Salam yoki salaf – pulini naqd to‘lash, molni esa keyinroq olish ko‘rinishidagi bay’ bo‘lib, ulamolar unga: «O‘sha zahotiyoq beriladigan to‘lov evaziga zimmadagi sifati ma’lum narsaga tuzilgan aqd-bitim» deb ta’rif berganlar. Salam savdosi Qur’on, Sunnat va ijmo’ bilan joizdir.
Alloh taolo qurʼoni karimda shunday marhamat qiladi:
“يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا إِذَا تَدَايَنْتُمْ بِدَيْنٍ إِلَى أَجَلٍ مُسَمًّى فَاكْتُبُوهُ”
«Ey mo‘minlar, maʼlum muddatga qarz oldi-berdi qilgan vaqtizda, uni yozib qo‘yinglar!»[1]
عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ قَالَ: «أَشْهَدُ أَنَّ السَّلَفَ الْمَضْمُونَ إِلَى أَجَلٍ قَدْ أَحَلَّهُ اللَّهُ، وَأَذِنَ فِيهِ.
Ibn Abbos roziyallohu anhumo: «Guvohlik beramanki, ma’lum muddatga kafolatlangan salafni (ya’ni pulini avvaldan to‘lashni) Alloh taolo halol qilgan va unga izn bergan», dedi, so‘ng yuqoridagi oyatni o‘qidi[2].
عَن عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمَا، قَالَ: قَدِمَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ الْمَدِينَةَ، وَهُمْ يُسْلِفُونَ بِالتَّمْرِ السَّنَتَيْنِ وَالثَّلاَثَ، فَقَالَ: «مَنْ أَسْلَفَ فِي تَمْرٍ— فِي شَيْءٍ —، فَلْيُسْلِفْ فِي كَيْلٍ مَعْلُومٍ، وَوَزْنٍ مَعْلُومٍ، إِلَى أَجَلٍ مَعْلُومٍ.»
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Madinaga kelganlarida Madina ahli xurmo hosilini bir yil, ikki yil, uch yil (oldindan pulini to‘lab) salaf qilishardi. U zot: «Kim hurmoda – boshqa lafzda: bir narsada – salaf qilsa (ya’ni, pulini oldindan bersa), ma’lum kayl, ma’lum vaznda, ma’lum muddatgacha salaf qilsin», dedilar[3] Ushbu hadis salam bay’i mazkur shartlar bilan joizligiga dalil bo‘ladi.
Ibnul Munzir va boshqalar uning joizligiga ulamolar ijmo’ qilganlarini aytganlar (Al-ijma’: 45-s). Odamlarning hojatlari shuni taqozo qiladi, shu sabab aqd (savdo bitimi) tuzayotganlardan biri pulini oldindan olishi bilan foydalansa, ikkinchisi mol bahosining arzonligi bilan foyda oladi.
Maʼlumki savdo-sotiqda bitimlar muddatiga qarab 4 xil shaklda boʻladi.
- Har ikki tarafdan kechiktirilgan savdo turi bu nasiyani nasiya evaziga sotish hisoblanadi shariatdan bunday savdodan qaytarilgan.
- Har ikki tarafdan ham savdo kechiktirilmasdan amalga oshiriladi bu oʻsha vaqtda amalga oshirilgan savdo-sotiq turi boʻlib bu joizdir.
- Savdoda sotiladigan tovarni kechiktiriladi bu salam savdosidir.
- Savdoda tovarni oladi, faqat pulni kechiktiriladi, bu nasiya savdodir.[4]
Salam bay’i durust sanalishi uchun unda bay’ning shartlaridan tashqari yana bir necha xos shartlar boʻlishi lozim:
Birinchi shart: Salam qilinadigan molning sifatlari aniq bo‘lishi. Chunki, sifatlari aniq bo‘lmagan narsalar ko‘pincha boshqacha bo‘lib chiqadi va ikki tomon o‘rtasida nizo keltirib chiqaradi. Shuning uchun sifatlarida farqli bo‘ladigan sabzavotlar, terilar, har turli idishlar va javohirlarda salam bay’i durust bo‘lmaydi.
