Sabr – g’am-kulfat, azob, musibatlarga chidash, toqat qilish, o‘z ixtiyori bilan nafsini tiyish, noxushlik sodir bo‘lganda Alloh taoloning roziligidan umidvor bo‘lib, o‘zini tutishlikdir.
Ulamolarning ta’kidlashlaricha, sabr turli xil bo‘ladi. Eng ulug‘ sabr iymon-islom talablarini bajarish yo‘lidagi qiyinchiliklarga chidash, odamlarning noo‘rin tasavvurlariga sabr qilish, yetgan musibatlar va ne’matlarga sabr qilish.
Sabr ko‘pchilik xayol qilgandek salbiy ma’noda, ya’ni nima bo‘lsa ham sabr qilyapman, deb jim harakatsiz turish emas, balki Allohning aytganini bajarish jarayonida duch keladigan mashaqqatlarni yengishdagi sabrdir.
Qur’oni Karimda sabrga da’vat ko‘p takrorlanadi. Chunki, Allohga toat-ibodatda ham, gunohdan saqlanish yo‘lidagi to‘siqlarni yengish uchun ham, havoyi nafsni jilovlash uchun ham sabr kerak.
O‘tgan ulamolar sabrni umumiy tarzda uchga bo‘lganlar. Birinchisi, Alloh harom qilgan narsalardan va gunohlardan saqlanishga sabr. Ikkinchisi, toat va qurbat hosil qilish uchun sabr. Uchinchisi, yetadigan musibat va qiyinchiliklarga sabr.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislarida ham sabrga ko‘plab chaqiriqlar bor. Abu Musodan rivoyat qilinadi: «Rosululloh sallallohu alayhi vasallam: “Hech kimga sabrdan ko‘ra yaxshiroq va kengroq ne’mat ato qilinmagan” dedilar.
Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Nabiy alayhissalom bir qabr ustida yig‘lab o‘tirgan ayol oldidan o‘tib qoldilar va unga: “Allohdan qo‘rqing va sabr qiling!”, – dedilar. Shunda u ayol Nabiy alayhissalomga: “Nari tur! Zero, menga yetgan musibat senga yetmagan va mening musibatimni qay darajadaligini bilmaysan ham”, – dedi. U ayolga: “Bu kishi Payg‘ambar alayhissalom bo‘ladilar”, – deyishdi. Boyagi ayol aytgan so‘zlaridan pushaymon bo‘lib, uzr so‘rashga Nabiy alayhissalomning uylariga keldi va u kishining uyi oldida hech qanday soqchilarni ko‘rmadi. Bu ayol Payg‘ambarimizni podshohlardek yashaydi va eshigi oldida darvozabonlar turadi, deb o‘ylagan edi, ammo uylariga kelganda hech qanday eshik og‘alarini ko‘rmagach, ajablandi. Nabiy alayhissalom bilan ko‘rishgach: “Men Sizni tanimabman”, – dedi. Shunda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam: “Haqiqiy sabr – birinchi zarbadagi sabrdir!”, – dedilar.
Demak, insonning boshiga kelgan musibat qanday bo‘lmasin, uning ilk daqiqalaridan sabr qilish – haqiqiy sabr ekan. Bunday sabrga Alloh taolo jannatni va’dasini bergan. Bu haqda hadisi qudsiyda quyidagicha keladi: Abu Umoma roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi, U Zot aytdilar: “Alloh taolo aytadi: “Ey Odam bolasi, Mendan savob umid qilib, musibatning ilk daqiqalaridan sabr qilsang, u holda sen uchun jannatdan boshqa mukofotga rozi bo‘lmayman”, – deydi”.
Toshkent islom instituti 3-kurs talabasi
Imron Xolmirzayev