Ulugʻ shoh Zahiriddin Muhammad Bobur Oʻrta asr Sharq madaniyati, adabiyoti va sheʼriyatida oʻziga xos oʻrin egallagan adib, shoir, olim boʻlish bilan birga yirik davlat arbobi va sarkarda boʻlgan.U keng dunyoqarashi va mukammal aql-zakovati bilan Hindistonda Boburiylar sulolasiga asos solib, bu mamlakat tarixida davlat arbobi sifatida nomi qolgan boʻlsa, serjilo oʻzbek tilida yozilgan ”Boburnoma” asari bilan jahonning mashhur tarixnavis olimlari qatoridan ham joy oldi. Uning nafis gʻazal va ruboiylari turkiy sheʼriyatining eng nodir durdonalari boʻlib, “Mubayyin” (“Bayon etilgan”), “Xatti Boburiy”, ”Harb ishi”, Aruz haqidagi risolalari esa islom qonunshunosligi, sheʼriyat va til nazariyasi sohalariga munosib hissasi boʻlib qoʻshildi.
Ulugʻ alloma Zahiriddin Muhammad Bobur 1483-yilning 14-fevralida Andijonda, Fargʻona ulusining hokimi Umar Shayx Mirzo oilasida dunyoga keldi. Bu davrda Markaziy Osiyo va Xurosonda turli hokimlar, aka-ukalar, togʻa-jiyanlar, amakivachchalar oʻrtasida hokimiyat – ulugʻ bobolari Amir Temur tuzgan yirik davlatga egalik qilish uchun kurash nihoyat keskinlashgan edi.
Adabiyot, nafis sanʼat, tabiat goʻzalligiga yoshligidan mehr qoʻygan Zahiriddin, barcha Temuriy shahzodalar kabi bu ilmlarning asosini otasi saroyida, yetuk ustozlar rahbarligida egalladi. Biroq uning betashvish yoshligi uzoqqa choʻzilmadi. 1494-yili otadan yetim qoldi. 12 yoshida otasi oʻrniga Fargʻona ulusining hokimi etib koʻtarilgan Bobur qalamni qilichga almashtirib, Andijon taxti uchun ukasi Jahongir Mirzo, amakisi Sulton Ahmad Mirzo, togʻasi Sulton Mahmudxon va boshqa raqiblarga qarshi kurashishga majbur boʻldi. Bobur ukasi Jahongir Mirzo bilan murosaga kelish uchun unga yon berishga — Fargʻona ulusini ikkiga taqsimlab, yarmini ukasiga topshirishga qaror qilda va oʻzi Samarqand uchun olib borilayotgan kurashga kirishib ketdi. Bir necha yil davom etgan bu kurash qirgʻin-barotdan boshqa biror natija bermadi: unda katta harbiy kuch bilan aralashgan Shayboniyxonning qoʻli baland keldi va Bobur Mirzo bobomiz Samarqandni tashlab ketishga majbur boʻldi. 1504-yili Shayboniyxon Andijonni ham qoʻlga kiritgandan soʻng, Bobur janubga qarab yoʻl oldi va Kobul ulusida oʻz hokimiyatini oʻrnatdi. 1505-1515-yillarda u Markaziy Osiyoga qaytishga bir necha bor urinib koʻrdi. Ammo bu urinishlardan hech qanday natija chiqmadi. Soʻng oʻz mavqeini yanada mustahkamlash maqsadida, 1519-1525-yillar davomida Hindistonni qoʻlga kiritish uchun bir necha bor janglar olib bordi. 1526-yil aprel oyida Panipatda Hindiston sultoni Ibrohim Lodiy bilan va 1527-yili mart oyida Chitora hokimi Ra’no Sango bilan boʻlgan janglarda Bobur Mirzoning qoʻli baland keldi. Tarixiy maʼlumotlarning bayon qilishicha, Bobur Mirzoning Hindistonga yurishida Dehli hukmdori Ibrohim Sulton siyosatidan norozi boʻlgan Panjob hokimlari ham Boburni qoʻllaganlar va Sikri jangidagi bu gʻalaba Bobur Mirzoga Hindistonda oʻz hukmronligini uzil-kesil oʻrnatish va Boburiylar sulolasini barpo etish imkoniyatini berdi. Ovroʻpo tarixchiligida “Buyuk moʻgʻullar” nomi bilan “gʻalati mashhur” boʻlgan, aslida “Boburiylar sulolasi” Hindistonda 300-yildan ortiq hukmronlik qildi.
Ulugʻ bobomiz Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo bu gʻalabadan keyin uzoq yashamadi-1530-yil dekabr oyida, Agra shahrida vafot etdi va keyinroq uning vasiyatiga koʻra farzandlari uning xokini Qobulga olib kelib dafn etdilar.
Lekin qisqa vaqt ichida bobomiz Bobur Mirzo Hindistonda siyosiy muhitni barqarorlashtirish, Hindiston yerlarini birlashtirish, shaharlarni obodonlashtirish, savdo-sotiq masalalarini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish bogʻ-rogʻlar yaratish ishlariga homiylik qildi. Hindistonni obodonlashtirish, unda hozirgacha mashhur boʻlgan meʼmoriy yodgorliklar, bogʻlar, kutubxonalar, karvonsaroylar qurdirish, ayniqsa, uning oʻgʻillari va avlodlari davrida keng miqyosga yoyildi. Hindiston sanʼati va meʼmorchiligiga Markaziy Osiyo uslubining kirib kelishi sezila boshladi. Bobur Mirzo va uning hukmdor avlodlari huzurida oʻsha davrning ilgʻor va zehni oʻtkir olimlari, shoirlari, musiqashunoslari va davlat arboblarini mujassam etgan mukammal bir maʼnaviy-ruhiy muhit vujudga keldi. Boburiylar davlatidagi madaniy muhitning Hindiston uchun ahamiyati haqida Javaharlaʼl Neru shunday yozgan edi: “Bobur Hindistonga kelgandan keyin katga siljishlar yuz berdi va yangi ragʻbatlantirishlar hayotga, sanʼatga, arxitekturaga toza havo baxsh etdi, madaniyatning boshqa sohalari esa bir-birlariga tutashib ketdi”.
Ulugʻ shoh Bobur Mirzo Hindistonda davlat ishlari bilan bir qatorda oʻzining adabiy-badiiy faoliyatini ham davom ettirdi va yuqorida zikr etilgan asarlarini yaratdi. Bobur Mirzoning butun jahon ommasiga mashhur boʻlgan shoh asari “Boburnoma”dir. Maʼlumki, unda Bobur Mirzo yashagan davr oraligʻida Movarounnahr, Xuroson, Eron va Hindiston xalqlari tarixi yoritilgan. Asar asosan uch qismdan iborat boʻlib, uning birinchi qismi-XV asrning ikkinchi yarmida Markaziy Osiyoda roʻy bergan voqealarni; ikkinchi qismi – XV asrning oxiri va XVI asrning birinchi yarmida Kobul ulusi, yaʼni Afgʻonistonda roʻy bergan voqealarni; uchinchi qismi-XVI asrning birinchi choragidagi Shimoliy Hindiston xalqlari tarixiga bagʻishlangan. ”Boburnoma”da oʻsha davrning siyosiy voqealari mukammal bayon qilinar ekan, oʻz yurti Fargʻona viloyatining siyosiy-iqtisodiy ahvoli, uning poytaxti Andijon shahri, Markaziy Osiyoning yirik shaharlari: Samarqand, Buxoro, Qarshi, Shahrisabz, Oʻsh, Urganch, Oʻratepa, Termiz va boshqa shaharlar haqida nihoyatda nodir maʼlumotlar keltirilgan. Unda Qobul ulusining yirik shaharlari Qobul, Gʻazna va ular ixtiyoridagi koʻpdan-koʻp tumanlar, viloyatlar, Shimoliy Hindiston haqida maʼlumotlarni uchratish mumkin.
”Boburnoma”ni varaqlarkanmiz, koʻz oldimizdan Markaziy Osiyo, Afgʻoniston va Hindiston xalqlariga xos boʻlgan fazilat va nuqsonlar, ularning tafakkur olamini kengligi va murakkabligi bilan birga, oʻsha davrdagi hayot muammolari, Bobur Mirzo davlatidagi siyosiy va ijtimoiy hayotning toʻliq manzarasi namoyon boʻladi. “Boburnoma”da keltirilgan bu tarzdagi maʼlumotlar Bobur Mirzo davrida yozilgan boshqa tarixiy manbalar: Mirxond, Xondamir, Muhammad Solih, Binoiy, Muhammad Haydar, Farishta, Abul-Fazl Allomiy va boshqa tarixchilarning asarlarida bu darajada aniq va mukammal yoritilgan emas. Muallif ”Boburnoma”da Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Behzod, Mirzo Ulugʻbek va boshqa allomalar haqida oʻzining eng yuqori fikr va mulohazalarini bildiradi.
”Boburnoma”-Movarounnahr, Xuroson, Hindiston, Eron xalqlarining XV asr oxiri – XVI asrning birinchi yarmidagi tarixini oʻzida aks ettirgan boʻlsa ham, shu bilan birga juda koʻp dolzarb iqtisodiy, ijtimoiy masalalar, yuqorida nomlari keltirilgan viloyatlarning oʻzaro siyosiy-iqtisodiy va savdo munosabatlari, jugʻrofiy mavqei, iqlimi, oʻsimlik va hayvonot dunyosi, togʻlari, daryolari, xalqlari, qabila va elatlari va ularning yashash sharoitlari, urf-odatlari, muhim tarixiy inshootlari — hindlar ibodatxonalari va musulmonlarning masjidlari, toʻy va dafn marosimlari haqida nihoyatda nodir maʼlumotlarni oʻzida qamrab olgan shoh asardir. Shuning uchun ”Boburnoma” tarixiy va adabiy meros sifatida dunyo olimlarini hayratda qoldirib kelmoqda.
Uzoq yillar davomida Gʻarb va Sharqning mashhur sharqshunos olimlari ”Boburnoma” mazmunini jahon jamoatchiligiga yetkazish borasida katta faoliyat koʻrsatdilar. Masalan, gollandiyalik olim Vitsen, angliyalik olimlar J. Leyden, V. Erskin, R. Koldekot, A. Beverej, T. Albot, germaniyalik Yu. Klaynrat va A. Keyzer, fransiyalik Pave de Kurteyl, hindistonlik Mirzo Nasriddin Haydar Rizvi, turkiyalik R.R.Art va N. I.Bayur va bizning davrimizdagi fransiyalik olim Bakke Gromon, afgʻonistonlik olim Abulhay Habibiy, pokistonlik olimlar Rashid Axtar, Nadvi va Shoh Olam Mavliyot shular jumlasidandir. ”Boburnoma”ni oʻrganish sohasida jahonning mashhur sharqshunoslari qatoridan yaponiyalik olimlar ham joy olmoqdalar.
Maʼlumki, ulugʻ alloma Bobur Mirzoning tarixiy, ilmiy va adabiy merosini oʻrganish va ommalashtirishda Oʻzbekiston, Tojikiston, Rossiya olimlarining faoliyatlari ham diqqatga sazovordir. XIX-XX asrlar davomida Georg Ker, N.Ilminskiy, O.Senkovskiy, M.Salye, Porso Shamsiyev, Sodiq Mirzayev, V.Zohidov, Ya.Gʻulomov, R. Nabiyev, S. Azimjonova, A. Qayumov kabi olimlarning saʼy-harakatlari bilan “Boburnoma” bir necha bor rus va oʻzbek tillarida chop etildi, ularga soʻzboshi yozildi va keng kitobxonlar ommasining maʼnaviy mulkiga aylantirildi, uning sheʼrlari ham bir necha bor nashr etildi.
Ulugʻ shoh Bobur Mirzo oʻzbek adabiyotida oʻzining nozik lirik asarlari bilan ham mashhurdir. Uning hayoti va adabiy faoliyati Movarounnahrda siyosiy hayot nihoyat murakkablashgan feodal guruhlarning harakatlari avjiga chiqqan va Temuriylar davlatining inqirozi davom etayotgan bir davrga toʻgʻri kelgan edi. Bunday murakkabliklar inʼikosini ”Boburnoma”da koʻrgan boʻlsak, shoir ruhiyatida qanday aks etgani esa, uning sheʼrlarida namoyon boʻladi. Movarounnahrni birlashtirishga urinishlari natija bermagach, ulugʻ shoir Bobur Mirzo ruhan qiynalgan, amaldorlarning xiyonatlari taʼsirida umidsizlikka tushgan kezlardagi kayfiyati sheʼrlarida aks etgan. Keyinchalik oʻz yurtini tark etib, Afgʻoniston va Hindistonga yuz tutganda uning sheʼriyatida Vatan tuygʻusi, Vatan sogʻinchi, unga qaytish umidi mavj ura boshladi.
Toleʼ yoʻqki jonimgʻa baloligʻ boʻldi,
Har ishnikim, ayladim xatoligʻ boʻldi,
Oʻz yerin qoʻyib Hind sori yuzlandim,
Yorab, netayin, ne yuz qoroligʻ boʻldi.
Shu bilan birga ulugʻ shoir Bobur Mirzo lirikasida sheʼriyatning asosiy mazmuni boʻlgan insoniy fazilatlar, yor vasli, uning goʻzalligi, unga cheksiz muhabbat, hijron azobi, ayriligʻ alamlari va visol quvonchlari nihoyat goʻzal va mohirona ifoda etilgan.
Xazon yaprogʻi yangligʻ gul yuzung hajrida sargʻardim,
Koʻrub rahm aylagil, ey lola ruh, bu chehrai zardim.
Sen ey gul, qoʻymading sarkashligingni sarvdek hargiz,
Ayogʻingga tushub bargi xazondek muncha yolvordim.
Ulugʻ shoir Bobur Mirzo oʻz lirik sheʼrlarida har doim odamlarni yaxshilikka, adolat, insonparvarlikka, yuksak insoniy tuygʻularni qadrlashga chaqirdi:
Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidur,
Har kimki jafo qilsa, jafo topqusidur.
Yaxshi kishi koʻrmagʻay yomonligʻ hargiz,
Har kimki yamon boʻlsa, jazo topqusidur.
Ulugʻ shoir Bobur Mirzo lirik sheʼrlari va tarixiy “Boburnoma”sidan tashqari, islom qonunshunosligi va boshqa sohalarda ham asarlar yaratgan. 1522-yilda oʻgʻli Humoyunga atab yozgan ”Mubayyin”nomli asarida oʻsha zamon soliq tizimini, soliq yigʻishning qonun-qoidalarini, shariat boʻyicha kimdan qancha soliq olinishi va boshqa masalalarni nazmda izohlab bergan. “Xatti Boburiy”deb atalgan risolasida arab alifbosini turkiy tillar, xususan, oʻzbek tili nuqtayi nazaridan birmuncha soddalashtirib berishga harakat qilgan. U tajriba sifatida “Xatti Boburiy” alifbosida Qurʼoni Karimni koʻchirgan. Bobur Mirzoning aruz vazni va qofiya masalalariga bagʻishlangan “Mufassal” nomli asari ham boʻlganligi maʼlum, biroq bu asar bizgacha yetib kelmagan.
Ulugʻ shoir Bobur Mirzo oʻzining maʼlum va mashhur asarlari bilan tarixnavis adib, lirik shoir va ijtimoiy masalalar yechimiga oʻz hissasini qoʻshgan olim sifatida xalqimiz maʼnaviy madaniyati tarixida munosib oʻrin egallaydi.
Ibrat maktabi
Oʻn ikki yoshingizni hech xotirlaysizmi? Bu yoshda nimalar boshingizda biror tashvish, qaygʻu boʻlganini eslay olasizmi? Agar shu yoshdagi boladan butun boshli davlat, viloyat, shahar, yoʻq keling kichkinagina bir oilani boshqarish, unga gʻamxoʻrlik qilish talab qilinsa, aqldan deb oʻylarmidingiz? Lekin aynan shu yoshida yurtga bosh boʻlishdek ulkan mas’uliyatni boʻyniga olgan buyuk zot borki, uni siz u biz yaxshi taniymiz. U zot nafaqat bizga yaxshi tanish, balki butun dunyoda maʼlum va mashhur boʻlgan alloma va shoh Zahiriddin Muhammad Boburdir.
Hayot uning boshiga ogʻir sinovlarni solganida u hali 12 yoshli bola edi. Shu yoshida taxtga chiqish, davlatni boshqarish, xalqni adolat bilan idora qilib, mamlakat sarhadlarini quzgʻun kabi talamoqchi boʻlganlardan tasarruf qilish… Shoh va alloma Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo bularning barchasini uddalabgina qolmay, Amir Temur saltanati poytaxti sanalgan Samarqandni ham bir necha bor qoʻlga kiritdi. Lekin taqdirning unga atalgan imtihonlari hali tugamagan edi. Biroq gavhar qayerda boʻlsa ham gavhardir.Undagi tugʻma hukmronlik qobiliyati Hindiston tarixida eng uzoq hukm surgan Boburiylar sulolasi misolida bugun ham dunyoni lol qoldiradi. Hindiston ham osonlikcha qoʻlga kiritilmagan, Ibrohim Lodiy bilan boʻlgan jangda Bobur Mirzo oʻzining 1200 kishilik qoʻshini bilan 100000 nafar askar va 1000 ta fildan iborat qoʻshinga qarshi turgan. Diqqatingizni tortmoqchi boʻlganimiz-Bobur Mirzoning jasorati va dovyurakligidir! Arzimagan muammolar qarshisida dovdirab qolib, oʻzini yoʻqotayotgan kichkina qiyinchiliklar ham koʻziga fildek koʻrinayotganlar alloma va shoh Bobur Mirzoning murakkab vaziyatlardagi jasorati,tadbirkorligidan oʻrnak olsa, arziydi.
Sind daryosining boʻyida Bobur Mirzo askarlariga bosh boʻlib sher bilan olishgani, ikki yelkasida ikki nafar odamni koʻtarib, qalʼa devorlari ustida mashq qilgani haqida qaydlar uchraydi. Bu kabi holatlardan ham ibrat olgulik jihatini koʻrishimiz mumkin: inson mashqlarda kamol topadi.
Bobur Mirzo yoʻlida uchragan har qanday daryoni suzib oʻtar ekan. Ganga daryosini ikki marta suzib oʻtganligi qayd etilgan. Biz oldimizdan chiqqan qancha muammolarni yechishdan koʻra chetlab oʻtishni afzal koʻrdik, qancha muvaffaqiyatga olib boradigan yoʻllarga mashaqqatidan qoʻrqib qadam bosmadik. Ulugʻ bobomizdan oʻrnak olsak arziydi.
Bobur Mirzoning Hindistonda joriy qilgan adolatli qonunlari insoniylikka asoslangan edi. Gʻayridinlarga solinadigan juz’ya soligʻini bekor qildi. Hindistonda amalda boʻlgan din va mazhablar oʻrtasidagi nizolarni bartaraf qilishga, janglarni oldini olishga urindi, oʻlgan erning tirik xotinini murda bilan birga yoqishni taqiqladi, mamlakatda osoyishtalik oʻrnatdi. Hatto Bobur Mirzo ovqatiga zahar solib, joniga qasd qilganlarni ham aql bovar qilmas bagʻrikenglik bilan kechirib yubordi. Bunday ishlarni qilish uchun jasur hamda dovyurak boʻlishni oʻzi kamlik qiladi.
Alloma Bobur Mirzoning bunyodkorlik ishlari ham maʼlum va mashhur. Dunyoning turli burchaklaridan mutaxassislarni chaqirib, Hindistonda 56 ta inshoot barpo etgan, shundan 33 tasi bevosita xalq ehtiyoji uchun xizmat qiladigan rabot, madrasa, yoʻl, koʻprik kabilardir. Ulugʻ shoh va alloma Bobur Mirzo Hindistonda yurtida ellik kishi ishlaydigan ulkan kutubxona bunyod qilib, uni nodir kitoblar bilan boyitdi
Alloma Bobur Mirzoning farzandlariga gʻamxoʻr, mehribon ota boʻlganligini ham taʼkidlash lozim. Suronli kunlarda ham u har bir farzandining qiziqishlarini oʻrganishga, manfaatli maslahatlarini berishga ham vaqt topar edi. Farzandi Humoyunga atab yozilgan “Mubayyin” nomli asari ham mana shu mehr bulogʻidan ungan deb aytsak yanglishmaymiz.
Alloma Bobur Mirzoning “Boburnoma”si esa oʻsha davr nasrida alohida yangilik boʻldi. Ushbu asarida muallif qariyb ellik yillik tarixni yuksak mahorat bilan haqqoniy tasvirladi. Bu asarda berilgan maʼlumotlar 32 ta fan doirasidagi ilmiy qiymatga ega muhim maʼlumotlar sanaladi.
Shoh va alloma Bobur Mirzoni xotirlar ekanmiz, uning vatanparvarligini tilga olmaslik mumkin emas. U oʻzining hayoti davomida mol-davlat ham, shohlik-hokimiyat ham, dunyoning qolgan barcha neʼmatlari ham ona Vatanning bir siqim tuprogʻi kabi ahamiyatga ega emasligini amalda isbot etdi.
Shoh va alloma Bobur Mirzo umri davomida asrlarga tatigulik asarlar yozgani, obodonchilik va bunyodkorlik ishlari, avlodlarga qoldirgan ibrat maktabi uning nomini abadiy qiladi. Biz- avlodlari ulugʻ bobokalonimizni xotiramizda hamisha faxr-iftixor tuygʻusini his qilamiz. Biz ulugʻ bobomiz Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo avlodlarimiz.
Foydalangan Internet saytlari
1.e-tarix.uz
2.arboblar.uz
3.ziyouz.uz
“Tillar” kafedrasi katta oʻqituvchisi Yernazarov Faxriddin tomonidan ushbu maʼlumot tayyorlandi