq hurriyat berganliklarini ko‘rsatadi. O‘z davrida favqulodda ulkan nufuzga ega bo‘lgan Kisro va Qaysarlar hokimiyatini ag‘dargan hukmdor bo‘la turib oddiy bir ayolning tanbehini to‘g‘ri qabul qilganlar. Shariat ahkomlari oldida o‘zlarini oddiy xalq bilan barobar tutganlar.

Hazrati Umar roziyallohu anhu taqvoda, parhezda va nafsini tergashda benazir inson bo‘lganlar. Insonlarga xutba qilganlarida ko‘pincha shunday deganlari rivoyat qilinadi:

“حَاسِبُوا أَنْفُسَكُمْ قَبْلَ أنْ تُحَاسَبُوا، وَزِنُوهَا قَبْلَ أَنْ تُوْزَنُوا، وَتَهَيَّؤُوْا لِلْعَرْضِ الأَكْبَرِ “يَوْمَئِذٍ تُعْرَضُونَ لاَ تَخْفَى مِنْكُمْ خَافِيَةٌ”.

ya’ni: “(Qiyomatda) hisob qilinishingizdan avval o‘zingizni hisob qilinglar, (amallar) o‘lchanishidan avval uni o‘zingiz o‘lchanglar, amallar namoyish qilinadigan “buyuk kunga”ga tayyorgarlik ko‘ringlar. “O‘sha kunda sizlar (hisobot uchun Allohga) ro‘baro‘ qilinursiz, sizlarning biror siringiz maxfiy qolmas” (Hoqqa surasi 18-oyat).

U zotning Alloh taolodan g‘oyatda xavfda bo‘lganlari sababli o‘zlarini qattiq taftish qilar, ba’zan: “Furot daryosiga bir uloq tushib ketsa, qiyomat kuni buning hisobini Alloh Umardan so‘raydimi, deb qo‘rqaman”, – der edilar.

Hazrati Umar roziyallohu anhu imom bo‘lib bomdod namozini o‘qib berayotganlarida Abu Lu’lua ismli munofiq zaharlangan xanjari bilan u zotga suiqasd qildi. Hazrati Umar roziyallohu anhu jarohatdan so‘ng uch kun yashadilar.

Hazrati Umar roziyallohu anhuning foniy dunyo bilan vidolashib, oxiratga yuzlanayotgan, jarohat asoratidan bir hushyor, bir behush bo‘lib yotgan paytlarida: “Odamlar namozni ado qilishdimi?”, – deb so‘rardilar. Yana hushdan ketib, birozdan so‘ng o‘zlariga kelsalar, yana: “Odamlar namozni ado qilishdimi?” – deb so‘rardilar. Hazrati Umar roziyallohu anhu o‘lim oldidan namoz haqida so‘zlab, ko‘p nasihat qilardilar. Amaldagi nasihatlari esa jarohatlaridan qon oqib turgan bo‘lsa ham namozni o‘z vaqtida ado qilish bilan bo‘ldi.

Hazrati Umar roziyallohu anhuning hayotlarini o‘rganishda hammamiz uchun ibrat va juda ko‘p manfaatlar bor. Har bir musulmon kishi o‘zini taftish qilishida, oxiratni o‘ylab ish ko‘rishida shu zotga o‘xshasa, hech bo‘lmasa, o‘xshashga harakat qilsa edi, jamiyat ham moddiy, ham ma’naviy kamolotga yetgan bo‘lar edi.

Payg‘ambarimiz alayhissalom eng oxirgi payg‘ambar hisoblanadilar. U Zotdan keyin payg‘ambar kelmaydi. Shunday bo‘lsada, Sarvari olam o‘zlarining hadisi shariflaridan birida Hazrati Umar roziyallohu anhuning fazllariga ishora qilib shunday deganlar:

لَوْ كَانَ بَعْدِي نَبِيٌّ لَكَانَ عُمَرَ بْنَ الْخَطَّابِ  (رواه الإمام الترمذي)

ya’ni: “Agar mendan keyin payg‘ambar bo‘lganida edi, Umar ibn Xattob bo‘lardi” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Umar ibn Xattob roziyallohu anhu hijratning 23 yili (melodiy 644 yili) 63 yoshlarida Madinai munavvarada vafot etdilar.

 

Toshkent islom instituti talabasi

Davronova Zebiniso

410970cookie-checkAdolat timsoli – Umar ibn Xattob

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: