Islom huquqi tarixida fiqhiy ixtiloflar alohida ahamiyat kasb etadi. Sahobalar davridan to hozirgi zamonaviy davrgacha fiqhiy tafovutlar shariat ilmlarining boyishiga va ijtihodiy tafakkurning rivojlanishiga xizmat qilgan. Fiqhiy ixtiloflarning kelib chiqishi sabablari va ularning diniy asoslari haqida to‘g‘ri tasavvurga ega bo‘lish, nafaqat fiqh tarixini o‘rganishda, balki zamonaviy islomiy muammolarni hal etishda ham muhim rol o‘ynaydi.
Qur’oni Karimdan keyingi muqaddas manba bo’lmish hadisi shariflarni o’rganish, ularni tushunish borasida zamonamiz ulamolaridan Muhammad Avvomaning qalamiga mansub “Asarul-Hadis” (Faqih imomlar ixtilofida hadisi sharifning o’rni) asari muhim manba hisoblanadi.
Muhammad Avvoma mazkur kitobida fiqhiy ixtiloflarning asosiy sabablari, ular qanday yoritilgani tahlil qilinadi. Ixtiloflarning ildizlari, ularning asosiy sabab va omillari, shuningdek, islomiy ilmiy merosdagi o‘rni va ahamiyati haqida ilmiy asoslangan yondashuvni namoyon qilgan. Asarda hadis ilmining fiqhiy qarorlar shakllanishidagi roli, dalillarni anglash va talqin qilishdagi tafovutlar batafsil yoritilgan. Asarda hadis ilmi va fiqh o‘rtasidagi uzviy aloqa, shuningdek, ixtiloflarning tabiiyligi va ijobiy jihatlari ko‘rsatib beriladi.
Fiqhiy ixtiloflar islom tarixida qadimdan mavjud bo‘lib, ularning sabablari chuqur ilmiy va tarixiy ildizlarga ega. Muhammad Avvoma o‘zining “Asar ul-Hadis” asarida bu ixtiloflarning mantiqiy asoslarini (kelib chiqishi) va ilmiy sabablarini keng tahlil qilgan.
– Sahobalar va tobeinlar o‘rtasida ham ixtiloflar bo‘lgan.
– Qur’on va Sunnatni turlicha talqin qilishdan kelib chiqqan.
– Ixtiloflar ummat uchun kenglik va osonlik manbai hisoblanadi.
Muhammad Avvoma “Asarul-Hadis” asarida fiqhiy ixtiloflarning quyidagi asosiy sabablarini bayon qiladi:
– Hadislarning yetib kelishidagi tafovut
– Hadisni tushunishdagi tafovut
– Istinbot usullaridagi tafovut
– Nasxni aniqlashdagi farqlar
– Ijtihoddagi tafovut
Muhammad Avvoma ixtiloflarni salbiy ko‘rsatmaydi. Har bir ixtilof dalilga tayangan bo‘lsa, uni hurmat qilish lozim deb biladi. Ilmsizlik yoki nafsga ergashish orqali yuzaga kelgan ixtiloflar esa qoralangan.
Muhammad Avvomaning “Asar ul-Hadis” asari fiqhiy ixtiloflarning sabablari va ularning shariatdagi o‘rni haqida chuqur ilmiy tahlil beradi. Asarda ixtiloflar ilmiy tafakkur va dalil asosidagi ijtihod mahsuli ekanligi ta’kidlanadi.
Fiqhiy ixtiloflarning qanday tarzda paydo bo’lgani va u tabiiy jarayon mahsuli ekani misollar bilan bayon qilingan. Hadisi sharif qachon amal qilish uchun yaroqli bo’lishi, hadisni rivoyat qiluvchi roviylarga qo’yilgan shartlar, hadisni aynan Payg’ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ishlatgan lafzlar bilan rivoyat qilish kerakligi aks holda, boshqa lafzlar orqali rivoyat qilish natijasida ham turli xillik kelib chiqishi mumkinligi yoritilgan.
Hozirgi kunda ayrim ilmsiz toifalarning mujtahid imomlarga ta’na otishlari, ularning hadisdan bexabar deb qilayotgan da’volari qanchalik puch va asossiz ekani aytib o’tilgan.
Abdullo KOMILOV,
TII 4-kurs talabasi