Ikkinchi shart: Salam qilinadigan narsaning jinsi va navini zikr qilish. Mahsulotning jinsi(masalan,bug‘doy),Navi (masalan, “lalmi” yoki “obi”), Sifati (masalan, yaxshi, o‘rtacha yoki yomon),
Uchinchi shart: Salam qilinadigan molning sig‘im yoki og‘irligi, adadi yoki uzunlik o‘lchovida o‘lchanadigan miqdorini aytish. Chunki, Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Kim hurmoda – boshqa lafzda: bir narsada – salaf qilsa (ya’ni, pulini oldindan bersa), ma’lum kayl, ma’lum og‘irlikda, ma’lum muddatgacha salaf qilsin», dedilar Chunki, agar salam qilinadigan molning miqdori aniq bo‘lmasa, uni to‘la-to‘kis qabul qilib olish imkoni bo‘lmaydi.
To‘rtinchi shart: Ma’lum muddatni aytish. Imom Shofeʼiy rohmatulloh alayh kechiktirmasdan oʻsha vaqt oʻzida ham salam qilish joiz. U kishini dalili hadisda Rosululloh sallallahu alayhi vasallam “salamga ruhsat berdilar” degan soʻzni mutlaq olganlar. Bizni dalil, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «ma’lum muddatgacha», deganlar. Hadisi sharif salam bay’ida muddat belgilash va muhlatning har ikki taraf biladigan had-chegarasini tayin qilish shartligiga dalil bo‘ladi. Salamning eng oz muddati bir oy.
Beshinchi shart: Salam qilingan (ya’ni, puli oldindan to‘lab qo‘yilgan) narsa muddat kelganda aksariyat hollarda topilishi shart qilinadi. Agar salam qilingan mol berilish muddati kelganda topilmaydigan bo‘lsa, ya’ni, masalan, rutob (yangi pishgan ho‘l xurmo) va uzumni qish paytida berishga salam qilinsa, salam bay’i durust bo‘lmaydi.
Oltinchi shart: Miqdori aniq bo‘lgan to‘lovni aqd-bitim tuzilgan o‘rinning o‘zida to‘la miqdorda olishi zarur, agar pulni keyin berishni shart qilsa bu nasiyani nasiyaga sotish hisoblanadi. Imom Shofe’iy rahimahulloh aytadi: «Chunki, salaf bay’ini qilayotgan kishisidan ajralguniga qadar pulini to‘lab qo‘ymasa, buni salaf bay’i deyilmaydi»
Yettinchi shart: Salam qilinayotgan narsa muayyan narsa bo‘lmasligi, balki zimmadagi qarz bo‘lib qolishi. Shunday ekan, daraxt yoki hovlini salam qilish joiz bo‘lmaydi. Chunki, muayyan bo‘lgan narsa berilish vaqti kelgunicha talafotga uchrashdan xoli bo‘lmaydi, u holda maqsud yo‘qqa chiqadi.
Yuqoridagi shartlarga toʼgʼri keladigan mahsulotlarga avvaldan pul berib qoʼyish joiz. Salam savdosi koʻpincha qishloq hoʻjalik mahsulotlari bugʻdoy, arpa, sholi sanoat maxsulotlari: sement, taxta, shefer, va boshqa mahsulotlar bilan amalga oshadi. Salam savdosida belgilangan vaqt kelgach, mahsulotning narxi kelishilgan narxdan arzon yoki qimmat boʼlishi eʼtiborga olinmaydi. Balki, mahsulot salam bitimida koʼrsatilgan narxda yetkazib beriladi. Bundan tashqari dinor va dirhamlarda salam savdosi joiz emas, chunki bu sarf (pulni pulga sotish ) boʻlib qoladi bu savdoda esa nasiya qilish mumkin emas. Tarvuz, qovun, kabi katta faqat qiladigan adadiy tovarlarda ham salam savdosi joiz emas. Abu Hanifa rahmatulloh alayh: – “Tuyaqushni tuhumi bilan ham salam qilish mumkin emas” deganlar. Shuningdek hayvonlarda ham salam savdosi joiz emas, imom Shofeʼiy rohmatulloh alayh agar hayvonni turini, yoshini, sifatini bayon qilsa joiz deb aytganlar. Hanafiy mazhabida joiz emasligi sababi, barcha sifatlari jinsini bayon qilsa ham uni qiymatida katta tafovut qiladi deyishadi. Hadisi sharifdan dalil esa
أن النبي صلى الله عليه وسلم نَهَى عَن السَّلمِ فِي الحَيوانِ
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Hayvonlarda salam qilishni qaytardilar” bu hayvonni ichiga barcha turdagi hayvonlar kiradi, hatto qushlar ham.
Salam qilingan molni – imkoni bo‘lsa – o‘sha aqd-bitim tuzilgan o‘rinda beriladi. Agar imkoni bo‘lmasa, ya’ni masalan, sahroda yoki dengizda aqd tuzgan bo‘lsalar va uni yetkazib berish uchun ham xarajat sarf etiladigan joy boʻlsa, molni topshirish o‘rnini aytilishi shart. Agar har ikki taraf molni topshirish o‘rniga kelishib olsalar, bu joiz bo‘ladi. Aks holda aqd tuzilgan o‘ringa qaytadilar.
Salamga doir hukmlardan:
Salam qilinayotgan mol bitim tuzilgan vaqtdan boshlab toki topshirish vaqti ichida odamlarni qoʻlida topiladigan tovar boʻlishi kerak. Salam aqdida xiyor shart va ruʼya (tovarni koʻrib tekshirish)sharti salam savdosida joiz emas, chunki bu tovarni topshira olmaydi, ammo xiyor ayb (tovarda ayb topilsa uni qaytarish) bitimda saqlanib qoladi. Salam qilingan tovarni barcha ayblardan salomat holda topshirish zarur agar topshirayotgan paytda tovarni aybi boʻlsa u tovarni egasiga qaytarib beradi. Tovarni qabul qilganidan keyin ayb yetsa qaytarib bermaydi.
Salam qilingan tovar va uni evaziga toʻlangan toʻlovda salam qilingan tovarni oʻz mulkiga oʻtmagunicha shirkat va tavliya kabi bitimlarni amalga oshirish mumkin emas.[5]
Salam qilingan tovarga toʻlanadigan pul ikki bitim tuzuvchi ajralishdan oldin toʻlashi kerak, ajralish esa badan bilan amalga oshadi, agar birga bir- ikki mil yursa ham, birga uxlasa ham ajralishgan hisoblanmaydi.
Ikki yuz dirham evaziga bugʻdoy salam qilmoqchi boʻlsa-yu yuz dirhamni hozir, qolgna yuz dirhamni esa bugʻdoyni qabul qilganidan soʻng beraman deb vaʼda bersa hammasida salam savdosi fosid boʻladi.
Pishgan va xom gʻishtlarda vazni, qolipi aniq boʻlsa salam savdosi joiz. Shuningdek matolarni uzunligi, kengligi, sifatini, matoni turini bayon qilsa joiz.
Salam qilingan tovarni bir inson oʻzini nomaʼlum boʻlgan idishi bilan yoki metr oʻlchovi bilan salam qilish mumkin emas, agar bu idish har ikki bitim tuzuvchi uchun qancha miqdorda ekani aniq boʻlsa va oʻrtada tortishuv kelib chiqmasa salam savdosi joiz. Bir kichik shahar yoki qishloqni oʻzidan chiqadigan tovarni berishni shart qilib salam qilish joiz emas, sababi oʻsha yerga biror-bir ofat yetsa salam qilingan tovarni topshira olmay qoladi. Iroq, Xuroson, Fargʻona kabi katta viloyatlarning bugʻdoyini berish shart qilsa salam qilish joiz.
