Imom Ramazon Butiy rohimahulloh aytadilar: “Mahallamizda bir ichkilikka berilgan odam bor edi, haqiqatda koʻp ichardi, biror marta masjidga kelganini, namoz oʻqiganini birov koʻrmagan. Bir kuni men uni masjidda birinchi safda koʻrib qoldim, koʻzlarimga ishongim kelmaydi. Namozdan keyin uni uyiga qutlash uchun kirdim va aytdimki: “Birodar sizni masjidda koʻrib juda xursand boʻldim, lekin toʻgʻrisini aytaman sizni masjidga kelganingizni koʻzlarim bilan koʻrmaganimda ishonmasdim. Bir narsa aniqki, ushbu botqoqqa botib yotgan sizdek odam birdan jamoatga chiqib birinchi safda namozda oʻtirishingiz, yuzingizdan birdan nurlar porlab turishi bejiz emas, bir sir bor agar mumkin boʻlsa shu sirni ayting.”
U aytdiki: “Men haqiqatda ichkilikka berilgan edim, tashlay olmasdim, kuchim yetmasdi. Lekin Robbimga osiy boʻlayotganimni bilardim. Aroqni ichar ekanman aroqni ushlab aytardim: “Ey Alloh mana shu narsa meni sendan toʻsib turibdi, buni olib tashlashga meni quvvatim yetmayapti, lekin sen qodirsanku, nega shuni olib tashlamaysan? Sen olib yuborsang boʻladiju, mening kuchim yetmaydiku, nega sen bunga marhamat qilmaysan?” deb yigʻlardim. Shundan so`ng Alloh taolo qalbimga birdan tavba berdi-yu, shuni tashlab birdan masjidga chiqib ketdim.”
Toshkent islom instituti talabasi
Ne’matxanov Alixon