islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Musulmonning qalbiga ozor berish haromdir

Bir gap garchi to‘g‘ri bo‘lsa-da lekin uni izhor qilishdan maqsad ikkinchi odamni tahqirlash, aziyat berish bo‘lsa bu ham gunohi kabiradir. Nafaqat g‘iybat, bo‘hton, yolg‘on gapirish gunoh balki mo‘minning qalbiga aziyat beradigan ishlarning hammasi gunoh sanaladi.

Ba’zilar men bu gapni uni betiga aytdim deydi yoki boshqani g‘iybat qila turib  men bu gapni betiga ham ayta olaman deydi. U betiga aytish ham gunohligini ham bilmayapti. O‘zimizda ham “betiga aytishning zahri yo‘q” degan gap bor. Lekin aslida unday emas. Bu aytgan gapi bilan mo‘minning qalbiga aziyat yetadigan bo‘lsa xorlash, tahqirlash maqsad bo‘lsa betiga aytish gunoh. Ortidan g‘iybat qilib gapirish ziyoda gunoh. Sababi bu yerda ham g‘iybat  ham tahqirlash bor. Betiga aytish garchi g‘iybat bo‘lmasa-da mo‘minning qalbiga aziyat berish borligi uchun alohida harom ish. Shoir aytganidek:

  • Dil ba dast ovar ki hajji akbar ast,
  • Az hazoron Ka’ba yak dil bextar ast.
  • Ka’ba bunyodi Xalili Ozar ast,
  • Dil nazargohi Jalili Akbar ast.

Ya’ni: Dilni qo‘lga ol, ko‘ngil ovla. Chunki u eng katta hajdir. Mingta Ka’batullohdan bitta dil yaxshiroq. Ka’ba Ibrohim xolilullohning barpo etgan uyi, dil – ko‘ngil esa buyuk Allohning nazar soladigan joyidir!

Abu Zarr G‘ifforiy roziyallohu anhu  Bilol roziyallohu anhuni يا ابن السودا ya’ni “ey, qora xotinning o‘g‘li” deb so‘kib masxara qilganlarida rosululloh sollalohu alayhi va sallam u zotga: “johiliyati bor kishi ekansan” degan edilar. Rosululloh sollalohu alayhi va sallam bir musulmonni so‘kishni, onasini masxara qilishni johiliyat ishi deb ifodalab ikkinchi bor unday qilmaslik uchun tanbeh berdilar.

Ko‘ngilga tegadigan, dillarga ozor beradigan gap so‘ylashning gunoh ekanini hozirgi payt odamlari unutib ham qo‘yishdi. Kerak bo‘lsa birovning betiga malomat qilamiz, janjallashamiz, arzimagan gap bilan urishishni ham boshlab yuboramiz. Og‘zimizdan har-xil gap so‘z chiqadi. Vaholanki, qiyomatda insonlardan birov haqida og‘zidan qanday gap chiqqani so‘raladi.

Sahobalar roziyallohu anhumning sha’ni qanchalik buyuk bo‘lishiga qaramasdan rosululloh sollalohu alyhi va sallam Abu Zarr G‘ifforiy roziyallohu anhuga tanbeh berdilar. Odatda bunaqa tanbehdan keyin har qanday odam qandaydir yo‘l bilan vaziyatdan talafotsiz chiqib ketishga harakat qiladi. Abu Zar G‘ifforiy roziyallohu anhu esa ta’vil qilmadilar. Aksincha, o‘sha gapni eshitgan chog‘laridayoq betlarini tuproqqa qo‘yib yotib oldilar-da: “Bilol kelib betimga oyog‘ini qo‘ymagunicha joyimdan turmayman” deb qasam ichdilar. Shu yotishda yotaverdilar. Bilol roziyallohu anhu chaqirtirilib, oyoqlarini qo‘yganlaridan keyingina o‘rinlaridan turdilar. Shunday ekan, insonlar bilan bo‘ladigan munosabatlarimizni o‘zgartiraylik. Alloh taolo hammamizga bilganlarimizga amal qilishni nasib etsin!

 

Toshkent islom instituti talabasi

Rasulov Azizjon

418602cookie-checkMusulmonning qalbiga ozor berish haromdir

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: