So‘nggi bir necha o‘n yilliklardan buyon musulmonlar hayotlarini Islomiy tamoyillar asosida qayta qurishga harakat qilib kelmoqdalar. Ular G‘arbning yaqin o‘tgan asrlar davomida siyosiy va iqtisodiy jihatdan hukmronligi tufayli ijtimoiy-iqtsodiy sohalarda avvalgi an’analarga to‘liq ravishda amal qilishdan mahrum bo‘ldik, deb bilishadi. Shu sababli siyosiy erkinlikka erishgan ko‘pgina musulmonlar o‘z hayotlarini Islomiy tamoyillarga mos ravishda qayta tiklashga intilmoqdalar. Ular uchun eng katta qiyinchilik iqtisodiy sohada bo‘lib, amaldagi moliyaviy tashkilotlarni shariat buyruqlariga mos ravishda isloh qilishdir.
Internet va elektron savdo rivojlangan sayin insonlarning “masofadan turib” elektron pullar to‘lashlariga to‘g‘ri kela boshladi. Bunda pulni masofadan turib qo‘ldan qo‘lga berishning esa umuman iloji yo‘q. Shuning uchun ham pullarni bir insondan ikkinchisiga masofadan turib o‘tkazish jarayonida o‘ziga hos vositachilarga, ya’ni elektron to‘lov tizimlari, bank yoki kur’yerlarga murojaat etish kerak bo‘ladi. Har qanday vositachi esa bajarayotgan pul o‘tkazmalariga bog‘liq bo‘lgan operatsiyasi uchun qandaydir to‘lov olib qoladi, chunki hech kim tekinga ishlashni xohlamaydi. O‘tkazilayotgan pul miqdori qancha ko‘p bo‘lsa, vositachiga bo‘lgan to‘lovlar tufayli pulni yo‘qotish ham shunchalik ko‘p bo‘ladi, albatta. Axborot texnologiyalari va elektron savdo rivojlangani sari ko‘pchilik odamlar pul o‘tkazmalari bilan bog‘liq harajatlarni kamaytirish borasida o‘ylanib qolishdi, ya’ni, qanday qilib ushbu xarajatlarni kamaytirish va pul o‘tkazmalari foydali ish koeffitsientini iloji boricha yuz foizga oshirgan holda elektron biznesni yuritish mumkin? Bu borada turli xildagi taklif va molohazalar juda ko‘p edi, lekin ularning barchasi bir qancha sabablarga ko‘ra rad etildi. Chunki tovar va xizmatlar oldi-sotdilaridagi vositachilarga bo‘lgan to‘lovlarni olib tashlaganda ham, turli-tuman firibgarlardan qanday himoyalanish, pulni aynan siz o‘tkazganingiz yoki uni olganingizni qanday isbotlash mumkin? Bu muammoning yеchimi 2009-yillarda Satoshi Nikamoto deb nomlangan shaxs yoki shaxslar tomonidan murakkab kriptografik matematik hisob-kitoblar natijasida ishlaydigan yangi elektron to‘lov tizimini ommaga taqdim etgandan so‘ng topildi. Bunday to‘lovlarni amalga oshirishda ishlatiladigan pul birligining nomi esa bitcoin deb ataldi.
Umuman olganda, “Bitcoin” – bu hech qanday moddiy ekvivalenti yo‘q va shunchaki ma’lumotlar bazasidagi qaydlar jamlanmasidan iborat virtual pullar. Baza ham, u o‘rnatilgan texnologiya ham juda ishonchli bo‘lganligi sabab, u insoniyat uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Kriptovalyutalar «BlockChain» nomini olgan (bloklar zanjiri) baza asosida yaratilgan.
Moddiy jihatdan mavjud. “Bitcoin” nomli kriptovalyutani yaratishda ma’lum bir qonun-qoidalar qabul qilingan:
- “Bitcoin” kuchli inflyasiyaga uchramasligi uchun, dastlab ushbu virtual pullarning miqdorini cheklash maqsad qilingan. Shu sababli virtual oltin ekvivalenti degan tushuncha kiritilgan, uni sotib yoki qazib olib qo‘lga kiritish mumkin. Yangi “Bitcoin”larni qo‘lga kiritish usuli mayning deyiladi (“virtual shaxtachilar”, ammo ular kirkalar yordamida emas o‘zining kompyuterlari va maxsus yaratilgan tizimlari asosida ishlaydi).
- “Bitcoin” oltinga yanada o‘xshashroq bo‘lishi uchun uni qo‘lga kirtirish oltinni qazib olishdek mushkul ishga aylantirilgan. Aks holda kriptovalyutaning mavjud grafigida yangi birliklar ko‘payib ketadi. Buning uchun esa barcha maynerlar (virtual shaxtachilar) o‘z kompyuterlari yoki maxsus tizimi orqali juda murakkab hisob-kitoblarni amalga oshiradi – xesh funksiyasi deb ataladigan maxsus formuladan foydalanib hisoblangan raqamlarni berilgan shablonga tashlaydi.
- Shablon esa shunday hisob-kitob bilan aniqlanadiki, maynerlarning har qanday raqamida “Bitcoin”ning yangi birligi 10 daqiqada bir marta paydo bo‘ladi. Tizim ikki haftada bir marta kriptovalyutaning navbatdagi birliklarini “qazib olish ishlarini” murakkablashtirish maqsadida to‘g‘irlash kiritadi, bu esa kerakli shablonning ko‘tarilishiga yoki pastga tushishga yordam beradi.
- Tizimning har bir foydalanuvchisiga maxsus manzil (oddiy kalit asosida yaratilgan kriptografik hisob) va maxfiy kalit beriladi. Bu orqali u o‘tkazmalarni tizimning bir manzilidan boshqasiga ko‘chira olishi mumkin. Bu xuddi odatdagi hamyonga o‘xshaydi, faqat o‘tkazmalar shaffof tarzda amalga oshiriladi va barcha kimga qancha o‘tkazganini ko‘ra oladi.
Bitcoin kriptografik elektron pul birliklari maxsus elektron hamyonlarda saqlanib, bunday hamyonlarga pul tushirish va ularni turli xil maqsadlarda ishlatish mumkin. Biror-bir bitcoin-hamyon hisobidan qancha elektron pul ketgani yoki unga kelganini aniqlash uchun, mutaxassislar bir hamyondan yoki boshqa manzildan ushbu elektron hamyonga qancha bitcoinlar kelganini barchaga ochiq holda ko‘rsatishni taklif etdilar. Ya’ni, siz kriptopul tarmog‘iga ulanganingizda, barcha bitcoinlar oldi-sotdisini aniq va ravshan ko‘rishingiz va kuzatishingiz mumkin bo‘ladi. Shuningdek, barcha bitcoin hamyonlar anonimdir (ya’ni, hamyonning egasi kim ekanligi aytilmaydi), shuning uchun ham sizning tanishingiz qaysi hamyon uniki ekanini aytmagan bo‘lsa, siz hech qachon bu haqida bila olmaysiz. Tizimdagi hisob-kitoblarni muntazam ravishda amalga oshirib borish kerakligi tufayli, bitcoinlarning ma’lumotlar bazasi tezkor ishlashi uchun katta quvvatli zamonaviy kompyuterlar kerak bo‘ladi. Bunday quvvatli kompyuterga ega bo‘lish uchun minglab kompyuterlarni yagona tarmoqqa ulash talab etiladi.
“Bitcoin” valyutasi huquqiy va iqtisodiy mutaxassislar tomonidan chuqur o‘rganishga muhtoj, ayniqsa, o‘nlab raqamli valyutalar paydo bo‘lganligi sababli, ularning ba’zilari bitcoin bilan o‘z xususiyatlariga ko‘ra mos keladi, boshqalari esa bir-biridan farq qiladi. Hozirgi holatda, kriptovalyutani joiz emas deb aytishgan yohud u bilan shug‘ullanishni tavsiya qilmagan taniqli ulamolarning fatvo va ko‘rsatmalariga amal qilishni maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz. Zero, kriptovalyutalar bilan bog‘liq ko‘plab amaliyotlar hozir shubhalidir. Shubhali narsalardan saqlanish xayrlidir. Shuni ham unutmaslik kerakki, shariat me’zonlariga muvofiq va islom moliyasi asosida ishlovchi halol kriptovalyutalarni ishlab chiqish zarurati tobora dolzarb masalaga aylanib bormoqda.
Xulosa qiladigan bo‘lsak har qanday narsa odamlar uni vosita o‘laroq qabul qilishlari natijasida pul deb topilishi mumkin. Shunday ekan, kripto-pullar ham qachondir oddiy pul hukmida bo‘lishi mumkin. Biroq ayni paytda voqe’lik, ayniqsa bitcoinning hozirgi holati bunga mutlaqo yaqin ham emas. Balki, hozircha kripto-pullar qimor vositasi bo‘lib qolmoqda. Ummatning eng yirik ulamolari yo sukut qilayotganlari, yoki harom deb fatvo berganlarining o‘zi bu ishlardan to‘xtash va aslo yaqinlashmaslik uchun kifoya qiladi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek:
No‘mon ibn Bashir (r.a) rivoyat qiladilar:
Rasululloh salollohu alayhi vasallam marhamat qildilar:
“Halol ochiq-oydindir, harom ochiq-oydindir. Ammo ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar uni bilmaydilar. Kim shubhali narsalardan saqlansa, dini va obro‘sini saqlabdi. Kim to‘siq atrofidagi cho‘ponga o‘xshab shubhali narsalarga o‘ralashib qolsa, unga tushib qoladi. Ogoh bo‘linglarki, har bir podshohning chegarasi bo‘ladi. Allohning o‘rnatgan chegarasi U Zot harom qilgan narsalardir. Ogoh bo‘linglarki, tanada bir parcha go‘sht bor. Agar u tuzalsa, butun tana tuzaladi. Agar u buzilsa, butun tana buziladi. Ogoh bo‘linglarki, u qalbdir”.
(Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati)
Toshkent islom institut
4-kurs talabasi Azamjonov Islomjon