Qullar, joriyalarda, marjon, marvarid, durlar, hayvonlarda va ularni tuyoqlari,kallasi hamda terilarida salam savdosi joiz emas. Ammo dumba charvi yogʻlarida salam qilish mumkin. Tuzlangan baliqni salam qilish mumkin, tirik baliqni ham turini, vaznini aniq qilsa bunda ham salam joiz lekin adadiy shaklda salam qilib boʻlmaydi.
Ikki bitim tuzuvchi salam qilishga kelishib, soʻng salam qilingan tovarga kelishilgan moldan boshqa bir narsani buyurtma bergan kishini roziligi bilan olishi mumkin emas, lekin salam savdosi avvaldan fosid boʻlgan boʻlsa joiz[6]
Salam qilingan molni qo‘lga kelmasidan turib sotib yuborish joiz bo‘lmaydi. Chunki, Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Kim bir yegulik sotib olgan bo‘lsa, uni to‘la qilib olmagunicha sotmasin», deganlar Bir lafzda: «… hatto uni qo‘liga olmagunicha» (Buxoriy (2136) va Muslim (30/1525) rivoyatlari), imom Muslimda: «… hatto o‘lchab olmagunicha» deb rivoyat qilinadi (31/1525). Uni havola qilish (ya’ni, boshqa birovning zimmasiga o‘tkazib qo‘yish) ham durust bo‘lmaydi. Chunki, havola qilish muqarrar qarzdan boshqada durust bo‘lmaydi, salam esa bekor bo‘lib ketishi ham mumkin bo‘lgan narsadir.
Agar salam qilingan narsa muhlati kelganda bo‘lmay qolsa, ya’ni, masalan, biron meva hosilini salam qilingan bo‘lsa-yu, o‘sha daraxt shu yili hosil qilmasa, salam egasi to o‘sha hosil bo‘lgunicha kutishi yoki bay’ni bekor qilib, pulini qaytarib olishi o‘rtasida ixtiyorlidir. Chunki, aqd zoil bo‘lsa, to‘lovni qaytarish farz bo‘ladi. Agar o‘sha to‘langan to‘lov yo‘q bo‘lib ketgan bo‘lsa, uning o‘rnini to‘laydi, vallohu a’lam.
Salam savdosini shariatida joriy boʻlishi har ikki tarafga ham manfaatni koʻzlangan. Bu turdagi muomalaning muboh bo‘lishi shariati islomiyaning qulayligi va bag‘rikengligidandir. Chunki, bu xildagi muomalada odamlarga qulaylik va yengillik yaratib berish, shu bilan birga ribo va boshqa harom-harish yo‘llardan chetlangan holda ularning manfaatlarini ro‘yobga chiqarib berish hosil bo‘ladi. Buning uchun Allohga hamdlar bo‘lsin.
Toshkent islom instituti talabasi
Xasanov Husniddin
[1] Baqara surasini 282-oyati Tafsir hilol 1-juz 293 bet
[2] Abdurrazzoq (8/5, №14064), Tafsir Ibn Jarir (3/116) Hokim (2/314) Bayhaqiy (6/18) rivoyatlari
[3] Bu hadis muttafaq alayh boʻlgan imom Buxoriy (2239) va Muslim (1604) Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilganlar
[4] Bidayatul mubtadiy sharhi Hidoya bay kitobi salam bobi 4/3 juz 135 bet Bushro matbaasi
[5] Sharhul viqoya 4/2 juz birinchi ( bosma mil 2006) 70 bet
[6] Fatvoiy Sirojiyya maktabatul ulumul Zakariyya 444-446 bet ( mil- 2011 hij -1432)