islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Ayollarga tegishli masalalar

Islom fiqhida ayollar hayoti bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan hayz, nifos va istehoza holatlari muhim diniy masalalar sirasiga kiradi. Bu mavzular Qur’oni Karim va hadislar asosida keng muhokama qilingan bo‘lib, to‘rt mazhab – Hanafiy, Shofeiy, Molikiy va Hanbaliy – ularning har biriga oid huquqiy va amaliy jihatlarni alohida tartibda bayon etgan. Ayniqsa, hayz holati nafaqat ayolning jismoniy salomatligiga, balki ibodat, poklik, ro‘za, Qur’on tilovati kabi diniy vazifalarni bajarishiga ham bevosita ta’sir qiladi. Shu sababli, har bir musulmon ayolning bu holatlarga nisbatan to‘g‘ri munosabatda bo‘lishi, diniy majburiyatlarini bilib bajarishi uchun aniq ma’lumotga ega bo‘lishi muhimdir. Ushbu maqola aynan hayz, nifos va istehoza holatlarining diniy va fiqhiy asoslarini turli mazhablar talqinida yoritishga bag‘ishlangan. Fiqh kitoblarida hayz mavzusi muhokama qilinar ekan, uning doirasida yana nifos va istehoza holatlari ham ko‘rib chiqiladi. Shunga qaramay, mavzu sarlavhasi sifatida odatda hayz atamasi ishlatiladi. Buning sababi shuki, hayz holati ayollarda ko‘proq uchraydi va unga oid diniy hukmlar ham boshqa holatlarga qaraganda ancha ko‘p.

So‘zning lug‘aviy ma’nosiga qaralsa, hayz – “suvning yoki qonning oqib ketishi” degan ma’noni bildiradi. Tarixiy manbalarda bu holat uchun o’nta turli nom ishlatilgan: tams, hayz, nifos, dahk, iroq, ikbar, i’sar, diras, firoq. (Ramli, 323. Shirbiniy 170. Buhutiy 1/180)

Fiqhiy ta’rifga ko‘ra, hayz – bu balog‘atga yetgan sog‘lom ayolning bachadonidan tabiiy ravishda, ma’lum oraliqlarda chiqadigan qon hisoblanadi. (Ibn Hajar Haytamiy. 1/383) Bu holat odatda qiz bolalar balog‘atga yetganidan boshlab, klimaks (menopauza) davrigacha davom etadi. Ayol tanasidagi bu fiziologik jarayonga hayz holati deyiladi. O’zbek tilida bu holat “oy ko’rish” yoki “xos kunlar” kabi so’zlar bilan ifodalanadi.

Hayz holati ayol organizmidagi tabiiy biologik jarayonning bir qismi bo‘lib, bu davrda tuxum hujayra urug‘lanmagani sababli, bachadon ichki devorini qoplagan shilliq qavat yangilanadi va qon orqali tashqariga chiqadi. Bu jarayon har bir ayol uchun odatiy va sog‘lom belgidir. Agar tuxum urug‘lanmasa, u bachadonga joylashmaydi va tanadan hayz qoni bilan birga tashqariga chiqariladi. Aksincha, tuxum urug‘lanib, bachadon devoriga joylashsa, hayz ro‘y bermaydi, ya’ni ayol homilador bo‘ladi. (Yavuz. Yunus Vahbiy. Hayiz. Istanbul 1998. 17/51)

Qur’oni Karimda bu holat haqida: “(Ular) sizdan hayz haqida so‘rashadi…” degan oyat mavjud. (Baqara 222) Shuningdek, Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) hayz haqida shunday deganlar: “Bu – Allohning Odam qizlari uchun belgilagan bir holatidir.” (Buhoriy Hayz kitobi 1-hadis)

Demak, hayz ko’rgan birinchi ayol Havvo onamizdan boshlab, barcha ayollar boshidan kechiradigan tabiiy va fitriy jarayondir.

Ayollarda hayz ko‘rish yoshi ham, davomiyligi ham har xil bo‘lishi mumkin. Ba’zilar yoshligidanoq hayz ko‘ra boshlasa, boshqalar biroz kechroq ko’radi. Shuningdek, hayzning davomiyligi ham farq qiladi — ayrim ayollarda u uzoq davom etsa, boshqalarda qisqaroq bo‘ladi. Bunday farqlarning sababi — har bir ayolning fiziologik (jismoniy), psixologik holati, yashaydigan iqlimi va hayot tarzi bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ham Islom olimlari bu masalada aniqlik kiritish maqsadida muayyan minimal va maksimal vaqtlar belgilab berishgan. Bu esa ayollar uchun diniy masalalarni (ibodat, ro‘za, tozalikka oid qoidalar) to‘g‘ri ado etishda osonlik yaratadi.

Shofeiy mazhabiga ko‘ra, ayolning hayz ko‘rish yoshi eng erta to‘qqiz qamariy yiliga to‘lishi bilan boshlanadi. U hatto sovuq mintaqada tug‘ilgan bo‘lsa ham, bu holatni boshidan kechirishi mumkin[1]. Agar undan oldin qon ko‘rgan bo‘lsa, bu qon hayz qoniga kirmaydi. Yuqorida “qamariy yil” ifodasini ishlatdik, bunday holatlarda qamariy taqvim qo’llanilishini dalili “Sizdan (ey, Muhammad), hilollar (yangi oylar) haqida so’raydilar”, (Baqara 142) oyatidir.

Hanafiy mazhabiga ko‘ra, ayol eng erta to‘qqiz yoshida hayz ko‘ra boshlaydi. Agar undan oldin qon ko‘rgan bo‘lsa, bu qon hayz qoniga kirmaydi[2].

Hanbaliy mazhabida esa, ayolning yashash joyi (issiq yoki sovuq mintaqa) farq qilmasdan, eng erta to‘qqiz yoshida hayz ko‘ra boshlaydi. Agar undan oldin qon kelgan bo‘lsa, bu qon hayzga aloqador hisoblanmaydi. Eng kech ellik yoshida hayzdan qoladi, ya’ni klimaks davri boshlanadi[3].

Shofeiy mazhabiga ko‘ra, hayzning eng qisqa davomiyligi — qon kelishining bir kun va bir kechaga teng bo‘lgan davri. Ya’ni, bu yigirma to‘rt soatni tashkil etadi. Hayzning eng uzoq davomiyligi esa, kechalari bilan birga, o‘n besh kunga tengdir. Ikki hayz davri orasidagi poklik muddati kamida o‘n besh kun bo‘lishi kerak. Chunki bir oy ichida odatda bir hayz davri va bir poklik davri bo‘ladi va hayzning maksimal muddati o‘n besh kun bo‘lganligi sababli, poklik davrining ham kamida o‘n besh kun bo‘lishi kerak. Umuman olganda, hayzning o‘rtacha davomiyligi oltidan yetti kungacha bo‘ladi. Poklik davrining maksimal muddati yo‘qdir.

Hanafiy mazhabiga ko‘ra, hayzning eng qisqa davomiyligi — kechalari bilan birga uch kun, eng ko‘p davomiyligi esa o‘n kunni tashkil etadi. Agar hayz muddati kamroq yoki ko‘proq bo‘lsa, bu istehoza hisoblanadi[4].

Hanbaliy mazhabiga ko‘ra, hayzning eng qisqa davomiyligi, Shofeiy mazhabida bo‘lgani kabi, bir kun, eng uzoq davomiyligi esa o‘n besh kun bo‘ladi. Umumiy davomiyligi esa oltidan yetti kungacha bo‘ladi. Ikki hayz davri orasidagi poklik muddati eng kamida o‘n besh kun bo‘ladi, boshqa bir fikrga ko‘ra esa, bu o‘n ikki kun bo‘lishi mumkin. Poklik davrining maksimal muddati yo‘q[5].

Molikiy mazhabiga ko‘ra, poklik davrining maksimal muddati yo‘q. Hayzning eng qisqa davri esa, Ibn Molikning fikriga ko‘ra, bitta qonning kelishi ham hayz deb hisoblanadi. Eng ko’pi esa o’n besh kundir. Poklikning eng ozi masalasida mazhab ichida bir necha fikrlar bor. Lekin eng sahihi o’n besh kundir[6].

Hayz holatidagi ta’qiqlar

Hayz holatida bajarilishi mumkin bo‘lmagan amallar mazhablar orasida farq qiladi. Shuning uchun biz har bir mazhabga alohida to‘xtalib, quyidagi ta’qiqlarni keltirdik:

Shofeiy mazhabiga ko‘ra, junub holatida ta’qiqlangan amallar hayz holatida ham ta’qiqlanadi, chunki hayz holati junub holatidan og‘irroq hisoblanadi. Bu ta’qiqlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi[7]:

  1. Namoz o‘qish: Namozning farz yoki nafl bo‘lishidan qat’iy nazar, hayz holatidagi ayol namoz o‘qishi mumkin emas.
  2. Ro’za tutish: Hayz holatida ayol ro’za tutmaydi, lekin hayzdan keyin ro’zalarini tutishi farzdir.
  3. Qur’oni Karimni o‘qish: Hayz holatidagi ayol Qur’oni karimni o‘qishi mumkin emas.
  4. Qur’oni Karimga tegish yoki uni ko‘tarish: Hayz paytida Qur’onga tegish va uni ko‘tarish harom.
  5. Masjiddan o‘tish: Agar masjidni ifloslantirishdan qo‘rqilsa, hayzli ayol masjidga o‘tishi haromdir. Agar masjidni ifloslantirmaslikka ishonch bo‘lsa, u holda masjiddan o‘tish makruhlik bilan ruxsat etiladi. (Bu faqat hayzli ayollar uchun emas, masjidga najas (ifloslik) olib kirishi mumkin bo‘lgan har bir kishi uchun amal qiladi).
  6. Tavof qilish: tavofning farzi yoki nafil bo‘lishidan qat’iy nazar, hayz holatida ayol tavof qilishi mumkin emas.
  7. Jinsiy aloqa: hayz holatida ayol va er jinsiy aloqada bo‘lishi haromdir. Bunday amallar gunohdir.
  8. Hayzli ayolning badani: hayzli ayolning qornidan pastki qismi va tizzasidan yuqorisiga erining tegishi haromdir.

Hanafiy mazhabiga ko‘ra, hayz holatidagi ta’qiqlar quyidagilardan iborat[8]:

  1. Namoz o‘qish: hayzdan chiqqan ayol, hayzli bo‘lgan davrda o‘qimagan namozlarining qazosini o‘qimaydi.
  2. Ro’za tutish: hayzdan keyin, hayz paytida tutmagan ro’zalarini qazosini tutadi.
  3. Masjiddan o‘tish: Hayzli ayol masjidga kirishi mumkin emas.
  4. Tavof qilish: Kaba masjidning ichida joylashgan bo‘lganligi sababli, hayzli ayol tavof qilishi mumkin emas.
  5. Jinsiy aloqa: Hayz holatidagi ayol va erining jinsiy aloqada bo‘lishi haromdir, bu gunoh hisoblanadi.
  6. Qur’on o‘qish: Agar Qur’onni o‘qish niyati bilan o‘qilsa, bu holatda hayzli ayol Qur’on o‘qishi mumkin emas. Ammo shukronalik maqsadida, masalan, “Alhamdulillah” deb aytish muammo yaratmaydi.
  7. Qur’oni karimga tegish: Qur’onni bevosita yoki hech qanday to‘sqinliksiz ushlash harom hisoblanadi.

Hanbaliy mazhabiga ko‘ra, hayz holatida quyidagi ta’qiqlar mavjud[9]:

  1. Namoz o‘qish: Namozning farzi yoki nafl bo‘lishidan qat’iy nazar, hayzli ayol namoz o‘qishi mumkin emas.
  2. Ro’za tutish: Hayz holatida ayol ro’za tutolmaydi.
  3. Qur’oni Karim o‘qish: Hayz holatidagi ayol Qur’on o‘qishi mumkin emas.
  4. Qur’oni Karimga tegish: Qur’onni bevosita tutish harom.
  5. Masjiddan o‘tish: Hayz holatidagi ayol masjidga o‘tishi mumkin emas.
  6. Tavof qilish: Hayzli ayol Kaba atrofida tavof qilishi mumkin emas.
  7. Jinsiy aloqa: Hayz holatidagi ayol va er jinsiy aloqa qilishi mumkin emas.

Molikiy mazhabiga ko‘ra, hayz holatidagi ayolga quyidagi ta’qiqlar mavjud[10]:

  1. Hayz va nifos holatida, betahoratlik holati davom etadi.
  2. Namoz: Hayzli ayol namoz o‘qiy olmaydi, chunki namoz vujudiyati ortga chekinadi.
  3. Ro’za tutish: Hayz holatidagi ayol ro’za tutolmaydi, ammo ro’zalarini keyinroq tutishi kerak.
  4. Qur’oni Karimga tegish: Hayz holatidagi ayol Qur’onga tegishi mumkin emas.
  5. Jinsiy aloqa: Hayz holatidagi ayol va erining jinsiy aloqada bo‘lishi haromdir.
  6. Masjiddan o‘tish: Hayz holatidagi ayol masjidga kira olmaydi.

Nifos — so‘nggi tug‘ruqdan keyin kelgan qon bo‘lib, ayolning rahmining normal holatiga qaytishi uchun zarur bo‘lgan vaqtni bildiradi.

Shofeiy mazhabiga ko‘ra, ayol farzand dunyoga keltirganidan so‘ng, bu holat “alaqo”[11] yoki “mudg’a”[12] bo‘lganligi farq qilmasdan, nifos davri boshlanadi. Nifosning eng qisqa muddati bir on (ya’ni qisqa vaqt), eng uzoq muddati esa oltmish kun bo‘lib, odatda qirq kun davom etadi. Ummu Salamaning hadisida, “Rasululloh (s.a.v) davrida nifos bo‘lgan ayollar qirq kun davomida o’tirishardi” deb aytilgan[13]. Bu hadis nifosning maksimal muddati qirq kun ekanligini anglatadi. Agar ayol nifos davrini o‘tib, hayzga kirsa, hayzli ayolning muddati o‘tgani kabi, bu holatda ham shunday qoidalar amal qiladi, chunki nifos va hayz ko‘plab jihatlardan o‘xshash.

Hanafiy mazhabiga ko‘ra, nifosning eng qisqa muddatiga doir aniq fikr yo‘q, lekin eng uzun muddati qirq kun deb qaraladi. Ummu Salamaning hadisi hanafiylar uchun nifosning maksimal muddati bo‘yicha dalil sifatida olinadi.

Hanbaliy mazhabiga ko‘ra, nifos davri tug‘ruq bilan bog‘liqdir. Agar tug‘ruqdan oldin ikki-uch kun ayol qon ko‘rsa, bu qon ham nifos qoniga kiradi, ammo bu ikki-uch kun nifos vaqtidan hisoblanmaydi. Nifosning eng qisqa muddati tug‘ruqdan boshlab bir on, eng uzun muddati esa qirq kun deb qaraladi[14]. Hanbaliylar ham Ummu Salamaning hadisiga tayanib, nifosning maksimal muddatini belgilaganlar.

Molikiy mazhabiga ko‘ra, nifosning eng qisqa muddati ilm ahlining ittifoqi bilan bir on deb belgilangan. Nifosning eng uzun muddati bo‘yicha esa mazhab ichida fikrlar mavjud. Imom Molik nifosning maksimal muddati haqida so‘ralganda, birinchi marta oltmish kun deb javob bergan, ammo keyinchalik, ayolning holatiga qarab, bu muddatni belgilash mumkinligini aytgan.

Istehoza so‘zi lug‘atda “suvning oqib to‘kilishi, qoning oqishi” ma’nosini anglatadi. Fiqhda esa, hayz va nifos kunlaridan tashqari, ayolning rahmidan kasallik sababli kelgan qon istehoza deb ataladi. Bunday holatdagi ayolga mustahoza deyiladi.

Shofeiy mazhabiga ko‘ra, istehoza holatida ayolga hayzda taqiqlangan amallarni bajarish ta’qiqlanmaydi. Istehozali ayol har bir namoz uchun a’zosini yuvishi, a’zosiga paxta yoki boshqa material yordamida tampon qo‘yishi va ustidan mato bilan yopishi kerak. Agar ayol ro’za tutayotgan bo‘lsa, tampon qo‘ymasligi mumkin, chunki bu ro’zaga zarar keltirmasligi uchun zarur[15].

Hanafiy mazhabiga ko‘ra, agar qon hayzning eng qisqa muddati (uch kun)dan kam va eng uzun muddati (o‘n kun)dan ko‘p bo‘lsa, bu qon istehoza qonidir. Istehozali ayol namoz o‘qishi, ro’za tutishi va jinsiy aloqa qilishda hech qanday to‘sqinlikka uchramaydi[16].

Hanbaliy mazhabida, Shofeiy mazhabiga o‘xshab, istehoza holatidagi ayol har bir namoz uchun a’zosini yuvishi, a’zosiga tampon qo‘yishi va uni yopishi kerak[17].

Molikiy mazhabiga ko‘ra, istehoza holatidagi ayol har bir namoz uchun tahorat olishi kerak[18].

Xulosa qilib aytganda, hayz, nifos va istehoza holatlari ayolning tabiiy hayotiy jarayonlari bo‘lib, ular islomiy e’tiqod va fiqhda alohida o‘rin egallaydi. Har bir mazhab bu holatlarga nisbatan o‘ziga xos yondashuvni taklif etadi, bu esa ayolning ibodatdagi to‘g‘ri yo‘l tutishini ta’minlaydi. Hayz va nifos holatlarida ayollarga nisbatan ba’zi ibodatlar taqiqlanadi, istehoza holatida esa bu taqiqlar amal qilmaydi. Shuning uchun har bir ayol bu holatlarni farqlab, unga qarab o‘z diniy amallarini belgilashi lozim. Bu esa nafaqat shaxsiy poklik, balki ibodatdagi aniqlik va mas’uliyatni ham o‘z ichiga oladi. Fiqhiy tafsilotlarni bilish, ayniqsa, balog‘at yoshiga yetgan ayollar uchun muhim bo‘lib, bu ilm nafaqat amaliy hayotda, balki diniy to‘g‘rilikni saqlashda ham muhim ahamiyatga ega.

Toshkent islom instituti

 403-guruh talabasi Fayziyeva Zulayxo

[1] Navaviy. Minhajut talibin va umdatul muftin. Bayrut: Darul minhaj, 2005. – B. 87.

[2] Alouddin Abu Bakr ibn Mas’ud ibn Ahmad Kosoniy. Badoius sanoiy fi tartibi sharoiy. Bayrut 2003. 1/192.

[3] Abu Is’hoq ibn Muflih. Al-Mubdi sharhul muqni. Bayrul DKI. 1997. 1/235.

[4] Abdurahmon ibn Muhammad ibn Sulaymon Shayxzoda. Majmaul anhur fi sharhi multaqo abhur. Bayrut DKI, 1998. 1/77-78.

[5] Abu Is’hoq ibn Muflih. Al-Mubdi sharhul muqni. Bayrul DKI. 1997. 1/388-390.

[6] Ibn Rushd. Bidayatul mujtahid va nihayatul muqtasid. Qohira 1994. 1/136.

[7] Ibn hajar Haytami. 386.

[8] Byrhoniddin Marg’inoniy. Hidoya bidayatul mubtadi. Bayrut 1/208.

[9] Abu Is’hoq ibn Muflih. Al-Mubdi sharhul muqni. Bayrul DKI. 1997. 1/226-229.

[10] Ibn Rushd. Bidayatul mujtahid va nihayatul muqtasid. Qohira 1994. 1/135-136.

[11] Lahta qon

[12] Chaynalgan go’sht

[13] Imom Termiziy. Sunani Termiziy. Bayrut. Tahorat 105.

[14] Abu Is’hoq ibn Muflih. Al-Mubdi sharhul muqni. Bayrul DKI. 1997. 1/259.

[15] Haytamiy. 1/394.

[16] Byrhoniddin Marg’inoniy. Hidoya bidayatul mubtadi. Bayrut 1/217.

[17] Abu Is’hoq ibn Muflih. Al-Mubdi sharhul muqni. Bayrul DKI. 1997. 1/255

[18] Ibn Rushd. Bidayatul mujtahid va nihayatul muqtasid. Qohira 1994. 1/124.

450090cookie-checkAyollarga tegishli masalalar

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: