islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Soha rahbarlari “Imom Termiziy” oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasiga tashrif buyurdilar

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari, Toshkent islom instituti rektori, professor M.Muhammadsiddiqov, OʻMI Moliyaviy nazorat va tahlil boʻlimi mudiri I.Zuhriddinov, Masjidlar bo’limi mutaxassisi D.Rahimov, viloyat bosh imom xatibi A.Sayfiddinov Surxondaryo viloyati, Termiz shahrida joylashgan “Imom Termiziy” o’rta maxsus islom ta’lim muassasasiga tashrif buyurdilar.

OʻMI raisi oʻrinbosari M.Muhammadsiddiqov hamda “Imom Termiziy” o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi mudiri M.Jabborov dars jarayonlarini kuzatib, taʼlim sifatini oshirish, oʻqituvchilarning ilmiy salohiyatini koʻtarish, diniy taʼlimda anʼanaviy va zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qoʻllanilishiga doir oʻz takliflarini bildirdi. Shu bilan birga masʼullar tomonidan ustoz va talabalarning fikr-mulohazalari ham tinglandi.

Tashrif davomida soha rahbarlari taʼlim muassasasi oʻqituvchi va talabalari bilan uchrashib, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish to’g’risida muloqot oʻtkazdilar.

Muloqotda OʻMI raisi oʻrinbosari M.Muhammadsiddiqov va masʼullar Oʻzbekistondagi diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati, xususan diniy taʼlim yoʻnalishida amalga oshirilayotgan amaliy ishlar, dunyodagi geosiyosiy jarayonlar, global tahdidlar, turli maqsadlarga xizmat qiluvchi siyosiy-diniy oqimlar xatari, oʻqituvchi va talabalarning masʼuliyati, ilmning fazilatlari, imomlikning sharafi, oʻziga yarasha mashaqqatlari, bilimli va dunyoqarashi keng diniy kadrlarga boʻlgan ehtiyoj kabi masalalar yuzasidan nutq soʻzladilar.

Uchrashuvda madrasa bitiruvchilarining yurtimiz masjidlariga imom-xatib, noib imom hamda diniy taʼlim muassasalariga mudarrislik vazifalariga ishga taqsimot qilinishiga oid masala ham muhokama qilinib, oʻqishni tamomlagach, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tizimida faoliyat yuritishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgani va mana shunday mutaxassislarga masjidlarda doim ehtiyoj va talab mavjud ekanligi alohida taʼkidlandi.

Oʻrta maxsus taʼlimdan keyin oʻqishni davom ettirmoqchi boʻlgan talabalar yurtimizdagi 10ta madrasani tamomlab, 3ta oliy diniy taʼlim muassasalarida bakalavr, undan soʻng esa Toshkent islom institutida ochilayotgan magistratura va doktorantura bosqichlarida tahsil olishlari mumkin.
Maʼlumot uchun, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 17-18-oktyabr kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida bergan topshiriqlari ijrosi yuzasidan 2020-2021 oʻquv yilidan Surxondaryo viloyati Termiz shahrida “Imom Termiziy” oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi tashkil etildi. Taʼlim muassasasi oʻz faoliyatini rasmiy olib borishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 8-iyun kuni 24-sonli guvohnoma bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Taʼlim muassasasi Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy taʼlim maskani boʻlib, oʻrta maxsus diniy maʼlumotli islom shariati va hadis ilmlari mutaxassisi, imom-xatiblar tayyorlaydi. Taʼlim muassasada oʻqish muddati toʻrt yil boʻlib, kunduzgi taʼlim shaklida olib boriladi.

Ilm dargohidan katta maqsadlar koʻzlangan. Bu taʼlim muassasa kelajakda Vatanimiz taraqqiyotiga, yurtimizda ilm-fanning rivojlanishiga va xalqimizning yuksak maʼrifat sohibi boʻlishiga hamda yoshlarimizning yuksak odob-axloq egasi boʻlib yetishiga katta hissa qoʻshadi. Bu dargohda taʼlim olgan yoshlarimiz ertaga malakali mutaxassislar sifatida xalqimizning diniy-maʼrifiy ilmini yanada boyishiga, yoshlarimiz ongini yot mafkuralardan himoya qilishga, dinimiz sofligini odamlar ongiga singdirishga xizmat qiladi. Bitiruvchilar diniy ekstremistik va fundamentalistik gʻoyalarga ilmiy asoslangan holda raddiya berishlari mumkin.

Manzil: Surxondaryo viloyati, Termiziy shahar, Shimoliy Darvoza ko’chasi, 3-uy

☎️ (55) 451-05-96
https://imomtermiziy.uz
t.me/termiziylar
Lokatsiya

 

TII matbuot xizmati

421050cookie-checkSoha rahbarlari “Imom Termiziy” oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasiga tashrif buyurdilar

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: