Bugungi hayotimizda goh-gohida fatvo ilmini yaxshi bilmasdan fatvo berayotganlar uchrab turibdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam imom Dorimiy rivoyat qilgan hadisda: «Fatvoga jur’atli bo‘lganlaringiz do‘zaxga jur’atli bo‘lganingizdir», deganlar. Ya’ni bilib-bilmay, oxiri nima bo‘lishidan qo‘rqmasdan, havoyi jur’at qilib fatvo beraveradigan odam bu ishining oqibatida do‘zaxga kirishga jur’at qilgan bo‘ladi. Dastlabki musulmonlar avlodi fatvoning javobgarligini chuqur anglab yetganliklari tufayli, o‘zlaridan ilmliroq odam bor joyda jim turishni lozim bilganlar. Imom Navaviyning «Al-Majmu’» nomli kitobida Abdurraxmon ibn Abu Laylodan quyidagilar rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bir yuz yigirma ansoriy sahobalarining har biridan masala so‘ralganida «Ana undan sura», «Ana undan sura» deb, yana avvalgisiga qaytib kelganini ko‘rdim». Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhuda ilmning barcha turi yetarlicha bor edi. U kishi Alloh taoloning kitobini va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini juda yaxshi bilar edilar. Shu bilan birga, bilmagan narsalarini darhol tan olar va o‘z joyida «Bilmayman», deyish bilan faxrlanar edilar. Bir kuni odamlardan biri kelib, Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan savol so‘radi. U kishi: «Bilmayman», deb javob berdilar. So‘rovchi orqasiga qaytib ketdi. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu darxol qo‘llarini bir- biriga ishqab, xursand bo‘lgan hollarida: «Abdulloh ibn Umardan u bilmaydigan narsa so‘ralgan edi, «Bilmayman», dedi!» deb aytdilar. Ibn Abdul Barr «Jomi’ul ilm» kitobida Mujoxid roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan sulbdan bo‘lganlarning merosi haqida so‘raldi. Bas, u: «Bilmayman», dedi. «Unga javob berishdan seni nima to‘sadi?» dedilar. «Ibn Umardan bilmagan narsasi so‘ralgan edi, u: «Bilmayman», deb javob berdi», dedi Ibn Umar».
Ibn Abdul Barr «Jomi’ul ilm» kitobida Uqba ibn Muslimdan rivoyat qiladi: «Ibn Umarga o‘ttiz to‘rt oy hamsuhbat bo‘ldim. Undan savol so‘ralganda ko‘pincha «Bilmayman», der edi-da, so‘ngra menga qarab: «Anavilar nimani istashini bildingmi? Ular bizning yelkamizni jahannamga ko‘prik qilishmoqchi», der edi». Ibn Sa’d Nofe’ roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Bir odam Ibn Umardan masala suradi, U kishi boshini egib, javob bermay jim qoldi. Odamlar so‘rovni eshitmadi shekilli, deb o‘ylashdi. Haligi odam unga: «Alloh, senga rahm qilsin, so‘rovimni eshitmading- mi?» dedi. «Eshitdim, ammo sizlar so‘ragan narsangiz haqida Alloh bizni so‘roqqa tutmaydi, deb o‘ylaysizlar shekilli. Alloh seni rahm qilsin, bizni tek qo‘yib tur. Masalani fahmlab olaylik. Agar bizda unga javob bo‘lsa, beramiz, bo‘lmasa, bilmasligimizni aytamiz», dedi».
Sufyon va Sahnundan rivoyat qilinadi: «Odamlarning fatvoga jur’atlirog‘i eng ilmsizdir. Olim kishi fatvo berish haybatidan qo‘rqib turadi. Agar hukm Qur’on va Sunnatda hamda ijmoda ravshan kelgan bo‘lsa, uni aytishga jur’at qiladi. Ammo hukm haqida turli gaplar aytilgan yoki maxfiyroq bo‘lsa, yaxshilab, chuqur o‘rganadi va ravshan bo‘lmagan narsani aytmaydi».
Imom Molikdan gohida ellikta masala so‘ralganida birortasiga ham javob bermagan paytlari bo‘lgan. U kishi: «Javob beruvchi undan oldin o‘zini jannatga va do‘zaxga solib ko‘rsin, xalos bo‘lishga ko‘zi yetsa, javob bersin», der edilar. Shu tarzda «Bilmayman» deyish – ilmning yarmi» degan islomiy qoida paydo bo‘ldi. Hanafiy mazhabi bo‘yicha fatvo beruvchi kishi kimning gapiga ko‘ra fatvo berayotganini yaxshi bilishi, so‘zi olinayotgan faqihning nasl-nasabi, ilm-ma’rifati, fiqhiy salohiyati hamda mazhabdagi o‘rni kabi ma’lumotlarni yaxshi bilishi zarur. Shundagina muftiy sahihni zaifdan, ustun hukmni kuchsizdan ajrata oladi.
Toshkent islom instituti talabasi
Mahmudjonov Javohir