islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Islomda ahillik va bag‘rikenglikka e’tibor.

Har qanday jamiyatda komil insonni tarbiyalash uchun asosan uning ruhiy- ma’naviy olamini boyitish, ongiga ezgu fazilatlar va yuksak axloq ruhini singdirish alohida ahamiyatga ega. Bu borada musaffo va bag‘rikeng, oliyjanob va insonparvar bo‘lgan Islom dini insonlarni halollikka, ezgulikka, insof-adolatga hamda yaxshilik qilishga chorlashi bilan katta xizmat qilishi muqarrar.

Islom dini avval boshdanoq insoniyatga asl muruvvatni, hatto g‘ayrimusulmonlarga ehtirom va bag‘rikenglik bilan munosabatda bo‘lishni o‘rgatib kelgan. Alloh taolo Moida surasining 8-oyatida shunday marhamat qiladi: “Ey, iymon keltirganlar! Alloh uchun (to‘g‘rilikda) sobit turuvchi, odillik bilan guvohlik beruvchi bo‘lingiz: biror qavm (kishilari)ni yoqtirmaslik sizlarni ularga nisbatan adolatsizlik qilishga undamasin! Adolatli bo‘lingiz! Zero, u (adolat) taqvoga yaqinroqdir. Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh ishlaringizdan xabardordir”.

Payg‘ambarimiz sollalllohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadisda esa: “Xalqning barchasi Allohning izmidadir. Ularning Allohga mahbubrog‘i ahliga naf beruvchirog‘idir”, deyilgan.

Ko‘nglida adovat bo‘lmagan hamda jamiyatga zarari tegmaydigan kishilar bilan yaxshi muomalada bo‘lib, ular bilan barcha ezgu ishlarda hamkorlik qilish kerak. Shuning bilan birga tinchlik ishiga rahna soladigan, nafaqat Islom, balki boshqa dinlar ravnaqiga xam ziyon yetkazish g‘arazida bo‘lgan kishilarga nisbatan murosa qilmaslik dinimiz talabidir.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam boshqa din va e’tiqod vakillariga bag‘rikeng bo‘lish, ularning e’tiqodini hurmat qilish, haqlariga rioya etishning oliy namunasini ko‘rsatibgina qolmay, ummatni hamisha ana shu yo‘ldan borishga da’vat qilishdan charchamadilar. U Zot sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadisda: “Kim boshqa din vakiliga aziyat bersa, menga aziyat berganday bo‘ladi, kim menga zahmat bersa, qiyomat kuni unga xusumatchi bo‘laman”, deyilgan.

Mamlakatimizning turli sohalarda taraqqiy etayotgani, fuqarolarimizning yurt osoyishtaligi va farovonligi yo‘lida yelkadosh bo‘lib mehnat qilayotganlari, ilm-fan, sanoat, qurilish, madaniyat, san’at va sport borasida erishayotgan yutuqlarimizning zamirida xalqimizning ahil va bag‘rikeng bo‘lib yashayotgani yotibdi. Shuningdek dasturxonlarimizning to‘kin sochinligi, hosildorlikni mo‘l-ko‘lligi, bir so‘z bilan aytganda, osmonimizning musaffoligi ham aynan tinchlik deb atalmish buyuk ne’mat va ko‘p millatli xalqimiz totuvligining nishonasidir.

Yurtimizda azal-azaldan turli e’tiqodga mansub millat va elatlar istiqomat kilib kelgan, 130 dan ziyod millat farzandlarining hur va ozod diyorda tug‘ilib, tinchlik va osoyishtalik kayfiyatida yashashlari vatanimizning bag‘rikenglik o‘lkasi ekanligining yorqin namunasidir. Ularning o‘zaro bahamjihat inoqlikda bir-birlarining e’tiqodlarini hurmat va ehtirom ruhida yashab kelishlarining o‘zi yaratganning xalqimizga bergan ulkan ne’matidir.

Alloh taolo yer yuzida turli millat va elatlarni, turli xil tillarda so‘zlashuvchi xalqlarni yaratishining hikmatlaridan birini bunday bayon etadi:

يَا أَيُّهَا النَّاسُ إِنَّا خَلَقْنَاكُمْ مِنْ ذَكَرٍ وَأُنْثَىٰ وَجَعَلْنَاكُمْ شُعُوبًا وَقَبَائِلَ لِتَعَارَفُوا ۚ إِنَّ أَكْرَمَكُمْ عِنْدَ اللَّهِ أَتْقَاكُمْ ۚ إِنَّ اللَّهَ عَلِيمٌ خَبِيرٌ

Ey odamlar! Biz sizlarni bir erkak va ayoldan yaratdik va sizlarni o‘zaro tanishishingiz uchun xalqlar va qabilalar qilib qo‘ydik. Albatta, Allohning huzurida eng hurmatligingiz eng taqvodoringizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir. (Ushbu oyati karimada «Ey odamlar!» deb barcha insoniyatga qarata nido qilinmoqda, shu bilan birga ularning asli bir ekanligi eslatilmoqda. Demak, odamlarning asli bir — hammalari Odam Ato va Momo Havodan taralganlar. Ayni chog‘da Alloh taolo ularni turli xalqlar va qabilalarga ajratib ham qo‘yganini ta’kidlamoqda. Insonlarning turli xalq va qabilalarga bo‘linishini sababi esa, o‘zaro tanishish, ma’rifat hosil qilish ekanligi uqtirilmoqda.).

(Hujurot surasi 13- oyat)

 

 

TII Modul ta’lim tizimi talabasi, To‘raqo‘rg‘on tuman

“Is’hoqxon to‘ra” jome masjidi imom-xatibi Sufiyev Ja’farxon.

424810cookie-checkIslomda ahillik va bag‘rikenglikka e’tibor.

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: