Islom huquqi inson va jamiyat hayotini tartibga solish, ijtimoiy ehtiyojlarni qondirish va adolat tamoyilini amalga oshirish kabi asosiy maqsadlarni ko‘zlaydi. Shu orqali mustahkam poydevorlar ustiga qurilgan jamiyat bilan insoniyatga yo‘l ko‘rsatadigan Islom madaniyati barpo etiladi. Ibn Xoldun o‘zining mashhur “Muqaddima” asarida “insonlar jamiyati – zaruratdir” deya yer yuzida jamiyatsiz hayot bo‘lmasligini ta’kidlagan . Chunki inson “jamiyatda tug‘iladi va odatda jamiyatdan tashqarida yashay olmaydi ”. Islomda jamiyatlarning mavjud bo‘lishi va rivojlanishi, tinch va osoyishta yashashi uchun munosabatlarni tartibga soladigan, ziddiyatlar va kelishmovchiliklarni bartaraf etuvchi hamda nizolarga chek qo‘yish uchun bir qator zaruriy qoidalar mavjud. Bu qoidalar shar’iy hukmlardir.
Ushbu qonunlarning ba’zilari hayot va jon bilan bog‘liq bo‘lsa, ba’zilari din va e’tiqodlarni himoya qilish, va yana boshqalari naslni asrash, aqlni himoya qilish hamda odamlar halol mehnat orqali erishgan mulk bilan bog‘liqdir. Yuqoridagi qoidalarning biri buzilganda, tartibsizlik yuzaga keladi va uning davom etishi jamiyatning parchalanishiga olib keladi. Islom dini esa insonlarning asosiy huquqlarini birma-bir bayon qilib, bu huquqlar poymol etilishining oldini olish uchun bir qancha hukmlar bayon etgan. Bu hukmlar va ularning maqsadlari Islom huquqining asosiy maqsadlari deb ataladigan “Maqosid Ash-Shari’a” sarlavhasi ostida bayon qilingan.
Maqosid-u Shari’a – umumiy ma’noda dinning maqsadlarini, ibodat va fiqh sohasidagi diniy qoidalarni o‘ziga xos ma’noda ifodalash uchun qo‘llaniladigan tushunchadir.
Alloh taolo O‘zi yaratgan barcha qonun-qoidalarida muhim bir maqsadlarni ko‘zlaydi va bu maqsadlar odamlarga manfaat keltirish, ulardan zararni oldini olish va dunyoni yomonlikdan tozalashga qaratilgan . Bu bizga Islom shariati qoidalari, albatta foyda keltirishi yoki zararni bartaraf qilishni ko‘rsatadi.
Islom hukmlari bayon qilinar ekan, bashariyatni manfaatli narsalarga buyurib, zararli narsalardan qaytishlikni iroda qiladi. Shu tariqa u maslahani ta’minladi.
Ma’lumki, shariat bandalarning besh zarurat (din, jon, nasl, mol va aql)ni saqlashlari maqsadida joriy qilingan. Hozirgi kunda ilm-fan, texnika, axborot va tibbiyot rivojlangan zamonda bu besh masaladan biri bo‘lgan nasl-nasabni muhofazasini o‘rganishlik juda katta ahamiyat kasb etadi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Nasl-nasabning nazariy asoslarini o‘rganishda eng avvalo Qur’on va sunnatga, so’ng sahoblarning va islom olimlarining so‘zlariga qaraladi.
Islomda nasl-nasabni o‘rganishning nazariy asoslari quyidagilardir:
- Qur’on va Sunnat: Islomda nasl-nasabni o‘rganishning asosiy manbalari Qur’on va Sunnatdir. Bu manbalardan olingan ma’lumotlar, Islom jamiyatida nasl-nasabni aniqlashda asosiy qoidalar sifatida qabul qilinadi.
- Hadis: Muhammad ﷺning hadislarida nasl-nasabga oid ko‘plab qoidalar va maslahatlar berilgan. Bu hadislar, qabilalarning, oilalarning va insonlarning bir-biriga qarshi munosabatlari, nikohlarni birlashtirish, ta’rif va qoidalar haqida ma’lumot beradi.
- Siyrat (Rasululloh ﷺning hayoti): Payg‘ambarimiz Muhammad ﷺning hayoti, uning qabilalari, oilalari, qarindoshlari haqida berilgan ma’lumotlar, nasl-nasabni o‘rganishda muhim manba hisoblanadi.
- Sahobalar va Tabeinlar hayoti: Sahobalar va ularga tabein bo‘lgan insonlar, ularga oid rivoyatlar, tarixiy manbalar, va hadislar nasl-nasabni o‘rganishda muhim manbalardan hisoblanadi.
- Islom ulamolarining asarlari: Islom ulamolarining asarlarida oila va qabilalarning tarixiy ma’lumotlari, nasl-nasab qonunlari va ularning munosabatlari haqida ma’lumotlar berilgan.
Qur’onda Alloh Taolo shunday deydi:
ٰأَيُّهَا ٱلنَّبِىُّ إِذَا جَآءَكَ ٱلْمُؤْمِنَٰتُ يُبَايِعْنَكَ عَلَىٰٓ أَن لَّا يُشْرِكْنَ بِٱللَّهِ شَيْـًٔا وَلَا يَسْرِقْنَ وَلَا يَزْنِينَ وَلَا يَقْتُلْنَ أَوْلَٰدَهُنَّ وَلَا يَأْتِينَ بِبُهْتَٰنٍ يَفْتَرِينَهُۥ بَيْنَ أَيْدِيهِنَّ وَأَرْجُلِهِنَّ وَلَا يَعْصِينَكَ فِى مَعْرُوفٍ فَبَايِعْهُنَّ وَٱسْتَغْفِرْ لَهُنَّ ٱللَّهَ إِنَّ ٱللَّهَ غَفُورٌ رَّحِيمٌ
Ya’ni: “Ey Nabiy! Agar moʻminalar senga Allohga hech narsani shirk keltirmaslik, oʻgʻrilik qilmaslik, zino qilmaslik, bolalarini oʻldirmaslik, qoʻllari va oyoqlari orasidan boʻhton toʻqib keltirmaslik va senga yaxshilik ishda isyon qilmaslikka bayʼat qilib kelsalar, ularning bayʼatini qabul qil. Va Allohdan ularning gunohini kechishni soʻra. Albatta, Alloh gunohlarni kechiruvchi va mehribondir. ”.
Bu oyatda aqlni himoya qilishdan tashqari yana to‘rt masala ham tilga olingan bo‘lib, ular quyidagilardir:
1.Allohga hech bir narsani sherik qilmaslik (Din muhofazasi).
- O‘g‘rilik qilmaslik (Molni muhofazasi).
- Zino qilmaslik (Naslni muhofazasi).
- Bolalarni o‘ldirmaslik (Jonni muhofazasi).
- Tuhmat qilmaslik (Irz muhofazasi).
Makka davrida nozil bo‘lgan ushbu oyat zohiriy ma’noda tushunilib, zarurat masalasi umumiy ma’noda muhokama qilinadi. Madina davrida bunday masalalar esa atroflicha muhokama qilinadi.
Rasululloh ﷺ vidolashuv xutbalarida islom ahkomlarining ana shu besh asosiy maqsadini butun insoniyatga yana bir bor baralla e’lon qildilar. Hadisda Rasululloh ﷺ: “Kimki dini uchun o‘ldirsa, u shahiddir. Yana kimki jon uchun o‘ldirsa, u shahiddir, mol-mulki uchun o‘ldirilsa, u shahiddir, kimki oilasi uchun o‘ldirilsa, u shahiddir” dedilar .
Alloh taolo Odam (a.s)ga Momo Havo onamizni jufti halol qilib, shu juftlikdan yer yuzida Inson naslini tarqatdi. Alloh taolo shu tarzda juft bo‘lib, o‘zidan zurriyot tarqatib yashashi naqadar ulug‘ ne’mat ekanligi va bu ne’mat faqat O‘zi tarafdan berilganligini insoniyatga eslatib shunday deydi:
وَٱللَّهُ جَعَلَ لَكُم مِّنْ أَنفُسِكُمْ أَزْوَٰجًا وَجَعَلَ لَكُم مِّنْ أَزْوَٰجِكُم بَنِينَ وَحَفَدَةً وَرَزَقَكُم مِّنَ ٱلطَّيِّبَٰتِ أَفَبِٱلْبَٰطِلِ يُؤْمِنُونَ وَبِنِعْمَتِ ٱللَّهِ هُمْ يَكْفُرُونَ
Yani: “ Alloh sizlarga oʻzlaringizdan juft(halol)lar qildi va sizlarga juftlaringizdan bolalar va nabiralar qildi hamda sizlarga pok rizqlarni berdi. Botilga iymon keltiradilar-u, Allohning neʼmatiga kufr keltiradilarmi?! ”.
Darhaqiqat, insonni juft bo‘lib yashaydigan qilib yaratishidagi hikmatlardan asosiysi zurriyot qoldirib, naslni davom ettirmoqlikdir. Chunki Qur’onda Alloh taolo shunday bayon qilgan:
وَهُوَ ٱلَّذِی خَلَقَ مِنَ ٱلۡمَاۤءِ بَشَرا فَجَعَلَهُۥ نَسَبا وَصِهۡرا وَكَانَ رَبُّكَ قَدِيرا
ya’ni: “U suvdan bashar yaratgan va uni nasl-nasab, quda-anda qilib qo‘ygan Zotdir. Rabbing qodir bo‘lgan zotdir” .
Bu oyatda “nasab” kalimasi qon-qarindosh va qarindosh-urug‘larning vujudga kelishi Alloh taoloning qudratidan ekanligiga dalillardan biri sifatida qaraladi.
Inson borki, o‘z Xoliqiga va Roziqiga iltijo qilib, ko‘zini quvontiruvchi pokiza farzandlar berishini so‘raydi. Farzand ne’matidan hech kim behojat bo‘lmaganidek, insonlarning eng afzallari bo‘lmish payg‘ambardek zotlar ham Alloh taolodan farzand ato etishini tilaganlar. Qur’oni karimda bu haqda xabar berilgan:
ذِكۡرُ رَحۡمَتِ رَبِّكَ عَبۡدَهُۥ زَكَرِیَّاۤ. إِذۡ نَادَىٰ رَبَّهُۥ نِدَاۤءً خَفیّا. قَالَ رَبِّ إِنِّی وَهَنَ ٱلۡعَظۡمُ مِنِّی وَٱشۡتَعَلَ ٱلرَّأۡسُ شَیبا وَلَمۡ أَكُنۢ بِدُعَاۤىِٕكَ رَبِّ شَقِیّا. وَإِنِّی خِفۡتُ ٱلۡمَوَ ٰلِیَ مِن وَرَاۤءِی وَكَانَتِ ٱمۡرَأَتِی عَاقِرا فَهَبۡ لِی مِن لَّدُنكَ وَلِیّا. یَرِثُنِی وَیَرِثُ مِنۡ ءَالِ یَعۡقُوبَۖ وَٱجۡعَلۡهُ رَبِّ رَضِیّا
ya’ni: “(Ey Muhammad! Bu) Rabbingiz O‘z bandasi Zakariyo qilgan marhamatining zikri (qissasi)dir. Qachonki, u (Zakariyo) Parvardigoriga suyaklarim mo‘rtlashdi, keksalikdan boshim (sochim) oqardi. Ey Rabbim! Men senga duo qilib (hech qachon) baxtsiz bo‘lgan emasman. Mening ortimda qoladigan qarindoshlarim (dinni zoye qilib yuborishlari)dan xavfdaman. Xotinim esa tug‘mas bo‘lib qolgan. Endi Sen O‘z dargohingdan menga bir do‘st (farzand) ber. U menga va (bobom) Ya’qub nasliga merosxo‘r bo‘lsin va undan barchani rozi qilgin!” .
Alloh taolo Zakariyo (alayhi salom)ning duosini ijobat qildi va va Yahyo ismli o‘g‘il nasl ato etdi. Shuningdek, Ibrohim a.s. ham Allohning farzand ato etishidan noumid bo‘lmadilar va Alloh taolodan shunday duo qilib so‘radilar:
رَبِّ هَبۡ لِی مِنَ ٱلصَّـٰلِحِینَ. فَبَشَّرۡنَـٰهُ بِغُلَـٰمٍ حَلِیم
ya’ni: “Robbim menga solilardan ato et. Bas, Biz unga bir halim o‘qilning xushxabarini berdik ”. Va duolari ijobat bo‘ldi:
ٱلۡحَمۡدُ لِلَّهِ ٱلَّذِی وَهَبَ لِی عَلَى ٱلۡكِبَرِ إِسۡمَـٰعِیلَ وَإِسۡحَـٰقَۚ إِنَّ رَبِّی لَسَمِیعُ ٱلدُّعَاۤءِ
ya’ni: “Menga keksalikda Ismoil va Isxoqni bergan Allohga hamd aytaman. Albatta, Rabbim duoni (qabul qilish uchun) eshituvchidir ”.
Nasl-nasab muhofazasiga taalluqli Qur’oni karimda shunday deyilgan:
وَمَن لَّمۡ یَسۡتَطِعۡ مِنكُمۡ طَوۡلًا أَن یَنكِحَ ٱلۡمُحۡصَنَـٰتِ ٱلۡمُؤۡمِنَـٰتِ فَمِن مَّا مَلَكَتۡ أَیۡمَـٰنُكُم مِّن فَتَیَـٰتِكُمُ ٱلۡمُؤۡمِنَـٰتِۚ وَٱللَّهُ أَعۡلَمُ بِإِیمَـٰنِكُمۚ بَعۡضُكم مِّنۢ بَعض فَٱنكِحُوهُنَّ بِإِذۡنِ أَهۡلِهِنَّ وَءَاتُوهُنَّ أُجُورَهُنَّ بِٱلۡمَعۡرُوفِ مُحۡصَنَـٰتٍ غَیۡرَ مُسَـٰفِحَـٰت وَلَا مُتَّخِذَ ٰتِ أَخۡدَانࣲ فَإِذَاۤ أُحۡصِنَّ فَإِنۡ أَتَیۡنَ بِفَـٰحِشَة فَعَلَیۡهِنَّ نِصۡفُ مَا عَلَى ٱلۡمُحۡصَنَـٰتِ مِنَ ٱلۡعَذَابِۚ ذَ ٰلِكَ لِمَنۡ خَشِیَ ٱلۡعَنَتَ مِنكُمۡۚ وَأَن تَصۡبِرُوا۟ خَیۡر لكُمۡۗ وَٱللَّهُ غَفُوَّحِیم.
ya’ni: “Alloh Taolo: Sizlardan kim hur mo‘minalarni nikohiga olishga imkon topmasa, qo‘lingizda mulk bo‘lgan mo‘mina kanizaklardan (uylansin). Alloh iymoningizni biluvchi zotdir. Hammalaringiz birsiz. Ularni nikohingizga ahllarining izni ila oling. Va yaxshilik bilan mahrlarini bering. Ular pokiza, zinokor emas va o‘ynash tutmagan bo‘lsinlar. Erga tegganlaridan so‘ng fohisha ish qilsalar, ularga hur ayollarga beriladigan azobning yarmi beriladi. Bu buzilishdan qo‘rqqanlar uchundir. Sabr qilmog‘ingiz siz uchun yaxshidir. Alloh mag‘firatli va rahmlidir” .
Qur’onda shunga o’hshash nasl-nasabga taalluqli judayam oyatlar kelgand. Yana ko‘plab hadislarda nasab so‘zi birlik va ko‘plik shaklida qo‘llangani ko‘rishimiz mumkin.
Payg‘ambarimiz ﷺ bir tomondan johiliyat davridagi qabila mutaassibligiga asoslangan zodagonlik va nasl-nasab bilan maqtanish, boshqalarning nasl-nasabini yomonlash odatidan qaytarganlar va odamlarga hasab va nasab bilan maqtanishni man etganlar. Boshqa tomondan qarindoshlik bilan bog‘liq haq-huquq va majburiyatlar muvozanatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish uchun insonlar o‘z nasl-nasabidan xabardor bo‘lishlikni tavsiya qilganlar .
Islom dini nasl qoldirishlikning ahamiyatini bayon qilar ekan, ko‘payishlikka sabab bo‘luvchi juftlikka, ya’ni halol yo‘l ila oila qurib yashashga chaqiradi. Bu haqda Rosululloh ﷺ dan shunday hadis rivoyat qilingan:
عن عمر رضي الله عنهما أنّ النبي صلّى الله عليه وسلم قال: تناكحوا تكاثروا فاني اُباهي بكم الاُممَ
yani:-Uylaninglar, ko‘payishinglar, albatta men boshqa ummatlar oldida sizlar bilan faxrlanaman ,- deganlar. Boshqa bir hadisda esa Payg‘ambar ﷺ erkaklarni ko‘p farzand tug‘ishga qodir bo‘lgan ayollarga uylanishga chaqiradilar. Yana bir hadisda keladi:
«عن مَعقل بن ياسار رضي الله عنه قال: قال رسول الله صلّى الله عليه وسلم: تزوجوا الولود فانِّي مكاثر بكم الامَمَ»
yani: “Mehr-muhabbatli, farzand ko‘ruvchi ayolga uylaning, zero, men boshqa ummatlarni oldida sizlarning ko‘pligingiz bilan faxrlanaman ”. Hadislardan ko’rinib turibti-ki, nasl-nasabni pok saqlab, ularni muhofazasini qilishlik ulkan bir Sharaf ishdir.
Islom ulamolari, nasl-nasab haqida turli maqolalar va fatvolar berib kelganlar. Ulamolar, nasl-nasabning muhofazasi, adolat va insof bilan muomala qilishni va oilaviy munosabatlarda insofligi saqlashni ta’kidlashadilar.
Islom ulamolaridan Imom G‘azzoliy shunday deydi: Naslni asrab- avaylashdan maqsad bu toki dunyo inson zotidan bebahra qolmasin. U rag‘batlantiruvchi omil sifatida jinsiy istak va instinktni yaratdi. Ammo ilohiy qudrat avvaldan bu yo‘l orqali insonlarni yaratishga muhtoj emas, biroq hikmat sabablarni va sabab bo‘luvchi narsalarni tartibga solishlikni taqozo qiladi .
Imam G‘azzoli: “Nasl-nasabning adolat va insof bilan muomala qilish muhimdir. Bu, insonlar o‘rtasidagi munosabatlarni barqaror qilish, to‘g‘ri huquqni saqlash va jamiyatda birlashganlikni ta’minlash uchun muhimdir”, deganlar .
Abu Hanifa (r.a.): “Nasl-nasabning muhofazasi, adolat va insof bilan munosabat qilish uchun zarurdir. Bu, jamiyatning barqarorligini ta’minlash va insonlarning huquqlarini saqlashda juda muhimdir” . Shu tariqa Islom dini nasliy ko‘payishlikning shar’iy juftlik asosida bo‘lishiga chaqiradi va bu naslni muhofazasiga alohida katta e’tibor beradi. Shar’iy juftlikdan bo‘lmagan ko‘payishni inkor qiladi va undan qaytaradi.
Ulamolarning so‘zlari, nasl-nasabning muhofazasi va adolati bilan munosabatlarni ta’kidlashga va oilaviy munosabatlarda insofni saqlashga chaqiradi. Bu so‘zlarning Qur’on va hadislarga asoslangan maslaklar, islomiy huquq va muomala prinsiplari asosida qurilganligini ko‘rsatadi.
Islom dini nasliy ko‘payishlikning shar’iy juftlik asosida bo‘lishiga chaqiradi va bu naslni muhofazasiga alohida katta e’tibor beradi. Shar’iy juftlikdan bo‘lmagan ko‘payishni inkor qiladi va undan qaytaradi.
Shu nuqtayi nazardan, naslni asrab-avaylash islomda muhofaza qilinishi zarur bo‘lgan asosiy tamoyillardan biri sifatida ko‘rilgan. Alloh Taolo bu tamoyilni amalga oshirish uchun ikki qarama qarshi jins fitratiga istak-xohish tuyg‘usini har ikki jinsga ham joylab qo‘ygan va bu tuyg‘uni qondirishni inson naslining davom etishi uchun vasila qilib qo‘ygan. Nikoh bunga erishishning Alloh halol qilgan yo‘llaridan bir sifatida rag‘batlantirildi. Bu nasl-nasablarning yo‘q bo‘lib ketishi va aralashib ketishligining oldini olishga qaratilgan. Shunga binoan, islom dinida nasl davom etishi uchun nazarda tutilgan tamoyillarni hayotga tatbiq etishga hissa qo‘shish muhim ahamiyatga egadir.
TII talabasi bitiruvchisi Yo’ldoshxodjayeva Xojiyahon